O‘zbek va tojik xalqlarining azal birodarligi, quda-andayu qarindoshligi ham o‘zlarini o‘rab turgan ona tabiatdan ulgu olgandek go‘yo! Ulug‘ Hisor tizmalarida jimirlab erigan qorlar Pomir tog‘larining kiftidan yo‘lga tushgan oydin buloqlarga qo‘shilib Amudaryo degan shashtli daryoni bunyod etadi.
O‘zbek bilan tojik ikki tilda so‘zlashadigan bitta millatdir, degan naql ham bejiz paydo bo‘lmagan. Dini, qadriyatlari, eng kichik irimlaridan to‘yu marakalardagi marosimlarigacha bir-biriga uyg‘un bo‘lgan bu xalqlar Markaziy Osiyoning eng so‘lim manzillarida yaqin qo‘shni bo‘lib yashashlari ham bejiz emas.
Quyida o‘zbek adabiyotining ikki zabardast shoirining qalamiga mansub bo‘lgan she’rlar ham ana shu qadim muhabbatning mevasi o‘laroq tug‘ilgan bo‘lsa neajab.
O‘zA
Abdulla Oripov
O‘zbekiston xalq shoiri
O‘zbegim tojik bilan
Do‘stu qardoshdir azaldan
O‘zbegim tojik bilan,
Ikkisi bir bayt g‘azaldan
O‘zbegim tojik bilan.
Qay yo‘sin aylay qiyos men
Bul shirin do‘stlik so‘zin,
Totlidir boldan, asaldan,
O‘zbegim tojik bilan.
Baxtga yor doim Navoiy
To Jomiy bor ekan,
Biz ular qo‘ygan tamaldan,
O‘zbegim tojik bilan.
Fahm etib boqsang agarda,
Biz qo‘sha sayyoramiz,
Bu Ali so‘zlar Zuhaldan,
O‘zbegim tojik bilan.
Bir egatning boshi senu
Bir egatning boshi men
Yer ekib tinmas hamaldan
O‘zbegim tojik bilan.
Bul qadrdon ikki do‘stga
Hohishimdir to abad
Topsa bir ma’no masaldan,
O‘zbegim tojik bilan.
Erkin Vohidov
O‘zbekiston xalq shoiri
Tojik birodarimga
Biz ikki yondosh elga,
Qarindosh, qondosh elga,
Jondosh, imondosh elga,
Farzand bo‘lamiz, do‘stim.
Shajarada tomirmiz,
Tiyonshonmiz, Pomirmiz,
Nechun o‘zdan tonurmiz,
Baland bo‘lamiz, do‘stim.
Beruniy, Ibn Sinoga,
Jomiydek pok siymoga,
Navoiydek dahoga,
Dilband bo‘lamiz do‘stim.
Shiru shakar azaldan,
Totli bizga asaldan,
Bir bayt kabi g‘azaldan,
Payvand bo‘lamiz, do‘stim.
Qonlar olud yerimiz,
Yov ko‘ksida tiyrimiz,
Birimiz o‘q, birimiz—
Kamand bo‘lamiz, do‘stim.
O‘rtamizga ko‘p nifoq,
Solmoq bo‘ldilar biroq,
Asli biz et va tirnoq—
Monand bo‘lamiz, do‘stim.
Bir zaminda don ekib,
Bir Vatanda jon chekib,
Do‘st g‘amiga qad egib,
Dardmand bo‘lamiz, do‘stim.
Biz xush niyat me’morlar,
Qulab eski devorlar,
Yayrasa do‘stu yorlar,
Xursand bo‘lamiz, do‘stim.
O‘MI Matbuot xizmati
#xabar #haj2025
Joriy yilning 12 iyun kunidan e’tiboran Saudiya Arabistonidagi hojilarimiz bir necha kun davomida navbati bilan ona Vatanimizga qaytib keladilar.
Hamyurtlarimiz Jidda shahridan mamlakatimizning 10 ta hududi – Toshkent, Buxoro, Namangan, Farg‘ona, Samarqand, Qarshi, Termiz, Urganch, Navoiy va Nukus shaharlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri parvoz qiladilar.
Tashish ishlariga “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyatining zamonaviy samolyotlari, malakali uchuvchi va bort kuzatuvchilari jalb etilgan.
Ziyoratchilarimizning haj amallari qabul, duolari mustajob bo‘lsin, fayzu barakalari ila o‘lkamiz nurga to‘lsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati