Sabr – insonga dunyo va din ishlarida to‘g‘ri yo‘l tutishda yordam beradigan fazilat. Inson zoti yaralibdiki, o‘zining barcha maqsadlarini sabr asosida ro‘yobga chiqaradi. Agar u sabrsizlik bilan ish tutsa xech qachon maqsadga erisha olmaydi. Har qanday ishda ham shoshqaloqlik zarar keltiradi. Saxl Ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. “Nabiy sollallohu alayhi vassallam: “Shoshilmaslik Allohdandir, shoshqaloqlik shaytondardir”, dedilar (Termiziy va Bayxakiy rivoyat qilgan).
Shuning uchun ham mo‘min-musulmon banda hech bir ishda shoshilmasligi lozim.
Sabr – ulug‘lik va kamolot belgisidir. Alloh taolo o‘z ismlaridan birini “As-sobur” deb atagani xam bejiz emas. Alloh taolo gunoh qilgan bandasini darhol jazolamaydi, unga berilajak azobni orqaga suradi. A’rof surasida bunday marhamat qilinadi: “Albatta Rabbingiz osmonlaru yerni olti kunda yaratgan” (54-oyat).
Alloh taolo istasa olamni bir zumda yaratar edi. Ammo bandalarga ibrat bo‘lishi uchun uni olti kunda yaratgan. Shuningdek, Alloh taolo Quroni karimni ham bir yo‘la nozil qilsa bo‘lar edi. Ammo bandalarga oson bo‘lishi uchun yigirma uch yilda nozil etdi. Shariat ahkomlarini ham o‘sha muddatda joriy qildi. Ojiz bandalar bu dunyo ishlarini amalga oshirishda qanchalik mashaqqat va og‘irlik hosil bo‘lmasin, mustahkam iroda va sabr-toqat ko‘rsatishi lozim. Imom Buxoriy rivoyat qilgan bir hadisda: “Kimki sabr qilishni xohlasa, Alloh unga sabr beradi. Hech bir kishiga sabrdan ko‘ra yaxshiroq ne’mat berilmagan.” deyiladi. Inson hayoti davomida bir imtihondan chiqib, ikkinchi imtihondan chiqib, uchinchi imtihonga to‘qnash kelaveradi va bu narsa bir-biriga ulanib ketgan sinovlardan iborat .
Bugungi kunda ko‘p gunoh va jinoyatlar kelib chiqishiga nazar tashlasak, sabrsizligimiz evaziga sodir bo‘layotganini ko‘ramiz. Insonlarning yoshi-qari hammasi sabrni unutib qo‘ydik, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Allohu taolo shuncha sohib qudrat egasi bo‘lsa ham biz bandalarga har bir narsada ibrat olishimiz uchun aqlimizni sabrga undagan. Xato kamchilliklarning bari sabrsizligimiz oqibatida sodir bo‘layapti. U hayot ufqida ketma-ket paydo bo‘luvchi bulutlardan qo‘rqmaydigan, balki bir kunmas, bir kun o‘ziga ham omad kulib boqishidan umidini uzmasligi lozim. Bunday natijani sabr bardosh, xotirjamlik va ishonch bilan kutish esa ayni hikmatdir. Shuning uchun din bandadan xar doim sabr qilishni talab etadi.
Abduxalil ABDUNAZAROV,
Qiziriq tuman bosh imom-xatibi
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan bir ayolga uylanib, unga mahr tayin etmagan, u bilan qovushmay turib vafot etgan kishi haqida so‘raldi.
Shunda u kishi: «U ayolga o‘z ayollari mahri mislicha mahr beriladi. Kam ham emas, ko‘p ham emas. Unga meros ham beriladi. Unga idda o‘tirish vojib bo‘ladi», dedilar.
Shunda Ma’qil ibn Sinon al-Ashja’iy turib: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Barva’a bintu Voshiq haqida sen chiqargan hukmga o‘xshash hukm chiqargan edilar» dedi.
Ibn Mas’ud bundan xursand bo‘ldi» («Sunan» egalari rivoyat qilganlar).
Mahrni zikr qilmasdan, uni nafiy qilib, mol bo‘la olmaydigan narsa ila, jinsi yoki sifati noma’lum narsa ila qilingan nikoh durustdir.
Bu jumlada mahrga bog‘liq besh xil holat haqida so‘z bormoqda:
1. Mahrni zikr qilmay, u haqda biror og‘iz ham gapirmay tuzilgan nikohning joriy bo‘laverishi. Chunki nikohga amr qilingan oyatda mahr zikr qilinmagan.
2. Mahrni nafiy qilib, ya’ni «orada mahr yo‘q», deya kelishilgan nikohning sobit bo‘lishi.
Alloh taolo «Baqara» surasida marhamat qiladi: «Agar xotinlarni, ularga qo‘l tekkizmay turib yoki ular uchun mahrni belgilamay turib, taloq qilsangiz, sizga gunoh yo‘q» (236-oyat).
Mahr atalmagandagi taloq joiz bo‘lganidan keyin, mahr atalmay qilingan nikoh ham joiz bo‘ladi. Chunki taloq faqat sahih nikohgagina tushadi.
3. Mahrga mol bo‘la olmaydigan narsani atab qilingan nikohning ham joizligi. Misol uchun, bir musulmon bir muslimaga uylanayotib, mahrga xamr yoki cho‘chqa beraman, degan bo‘lsa ham nikohlari o‘taveradi. Ular mahrga atash mumkin bo‘lmagan narsani ataganlari uchun, bu – xuddi hech narsa atamagan bilan barobar bo‘ladi.
4. Mahrga jinsi noma’lum narsani atab qilingan nikohning ham joizligi. Misol uchun, kuyov: «Kelinning mahriga kiyim yoki taqinchoq beraman», dedi. Qay turdagi kiyim yoki taqinchoqligi noma’lum. Bu ham hech narsa atamaganga o‘xshash, bo‘laveradi.
5. Mahrga sifati noma’lum narsani atab qilingan nikohning ham joizligi. Misol uchun, kuyov: «Mahrga sigir beraman», dedi-yu, qay sifatdagi sigir berishini aytmadi.
Ammo bunday nikohlar bo‘laveradi, deyish er mahr bermay ketaveradi, degani emas. Balki nikoh bog‘lanadi, undan keyingi munosabatlar zino bo‘lmaydi, deganidir. Nikoh aqdi durust bo‘laveradi, ammo ayolning mahr haqqi poymol bo‘lmaydi, erga mahr berish farzligi o‘z o‘rnida turaveradi. Bu holatlarda, avval aytib o‘tilganidek, o‘sha narsalarning o‘rtachasi yoki qiymati miqdoridagi «mahri misl» vojib bo‘ladi.
Bunda narsaning o‘zini yoki qiymatini berish kuyovning ixtiyorida. Kelin uning berganini olishga majbur.
Agar er ayolini yurtidan chiqarmaslik sharti bilan mingni atab, nikohlab olgan bo‘lsa yoki nikohda «muqim tursa, ming berasan, olib chiqsang, ikki ming» deb shart qo‘yilgan bo‘lsa, u holda er aytganiga vafo qilsa yoki muqim tursa, ayoliga mingni berish vojib bo‘ladi. Aks holda «mahri misl»ni beradi. Bu esa, ikki mingdan oshmaydi va mingdan kam bo‘lmaydi.
Agar bokiralikni shart qilgan bo‘lsa-yu, juvon chiqib qolsa ham, mahrning hammasini berish lozim bo‘ladi. Chunki qizligi zinodan boshqa sabablarga ko‘ra ketgan bo‘lishi mumkin. Bu holda yaxshi gumon qilgan afzal.
Fosid nikohda, agar yaqinlik qilmagan bo‘lsa, hech narsa vojib bo‘lmaydi. Agar yaqinlik qilsa, yaqinlik qilgan vaqtidan boshlab, atalgandan ziyoda bo‘lmagan «mahri misl» vojib bo‘ladi, nasab sobit bo‘ladi.
Fosid nikohga opa-singilga birdaniga uylanish, guvohlarsiz uylanish, opasining iddasida singlisiga uylanish, boshqaning iddasida o‘tirgan ayolga uylanish va to‘rtinchi xotinning iddasida beshinchisiga uylanish kabilar kiradi.
Kelinga beriladigan «mahri misl» uning ota qavmi e’tiboridan yoshiga, jamoliga, moliga, aqliga, diyonatiga, yurtiga, zamoniga, bokiraligi yoki juvonligiga qarab bo‘ladi. Shuningdek, kelinning odob va axloqiga qarab bo‘ladi.
«Mahri misl»ni belgilashda mazkur omillarni hisobga olib, kelinning mahri uning ota yurtidagi o‘ziga eng o‘xshash kelinga beriladigan mahr miqdorida bo‘ladi. Agar ularda – ota taraf qarindoshlarda bo‘lmasa, begonalardan olinadi. Ya’ni «mahri misl»i aniqlanishi lozim bo‘lgan kelinga o‘xshash kelin uning otasining qarindoshlari ichidan topilmasa, onasi tarafdan va uning qavmidan emas, begonalardan izlab topiladi. Agar ona otaning qavmidan bo‘lmasa.
Bir kelinga beriladigan «mahri misl»ni aniqlashda uning qaysi kelinga teng ekanini belgilash uchun ikki er kishi yoki bir er va ikki ayol kishi tayinlanadi.
Mahrni berish muddati (erta yoki kech berilishi) ana shu tayinlangan kishilar tarafidan belgilangan bo‘lsa, o‘shandoq bo‘ladi, agar ular tayin qilmagan bo‘lsalar, urfdagiga qarab bo‘ladi.
Mahrni ikkiga bo‘lib to‘lash ham mumkin. Dastlabkisi avval beriladi va «mahri mu’ajjal» – «erta mahr» deb ataladi. Keyingisi keyin beriladi va «mahri muajjal» – «kechiktirilgan mahr» deb ataladi.
Agar ikki taraf aqdi nikoh paytida erta mahr qancha va qachon berilishini, kech mahr qancha va qachon berilishini kelishib olgan bo‘lsalar, o‘sha kelishuvga binoan ish tutadilar.
Aqdi nikoh paytida bunday kelishuv bo‘lmagan bo‘lsa, o‘z qavmlarida mazkur miqdordagi mahrni o‘sha ayolga o‘xshash kelinlarga qay tarzda berishga odatlangan bo‘lsalar, o‘sha tarzda beriladi.
Erta mahrni olishdan avval ayol jinsiy yaqinlikni va o‘zining safarga olib chiqilishini man qilishga haqli. Agar o‘z roziligi bilan bo‘lgan yaqinlikdan keyin man qilsa ham, joiz. Bu holatda uning nafaqasi soqit bo‘lmaydi.
Ya’ni, mahrini o‘z vaqtida berilmaganiga norozi bo‘lib, kuyovni o‘ziga yaqinlashtirmayotgan kelinning nafaqasi erga vojib bo‘lib turaveradi. Er: «Xotinim meni o‘ziga yaqinlashtirmayapti, shuning uchun uning nafaqasini bermayman», deyishga haqli emas.
Shuningdek, u erning iznisiz hojat yuzasidan safar qilishga va tashqariga chiqishga haqli. Mahrni vaqtida bermagan er ayolni bu narsalardan man qilishga haqli bo‘lmaydi.
Ayol erta mahrni olganidan keyin uni boshqa yoqqa olib ketsa, bo‘ladi. Uni safarga olib ketmaydi, deganlar ham bor va fatvo shunga berilgan.
Ulamolar «Erta mahrni yoki to‘la mahrni bergandan keyin er-xotinning roziligisiz uni boshqa yurtga olib ketsa bo‘ladimi, yo‘qmi?» degan masalada turli gaplarni aytganlar. «Olib ketishi mumkin emas», deganlar ko‘proq zamonning fasodini e’tiborga olganlar. «Olib ketishi mumkin», deganlar. Alloh taoloning «U (ayol)larga o‘zingiz yashab turgan joydan imkoningiz boricha joy bering», degan qavlini dalil qilib keltirganlar. Mana shunisi to‘g‘ri.
Agar er unga bir narsa yuborgan bo‘lsa-yu, xotin uni «hadya» desa, er «mahr» desa, erning gapi qabul bo‘ladi. Illo, yemoq uchun tayyorlangan narsada uning gapi qabul qilinmaydi.
"Baxtiyor oila" kitobidan