BAA Tashqi ishlar vazirligida O'zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Birlashgan Arab Amirliklari Hukumati o'rtasida kirish viza talablaridan o'zaro ozod etish to'g'risidagi hamkorlik protokoli imzolandi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Hujjatga ko'ra, O'zbekiston fuqarolari 30 kundan oshmagan muddatda BAA hududida bo'lishi davrida viza talablaridan ozod etiladi.
Ma'lumot uchun: 2023 yil davomida BAAga 119 454 nafar O'zbekiston fuqarolari tashrif buyurgan va 9,2 million AQSh dollari miqdorida viza rasmiylashtirish uchun sarflaydi.
Hukumatlararo hamkorlik protokoli O'zbekistonning BAAdagi elchisi Abdulaziz Aqqulov va BAA Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Holid Abdulla Belhul tomonidan imzolandi.
Hujjat rasman 2024 yil 16 fevraldan kuchga kirdi.
Imzolangan hujjat O'zbekiston fuqarolari uchun viza rasmiylashtirmasdan boriladigan mamlakatlar sonini 29 taga etkazib, O'zbekistonni Global Passport Power reytingida 71 o'ringa ko'taradi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Turkiyaning nufuzli tahlil markazi ANKASAM (Ankara Kriz ve Siyaset Araştırmaları Merkezi) mamlakatimizda vijdon erkinligini ta’minlash, diniy ta’limni takomillashtirish, islom merosini ilmiy asosda o‘rganish va jahonga tanitishga qaratilgan keng qamrovli ishlarga yuqori baho berdi.
Turkiyaning nufuzli tahlil markazi ANKASAM (Ankara Kriz ve Siyaset Araştırmaları Merkezi) O‘zbekistonda so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan tahliliy maqola e’lon qildi.
“Yangi O‘zbekiston: Diniy sohadagi islohotlarning muvaffaqiyat formulasi” deb nomlangan ushbu tahliliy maqolada mamlakatimizda vijdon erkinligini ta’minlash, diniy ta’limni takomillashtirish, islom merosini ilmiy asosda o‘rganish va jahonga tanitishga qaratilgan keng qamrovli ishlarga yuqori baho berilgan.
ANKASAMga ko‘ra, O‘zbekistonda qabul qilingan yangi siyosat va inson qadrini ustuvor qiymat sifatida belgilagan yondashuv so‘nggi yetti yilda diniy sohada chuqur, tizimli islohotlarni amalga oshirishga poydevor bo‘ldi. Xususan, tahlilchilarning tomonidan davlat va din munosabatlarini demokratiya va ma’rifat asosida qayta yo‘lga qo‘yish, diniy ta’lim muassasalarini xalqaro andozalarga mos ravishda rivojlantirish, ilm-fan va ma’rifatni islom dini bilan uyg‘unlashtirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar e’tirof etilgan.
Maqolada ayni paytda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi, Mir Arab oliy madrasasi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi kabi muassasalarning faoliyati, ular orqali islom dinining haqiqiy insonparvarlik va ma’rifiy mohiyati keng yoritilayotgani ta’kidlangan. Ushbu markazlar faqat diniy emas, balki ilmiy-tadqiqot, madaniy-tarixiy merosni saqlash va ommalashtirish vazifasini ham bajarmoqda.
ANKASAM tahliliga ko‘ra, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy islohotlarning muvaffaqiyati – bu siyosiy iroda, strategiyali yondashuv, ilmiy asos va xalqaro hamkorlikni o‘zida uyg‘unlashtirgan modeldir. Shu jihatdan, O‘zbekiston tajribasi mintaqa davlatlari va islom olami uchun o‘rganishga arziydigan namunalardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
ANKASAM kabi xalqaro nufuzga ega tahlil markazlari tomonidan bu kabi tahliliy maqolalar e’lon qilinishi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning ochiqligi, xalqaro standartlarga mosligi va jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.