Abu Sa’iyd Ju’fiy aytadi: “Mansur (Iroq ahlining voizi)ning bunday deganini eshitdim:
“Kufada edim. Bir kuni kechasi tong otdi deb o‘ylab tashqariga chiqqandim, qarasam, hali tong otmagan ekan. Tong otishini kutib uylarning eshigi oldida o‘tirdim. Shu payt eshik ortidan bir kishining Robb azza va jallaga munojot qilayotganini eshitib qoldim. U o‘z munojotida “Robbim! Izzatingga va Jalolingga qasamki, ma’siyatim bilan Senga xilof qilishni iroda qilmadim. Lekin gunoh qilganimda, johilligim sababli qildim. Uqubutingdan qo‘rqaman. Gunoh qilganim nazar solib turganingni yengil sanaganimdan emas, balki, johilligimdan, nafsimning yomonligidan, gunohni chiroyli ko‘rsatganidan. Agar arqoning mendan uzilsa, kimning arqoniga bog‘lanaman? Ertaga qiyomat kuni huzuringda qanday turaman? Gunohkorlarga “do‘zaxga kiringlar” deyilib, solihlarga “Sirotdan o‘tinglar, Jannatga kiringlar” deyilganda, gunohkorlar bilan birga do‘zaxga kiramanmi yoki solihlar bilan birga Sirotdan o‘tib Jannatga kiramanmi? Holimga voy bo‘lsin, yoshim katta bo‘lgani sayin gunohlarim ham ko‘paydi. Holimga voy bo‘lsin, umrim uzaygani sayin ma’siyatlarim ham ziyoda bo‘ldi. Necha marta tavba qildimu, yana necha marta gunohga qaytdim? Robbimdan hayo qilish vaqti kelmadimi?!” der edi. Eshikka yaqin keldim-da, baland ovozda:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا قُوا أَنفُسَكُمْ وَأَهْلِيكُمْ نَاراً وَقُودُهَا النَّاسُ وَالْحِجَارَةُ عَلَيْهَا مَلَائِكَةٌ غِلَاظٌ شِدَادٌ لَا يَعْصُونَ اللَّهَ مَا أَمَرَهُمْ وَيَفْعَلُونَ مَا يُؤْمَرُونَ
“Ey iymon keltirganlar! O‘zingizni va ahli ayolingizni yoqilg‘isi odamlaru toshdan bo‘lgan o‘tdan saqlang. Uning tepasida qo‘pol, darg‘azab farishtalar bo‘lib, ular Allohning amriga isyon qilmaslar va nimaga buyurilsalar, shuni qilurlar” (Tahrim surasi, 6-oyat) oyatini o‘qidim.
Ichkaridan o‘sha odamning qattiq iztirobga tushganini eshitdim. O‘zimcha: “U kishi haliyam o‘sha holatda” deb o‘yladim-da, yo‘limda davom etdim.
Tong otgach, o‘sha hovli yoniga keldim. Qarasam, hovli yonida janozaga hozirlik ko‘rilyapti. Bir keksa xotin hovliga kirib-chiqib turibdi. “Ey onaxon, bu kimning janozasi?” deb so‘radim. Ayol: “Mendan nari ket! Yaramni yangilama!” dedi. Men unga: “Onaxon, men bir musofir odamman. Sizdan samimiy ma’noda so‘rayapman” dedim. Shunda ayol: “Agar musofir bo‘lmaganingda, janoza kimnikiligini aytmasdim. Bu mening o‘g‘lim. Shu kechasi bir odam uyimiz yonidan o‘tayotib, bir oyatni tilovat qilibdi. Unda do‘zaxning zikri bor ekan. O‘g‘lim o‘sha oyatni eshitib, qattiq iztirobga tushib, shu holda vafot etibdi” deb javob berdi. Shunda men: “Alloh azza va jalladan qo‘rqish mana shunday bo‘ladi” dedim”.
Bu qissani Ibn Javziy rahimahulloh “Sifatus sofva” nomli asarlarida zikr qilganlar.
Abu Is'hoq Sa’labiyning “Qotla-l-Qur’an” nomli
asaridan Nozimjon Iminjonov tarjimasi
O‘MI Matbuot xizmati
Saudiya Arabistonining turizm va sayohatlarga ixtisoslashgan “Arab Tourist” elektron nashrida “Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan va Buyuk ipak yo‘li bilan bog‘langan mamlakat” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada Buyuk ipak yo‘li tarixida o‘zbek shaharlarining tutgan o‘rni alohida e’tirof etiladi. Xususan, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar asrlar davomida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo, fan va madaniyat markazlari sifatida xizmat qilgani ta’kidlanadi. Registon maydoni, Ichan-qal’a va Buxorodagi me’moriy obidalar islom sivilizatsiyasi hamda jahon madaniy merosining bebaho durdonalari sifatida tilga olinadi.
Bundan tashqari, nashr O‘zbekistonning rang-barang tabiati va geografik relefiga to‘xtalib o‘tgan. Qizilqum cho‘li, serhosil Farg‘ona vodiysi, Tyan-Shan va Pomir-Oloy tog‘ tizmalari aholi joylashuvi va qishloq xo‘jaligi rivojida muhim o‘rin tutishi qayd etiladi.
Nashr, shuningdek, Buyuk Mirzo Ulug‘bek kabi donishmandlarning astronomiya va matematika sohasidagi buyuk kashfiyotlarini alohida e’tirof etgan.
Xulosada ta’kidlanganidek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Namangan va Andijon kabi shaharlar bugungi kunda nafaqat ma’muriy va iqtisodiy, balki jadal rivojlanayotgan yirik madaniy-turistik markazlar sifatida dunyo sayyohlari e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati