Savol: “Salam bay’” degani qanday bay’? Shu haqda ma’lumot bersangiz.
Javob: Bay’ salam va uning shartlari:
Salam savdosi – nasiya molni naqd bahoga sotish yoki zimmasiga vojib bo‘lgan narsani naqd bahoga sotishdir. Ya’ni, molning narxi avvaldan berilib evaziga beriladigan molni keyinchalik muayyan bir muddatda olishga kelishishdir. Go‘yoki bir shaxs boshqasiga "Mana yuz ming so‘m. Evaziga falon joyning, masalan, Surxondaryoning falon navli bug‘doyidan falon muddatda, aytaylik, iyul oyida menga yetkazib berasiz" deyishiga o‘xshash. Bu savdo umumiy savdolardan farq qiladi. Aslida qoida shuki hali mavjud bo‘lmagan yoki mulkiga kirmagan narsani sotish joiz emas.
Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarni bay’ salamga bo‘lgan ehtiyojlarini ko‘rib bunga ruxsat berganlar. Bu savdo ham boshqa savdolar kabi ijobi-qabul ya’ni "Menga shuncha narsa yetkazib bering!" va "Shuncha so‘m evaziga shu narsani yetkazib beraman" deyishi bilan tamom bo‘ladi. Ijobi-qabul hanafiylar nazdida bitmning rukni hisoblanadi.
Shariatda joizligiga dalil:
1. يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا إِذَا تَدَايَنْتُمْ بِدَيْنٍ إِلَى أَجَلٍ مُسَمًّى فَاكْتُبُوهُ
«Ey iymon keltirganlar! Ma’lum muddatga qarz oldi-berdi qilgan vaqtingizda uni yozib qo‘ying...» (Baqara surasi, 282-oyat).
Abdulloh ibn Shaddot ibn Ilhod va Abu Muso Ash’ariyning o‘g‘li Abu Burda o‘rtasida salam savdosi borasida ixtilof paydo bo‘ldi. Ibn Shaddot salam savdosi joiz bo‘lmasa kerak, chunki unda sotiladigan narsa yo‘q-ku, degan xayolga bordi. Abdulloh ibn Abu Mujolid aytadi: «U ikkovlari meni Ibn Abu Avfoning xuzuriga jo‘natishdi. Men bu borada undan so‘radim. Ibn Abu Avfo: «Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, Abu Bakr va Umar zamonalarida bug‘doy, arpa, mayiz va xurmoda salam savdosini qilar edik», dedi. Ibn Abzodan ham so‘ragan edim, u ham shunday dedi».
Ibn Abbos roziyallohu anhumo «Muayyan muddatda yetkazib berishlikni zimmaga olish savdosini Alloh O‘zining kitobida halol qilgandir va men bunga izn berganiga guvohlik beraman» deb yuqoridagi oyatni o‘qidi. Sunnatdan dalil esa Ibn Abbos roziyallohu anhumo keltirgan quyidagi hadisdir. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinai munavvaraga kelganlarida Madina ahli bir, ikki, uch yilga salam savdosini qilishar edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim biror narsada salam savdosini qilsa, ma’lum bir o‘lchov, ma’lum kilo va muayyan muddatga qilsin!» dedilar». Imom Buxoriy rahimahulloh salam savdosiga tegishli hadislarni juda ko‘p sanadlari bilan rivoyat qilgan bo‘lib, xulosasini aytganda, salam savdosi kayliy yoki vazniy narsalarda bo‘lsin va beriladigan muddati tayin bo‘lsin!
Salam savdosining hukmi:
Rabbis salamga (buyurtmachi) nasiya tarzda yetkazib berilishi kerak bo‘lgan narsaning mulki sobit bo‘ladi. Yetkazib beruvchi esa, dastmoyaga (molning qiymati) ega bo‘ladi.
Bizning yurtda salam savdosining ko‘rinishlari:
“Menga bir tonna kartoshka urug‘ bersangiz, kuzda (falon oyning falonchi kuni) hosilni yig‘ishtirib olganimda sizga 4 yoki 5 tonna kartoshka qaytaraman”, deydi.
Bu savdo shar’an durust emas. Chunki bir jinsli molni bir-biriga ayrboshlashda bir-biridan kam yoki ko‘p qilib bo‘lmaydi. Demak, bir tonna kartoshka urug‘lik olsa, uni qaytarishda ham bir tonna bo‘lishi kerak. Qolaversa, bir jinsli molni o‘zaro ayrboshlashda nasiya qilish ham durust emas. Shuning uchun biror narsaning urug‘ligiga muhtoj bo‘lsa, ayrboshlash yo‘li bilan emas balki, naqd pul olib savdo molini nasiya qilish mumkin. Uning ko‘rinishi quyidagicha bo‘ladi. “Hozir kartoshkani kilosi 1000 so‘m, menga bir tonna kartoshka pulini, ya’ni 1000000 so‘m berib tursangiz. Kuzda sizga 4 tonna kartoshka berar edim”, deydi. Kuzda kartoshkaning narxi qancha bo‘lishidan qat’i nazar kelishuvga muvofiq 4 tonna kartoshka beradi. Shu holatda kuzda 4 tonna kartoshkaning pulini olish mumkin emas yoki kartoshkaning o‘rniga sabzi, piyozga o‘xshash boshqa savdo moli olishi ham mumkin emas. Aks holda ribo bo‘ladi. Chunki riboviy mollarni jinsi boshqa bo‘lsa ham nasiya savdo qilish mumkin emas.
2. Savol: Naqdga 10 so‘mga sotiladigan buyumni kreditga o‘xshatib 12 oyda bo‘lib to‘lash sharti bilan 12 so‘m deb baholab oyiga bir so‘mdan to‘lovni shart qo‘ymoqda. Agar oyiga shart bajarilmasa buyumni qaytarib oladi. Shu to‘g‘ri nasiya savdosimi? 12 oyga baylashib shu muddat ichida qurbi yetkancha to‘lab borishi nasiya savdosi deyilmaydimi?
Javob: Savdo moliga naqdga falon so‘m, nasiyaga falon so‘m deb ikki xil narx belgilash mumkin. Uni oyma-oy to‘lashga yoki oxirida birdaniga to‘lashga kelishish ham mumkin.
“Agar oyiga shart bajarilmasa buyumni qaytarib oladi...” savdoda bunga o‘xshash shartlarni qo‘yish mumkin emas. Chunki savdo bunday shartlarni taqozo qilmaydi. Agar shunday shart qo‘yilgan bo‘lsa ham u bekor qilinadi. Lekin pulni vaqtida to‘lamagani sababli, darhol aqdni buzmasdan, balki ilojini qilib, bir oz muhlat berish ham tavsiya qilingan. Chunki Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda bunday deyilgan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim nochorga muhlat bersa yoki undan bir qismini kechib yuborsa, Qiyomat kuni, Uning soyasidan o‘zga soya bo‘lmagan kunda Alloh taolo uni Arshining soyasi bilan soyalantiradi”, dedilar” (Imom Termiziy rivoyat qilgan). Agar muhlat bersa ham, muddat tugasa ham qarzini to‘lay olmasa, mazkur narsani tortib olmasdan, balki egasi bilan kelishgan holda sotib, qarzini undirib olsa bo‘ladi. Bu kabi masalalar ikki tomon birga bo‘lgan holatda fatvo olinadigan masala bo‘lgani uchun biror ilmli kishiga yuzma-yuz murojaat qilinglar.
“12 oyga baylashib shu muddat ichida qurbi yetkancha to‘lab borishi nasiya savdosi deyilmaydimi?” Yo‘q, bu savdo taqsit savdosi deyiladi. Nasiya savdosida esa pul belgilangan muddat yetganida birdaniga beriladi. Agar bo‘lib-bo‘lib berilsa taqsit savdosi deyiladi. Quyida taqsit va nasiya savdosi to‘g‘risida ba’zi ma’lumotlarni taqdim etamiz.
“Taqsit” savdosi; nasiya savdo turlardan biridir. Unda savdo moli naqd berilib, uning pulini berish kechiktiriladi. Bunday savdo turi bilan hozirgi kunda yolg‘iz shaxslar va shirkatlar ham shug‘ullanmoqda. Bugungi kunda islomiy banklarning ko‘plari o‘zlarining moliyaviy muomalalarini mazkur savdo turi bilan olib boradi.
“Taqsit” savdosi “salam” savdosining aksidir. Ya’ni salam savdosida pul naqd berilib savdo moli nasiya qilinadi. Taqsit savdosida belgilangan pulning barchasini yoki ba’zisini ham nasiya qilish mumkin. Ko‘pincha belgilangan mablag‘ bir necha qismga yoki bir necha bosqichlarga bo‘lib ado etiladi. Agar belgilangan mablag‘ belgilangan muddatning oxirida birdaniga ado etilsa, bu nasiya savdo bo‘ladi. Agar belgilangan mablag‘ bir necha bosqichda ado etilishi bilan birgalikda savdo moli uni oluvchining mulkiga o‘tishi ham batamom bo‘lsa, bu taqsit savdosi deyiladi.
Yuqoridagi ta’riflardan kelib chiqib taqsit savdosi quyidagi xususiyatlarga ega bo‘ladi deb aytishimiz mumkin:
- savdo moli naqd bo‘ladi;
- puli nasiya bo‘ladi;
- pulni ado etish bir necha bo‘laklarga bo‘linadi.
