«O‘lim kelib, u: «Robbim, meni ozgina muddatga (hayotda) qoldirsang, xayr-sadaqa qilib, solih (banda)lardan bo‘lardim», deb qolmasingizdan avval Biz sizlarga rizq qilib bergan narsalardan infoq-ehson qilingiz! Alloh ajal kelganda hech bir jonni (vafot etdirmasdan) qoldirmas. Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir» (Munofiqun surasi, 10-11-oyatlar).
Darhaqiqat, umr o‘tkinchi. Shuning uchun uni botil yo‘lda zoye qilmaslik, g‘animat kunlarni johillik bilan o‘tkazmaslik zarur. Farzandlarni yetim, ayollarni tul qoldiradigan, akani ukadan, boyni moldan judo qilib, hayot lazzatlarini kesadigan o‘limni esda tutishgina to‘g‘ri yo‘lda yurish mezonidir. Boyligini turli shahvoniy istaklarga sarflab, umrini behuda o‘tkazayotganlar o‘limni unutganlardir.
Hadisi sharifda: «Ibrat uchun o‘lim, mashg‘ulot uchun ibodat, to‘g‘rilik uchun ishonch kifoyadir», deyilgan.
Bizdan so‘ng o‘zga ummat, Muhammad alayhissalomdan keyin hargiz boshqa payg‘ambar kelmaydi. O‘tib ketganlar keyingilarni kutmoqda. O‘lim ostonasida turganda na hasrat-nadomat, na bola-chaqayu va na molu dunyo foyda bermaydi. Inson ko‘z ochib-yumguncha ham, olgan nafasini qaytib chiqargunicha ham o‘limdan omon bo‘lmaydi. Azroil kelganda uni biror qo‘riqchi, biror posbon to‘xtata olmaydi. Ajal paymonasi qasd qilgan kishisiga yetmasdan qolmaydi.
Shuning uchun toki inson tirik ekan, libosni toza tutishga intilgandek, ruhni poklashga, dinni asrashga harakat qilmog‘i kerak. Bo‘sh qop tik turmaydi deyishadi. Safarga chiqqan odam yo‘l uchun kerakli narsalarini – kiyim-kechagini, ozuqasini jomadoniga yuklab oladi. Shunday ekan, nega endi oxirat uchun ozuqa to‘plashga intilmaymiz?
Shu vaqtgacha ajal domidan qutulgan kishi yo‘q. O‘lim ota-onaga ham, bolaga ham rahm qilib o‘tirmaydi. Ammo amallarimiz xuddi mangu yashaydigandek. O‘limga bo‘lgan ishonchimiz gumonga, qayta tirilishga bo‘lgan iymonimiz esa bo‘htonga aralashib qolmayaptimikin?
Solih zotlardan biri ko‘rgan tushini shunday bayon qiladi: «Bir kishi kiyik quvmoqda, u esa tutqich bermay qochmoqda. Ikkisining ketidan bahaybat arslon ham tushdi. Kishi arslonning kelayotganini sezib tursa-da, unga parvo qilmay, o‘ljasining ketidan yugurmoqda. Unga yetay-yetay deganda arslon orqadan yetib olib, uni halok qildi. Kiyik esa uning o‘limiga nazar ham solmay yurishda davom etaverdi. Negadir arslon kiyikning ketidan tushmadi. Sal o‘tmay o‘sha kiyikning orqasidan boshqa odam tushdi. Arslon uni ham quvib yetib, halok qildi. So‘ng yana birov kiyikning ortidan yugurdi. U ham maqsadiga yetmay, arslon changalida jon taslim etdi. Shu yo‘sinda kiyikning ketidan tushgan odamlarning birortasi uni tuta olmay, arslonga yemish bo‘laverdi. Kiyik esa hamon tirik, sakrashda, yugurishda davom etmoqda. Buni tushunmay lol qolib turganimda arslon menga qarab: «Nimadan ajablanasan? Mening kimligimni, kiyikning nimaligini tushunmading shekilli? Men o‘lim farishtasi – Azroilman. Kiyik esa dunyo. Uni quvlayotgan odamlar – dunyo ilinjida boylik ketidan yugurib, o‘limdan qochmoqchi bo‘lganlar. Men ularni birma-bir tutib, jonini olaveraman», dedi».
Har bir inson bir kun kelib, o‘lim eshigidan kirishi muqarrar. Eshikning narigi tomonida nimalar bo‘lishi esa faqat Parvardigorgagina ayon. Ammo bir narsa aniq – to‘g‘ri yashaganlar ne’matli hayotga, xilof ishni tutganlar jahannamga mahkumdir. Allohning do‘stlari vafot etib, jannatga kirsalar, U Zotning dushmanlari abadul abad jahannam azobidadir.
Iso alayhissalom huzurida o‘lim zikr qilinsa, uning qo‘rqinchi sabab badanlaridan ter tomardi. Iso alayhissalomdek payg‘ambar shu kuyga tushgan ekan, bizning ko‘zimiz nega namlanmaydi? Badanning sog‘ligi, boylikning ko‘pligi, umrning yoshligiga ishonmang. O‘lim farishtasi kichikka izzat, kattaga hurmat qilib o‘tirmay, o‘z ishini bajarib ketaveradi.
