Munis qizginam, bir ish qilishingdan oldin obdon o‘yla, shoshma-shosharlik qilma, qat’iy qaroringdan keyingi voqealar ketma-ketligiga mendek javob berma. Hayotda hamma narsa bo‘ladi, mabodo senga nisbatan zulm va nohaqliklar bo‘lsa barchasini Allohga havola et, bandasiga emas. Neki so‘rasang, Allohdan so‘ra, beminnat yordamchi, yagona ilohdir. Har bir narsani Allohga tavakkal qilib boshla, oshkorayu pinhona yod et.
Mushkul vaziyat va qiyinchiliklarga bardosh qilish bilan ko‘p yutuqlarni qo‘lga kiritish mumkin. Hayotdagi og‘ir kunlar kelgusidagi musibatli kunlarga bardosh berishda madad bo‘ladi senga. Bu dunyo o‘tkinchi bo‘libgina qolmay, sinov-imtihondir ham. Hech qachon notanish odamlar suhbatida bo‘lma, e’tiqod-amaling Buyuk Qur’oni karim hamda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislari bo‘lsin. Ilm olishda dangasalik qilma, diniy va dunyoviy bilimlaringni kuchaytir. Allohga ibodat qilib ota-onang haqqiga ham duo qil qizim. O‘rganganlaringni jigarlaringga ham o‘rgat, mabodo men ulgurmasam...
Bilmayman, senga qanday sinovlar keladi. Xotirjamlikka cho‘milib, g‘aflatda qolma.
Menga sinov faqat turmushdan keldi. Chunki men xotirjam edim. Oilaviy masalalarda chin dildan, ochiq ko‘ngillik ila faqat yaxshiliklarga oshno bo‘lib er va qarindoshlar masalasida qo‘limdan kelgancha tirishib hayot boshladim. “O‘zing yaxshi – olam yaxshi”. Har bir ishni xolis Alloh uchun qilsam, bundan kim ayb topadi shiorlarim ila boshlagan turmushimda sovuq, izg‘irin, bo‘ronlar boshlangan. Har bir ishni ikki tomoni bo‘lgani holda faqat salbiy kashf etila boshladim.
Qalbingni Allohdan o‘zgasiga topshirma. Evaziga alam olasan. Atrofingdagi buzg‘unchi, g‘iybatchi, dilozor kishilarga faqat achinish ko‘zi bilan qaragin, zinhor nafratlanma, ular sen orqali, sen ular orqali sinalyapsan, sabrli bo‘l. Balki senga haqlaringga rioya etadigan, Allohning omonatiga ehtiyotkorlik bilan muomala qilguvchi kuyov nasib etar. Ammo hech narsadan xotirjam bo‘lma. Hayotda sen kutmagan zarbalar bo‘lishi mumkinligi haqida ham o‘ylab qo‘y. Oxirat azoblaridan dunyo azoblarini ustun qo‘yma. Jannat haqida ko‘proq fikr yurit, dunyo matohidan yuz o‘gir. Har bir narsaning hikmati bor. Zero, Alloh berganni olib qo‘yguvchi yo‘q, bermaganini tortiq qiluvchi yo‘q. Ammo senga berayotgan nasihatlarimga amal qilishim shu yoshda o‘zgarishim qiyinroq bo‘lmoqda. Yashab turgan uyimni ammang meniki deyishi, minib turgan mashinamizni amaking boshqani nomiga rasmiylashtirishiga rosa jazavam tutdi. Har doim har xil narsalar egri yo‘llar axtarishlari asabimning, sog‘ligimning yo‘qolishiga sabab bo‘ldi. Dunyo matohi uchun kuyunma, mayli yulg‘uchlarga ber uni. Evaziga sog‘ligingni asraysan. Qizim hattoki og‘zingdagi luqmani tortib olishlari ham mumkin, ammo qalbingda “nega?” degan savol tug‘ilmasin – azobing ortadi. Shukr qilki “haqxo‘rlar” imoningni olishga qodir emas. O‘shalar achinishga loyiq bo‘lmasalar-da achin va qo‘l silta.
Qizim birov narsa bersa sevinma, minnati o‘ldiradi. Birovlar yordamiga umidvor bo‘lma, kutma... Nafsingni har tomonlama yeng, ko‘proq kitob o‘qi, qalb gapga o‘chligini ham yo‘qot. Hasratlaringni o‘zgalarga aytish ila yengil bo‘lishni o‘ylama ham. Do‘sting Alloh, dardkashing onangdir. Men yo‘q bo‘lsam singillaringga suyan, ishon. Oila va farzandlarini eng oxirgi o‘ringa qo‘yishini olmagan-da dadang risoladagidek turmush o‘rtoq, a’lo darajadagi otadir. Ba’zi xislatlaridan yaqinlari foydalanishadi, xalos.
Qorani oqdan ajrata oladigan yoshdasan. Ilmli bo‘lsang, sabrli bo‘lasan. Sabrli bo‘lsang, hech kimning zulmi o‘tmaydi. Ba’zida sendagi jahlni ko‘rib hayron qolaman, bu qayerdan keldi. Vazmin va imonli bo‘l. Chegaralarni aniqlab, hadlardan o‘tma. Hayotni, senga berilgan umrning hamda imkoniyatlarning qadriga yet. Boshimdan o‘tganlarini shikoyat qilib emas, ibrat bo‘lsin deb eslatdim. Shaytonning makrlaridan ehtiyot bo‘l deb aytdim. Aslida ular ham yomon odamlar emas...
O‘zingni begonalarning yomon nazaridan asra qizim!
Onaizoring
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taoloning go‘zal ismlaridan biri “As-Sattor”dir. Marhamatli robbimiz ushbu sifati bilan bandalarning ayblarini bu dunyoda yashirib, kamchiliklarini yopuvchidir. Oxiratda esa o‘zining fazli va rahmati bilan kechirib yuboradi. Chin, haqiqiy musulmon ham robbimizning ushbu go‘zal sifati bilan xulqlanib, birodarlarining ayblarini qidirmasdan, balki bilgan ayblarini ham yashiradi. Zero, Alloh taolo bu dunyoda musulmonlarning ayblarini yashirgan bandasini qiyomat kuni odamlar oldida sharmandalikdan asraydi.
Bu haqda suyukli, mehribon payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar:
وَعَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «لَا يَسْتُرُ عَبْدٌ عَبْدًا فِي الدُّنْيَا إِلَّا سَتَرَهُ اللَّهُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ». رَوَاهُ مُسْلِمٌ.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Banda boshqa bir bandaning aybini shu dunyoda berkitar ekan, Alloh qiyomat kuni uning aybini berkitadi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Bandalarning ayblarini yashirish deganda, banda bilan Robbining o‘rtasida sodir bo‘lgan ayblar tushuniladi. Allohga nisbatan banda tomonidan gunoh, biror ayb sodir etilganda, ularni fosh etib, sharmanda qilinmaydi, balki Alloh taoloning marhamati, kechirimli ekaniga suyanib, fazlidan umid qilinadi. Shu niyatda musulmon birodarining aybini yashirish ijobiy xislat sanaladi.
Ammo, haqiqat berkitilib, odamlarning huquqlari zoye qilinganini ko‘rganda, buni yashishirish, oshkor qilmaslik fazilat sanalmaydi, aksincha razolat sanaladi. Ammo bandalarning haq-huquqlari poymol bo‘lganda aybu kamchiliklar yashirilmasdan, ro‘yirost gapiriladi. Garchi o‘zining yaqinlari tomonidan sodir etilgan bo‘lsa ham. Bu ham o‘z navbatida go‘zal fazilatdir.
Hadisdan biz o‘rgangan foydali o‘gitlar:
1. Musulmon kimsa birodarining ayblarini yashirib, odamlar oldida sharmanda qilmaydi.
2. Bu dunyoda birodarining aybini yashirsa, buning mukofoti qiyomat kunida Alloh uning ham aybini yashirishini bilgan banda albatta bu amalini oxiratiga zaxira qilib qo‘yadi.
3. Musulmon kishi odamlarning aybini yashiradi, chunki bu amalni Alloh yaxshi ko‘radi.
4. Odamlarning aybini yashirar ekan, ularning uyat narsalarini ham fosh qilmasligi undan ham muhim. Inson bu bilan o‘zi yashab turgan jamiyatda parokandalik, qo‘shnilar, qarindoshlar orasida xusumat, janjalning oldini olgan bo‘ladi.
5. Odamlarning huquqlari zoye qilinganini ko‘rib, haqiqatni yashirish, haqiqatni oshkor qilmaslik fazilat emas, aksincha razolat sanaladi.
6. Insonlarning haq-huquqlarini poymol qilayotgan kishi garchi o‘zining yaqinlari, aka-uka, qarindoshlari bo‘lsa ham uning aybu-kamchiliklari yashirilmasdan, o‘ziga ro‘yirost gapiriladi.
Beknazar Muhammad Shakur,
Hadis ilmi maktabi katta o‘qituvchisi.