Taqsit savdosining joizligiga ijmo’ qilingan. Chunki u nasiya savdoning bir turidir. Lekin ikki jihatiga ko‘ra undan farq qiladi:
birinchisi, taqsitda pul bo‘lib-bo‘lib ado etiladi, nasiyada esa birdaniga ado etiladi;
ikkinchisi, taqsitda nasiya qilingan qiymat, naqdning qiymatidan ortiqroq bo‘ladi. Savdo moliga odatda ikki xil narx belgilanadi. Naqdga falon so‘m, nasiyaga falon so‘m, har ikkalasi ham joiz. Bu savdoning joizligiga kitob va sunnatdan ham dalillar yetarlidir, Lekin gap cho‘zilib ketmasligi uchun ular keltirilmadi.
Is'hoqjon domla Begmatov
O‘MI masjidlari bo‘limi xodimi
O‘MI matbuot xizmati
Abu Bakr roziyallohu anhuning muhabbati
Buyuk sahobiy Abu Bakr roziyallohu anhu bunday deydilar: “Biz hijratda edik. Men juda chanqab turgan edim. Ozgina sut olib kelib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga uzatdim va: “Yo Allohning Rasuli, ichib oling”, dedim. Rasululloh ichdilar-u, mening chanqog‘im qondi”.
Bu gaplar aynan haqiqat. Abu Bakr roziyallohu anhu chin dildan shunday dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ichdilar va Abu Bakr roziyallohu anhuning chanqoqlari qondi. Bu muhabbatning go‘zalligini his qila olyapsizmi? Bu o‘zgacha, xos bir muhabbatdir...
Savbon roziyallohu anhuning muhabbati
Payg‘ambar alayhissalom dastyorlari Savbon roziyallohu anhuning oldida kun davomida bo‘lmadilar. Nabiy alayhissalom qaytib kelganlarida Savbon roziyallohu anhu u zotga qarab: “Ey Allohning Rasuli, meni yolg‘iz tashlab ketdingiz”, dedi-da, yig‘lab yubordi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Shunga yig‘layapsanmi?” – dedilar. Savbon roziyallohu anhu: “Yo‘q, Rasululloh! Lekin jannatda sizning va o‘zimning martabamni yodga olib qo‘rqib ketdim. Alloh taoloning mana bu oyati esimga tushdi: «Kimda-kim Alloh va Payg‘ambarga itoat etsa, ana o‘shalar Allohning in’omiga erishgan zotlar, ya’ni, payg‘ambarlar, siddiqlar, shahidlar va solih kishilar bilan birgadirlar. Ular esa eng yaxshi hamrohlardir»[1]. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Xursand bo‘laver! Sen ham o‘zing muhabbat qo‘yganlar bilan birgasan”, dedilar.
Savod ibn G‘oziyyaning muhabbati
Savod ibn G‘oziyya Uhud g‘azoti kunida qo‘shinning markazida turardi. Nabiy alayhissalom qo‘shinga qarata: “Saflarni rostlanglar, to‘g‘ri turinglar!” – dedilar. Qarab borar ekanlar Nabiy alayhissalom Savod roziyallohu anhuning to‘g‘ri turmaganini ko‘rib: “Rostlangin, ey Savod!” – dedilar. Sahobiy: “Xo‘p”, dedi-yu, biroq to‘g‘irlanmasdan turaverdi. Payg‘ambar alayhissalom u tomonga yaqinlashib, qo‘llaridagi misvoklari bilan sahobiyning biqiniga niqtab: “Savod, to‘g‘ri turgin!” – dedilar. Savod: “Og‘rittingiz, Rasululloh! Alloh taolo sizni haq ila yuborgan bo‘lsa, endi men sizdan o‘ch olishim uchun imkon bering”, dedi. Payg‘ambarimiz alayhissalom qorinlarini ochib: “Qasosingni olvol, Savod”, dedilar. Savod roziyallohu anhu egilib qorinlarini o‘pa boshladi va: “Yo Allohning Rasuli, bugun shahidlik kunidir, shuning uchun ham oxirgi onlarimda tanam sizning muborak tanangizga tegib qolishini xohladim”, dedi.
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Minbar yasalmasidan avval Nabiy sollallohu alayhi vasallam xurmoning tanasiga suyanib xutba qilar edilar. Bir muddat o‘tib, minbar joylashtirilganidan so‘ng Nabiy sollallohu alayhi vasallam minbarga ko‘tarildilar. Shunda o‘sha xurmo tanasidan (yosh boladay) o‘ksik ovoz chiqdi. Uni, hatto biz ham eshitdik. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam keldilar-da, unga qo‘llarini tekkizdilar. Zum o‘tmay u tinchib qoldi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Niso surasi, 69-oyat.