Qur’on zabt etgan qalblar:
Qur’ondan ta’sirlangan qariya
Qatoda ibn Di’oma ismli olim hikoya qiladi:
“Basra shahrida Utba ibn Abon ismli zohid, taqvodor, mahzunlikda Hasan Basriyga o‘xshagan, doim ro‘za tutadigan kishi yashab o‘tgan bo‘lib, uning Misvar ismli keksa bir qo‘shnisi bor edi. Qo‘rquvi qattiqligidan Qur’onni tinglashga bardoshi yetmasdi. Agar uning oldida Qur’ondan bir-ikki harf yoki oyat o‘qilsa, qattiq qichqirib, bir necha kun aqlini yo‘qotgandek yurardi. Bir kuni uning yoniga Xas’am qabilasidan bir kishi keldi. Kelib, yoniga o‘tirgach, Qur’oni Karimdagi:
يَوْمَ نَحْشُرُ الْمُتَّقِينَ إِلَى الرَّحْمَنِ وَفْداً
“Taqvodorlarni Rohman huzuriga mehmon hay’ati etib to‘plagan kunimizda”
وَنَسُوقُ الْمُجْرِمِينَ إِلَى جَهَنَّمَ وِرْداً
“Jinoyatchilarni jahannamga chanqoq hollarida haydaymiz” (Maryam surasi, 85-86-oyatlar) oyatlarini o‘qidi. Buni eshitgan qariya “Men jinoyatchiman. Taqvodorlardan emasman. Ey qori, hozir o‘qigan oyatlarni yana o‘qi!” dedi. Boyagi kishi oyatlarni yana o‘qidi. Qariya baland ovozda baqirib, “Oh!” dedi-yu, omonatni topshirdi”.
Abu Is'hoq Sa’labiyning “Qotla-l-Qur’an” nomli
asaridan Nozimjon Iminjonov tarjimasi
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan noyob hujjatli film – “Usmon Mus'hafi: Madinadan Movarounnahr sari” nomli loyiha ustida ish boshlanmoqda. Filmda dunyodagi eng qadimiy Qur’on qo‘lyozmasi – VII asrda pergamentga yozilgan, hajmi 53x68 sm bo‘lgan va 353 varaqdan iborat Usmon Mus'hafining Madinadan Movarounnahrgacha bo‘lgan tarixiy yo‘li yoritiladi.
Filmda qo‘lyozmaning yaratilishidan tortib, turli sivilizatsiyalar davrida boshdan kechirgan murakkab tarixiy jarayonlar, uning O‘zbekistonga qanday saqlanib kelgani va hozirda Islom sivilizatsiyasi markazida muqaddas meros sifatida e’zozlanayotgani hujjatlar, tarixiy manbalar hamda mutaxassislarning izohlariga tayangan holda yoritiladi.
Mazkur hujjatli film markazdagi ekspozitsiya tarkibiga kiritilishi rejalashtirilgan bo‘lib, u ziyoratchilar va mehmonlar uchun muhim ma’naviy-tarixiy tajribani taqdim etadi. Film orqali tomoshabinlar nafaqat Qur’onning tarixiy qadr-qimmati, balki O‘zbekiston zaminining bu bebaho merosni asrab-avaylashdagi tutgan o‘rni haqida chuqur tasavvurga ega bo‘lishadi.
cisc.uz