بسم الله الرحمن الرحيم
JANNAT- ONALAR OYOG‘I OSTIDA
Muhtaram jamoat! Onalarimizni boshga ko‘tarishga, ularga hamisha shafqatli, xokisor bo‘lishga, xizmatlarini qilishga buyurilganmiz. Farzandini to‘qqiz oy qornida avaylab ko‘tarib yurish, homiladorlikning qiynoq-azoblariga bardosh berish, tug‘ish chog‘ida bir o‘lib-bir tirilish, tuqqanidan so‘ng ikki-uch yilgacha bag‘ridan bo‘shatmay, qo‘lidan qo‘ymay ardoqlab parvarishlash, bolasi uchun bir tunni bir necha bo‘lakka bo‘lib oromdan kechish, hatto ulg‘ayib, uyli-joyli bo‘lib ketganida ham mehrini, shafqatini, marhamatini ayamaslik faqat onalargagina xos ilohiy fazilatdir. Alloh taolo ona zotini ulug‘lab, uning mehnatini qadrlash uchun odam farzandining e’tiborini unga qaratib, Ahqof surasida shunday marhamat qiladi:
وَوَصَّيْنَا الْإِنْسَانَ بِوَالِدَيْهِ إِحْسَانًا حَمَلَتْهُ أُمُّهُ كُرْهًا وَوَضَعَتْهُ كُرْهًا وَحَمْلُهُ وَفِصَالُهُ ثَلَاثُونَ شَهْرًا
(سورة ﺍﻷحقاف/15آية)
ya’ni: “Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik. Onasi uni (qornida) qiynalib ko‘tarib yurgan va uni qiynalib tuqqandir. Unga homiladorlik va uni (sutdan) ajratish (muddati) o‘ttiz oydir…”.
Ona zotini farzandiga o‘ta mehribonligi haqida Oisha roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda quyidagicha keladi:
عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهَا قَالَتْ: جَاءَتْنِى مِسْكِينَةٌ تَحْمِلُ اِبْنْتَيْنِ لَهَا، فَأَطْعَمْتُهَا ثَلاَثَ تَمَرَاتٍ، فَأَعْطَتْ كُلَّ وَاحِدَةٍ مِنْهُمَا تَمْرَةً وَرَفَعَتْ إِلَى فِيهَا تَمْرةً لتَأَكُلَهَا، فَاسْتَطْعَمَتْهَا اِبْنَتَاهَا، فَشَقَّتْ التَّمْرَةَ الَّتِي كَانَتْ تُريدُ أَنْ تَأْكُلَهَا بَيْنَهُمَا، فَأَعْجَبَنِىْ شَأْنُهَا، فَذَكَرْتُ الَّذِيْ صَنَعَتْ لِرَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: "إنَّ اللَّهَ قَدْ أَوْجَبَ لَهَا بِهَا الْجنَّةَ، أَوْ أَعْتَقَهَا بِهَا مِنَ النَّارِ"
(رواه الإمام مسلم)
ya’ni: “Huzurimga bir miskina ayol ikki qizini ko‘tarib keldi. Shunda unga uchta xurmo berdim. U har bir qizga bittadan xurmo berdi. Bir dona xurmoni yemoqchi bo‘lib, og‘ziga tutdi. Ikki qiz uni ham berishini so‘rashdi. U o‘zi yemoqchi bo‘lgan xurmoni ikkiga bo‘lib, ikkoviga berdi. Uning holi meni ajablantirdi. Uning qilganini Rasululloh (s.a.v)ga aytdim. Shunda Rasululloh (s.a.v) “Buning uchun Alloh unga jannatni vojib qildi yoki uni do‘zaxdan ozod qildi”, dedilar” (Imom Muslim rivoyati).
Demak, farzandlarini dunyoga keltirish, keyin boqib katta qilishda bemisl matonat va fidoiylik ko‘rsatuvchi onalarimizning hurmatini joyiga qo‘yish, ular oldida hamisha o‘zini xoksor tutish, ularga yoqimli gaplarni so‘zlash, ularning haqqiga duolar qilib turish farzandning eng muhim burchlaridandir.
