Insonlar jamoalanish bo'yicha ikkiga bo'linadi. Rahmonning jamoasi va shayton malaylari. Alloh taoloning jamoasi tarqoq bo'lishi aslo mumkin emas. Alloh taolo marhamat qiladi:
«Dinlarini (firqalarga) bo'lib, (turli) guruhlarga aylanganlar (uchun) biror narsada (Siz mas'ul) emassiz. Ularning ishi Allohga (havola). So'ngra (U) ularni qilib yurgan amallaridan ogoh qilur» (An'om surasi, 159-oyat).
Imom Abu Dovud rahimahulloh Muoviya roziyallohu anhudan rivoyat qiladi. Payg'ambarimiz alayhissalom: “Ularning hammasi do'zaxdadir. Birgina firqa bundan mustasno”, dedilar. Shunda sahobalar: “O'sha bir toifa kim, ey Allohning Rasuli!” deyishdi. U zot: “Jamoatdir”, dedilar. So'ng qo'shimcha qilib aytdilar: “Albatta, yaqin orada shunday qavmlar keladi, qutirish kasali bemorni qanday egallasa, ularni havoi nafs xuddi shunday egallaydi”, dedilar.
Darhaqiqat, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam xabar bergan narsalari voqelikda sodir bo'ldi. Havoi nafsga ergashish ko'paydi. Firqalar, jamoalar ko'paydi. Holbuki, Alloh taolo:
«Hammangiz Allohning “arqoni”ni (Qur'onini) mahkam tuting va firqalarga bo'linmang hamda o'zaro adovatda bo'lgan paytlaringizda dillaringizni (tutashtirib) oshno qilib qo'ygan Allohning ne'matini yodda tuting. Uning ne'mati tufayli birodarlarga aylandingiz. Do'zax chohi yoqasida turganingizda, sizlarni undan qutqardi. Shoyad haq yo'lni topgaysizlar, deb Alloh O'z oyatlarini sizlarga shunday bayon qiladi» (Oli Imron surasi, 103-oyat), deb marhamat qiladi.
Payg'ambarimiz alayhissalom aytadilar: «“O'zlaringizdan oldingilar yo'liga xuddi (kamon o'qining) patlari bir xil joylashgani kabi, izma-iz ergashasizlar. Hatto ular zobb (echkiemar)ning iniga kirgan bo'lsalar, sizlar ham albatta kirasizlar. Sahobalar aytishdi: “Yo Rasululloh! Yahudiylar va nasorolarmi?” Payg'ambar alayhissalom: “Unda kim?” dedilar.
Boshqa bir hadisi sharifda: “Mo'min mo'min uchun xuddi bir-birini mustahkamlab turuvchi bino kabidir”.
Ammo bu hizblar-jamoalar o'zaro bir-birlaridan nafratdadirlar. Bir-birlarini ta'na qiladilar, ayblaydilar. Hatto bir kishi: “Bu hizblar din dushmanlarining iroda-istaklarini, ya'ni ummatni tafriqaga solish, xotirini parishon qilish, oqibatda ummatni zaiflashtirish kabi ishlarni qilishyapti” desa, to'g'ri bo'ladi.
Hullas, “Hizbut tahrir” jamoasi qattiq adashgan toifalardan. “Hizbut tahrir” pastkash jamoa bo'lib, Urdunda paydo bo'lgan. “Ixvonul muslimin”dan ajrab chiqqan. “Ixvonchilar” ularga bu yo'ldan qaytishlari uchun elchilar yuborishgan. Lekin ular qaytishdan bosh tortishgan. Ularning etakchisi Taqiyuddin Nabahoniy edi.
Ular aqida masalalarida quyidagilarni aytadilar: “Aqidaviy hukm faqat aqldan olinadi. Agar sam'iy, ya'ni, naqliy dalildan olinsa, u faqat qat'iy dalil bo'lishi kerak”.
Hizbchilar safsata sotishga o'rgatilgan, dinimizga muxolif jamoadir.
Hizbchilarning etakchisidan: “Nima uchun sizlarda Qur'on yodlatiladigan madrasalar yo'q?” deb so'ralganda, u bunday javob bergan: “Men darveshlar etishtirmoqchi emasman”.
