Zunnun Misriy rahimahullohdan hikoya qilinadi: “Allohning Baytini haj qilish maqsadida yo‘lga chiqdim. Safar asnosida yo‘ldan adashdim. Bir payt yo‘l ustiga tashlab qo‘yilgan kishiga ko‘zim tushdi. U shu turishda o‘limini kutib yashayotgandek edi.
Borib, salom berdim. Salomimga alik oldi. “Yoningizda turishimni xohlaysizmi?” deb so‘radim. “Seni nima qilaman?” dedi hayron bo‘lib. “Sizga suhbatdosh, ulfat bo‘laman” dedim. “Senda men uchun qanaqa ulfatlik bor?!” deb so‘radi. “Agar bemor bo‘lsangiz, xizmatingizda bo‘laman” dedim. U: “Menga Kifoya qiluvchi, Rost so‘zlovchi, ahvolimni Biluvchi Zot bor. Kim Uni Do‘st deb bilmasa, unday kimsaga boshqa ulfat, suhbatdosh, do‘st yo‘q” dedi.
“Menga yaxshilik turlaridan birortasini o‘rgating yoki biror nasihat qiling, eshitib, amal qilay” dedim. Shunda u boshini ko‘tarib menga qaradi va: “Ey birodarim! O‘zingni o‘z nafsingdan saqla! Qalbingga biror illat kirishidan ehtiyot bo‘l! Agar bir ma’siyatni qilmoqchi bo‘lsang, boshingni yuqoriga ko‘tar! Kimga qarshi bo‘layotganingni, Kimga jur’at qilayotganingni, Kimga qarshi urush boshlayotganingni bil! Allohga isyon qilgan kimsa, Unga qarshi urushgan kimsa bo‘lib qolishini bilmaysanmi?! Qilib turgan solih amallaringda bardavom bo‘l! Belingni mahkam bog‘la! Seni bu dunyodan ketkazilishidan oldin o‘zing Alloh sari yuzlan! Jahannam muridlarning kechalarini bedor qilganini, obidlarning qalblarini jarohatlaganini bilmaysanmi?! U Zot O‘z Kitobida ularni maqtab shunday degan:
كَانُوا قَلِيلاً مِّنَ اللَّيْلِ مَا يَهْجَعُونَ
“Ular kechalari oz uxlar edilar”.
وَبِالْأَسْحَارِ هُمْ يَسْتَغْفِرُونَ
“Va ular saharlarda istig‘for aytar edilar” (Zariyat surasi, 17-18-oyatlar).
U ushbu oyatlarni o‘qidiyu, qichqirib yubordi. Shu zahoti joni uzilib, yerga yotib qoldi. U kishiga o‘xshagan yetuk kishini ko‘rmadim. Alloh rahmatiga olsin!”
Abu Is'hoq Sa’labiyning “Qotla-l-Qur’an” nomli asaridan
Nozimjon Iminjonov tarjimasi
O‘MI Matbuot xizmati
Bu fazilatli kunni Alloh taolo musulmonlarga nasib ayladi. Parvardigor har juma kuni olti yuz ming kishini do‘zaxdan ozod qiladi.
Juma kuni vafot etgan bandaga shahidlik ajri berilishi, Alloh taolo uni qabr azobidan saqlashi haqida hadislar keltirilgan.
Juma kuni aytilgan salavotning savobi behaddir.
Juma namozi Isro kechasida farz bo‘lgan, lekin musulmonlarning soni kam bo‘lgani sababli hijratga qadar o‘qilmagan.
Juma namozi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Quboda bo‘lgan paytlarida farz bo‘ldi.
U zot alayhissalom Quboda bir hafta turdilar, so‘ng Madina tomon otlandilar.
Ilk juma namozini Madinai Munavvaradan bir mil uzoqlikdagi Naqiy’ul Xazimot degan joyda Banu Solim ibn Avfning mahallasida o‘qidilar. Hozir o‘sha yerda «Juma» masjidi qurilgan.
Islomdan oldin juma kunini «aruba» deb atashgan. Uning yana bir nomi – «yavmul maziyd», ya’ni xayru barakot ziyoda qilib beriladigan kun.
Shuningdek, juma kechasi haftaning boshqa kechalaridan afzal hisoblanadi.
Alloh taolo barchamizga juma ayyomini muborak etsin! Bu muqaddas kunlardagi ibodat va duolarimizni dargohida xolis qabul aylasin!
"Juma haqidagi oyat va hadislar" kitobidan