Alloh taolo barcha maxluqotlari ichida insonni aziz, mukarram, mukammal va afzal suratda yaratgan. Haq taolo Qur’oni karimda insonga juda ko‘p ne’matlar ato etganini, unga pokiza narsalardan rizq-ro‘z qilib berganini eslatib aytadi: “Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik hamda dengizda (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik. Ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik”.
Oyatda insonning qadr-qimmati nechog‘lik ulug‘ ekani, uning barcha jonzotlardan afzalligi bayon qilingan. Parvardigor bizga shunchalik muruvvat ko‘rsatgan ekan, biz insoniyat ahli shunga mos ravishda hayot kechirmog‘imiz darkor. Insonga berilgan hayot, umr – eng katta omonatdir. Inson bu omonatga xiyonat qilsa, o‘zini halokat domiga tashlagan bo‘ladi. Bu esa Alloh taoloning irodasiga zid amal bo‘lib, u qattiq qoralangandir.
Insonga hayot ne’matini Alloh taolo ato qildi, uning hayotini faqat O‘zigina olishga haqlidir. Hattoki, yashash huquqi berilgan kishi o‘z hayotiga o‘zi suiqasd qila olmaydi. Islom dinida birovni o‘ldirish qanchalik gunoh bo‘lsa, o‘zini o‘zi o‘ldirish ham shunchalik og‘ir ma’siyat sanaladi. Payg‘ambar s.a.v. ham o‘zlarining hadisi muboraklarida o‘z-o‘zini o‘ldirish – xudkushlik harom ekanligi, bunday ishni qilganlar uchun oxiratda qattiq azoblar borligi haqida aytib o‘tganlar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim joniga qasd qilib o‘tkir tig‘li narsa bilan o‘zini o‘ldirsa, jahannam olovida qorniga o‘sha o‘tkir tig‘ni ushlab abadul-abad sanchaveradi. Kim zahar ichib o‘z joniga qasd qilsa, jahannam olovida abadul-abad o‘sha zaharni yutadi. Kim tog‘dan o‘zini tashlab o‘z joniga qasd qilsa, jahannam oloviga abadul-abad o‘zini uloqtiradi», dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati)
Afsuski, hozirgi kunimizda ba’zi zamondoshlarimizga sabru matonat yetishmay, o‘z jonlariga qasd qilayotganlarining guvohi bo‘lib turibmiz. Bu holat Alloh taolo bergan hayot – umr deb atalgan ne’matga noshukurlik oqibatidir. Bu mudhish hodisalar qazoi qadar tushunchalarini bilmaslik, taqdirga rozi bo‘lmaslik, Haq taoloning amriga qarshi chiqishlik natijasida yuz beradi. Islom ilmidan yetarli xabari bo‘lmagan iymoni zaif kimsalar turmush qiyinchiliklariga, boshga tushgan turli xildagi musibatlarga, ba’zi g‘iybatchi, tuhmatchi kimsalarning mish-mishlariga sabr qilmay, oxirgi chora sifatida o‘z jonlariga qasd qilib, Alloh taolo ato qilgan hayot nurini bevaqt o‘chirishga, ikki dunyoda abadiy la’natga va do‘zax azobiga duchor bo‘lishdek og‘ir gunoh qilishga o‘tmoqdalar. Alloh taolo sabr qilgan bandasiga ne’matini ziyoda qilib berishini, aks holda noshukurlik qiluvchilar uchun azobi qattiq ekanligini bayon qilib: “Qasamki, agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir” (Ibrohim surasi, 7-oyat) deb ogohlantiradi.
Xoh erkak va xoh ayol bo‘lsin shunday to‘kin, tinch va farovon zamonda yashayotgani uchun Alloh taologa shukr qilishi lozim. Har qanday ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni sabr-qanoat, chiroyli tadbir, maslahat va mashvarat bilan hal qilsa bo‘ladi. Ammo sabrsizlik natijasida noshukurlik qilinsa, oqibati xayrli bo‘lmaydi. Yoki bo‘lmasa, ayrim irodasi bo‘sh kishilar ichkilik va giyohvandlikka berilib, bebaho umrlarini xazon qiladilar. Bunday kimsalar ushbu narsalar dinimizda harom sanalishini bilmaydilar, yoki bilib turib nafslarining amriga quloq solib, o‘zlarini abgor qiladilar. Haq subhanahu va taolo bu haqda barchamizni ogohlantirib, aytadi: “...O‘z qo‘llaringiz bilan o‘zlaringizni halokatga tashlamangiz!..” (Baqara surasi, 195- oyat)
Eng achinarlisi, o‘zini turli yo‘llar bilan o‘ldirish – xudkushlik hozirgi vaqtda ba’zi bir mutaassib toifalar orasida odat tusiga aylanib qolmoqda. Dunyoda ro‘y berayotgan hodisalarni, tanasiga portlovchi moddalarni bog‘lab, jamoat joylarida o‘zlarini portlatib yuborayotgan kimsalar to‘g‘risida eshityapmiz. Bunday ayanchli holatni “shahidlik maqomi” deb baholayotgan kishilar ana shu mudhish jinoyatlarning sababchilaridir. Holbuki, o‘z-o‘zini o‘ldirish – hudkushlik shahidlik emas, balki jaholat va qabohatdir. O‘zlarini portlatayotgan kimsalar gunohi azimga qo‘l urmoqdalar, qanchadan-qancha odamlarning o‘limiga, bolalarning yetim qolishiga, ota-onalarning farzand dog‘ida kuyishlariga sababchi bo‘lmoqdalar. Bugungi kunda o‘zlarini go‘yoki musulmonlardek tutib, odamlarni islomga da’vat qilib yurgan, asl niyatlari esa, terrorizm va nohaq odam o‘ldirish bo‘lgan manfurlarni butun dunyo qoralamoqda. Ular maqsadlarini amalga oshirish uchun diniy ilmi yetarli bo‘lmagan, g‘o‘r yoshlar ongiga o‘z g‘oyalarini singdirish yo‘lida barcha imkoniyatlardan, shu jumladan, internet saytlaridan foydalanmoqdalar. Yoshlarimizning mana shunday qora niyatli kishilarning ta’sir doirasiga tushib qolmasliklari uchun har bir ota-ona o‘z farzandiga, ustoz o‘z shogirdiga, yoshi ulug‘ otaxonlar mahalladagi o‘g‘il-qizlarga hamisha ko‘z-quloq bo‘lib, go‘zal tarbiya bergan holda nasihat qilishlari lozim. Zero, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek, “Din – nasihatdir”, vaqt borida bu muammolarning muolajasiga kirishmog‘imiz kerakki, kasalni davolagandan ko‘ra, uning oldini olgan afzal. Mana shundagina ko‘ngilsiz voqealarning oldi olinadi, hayotimiz go‘zal, farzandlarimiz esa salohiyatli bo‘ladi.
Alloh taolo bergan hayot ne’matini savobli ishlar, xayrli amallar qilish bilan o‘tkazish, hayotiy muammolarni chiroyli tadbir bilan hal etish, Alloh taoloning rahmatidan umidvor bo‘lib yashash haqiqiy imonli kishining fazilatidir.
Azizxo‘ja INOYATOV,
“Jo‘ybori Kalon” ayol-qizlar o‘rta maxsus
islom bilim yurti mudiri
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati