TASHAKKURNOMA
Yurtimizda adolatli islohotlar olib borayotgan hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov va diniy idora rahbariyatiga imkoniyati cheklangan (kar, soqov) insonlar nomidan o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.
Yaqin kunlargacha ham kar, soqovlar jamiyatiga a’zo har bir insonga e’tiqod masalasida, sof islom dinini o‘rganish borasida yetarli bilim olishga e’tibor qaratilmagan edi. Shuning uchun ham o‘zi musulmon bo‘lib, missionerlikka kirib ketganlar soni ko‘pchilikni tashkil qilgan edi. Otasi musulmon holida vafot etsada, masihiylikda bo‘lgan o‘g‘li nasroniylarni qabristoniga olib boraman deb, qarshilik qiladi. Qizlari cherkovga borayotganini bilgan yolg‘iz ona to‘g‘ri yo‘lga sololmay oilaviy nizolar kelib chiqadi. Missionerlikni tanlaganlar orasida oilaviy nizolar ko‘payib, boshqa dinni ixtiyor etganlar orasida yoshlarni ko‘pchiligi esa achinarli holdir.
Missionerlikka kirib ketganlarga Allohning ulug‘ligini, Iso alayhissalom ham bir payg‘ambar ekanligini, Islom dini oxirgi din ekanligi, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom oxirgi payg‘ambar ekanliklari haqida tushuntirsak, ular “Bizga islom dini haqida tushuntiradigan joylar yo‘q, ota-onalarimiz ham tushuntirib bera olmaydi. Cherkovda esa masihiylik haqida tushuntiradigan surdo tarjimonlar bor. Bizlarga maxsus bayramlar, sayyohatlar tashkillashtirishadi”, deb javob qaytarishardi.
Alhamdulillah, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy hazratlari islom dinini atroflicha tushunish maqsadida yo‘llagan maktubimizni e’tiborsiz qoldirmadilar.
Diniy idora rahbariyati tomonidan tavsiya etilgan xodimlar bilan islom dini arkonlarini, payg‘ambarlar tarixini tushunib boryapmiz. Ayniqsa bizni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan berilgan javoblar o‘z dinimizni chuqurroq tushunishimizga yaqindan yordam bermoqda. Ilk suhbatda imkoniyati cheklanganlar soni 3-4 ta bilan boshlangan bo‘lsa, hozirda bizlarning sonimiz 100ga yaqinlashib qoldi.
Eng quvonarlisi missionerlikka a’zo bo‘lganlar noto‘g‘ri yo‘ldan qaytib, ularning islom diniga bo‘lgan muhabbati ortib bormoqda.
Toshkent shahar “Islomobod” jome masjidi bosh imom-xatibi Jumanov Abdulhamid domlaning ma’ruzalari alohida e’tiborga loyiq. Kar, soqov erkaklarimiz poklik, namoz masalalarida ham o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Hozirda jamiyatimizga a’zo erkaklarning 80ga yaqini “Islomobod” masjidiga Juma namozini o‘qish uchun borishmoqda. Masjidda kar, soqovlar uchun surdo tarjimon va boshqa qulayliklar yaratilgan. Abdulhamid domla borganlarga hadyalar berib, ko‘ngli yarimlarni duosini olmoqdalar.
Olib borilayotgan hayrli ishlar biz kar-soqov musulmonlarni qalbida ham hayotga ijobiy yondashish, Islom dinini o‘rganish, namoz, ro‘za, zakot va haj amallarini bajarishga ishtiyoq va g‘ayrat paydo qildi.
Boshqa dinga kirganlar esa tavba qilishib, islomga kirishdi. Oilalarda, bolalar tarbiyasida, qarindosh-urug‘chilikda, er-xotin munosabatlarida ijobiy tomonga o‘zgarishlar bo‘ldi. Bir-biriga hurmat, mehr-shavqat hissi paydo bo‘ldi. Biz ham o‘zimizni jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida his qilyapmiz.
Kechagina O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati tashabbusi bilan “Hazrati Imom” majmuasiga taklif qilishdi. Jamiyatimizdan 50 yaqin kar-soqovlar ishtirok etishdi. Islom tarixi, Usmon mus'hafi haqida ma’lumotlar, shuningdek milliy hunarmandchiliklar bizda katta qiziqish uyg‘otdi.
Bizga ko‘rsatilayotgan bunday g‘amho‘rliklar, e’tibor va mehrdan ko‘nglimiz ko‘tarilib, dinimizga bo‘lgan muhabbatimiz yana ortib boryapti. Necha yillardan beri biz orzu qilgan niyatlarimizni amalga oshirgan, har birimizga hidoyat va tavfiq bergan Alloh taologa hamdu-sanolar bo‘lsin! Ushbu ezgu ishlarimiz qiyomatga qadar davomli bo‘lsin! Duolarimiz va ibodatlarimizni O‘zi dargohida qabul qilsin! Omin!
Mohira Kubayeva
Kar-soqovlar jamiyatining a’zosi
Seminar doirasida:
Ishtirokchilar biriktirilgan xonadonlarga tashrif buyurib, aholiga ma’naviy va moddiy yordam ko‘rsatdi;
Masjidlarda peshin namozini o‘qib, jamoatga ma’rifiy suhbatlar o‘tkazdi;
Oltinko‘l tumani masjidlari faoliyati muhokama qilindi, taklif va topshiriqlar berildi.
Seminar yakunida samarali faoliyat ko‘rsatgan imom-xatiblardan biri viloyat bosh imom-xatibining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘asi bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Andijon viloyati vakilligi
Matbuot xizmati