Muoviya ibn Johima (r.a.)dan rivoyat qilingan hadisda quyidagicha keladi:
عَنْ مُعَاوِيَةَ بْنِ جَاهِمَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ أَنَّهُ جَاءَ إِلَى النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ أَرَدْتُ أَنْ أَغْزُوَ، وَقَدْ جِئْتُ أَسْتَشِيْرُكَ؟ فَقَالَ:"هَلْ لَكَ أُمٌّ"؟ قَالَ: نَعَمْ، قَالَ:"فَالْزَمْهَا فَإِنَّ الْجَنَّةَ تَحْتَ رِجْلَيْهَا"
(رواه الإمام النسائي والإمام الحاكم)
ya’ni: Mu’oviya ibn Johima (r.a)dan rivoyat qilinadi, u zot Payg‘ambarimiz (s.a.v)ning huzurlariga kelib, ey Rasululloh, men g‘azotga bormoqchi edim, maslahatingizni olishlik uchun keldim, dedi. Payg‘ambarimiz (s.a.v): “Onangiz bormi?”, dedilar. U kishi: “Ha”, dedi. Shunda Payg‘ambarimiz (s.a.v): “Onangizni xizmatlarini g‘animat biling, chunki jannat uning oyog‘i ostidadir”, dedilar (Imom Nasaiy va Hokim rivoyati).
Hadisi sharifni sharhlagan ulamolarimiz shunday deydilar: “Sen jannatdagi nasibangga faqat onang orqaligina yetishasan. Shunday ekan, uning roziligini olishga harakat qilgin”.
Ibni Hajar Asqaloniy (r.a) o‘zlarini “Al-isoba” nomli kitoblarida shunday deydilar: ”Onalarni hurmat va ehtirom qilish, ularga g‘amxo‘r va mehribon bo‘lish, ularni oldilaridagi farzandlik burchini ado qilish biz ummatlarga Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan merosdir. Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning go‘daklik paytlarida onalari olamdan o‘tganliklari uchun Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ga onaning xizmatini qilish nasib etmagan, biroq U zotni emizgan Halima onamiz Payg‘ambarimizni huzurlariga kelganlarida o‘rnilaridan turib, kiyib turgan ridolarini Halima onamizga to‘shab, ustiga o‘tqizar edilar”.
حِيْنَ سِيْقَ إِلَيْهِ السَّبْيُ مِنْ هَوَازِنَ كَانَتْ الشَيْمَاءُ بِنْتُ حَلِيْمَةَ فِيْهِمْ فَلَمَّا اِنْتَهَتْ إِلَى رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَتْ: يَا رَسُولَ اللهِ إِنِّي لَأُخْتُكَ مِنَ الرَّضَاعَةِ وَعَرَّفَتْهُ بِعَلاَمَةٍ عَرَّفَهَا صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَبَسَطَ لَهَا رِدَاءَهُ، وَدَمَعَتْ عَيْنَاهُ وَقَالَ لَهَا: هَهُنَا، فَأَجْلَسَهَا عَلَى رِدَائِهِ وَخَيَّرَهَا بَيْنَ أَنْ تُقِيْمَ مَعَهُ مُكْرَمَةً مُحَبَّبَةً أَوْ أَنْ تَرْجِعَ إِلَى قَوْمِهَا، فَأَسْلَمَتْ وَرَجَعَتْ إِلَى قَوْمِهَا، وَأَعْطَاهَا رَسُولُ اللهِ نَعَماً وَشَاةً وَثَلَاثَةَ أَعْبُدٍ وَجَارِيَةٍ
(كتاب الإصابة لابن الحجر الاسقلاني)
Rasululloh (s.a.v)ning huzurlariga Havozin asirlari olib kelinganda, ularning orasida Payg‘ambarimizni emizgan Halima onamizning Shaymo ismli qizlari ham bor edi. Shunda Shaymo Payg‘ambar (s.a.v)ga U zotga tanish bo‘lgan bir belgi orqali o‘zini tanishtirib, “Ey Allohning Rasuli men sizni emikdosh singlingizman”, dedi. Shunda, beixtiyor Rasululloh (s.a.v)ning ko‘zlaridan sevinch yoshlari balqib chiqdi, ridolarini to‘shab: “Mana bu yerga o‘tiring”, dedilar va unga xohlasa U zotning huzurlarida izzat-ikrom ko‘rib yashash, xohlasa o‘z qavmiga qaytish ixtiyorini berdilar. Shaymo Payg‘ambarimiz (s.a.v)dan bunday hurmat va ehtiromni ko‘rib musulmon bo‘ldi va tashakkur aytib o‘z qavmiga qaytishini bildirdi. U zot alayhissalom unga bir nechta tuya va qo‘ylar hamda uchta qul va cho‘ri hadya qilib, kuzatdilar. Payg‘ambarimiz (s.a.v) emikdosh singillariga bunday izzat-ehtirom qilishlarini sababi onalari Halima onamizning hurmatlaridan edi (“Al-isoba” kitobi).
Imom Bazzor rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi:
أَنَّ رَجُلًا كَانَ بِالطَّوَافِ حَامِلًا أُمَّهُ يَطُوفُ بِهَا فَسَأَلَ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ هَلْ أَدَّيْتُ حَقَّهَا؟ قَالَ: "لَا وَلَا بِزَفْرَةٍ وَاحِدَةٍ!"
(رواه الإمام البزار)
ya’ni: Bir kishi onasini yelkasida ko‘tarib Baytullohni tavof qildirar edi. Tavofni tugatgach: “Onamning mendagi haqqini ado etdimmi?” deb so‘radi. Rasululloh (s.a.v): “Yo‘q, syen to‘lg‘oq azobidagi bir marta oh urishining haqqini ham ado etolmading”, dedilar.
عَنْ ابْنِ عُمَرَ، أَنَّ رَجُلاً أَتَى النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ، إِنِّي أَصَبْتُ ذَنْبًا عَظِيمًا فَهَلْ لِي تَوْبَةٌ؟ قَالَ: هَلْ لَكَ مِنْ أُمٍّ؟ قَالَ: لاَ، قَالَ: هَلْ لَكَ مِنْ خَالَةٍ؟ قَالَ: نَعَمْ، قَالَ: "فَبِرَّهَا"
(رواه الإمام الترمذي)
ya’ni: Bir kishi qayg‘uga botib, Rasululloh (s.a.v) huzurlariga bordi va: “Ey Rasululloh! Men katta gunoh qilib qo‘ydim, mening tavbam qabul bo‘larmikin?" dedi. Rasululloh (s.a.v): "Onang bormi?" dedilar. U "Yo‘q", dedi. Rasululloh (s.a.v) "Xolangchi?", deb so‘radilar. "Ha," deb javob berdi. Rasululloh (s.a.v): "Unday bo‘lsa, xolangga yaxshilik qil", deb marhamat qildilar (Imom Termiziy rivoyati).
Muhtaram jamoat! Mav’izamiz davomida farzandlarning ota-onalari oldidagi vazifalari haqida suhbatlashamiz.
Ota-onaning farzand zimmasida ko‘plab haqlari bo‘lib, ularning ba’zisi ota-onaning hayotlik vaqtlariga bog‘liq bo‘lsa, qolgani esa vafotlaridan keyingi davrga taalluqlidir.
Ota-onasi hayot bo‘lgan davrda farzand bajarishi lozim bo‘lgan ba’zi amallar:
Ota-onasi vafotidan so‘ng farzand bajarishi lozim bo‘lgan ba’zi amallar:
Alloh taolo hayot bo‘lgan ota-onalarimizning umrlarini uzoq qilsin, o‘tganlarini esa, O‘z rahmatiga g‘arq aylasin!
Hozirgi kunda islom jamiyatida, dunyo musulmonlari, ayniqsa yurtimiz musulmonlari orasida fatvo berish, fatvo chiqarish, fatvo so‘rash kabi atamalar ko‘p ishlatilmoqda.
Fatvo so‘zi arab tilida “savolga javob berish” ma’nosini anglatadi. Istilohda esa, shar’iy masala haqida savol so‘ragan odamga dalilga asoslangan holda javob berishdir.
Birinchi fatvo beruvchi shaxs Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bo‘lgan. U zotdan keyin sahoba, tobein va keyingi davr mujtahid ulamolar fatvo berish bilan shug‘ullanib, bugungi kunimizgacha davom etib kelmoqda. Shariatda musulmonlar hayotida paydo bo‘ladigan savollar bo‘yicha fatvo berilishi bu farzi kifoya amal hisoblanadi.
Qur’on va hadisdan hukm chiqarishning o‘ziga xos talablari mavjud. Qur’on va hadisga asoslangan holda musulmonlarning manfaatlaridan kelib chiqib, inson kamoloti, jamiyat farovonligi hamda uning ijtimoiy taraqqiyotini ko‘zlab hukm chiqarish alohida bilim va malaka talab etadi. Mo‘tabar manbalarda qayd etilishicha, arab tili, Qur’on va hadis ilmlari, fiqh va islom tarixini juda chuqur va mukammal biladigan va yana boshqa zarur sifatlarga ega bo‘lgan shaxslargina fatvo berish huquqiga ega.
Shunday bo‘lsa-da, biror-bir masalada hukm chiqarish zarur bo‘lib qolsa, avvalo, mazhablar ta’limotiga tayaniladi, agar ularning birortasida masalaning yechimi topilmasa, musulmonlarga osonlik va qulay sharoit yaratish nuqtayi nazaridan muftiylar tomonidangina fatvolar chiqarilishi mumkin.
Fatvo berish mas’uliyati. Islomda fatvoning o‘rni va ta’siri muhim bo‘lishi bilan birga o‘ta mas’uliyatli vazifa ham hisoblanadi. Chunki fatvoda Allohning hukmlarini bayon qilish maqsad qilinib, unda halol-harom, savob-gunoh, jannat-do‘zax orasidagi amallar ko‘rsatib beriladi. Imom Shotibiy rahmatullohi alayh fatvo berish mas’uliyati haqida to‘xtalib quyidagilarni ta’kidlaydi: “Muftiy – hukmlarni yetkazishda Rasululloh sallalllohu alayhi vasallamga o‘rinbosar va U zotning merosxo‘ri hisoblanadi. Shu bois u Rasululloh sollalllohu alayhi vasallam nomlaridan gapiradi”.
Haqiqatan, Abdulloh ibn Ja’fardan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bu borada ogoh va e’tiborli bo‘lishga chaqirib: “Fatvoga jur’atli bo‘lganlaringiz do‘zaxga jur’atli bo‘lganingizdir”, – deganlar. Ya’ni voqe’likni to‘liq o‘rganmay, yetarli bilim va tajriba orttirmay turib, qo‘rqmasdan jur’at bilan fatvo berishdan qaytarganlar.
Buni chuqur anglab yetgan musulmonlarning dastlabki avlodlari o‘zlaridan ilmli shaxs bo‘lgan joyda sukut saqlashgan.
Imom Molik rahmatullohi alayhdan goho ellikta masala so‘ralganda bittasiga ham javob bermagan paytlari bo‘lgan ekan. Buning sababi so‘ralganda, u zot: “Javob beruvchi o‘zini avval do‘zaxga solib ko‘rsin, xalos bo‘lishiga ko‘zi yetsa, javob bersin”, – degan ekanlar.
