O‘zbek va qozoq xalqi bir ildizdan suv ichgan xalq. Azaldan O‘zbekiston zamini qozoq xalqi uchun ilmu ma’rifat manbai, ma’naviy tayanch maskani bo‘lib kelgan. Qozoq zaminida mangu qo‘nim topgan buyuk Turkiston piri Ahmad Yassaviy hazratlari Buxoroi sharifda, Xoja Yusuf Hamadoniy dargohida ta’lim olgan.
Buyuk qozoq ma’rifatparvari Abay Qo‘nonboyevning o‘zbek xalqiga hurmati nihoyatda baland bo‘lgan. U millatimizga bo‘lgan cheksiz hurmatini “O‘zbeklar haqida maqola”sida quyidagicha izhor qilgan: “Hozirda ko‘rmoqdamanki, o‘zbek dehqoni yetishtirmagan o‘simlikning o‘zi yo‘q, o‘zbek savdogari qadami yetmagan joy yo‘q, ular yasamagan buyum yo‘q. Ahillikda yashashadi, adovat qo‘zg‘ashmaydi. Rus savdogarlari yo‘qligida qozoqlarga kiyim-kechak va marhumlariga kafan keltirib berishdi... Ruslar zamoniga kelib esa yangiliklarni boshqalardan oldinroq o‘zlashtirishmoqda. Taniqli boylari, bilimdon mullalari, hunarmandchilik va mo‘l-ko‘llik deysizmi, boadablik deysizmi – hammasi ularda bor..."
Ko‘hna tarix qa’rini titkilayversangiz o‘zbek va qozoq xalqining har jihatdan bir-biriga ko‘makchi va ishonchli yo‘ldosh bo‘lib kelganiga doir misollar juda ham ko‘p topiladi.
Bugun esa ajoyib zamon. O‘zbekiston ham, Qozog‘iston ham barqaror taraqqiyot yo‘liga tushib olib jadallik bilan odimlab borayotir. bugun ikki davlat orasida integratsiyalashuv, savdo aloqalari, ta’lim, tibbiyot, fan va madaniyat, qishloq xo‘jaligi, sanoat, sport, yoshlar o‘rtasidagi muloqotlar va boshqa sohalardagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish ikki mamlakat rivoji, ikki millat ravnaqiga xizmat qiladi.
Bugun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning taklifiga binoan amaliy tashrif bilan Ostonaga boradi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining keng ko‘lamli kun tartibiga ega birinchi maslahat uchrashuvida ishtirok etadi. Ushbu uchrashuvni o‘tkazish taklifini Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 2017 yil sentyabr oyida o‘tgan 72-sessiyasida ilgari sur gan hamda Samarqand shahrida bo‘lgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzusidagi xalqaro konferensiyada yaxlit dastur darajasigacha rivojlantirilgan edi.
O‘zbekistonning ushbu tashabbusini mintaqadagi barcha mamlakatlar qo‘llab-quvvatlab, Qozog‘iston oliy darajadagi birinchi uchrashuvni Ostonada o‘tkazish istagini bildirgan edi.
Ma’lumingizki, 2018 yil Qozog‘istonda “O‘zbekiston yili” deb e’lon qilindi. Davlatimiz rahbari Qozog‘istonda O‘zbekiston yilining rasmiy ochilish marosimida ishtirok etadi.
Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan uchrashuvi ham rejalashtirilgan.
Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qo‘nonboyev ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Buyuk ma’rifatparvar shoir va mutafakkir, ezgulik va do‘stlik kuychisi Abay Qo‘nonboyevning sharafli nomi va boy ijodiy merosi nafaqat qozoq xalqi, ayni paytda, butun turkiy xalqlar, jumladan, o‘zbek xalqining ham qalbida bezavol yashab kelmoqda, degan so‘zlar boshlangan qaror besh banddan tarkib topgan.
Unda Abay Qo‘nonboyevning umuminsoniy qadriyatlar va mehr-oqibat tuyg‘ulari yuksak pardalarda tarannum etilgan yetuk badiiy asarlari, ibratli hayoti va ijtimoiy faoliyati bilan xalqlarimiz madaniyati rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini inobatga olib hamda o‘zaro madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish, el-yurtimizni qozoq adabiyotining ulug‘ namoyandalari ijodi bilan keng tanishtirish maqsad qilingan.
Qozog‘istonda O‘zbekiston yili e’lon qilinishi, O‘zbekistonda buyuk qozoq shoirining ijodiy merosini o‘rganish va uni keng targ‘ib qilish to‘g‘risida davlat rahbarining qarori qabul qilinishi ikki xalqning qalbini yanada yaqinlashtiradi, xayrixohligini yanada oshiradi, qardoshlik aloqalarini mustahkamlaydi. Bundan esa barcha insonlar manfaatdor bo‘ladi, inshoalloh!
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ajoyib bir ramziy qissa bor. Bir kishi xotini bilan tovuq yeb o‘tirgan edi, eshik taqillab qoldi. Xotini borib qarasa, tilanchi ekan. Xotin tilanchiga yeb turgan ovqatidan berishni xohlagan edi, eri jerkib tashlab: «Tilanchini eshik oldidan haydab yubor», dedi. Xotin uni haydab yubordi. Keyinchalik er-xotin orasiga sovuqlik tushib, er xotinini taloq qildi. So‘ngra boshqa bir kishi kelib, sovchi qo‘ydi va o‘sha xotinga uylandi. Kunlarning birida xotin keyingi eri bilan tovuq yeb o‘tirgan edi, eshik taqillab qoldi. Xotin eshikni ochish uchun borsa, tilanchi ekan. Xotin tilanchini ko‘rgach, qiyin ahvolga tushib qoldi. Eri: «Eshikni taqillatgan kim ekan?» desa, xotin: «Avvalgi erim» dedi. Shunda keyingi eri: «Bir necha yil avvalgi eshiging tagiga kelgan tilanchi ham men edim», dedi.
Al-Jabbor sifatiga ega Alloh bandasini O‘zi iroda qilgan narsasiga yo‘llaydi. Bir banda u narsani xohlasa ham, boshqasi bu narsani xohlasa ham, Alloh xohlaganini amalga oshiradi. Shunday bo‘lgach, har bir o‘tayotgan kuningga shukr qil.
Anvar Tursunov