Azroil alayhissalom kelganda inson unga: «Menga imkoniyat ber, yana ozgina, hech bo‘lmasa biror kun yashay», deydi. Azroil: «Ey g‘ofil banda, kunlaringni yashab bo‘lgansan», deb javob beradi. «Biror soat imkoniyat ber», desa, «Soatlaring tamom bo‘lgan», deydi. «Biror og‘iz gapiray, oilamga holatimni tushuntiray», desa, «Barcha gapingni aytib tugatgansan», deb, jonini sug‘urib oladi.
Inson nima uchun yaralgan bo‘lsa, shunga tayyorgarlik ko‘rishi zarur. Chunki Alloh taolo hech bir bandani bekorga yaratmagan. Inson ibodat uchun yaratilgan. Bandalar toatga kuch olishi uchun Parvardigor ularga rizq berib turadi. Ammo dunyo bir kun kelib, zavolga uchrashi tabiiy. Bu dunyo – imtihon diyori. O‘lim esa ushbu imtihondan muvaffaqiyatli o‘tganlar uchun rohat bo‘lsa, yiqilganlar uchun halokatdir.
Erkin QUDRATOV,
Mir Arab o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Mutorrif ibn Mus’ab aytadilar: “Men xalifa Mansurning huzuriga kirsam, u g‘amgin va xafa holatda ekan. Ayrim yaqin insonlaridan judo bo‘lgani sabab, hatto so‘zlashmay qo‘ygan ekan. U menga: “Ey Mutorrif! Men musibatga duchor bo‘ldim. Bu baloni Allohdan boshqa hech kim bartaraf qila olmas. Alloh bu musibatni daf qilishini so‘rashim uchun biron duo bormi? Men uni o‘qib yurardim”, dedi.
Men: “Ey mo‘minlarning amiri! Muhammad ibn Sobit menga Amr ibn Sobit al-Basriydan rivoyat qilib gapirib bergan. “Basralik bir kishining qulog‘iga pashsha kirib ketib, quloq pardasigacha yetib bordi. U og‘riqdan qiynalib, kechasiyu kunduzi uxlolmay qoldi. Shunda Hasanning yaqinlaridan bir kishi: “Sahoba Alo ibn Hazramiyning duolarini o‘qigin, chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari ushbu duoni sahroda va dengizda so‘rab duo qilganlarida, Alloh taolo ularni mashaqqatdan xalos qilgan”, deb aytgan edi, u kishi: “Alloh rahm qilsin, u qanaqa duo?” dedi. Shunda men u kishiga quyidagi rivoyatni aytib berdim:
“Alo ibn Hazramiyni Bahraynga yuborildi. U kishi sahroni yurib borarkan, juda qattiq chanqoq va suvsizlikdan o‘lar holatga keldi. Shunda u zot ulovdan tushdi va ikki rakat namoz o‘qidi. So‘ngra: “Ya Haliymu, ya Aliym, ya Aliyyu, ya Aziym, isqinaa” (Ey Halim, ey Biluvchi, ey Oliy va ey Buyuk Zot, bizni suv bilan sug‘or, tashnaligimizni qondir) deb duo qilgandi, birdan qushning qanotiga o‘xshab ketadigan bulutlar paydo bo‘lib, gumburlay boshladi. So‘ngra yomg‘ir yog‘a boshladi, biz idish va meshkoblarimizni to‘ldirib oldik. Yo‘limizda davom etib, dengiz qirg‘ogidagi kichik ko‘rfazga yetib keldik. U yerda hech qimirlashni iloji yo‘q edi. Suzib ketishimiz uchun kemalarimiz ham yo‘q edi. U kishi ikki rakat namoz o‘qib: “Ya Haliymu ya Aliym, ya Aliyyu ya Aziym, ajiznaa” (Ey Halim, ey Biluvchi, ey Oliy va ey Buyuk Zot, bizni bu yerdan o‘tkazib yubor), deb aytdilar. So‘ngra otning tizginidan ushlab: “Allohning ismini aytib bu yerdan kechib o‘tinglar”, dedilar.
Abu Hurayra roziyallohu anhu: “Biz suvning ustidan yurib o‘tdik. Allohga qasamki, bizni na oyoqlarimiz, na mahsilarimiz va na oyoq kiyimlarimiz ho‘l bo‘lgan edi. O‘sha paytda qo‘shin to‘rt ming otliqdan iborat edi”, deb aytdilar.
(Ibn Abu Dunyo, Lalkaiy va Ibn Abu Shayba musanniflarida ba’zi qisqartirish va qo‘shimchalar bilan rivoyat qilishgan).
Haligi qulog‘iga pashsha kirib ketgan kishi ham ushbu duoni o‘qigan edi, qulog‘idan pashsha chiqib, o‘z holiga keldi.
Xalifa Mansur ham qiblaga qarab, ushbu duo bilan so‘ray boshladi. Biroz fursat o‘tib, menga yuzlandi va: “Ey Mutorrif, Alloh mendagi g‘amni aritdi”, deb ovqat keltirishlarini amr qildi va meni ham taklif etdi, birga o‘tirib tanovvul qildik.
“Yoqimsiz narsalarni bartaraf qilish va balo ofatdan qutulishda duoning ahamiyati” nomli kitobdan.
Biz ham hayotda qandaydir muammo va to‘siqlarga duch kelib: “Ya Haliymu ya Aliym, ya Aliyyu ya Aziym”, deb aytib, o‘sha muammoni ko‘tarishini Allohdan astoydil va chin ixlos bilan so‘rasak, insha Alloh U Zotning yordami bilan muammolardan xalos bo‘lamiz.