O‘zbekiston Qur’on musobaqasi. Tan olaylik, mamlakat miqyosida shunday musobaqa o‘tkazilishini orzu qilmaganmidik. Lekin uning davlatimiz rahbari tashabbusi bilan boshlanishini va Vatanimiz bo‘ylab bayram tantanasiga aylanib ketishini tasavvurimizga sig‘dira olmas edik, to‘g‘rimi?
Yurtimiz bo‘ylab kezayotgan bu shukuhni, bu fayzu tarovatni, Boshimiz uzra yog‘ilayotgan bu barakotlarni na til bilan, na qalam bilan ta’riflay oladi odam.
O‘qilayetgan kalomlar, murattab qorilarimizu bo‘lajak qoriyu qoriyalarimizning ovozlaridan qalblarimiz goh entikib, goh to‘liqib turishini birovga so‘zlab beraylik desak, unga monand so‘z topa olmaymiz... Qorilaru qoriyalarning har bir chiqishlarini, qalblarimiz shu qadar entikib kutadiki, haqiqatan, biz Allohning Kalomini tinglashga muhtoj ekanmiz. Buni muhtaram prezidentimiz boshlagan ushbu xayirli ishidan so‘ng yanada teranroq angladik. Angladig-u bu sog‘inch, bu ishtiyoq bardavom bo‘lishini istaymiz.
Biz-ku Qur’onni tinglash baxtidan masrurmiz. O‘zga yurtlarda yurgan musofir yurtdoshlarimizning quvonchu sog‘inchini aytmaysizmi. O‘tayotgan farahbaxsh tadbirning bir lahzasidan benasib qolmaslikka, bugun qaysi qoriyu qoriyaning tilovati go‘zal bo‘larkan, deya Internetni kuzatayotganlari, eh qaniydi hozir Vatanimda bo‘lsam birinchi qatorda o‘tirmasmidim, deya oh urayotganining ham guvohi bo‘lib turibmiz. Yana birilari qaniydi yoshimiz to‘g‘ri kelsa-da, biz ham qatnashsak, deya afsuslanmoqda. Qur’onga muhabbat, Kalomga sog‘inch – shu-da. Inshoalloh har yili ana shunday shukuh, tarovat, sog‘inch yurtimiz bo‘ylab kezib yursin, davlatimiz rahbarini, muftiy hazratlarini, olimu ulamolarimizni, ushbu xayrli ishga bosh qo‘shgan jamiki insonlarni Alloh taolo o‘z panohida asrasin deb har doim duoga qo‘l ochamiz.
Yana bir ojieona fikrimiz ham bor: musobaqaning Respublika bosqichiga dunyo miqyosida e’tirof etilgan xorijlik mashhur bir nafar qori va bir nafar qoriya ham taklif qilinsa qanday bo‘lar ekan.
Qizmanoy HAYITOVA
O‘MI Matbuot xizmati
Cavol: Til va labni ishlatmasdan Qur’oni karimni o‘qib chiqsa, xatm qilgan hisoblanadimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Qur’oni karimni xatm qilgan bo‘lishi uchun harflarni til bilan talaffuz qilib, kamida o‘zi eshitadigan darajada o‘qigan bo‘lishi kerak. Chunki nutqqa tegishli hukmlarda eng kamida o‘zi eshitishi shartdir. Shunga ko‘ra biror shaxs sajda oyatini ichida, o‘zi eshitmaydigan darajada o‘qisa, tilovat sajdasini qilishi vojib bo‘lmaydi. “Sharhul viqoya” va uning sharhi “Umdatur rivoya” kitobida quyidagilar aytilgan:
“Maxfiylikning eng kami o‘ziga eshittirishdir. Sahih gap ham shu. Bu Abu Ja’far Hinduvoniy roziyallohu anhuning so‘zidir. Chunki tilning o‘zini ovoz chiqarmasdan qimirlatish bu kishining nazdida qiroat hisoblanmaydi”.
Gapira olmaydigan odamlar, agar tilini qimirlata olsa, shunday o‘qiydi. Buni ham qila olmasa, ko‘zning o‘zi bilan, qalbi bilan o‘qiydi. Faqihlarimiz soqov insonning namozi, takbir aytishi, qiroat qilishini bayon qila turib, ularning til bilan takbiri tahrima aytishi shart emas deyishgan. Shunga ko‘ra gapira olmaydigan kimsalar Qur’oni karimni ko‘zi bilan o‘qib, xatm qilaveradilar.
“Soqov kabi gapira olmaydigan odamning tilini qimirlatishi vojib emas. Qiroat qilishidagi hukm ham mana shu va bu gap sahihdir. Chunki u vojib bo‘lgan amalni qila olmaydi”. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.