So‘fi Ollohyor 1630-1650 yillar oralig‘ida Samarqandning Kattaqo‘rg‘on bekligiga qarashli Minglar qishlog‘ida tavallud topgan. So‘fi Ollohyor dastlab o‘z qishlog‘ida savod chiqaradi. Olti yoshida Qur’oni karimni o‘qib tushiradi. Dastlab, Shayxlar qishlog‘ida ta’lim olib, so‘ngra 12 yoshida Buxoroga borib Jo‘ybor madrasasida o‘qishni davom ettiradi. So‘fi Ollohyor o‘zining iqtidori, qobiliyati, donoligi tufayli madrasani imtiyozli tugatib, Buxoro xonining e’tiboriga tushadi, maqtov yorlig‘i bilan mukofotlanib, 25 yoshida xonlikning bojxona-soliq to‘raligi lavozimiga tayinlanadi. Bu lavozimda halollik va fidoiylik bilan ishlab xonlik xazinasini boyitishga munosib hissa qo‘shadi. Xonning maqtov va mukofotlariga sazovor bo‘ladi, lekin oddiy fuqarolarning qiyinchiliklarini, xonlikdagi ba’zi mansab ahlining nohaqliklarini ko‘rib o‘z vazifasidan voz kechib, taqvo yo‘lini tutishga ahd qiladi. Nihoyat tasavvuf yo‘lini tanlab, zuhdu ibodatga berilib ketadi. O‘sha davrning ulug‘ olimi, shayx Habibulloh qo‘lida 12 yil tahsil olib, tariqat sirlarini o‘rganib, o‘zi ham shayxlik (murshidlik) darajasiga yetadi. Xalqqa shariat va tasavvuf ta’limotini tushuntirish maqsadida (Panjikent, Urgut, Shahrisabz, G‘uzor, Dexqonobod, Boysun, Sherobod, Qabadiyon, Qorategin, Hisor, Dehnov va boshqa shaharu qishloqlarga) safar qilib, u yerlarda bir necha yillar yashab, tolibi ilmlarga shariat va tariqat ahkomlaridan ta’lim beradi.
So‘fi Ollohyor ko‘plab ilmlar bo‘yicha yetuk olim hamda fors tilida ham, turkiy tilda ham mahorat bilan ijod etgan ulamolardan hisoblanadi. Asarlarida kelgan ma’lumotlarga ko‘ra bu zot Shayx Habibulloh, So‘fi Navro‘z Buxoriy va Xo‘ja Mo‘min singari ustozlardan ta’lim olgan.
So‘fi Ollohyorning vafot etgan sanasi, ko‘pchilik tadqiqotchilarning fikrlariga ko‘ra, 1721 yilga to‘g‘ri keladi. Qabri Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumaniga qarashli Katta Vaxshivor qishlog‘idadir. So‘fi Ollohyorning ko‘plab avlodlari hozirda ushbu qishloqda yashaydilar.
So‘fi Ollohyor zabardast shoirgina emas, ayni paytda yirik mutafakkir, olim hamdir. U «Maxzanul mutein» asarini arab tilida, «Maslakul muttaqin» va «Murodul orifin» asarlarini fors tilida, «Sabotul ojizin» kitobini turkiy tilida yozib, Islom olamiga ulug‘ meros qoldirib ketgan.
So‘fi Ollohyor kitoblari o‘z davrida ham, keyingi davrlarda ham madrasalarda va xalq orasida keng o‘qitilganligi uchun ham uning nomi va kitoblari mashhur bo‘lib ketgan. So‘fi Ollohyorning «Sabotul ojizin» kitobi odamlar orasida «Mag‘zi Qur’on» sifatida e’tirof etilgan va bu asarni ba’zilar yoddan bilgan. So‘fi Ollohyor asarlari juda ko‘p marta qo‘lyozma sifatida ko‘chirilgan va nashr qilingan.