Abu Aliy az-Zarirdan rivoyat qilinadi: “Men Ahmad ibn Hanbalga: “Kishiga fatvo berishi uchun qancha hadis yetarli, yuz ming hadis yetadimi?” – dedim. U: “Yo‘q”, – dedi. Men: “Ikki yuz mingchi?” – dedim. U: “Yo‘q”, – dedi. Men: “Uch yuz mingchi?”, – dedim. U: “Yo‘q”, – dedi. Men: “To‘rt yuz mingchi?” – dedim. U yana: “Yo‘q”, dedi. Shunda men: “Besh yuz ming bo‘lsachi?”, – degan edim, u: “Umid qilaman”, – deb aytdi”.
Yuqorida keltirib o‘tilgan dalillardan kelib chiqib shuni ta’kidlash lozimki, fatvo berish o‘ta mas’uliyatli bo‘lganligi jihatidan unga hamma ham jur’at qilavermaydi. Buning ortida jamiyat va unda yashovchi shaxslar uchun g‘oyat xatarli zararlar kelib chiqish mumkin. Shayx Ramazon Butiy aytadi: “Hukm chiqarish ilmi tibbiyot ilmi kabidir. Mabodo birovning farzandi og‘ir kasalga chalinib qolsa, u tegishli tashxis qo‘yish va farzandini davolash uchun tibbiyotga oid kitoblarni titadimi yoki malakali shifokorning oldiga boradimi? To‘g‘risini aytganda, uning esi joyida bo‘lsa, keyingi yo‘lni tanlaydi. Dinda ham xuddi shunday. Aslida bu tibbiyotdan ham muhimroq, shuningdek qamrovi jihatidan xavfliroqdir”.
Hech kimga sir emaski, hozirgi kunda ba’zilar o‘zicha oyat va hadislardan hukm chiqarib, noto‘g‘ri fatvolar berib, o‘zini va o‘zgalarni adashtirmoqda.
Ba’zi bir e’tirof etilmagan shaxslar yoki ma’lum maqsadlarga yo‘naltirilgan tuzilmalar tomonidan qo‘shtirnoq ichidagi “fatvolar” insonlarni islom ma’rifatidan uzoqlashtirishga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, ularning “jihod”, “bay’at”, “takfir”, “bemazhablik”, “hijrat” kabi masalalardagi asossiz “fatvolari” nohaq qon to‘kilishiga olib bormoqda va insonlarning kafolatlangan huquqlariga rahna solinishiga sabab bo‘lmoqda. Imom Molik rahmatullohi alayhning ustozlari bo‘lgan Robia ibn Abdurahmonni yig‘lagan holda ko‘rib, undan buning sababini so‘rashganda, u zot kishilar diniy-huquqiy savollarni bilimi bo‘lmagan shaxslardan so‘rashayotganini ko‘rganligi, bu holat islomda katta xatar paydo bo‘lganligidan darak berishini ta’kidlagan ekanlar.
Demak, chuqur ilm, tajriba va xolislik kabi fazilat bo‘lmay turib, fatvo berishning oqibati xayrli emas. Shunday ekan, ba’zi doira yoki guruhlar tomonidan islomda ulkan masala sifatida qaralgan hukmlarga e’tiborsiz va mas’uliyatsizlik bilan fatvo berishlari o‘zlari va o‘zgalarni ham adashtirishdir. Qanday qilib shaxslarni va butun boshli jamiyatlarni kofirga chiqarib, jamoat oldida ularga ergashishni harom demoqdalar?!
Xulosa qilib aytganda, fatvoning musulmonlar hayotida o‘rni muhimligini hisobga olgan holda ilm va salohiyatsiz fatvo berish yoki uchragan kishidan fatvo so‘rash va unga ergashib ketaverish adashuvga olib boradi. Bu kabi salbiy oqibatlarni keltirib chiqaruvchi ixtiloflarning oldini olish birinchi navbatda islom markazlari va ulamolarning muhim vazifalaridan hisoblanadi.
Alloh taolo barchamizni turli ixtilof va fitnalardan asrab, barchamizni mamlakatimizda ming yillardan beri amal qilib kelinayotgan hanafiy mazhabimizga muvofiq ibodatlarini ado etib, zavqli hayot kechirish baxtiga nasib etsin!