Alloh taolo aytadi: “Shak-shubha yo‘qki, Alloh yolg‘onchi va kofir kimsani hidoyat qilmas” (Zumar surasi, 3-oyat).
Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadi: Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vassallam dedilar: “Munofiqning uchta alomati bor:
gapirsa, yolg‘on gapiradi;
va’da bersa bajarmaydi;
omonat olsa, xiyonat qiladi”.
Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vassallam aytdilar: “Uch toifa odamga Qiyomat kunida Alloh gapirmaydi, ularni (gunohlaridan) poklamaydi, ularga (rahm nazari bilan) qaramaydi va ularga alamli azoblar bo‘ladi. Ular: zinokor qariya, yolg‘onchi podshoh va mutakabbir kambag‘aldir” (Muslim, Nasaiy rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadi: Bir banda e’tiborsizlik qilib bir so‘zni aytadi-da, u sababli do‘zaxga mashriqu mag‘rib orasidan keng masofaga qulaydi (Muslim rivoyati).
Alloh taolo barchamizni nojoiz so‘zlarni so‘zlashdan tiyilishni nasib qilsin. U marhamatli va saxovatli zotdir.
Oybek SAMARQANDIY,
“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَرَضِي اللهُ عَنْهُ و عَنِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: رُبَّ صَائِمٍ لَيْسَ لَهُ مِنْ صِيَامِهِ إِلَّا الْجُوعُ، وَرُبَّ قَائِمٍ لَيْسَ لَهُ مِنْ قِيَامِهِ إِلَّا السَّهَرُ. رَوَاهُ ابْنُ مَاجَهْ وَأَحْمَدُ وَالْحَاكِمُ.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ba’zi ro‘zadorlar borki, ularga ro‘zasi uchun ochlikdan o‘zga narsa bo‘lmas. Ba’zi tunda bedor bo‘lgan borki, ularga bedorligi uchun uyqusizlikdan o‘zga narsa bo‘lmas», dedilar.
Ibn Moja, Ahmad va Hokim rivoyat qilganlar.
Sharh: Ba’zi bir kishilar ro‘zani tutib olib, tilini tiymay, yolg‘on gapiradilar, ig‘vo, bo‘hton, g‘iybat qiladilar, turli yomon ishlardan o‘zlarini tiymaydilar. Bunday kishilar ro‘zaning foydasidan, savobidan mahrum bo‘ladilar. Ularga ro‘za tutishdan faqat och qolganligi qoladi, xolos.
Shuning uchun kim ro‘zadan to‘la manfaat olmoqchi, savobiga to‘liq erishmoqchi bo‘lsa, o‘zini taom va sharobdan tashqari behuda, bo‘lmag‘ur gap-so‘z va amallardan tiymog‘i lozim.
Shuningdek, ba’zi bir kishilar tunda tahajjud namoz o‘qiydilar. Keyin esa o‘sha ishlari bilan maqtanib, riyokorlik qiladilar, yolg‘on gapirib, noloyiq ishlarga qo‘l uradilar. Ana shunday odamlar ham tunda bedor bo‘rib qilingan ibodatlarga beriladigan savoblardan bebahra qoladilar.
Shuning uchun har bir ibodatni iloji boricha riyokorlikdan qochib qilmog‘imiz kerak.
«Hadis va hayot» kitobi asosida tayyorlandi