So‘fi Ollohyor adabiy merosi o‘zbek mumtoz adabiyoti va tasavvuf tarixida alohida o‘rin tutadi. Xoja Ahror Valiy, Mahdumi A’zam kabi bobokalonlarimiz Naqshbandiya ta’limotini ijtimoiy hayotga tadbiq etishda namuna bo‘lganlar. So‘fi Allohyorga bu tariqatning ta’lim tizimini madrasalarga ham olib kirdi. Allomaning «Maslakul muttaqin» asari Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston, Eron, Iroq, Tatariston va boshqa o‘lkalarda bir necha bor chop etilgan. So‘fi Ollohyor Markaziy Osiyoda yashovchi turkiy va forsiy tilli xalqlarni o‘z asarlari bilan bahramand etib, ularni yagona islomiy va axloqiy hamda falsafiy-estetik mafkura yalovi ostida birlashtirdi. Natijada kurrai zaminning turli mintaqalarida yashovchi xalqlar bir-birlari bilan ma’nan yaqinlashdilar va bir-birlarining ma’rifatparvarlik g‘oyalaridan xabardor bo‘ldilar. U zot o‘zining ana shunday xizmatlari bilan millionlab kishilarning muallimi va murabbiysiga aylandi.
So‘ngi yillarda muqaddas tuprog‘imizda tug‘ilib voyaga yetgan ulug‘ siymolar – Bahouddin Naqshband, Imom Ismoil Buxoriy, Abduxoliq G‘ijduvoniy maqbaralari va boshqa o‘nlab tarixiy yodgorliklar, muqaddas qadamjolarni obod etishdek qutlug‘ ishlar amalga oshirildi. 2005 yilda esa So‘fi Ollohyor hazratlari mangu qo‘nim topgan maskanni obod etish maqsadida «So‘fi Ollohyor» jamg‘armasi tashkil etildi.
MUNOJOT
Iloho, bandaman, bechoradurman,
Havoyi nafs ila ovoradurman.
Erurman barcha nuqsonimg‘a iqror,
Musulmon o‘g‘li qilmas ishlarim bor.
Erurman bandalarni sarniguni,
To‘lay yoru birodarlar zabuni.
Maningdek osiy bo‘lg‘aymu jahonda,
Gunohim zohirimdan ko‘p nihonda.
Netay, chun ayni aqlim beziyodur,
Amal ham yo‘q, agar qilsam riyodur.
Agarchi man yomon qul poy to farq,
Bo‘libman ma’siyat daryosig‘a g‘arq.
Vale sodiq erurman birligingga,
Tayonibman Sani g‘ofirligingga.
Lahadga kirsa bu yolg‘uz g‘arib bosh,
O‘gursa yuz hama qavmu qarindosh.
Tahayyur bo‘lsa joni g‘am .sirishta,
Yetushsa so‘rg‘oli iki farishta.
San oson etmasang andog‘ savoli,
Nechuk kechgay g‘arib bandangni holi?
Desa: «man robbuk» iki abdi dargoh,
Tilimga joriy qilg‘il: «Rabbim —Olloh!
Agarchi osiydur, yo Rab, bu banda,
O‘zing bandam degil, «Rabbim» deganda.
Agar sen qilmasang, qulluq otin jud,
Maning «qulman» deganimdan nechuk sud?
Iloho, lutf qil, munda va anda,
Mani banda etib, berkit bu banda.
Agar chandi ki go‘rsiz o‘lsa inson,
So‘rolur, albatta, beshakku nuqson.
Agar daryoda o‘lsun yo osilsun,
Azob etsa, bani odam na bilsun.
Daranda odam o‘g‘lin qilsa xo‘rok,
Gumon yo‘qdur, so‘rar qornida, ey pok.
Agar banda muazzab bo‘lsa anda,
Qolur tuymay bu ishni ul daranda.
Nechuk qilsa erur Qodiru Nosir,
Bu yerda bandasining aqli qosir.
Na kim aydi Xudoying yo Payambar,
Ani mahkam tutib, fikr etma digar.
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati