2018 yil 9 mart juma kuni Toshkent shahridagi “Ko‘h ota” jome masjidining yangi binosi qurilishi uchun birinchi g‘isht qo‘yildi.
Ushbu xayrli tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari shayx Abdulaziz Mansur hazratlari boshchiligida taniqli ulamolar, nuroniy otaxonlar va masjid qavmi qatnashishdi. Yuzlaridan nur balqib turgan tabarruk otaxonlar masjidning birinchi g‘ishtini qo‘yib berdilar. Ixlos va e’tiqodli xalqimiz jomening qurilish ishlarida faol ishtirok etishga bel bog‘ladilar. Alloh ixloslariga yarasha ajrlarini ko‘paytirib bersin. Masjid binosi qurilishi muslim.uz portalining Feysbuk ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasi orqali onlayn uzatildi. Quyidagi link orqali tomosha qilishingiz mumkin: https://www.facebook.com/muslimuzportal/videos/
Ma’lumot uchun, hozirda Toshkent shahrida “Suzuk ota” jome masjidi qurilish ishlari jadallik bilan davom ettirilmoqda. Shuningdek, azim poytaxtimizdagi “Imom Termiziy” jome masjidining qurilish ishlari ham yakuniga yetib bormoqda.
O‘MI Matbuot xizmati
Alloh taoloning go‘zal ismlaridan biri “As-Sattor”dir. Marhamatli robbimiz ushbu sifati bilan bandalarning ayblarini bu dunyoda yashirib, kamchiliklarini yopuvchidir. Oxiratda esa o‘zining fazli va rahmati bilan kechirib yuboradi. Chin, haqiqiy musulmon ham robbimizning ushbu go‘zal sifati bilan xulqlanib, birodarlarining ayblarini qidirmasdan, balki bilgan ayblarini ham yashiradi. Zero, Alloh taolo bu dunyoda musulmonlarning ayblarini yashirgan bandasini qiyomat kuni odamlar oldida sharmandalikdan asraydi.
Bu haqda suyukli, mehribon payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar:
وَعَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «لَا يَسْتُرُ عَبْدٌ عَبْدًا فِي الدُّنْيَا إِلَّا سَتَرَهُ اللَّهُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ». رَوَاهُ مُسْلِمٌ.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Banda boshqa bir bandaning aybini shu dunyoda berkitar ekan, Alloh qiyomat kuni uning aybini berkitadi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Bandalarning ayblarini yashirish deganda, banda bilan Robbining o‘rtasida sodir bo‘lgan ayblar tushuniladi. Allohga nisbatan banda tomonidan gunoh, biror ayb sodir etilganda, ularni fosh etib, sharmanda qilinmaydi, balki Alloh taoloning marhamati, kechirimli ekaniga suyanib, fazlidan umid qilinadi. Shu niyatda musulmon birodarining aybini yashirish ijobiy xislat sanaladi.
Ammo, haqiqat berkitilib, odamlarning huquqlari zoye qilinganini ko‘rganda, buni yashishirish, oshkor qilmaslik fazilat sanalmaydi, aksincha razolat sanaladi. Ammo bandalarning haq-huquqlari poymol bo‘lganda aybu kamchiliklar yashirilmasdan, ro‘yirost gapiriladi. Garchi o‘zining yaqinlari tomonidan sodir etilgan bo‘lsa ham. Bu ham o‘z navbatida go‘zal fazilatdir.
Hadisdan biz o‘rgangan foydali o‘gitlar:
1. Musulmon kimsa birodarining ayblarini yashirib, odamlar oldida sharmanda qilmaydi.
2. Bu dunyoda birodarining aybini yashirsa, buning mukofoti qiyomat kunida Alloh uning ham aybini yashirishini bilgan banda albatta bu amalini oxiratiga zaxira qilib qo‘yadi.
3. Musulmon kishi odamlarning aybini yashiradi, chunki bu amalni Alloh yaxshi ko‘radi.
4. Odamlarning aybini yashirar ekan, ularning uyat narsalarini ham fosh qilmasligi undan ham muhim. Inson bu bilan o‘zi yashab turgan jamiyatda parokandalik, qo‘shnilar, qarindoshlar orasida xusumat, janjalning oldini olgan bo‘ladi.
5. Odamlarning huquqlari zoye qilinganini ko‘rib, haqiqatni yashirish, haqiqatni oshkor qilmaslik fazilat emas, aksincha razolat sanaladi.
6. Insonlarning haq-huquqlarini poymol qilayotgan kishi garchi o‘zining yaqinlari, aka-uka, qarindoshlari bo‘lsa ham uning aybu-kamchiliklari yashirilmasdan, o‘ziga ro‘yirost gapiriladi.
Beknazar Muhammad Shakur,
Hadis ilmi maktabi katta o‘qituvchisi.