Ko'rib turganingizdek, ilm, axloq va qalb tarbiyasi, zuhd, taqvoga sabab bo'luvchi ilmlar ular uchun qiziq emas. Fiqhiy masalalarda ham hadlaridan oshishgan. Masalan, ularning nazdida erkak kishi nomahram ayol bilan qo'l berib ko'rishsa, joiz bo'ladi. Hullas, “Hizbut tahrir” adashgan toifalardan biridir.
Hulosa o'rnida shuni aytamizki: Hizbut-tahrir” ulamolari o'z ta'villariga odatda hech bir hujjat keltirmaydilar. Minglab sahih hadislar mavjud bo'la turib, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan aniq va sahih rivoyatlarni keltirmaydilar. Na sahobalardan, na tobe'inlardan va na ularning atbo'laridan biron asar taqdim etmaydilar. Barcha Islom ummati birdek tan olgan Ahli sunna val jamoa ulamolari ijtihodlaridan va aytgan so'zlaridan misol keltirmaydilar. Barcha musulmonlarni bunday buzuq toifalardan uzoq bo'lishga da'vat etamiz
Muhibulloh Hudoyberdiyev To'raqo'rg'on tumani bosh imom-xatibi
Al-Kisoiy al-Kufiy 119/737 yil Kufada dunyoga kelgan.
To‘liq ismi: Ali ibn Hamza ibn Abdulloh ibn Bahman ibn Fayruzm al-Kisoiy al-Kufiy. Imom al-Kisoiy yoshligida ilm o‘rganishga juda intilardi, lekin boshlang‘ich davrda muvaffaqiyat qozona olmasdi. Bir safar Qur’onni yod olishda qiynalgach, ustoziga: “Men hech narsani yodlay olmayapman, charchadim”, dedi.
Ustoz unga sabr qilishni va Qur’onning barakasiga ishonishni tavsiya qildi. Shundan so‘ng, Imom al-Kisoiy sabr bilan harakat qilib, Qur’onni mukammal yod oldi va keyinchalik mashhur qiroat imomlaridan biri bo‘ldi. Bu voqea sabr va mehnatning samarasini eslatadi.
Hayoti: Al-Kisoiy Kufada tug‘ilgan va tilshunoslikda ham, qiroatda ham yuqori maqomga ega bo‘lgan. Undan nega «Kisoiy» deb nom olganligi haqida so‘rashganida u, – "chunki men hajda kisoda (kiyimda) ehrom bog‘laganman", deb javob bergan ekan. U asli fors bo‘lib, Bani Asad qabilasining qullaridan edi.
Ilmiy faoliyati: Uning asosiy ustozlari Hamza al-Kufiy va boshqa yirik qiroatchilar bo‘lgan. Bundan tashqari Kufa maktabini asoschisi hisoblanadi.
Muoz al-Harro va Abu Ja’far Ruasiylarda nahvdan tahsil oldi. Ular-dagi ilmlarni olib bo‘lib, ulardan qoniqmay qolgach, Basraga kelib Iso ibn Umar, Abu Amr ibn al-Alo va Al-Xalil ibn Ahmaddan ilm o‘rgangan. Qiroatni esa Sho‘ba ibn Hajjojdan ta’lim olgan.
U zot juda ko‘p asarlar ham yozgan: "Kitab muxtasar fi an-nahv" (Nahvga oid qisqa bo‘lgan kitob), "Kitab al-hudud fi an-nahv" (Nahvdagi hadlar oid kitob), "Kitob al-qiroat (Qiroatga doir kitob)", "Kitab al-adad (Sonlarga doir kitob)", "Kitab ixtilaf al-adad (Sonlarning ixtilofiga oid kitob)", "Kitab al-huruf (Harflarga oid kitob)", "Kitab maoniy al-Qur’an (Qur’on ma’nolari haqidagi kitob)" kabi ko‘plab kitoblar yozgan.
Nahvdan Farro uning xos shogirdlaridan hisoblanadi.
Kisoiy 189/805 yil Roy shahrida vafot etgan.
Matkarimov Nurmuhammad,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.