Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi Ingushetiya Respublikasi poytaxti Magasda yirik islomiy markaz qurilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu qurilayotgan Islom majmuasiga moliyaviy yordamni qatarlik investorlar ko‘rsatishi ma’lum qilindi. Bu haqda Islam-today.ru nashri xabar qildi.
Ingushetiya rahbari Yunusbek Yevkurovning aytishicha, majmua respublikadagi yirik madaniy-ma’rifiy, diniy va tarbiyaviy markazga aylanadi.
Ta’kidlash joizki, Qatar Islom majmuasidan tashqari Ingushetiyada bolalar bog‘chasi, uy-joy qurish kabi bir qancha ijtimoiy loyihalarni amalga oshirmoqda.
Obyektlarning qurilish ishlari joriy yilda boshlanishi hamda joriy yilning bahorida Qatardan delegatsiya kelib, Islom majmuasi uchun ajratilgan hududni ko‘zdan kechirishi ma’lum qilingan. Qatar nafaqat obyektni qurilish ishlarida qatnashadi, balki butun jarayonni nazorat qilishi qayd etilgan.
Qurilish rejasiga ko‘ra, 20 gektarli hududda jome’ masjidi, Islom universiteti, Musulmonlar diniy boshqarmasi, talabalar uchun yotoqxona, madaniy-ko‘ngilochar majmua, savdo va sport markazi qurilishi ko‘zda tutilgan.
O‘MI Matbuot xizmati
Rivoyat qilinishicha, bir kuni sahroda bir otliq kishi ketib borardi. Cho‘lda sarson bo‘lib, adashib chanqoqdan tinkasi qurigan bir kishini uchratdi. Bu odam otliqdan suv so‘radi, otliq unga suv berdi. Yo‘lovchi biroz o‘ziga kelgach otliqdan uni o‘zi bilan olib ketishini iltimos qildi. Otliq rozi bo‘ldi va yo‘lovchini otiga minishiga izn berdi.
Ammo, yo‘lovchi ko‘p toliqqani uchun otga o‘zi mingasha olmadi va: "Men chavandoz emasman, oddiy dehqonman, shuning uchun otga minishga o‘rganmaganman. Iloji bo‘lsa menga otga minishimga yordamlashib yuborsangiz", deb iltimos qildi.
Otliq otdan tushib, unga yordam berdi. Biroq, yo‘lovchi otga mingach, mohir chavandoz kabi otni choptirib qochib qoldi.
Shunda otliq o‘zini aldanganini angladi va qochayotgan o‘g‘rining ortidan qichqirib: "Menga qilgan bu ishingni hech kimga aytma, iltimos! Yo‘qsa, odamlar bir-birlariga muruvvat qilmay qo‘yadilar", dedi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV