Sayt test holatida ishlamoqda!
25 May, 2025   |   27 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:17
Quyosh
04:56
Peshin
12:25
Asr
17:30
Shom
19:47
Xufton
21:20
Bismillah
25 May, 2025, 27 Zulqa`da, 1446

Giyohvandlik – dunyo va oxirat zavoli

21.02.2018   4388   6 min.
Giyohvandlik – dunyo va oxirat zavoli

 “Ko‘pi mast qiladigan narsaning ozi ham haromdir”

(Imom Termiziy rivoyati)

“2017 yilning oxirida O‘zbekistondagi giyohvandlar soni 8036 kishi ekani qayd etildi. Ularning 2 foizidan ko‘prog‘i ayollardir. Spirti ichimlikka mukkasidan ketganlar esa 40 ming ortiq. Giyohvand moddalarga tobe bo‘lib qolganlar ichida 14 yoshgacha bo‘lganlar kuzatilmagan. Biroq 15-20 yosh oralig‘ida 50 ga yaqin kishi ruyxatga tushgan”, deya O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi mutaxassisi Andrey Mokiyga tayanib xabar beradi gazeta.uz

Alloh taolo bizga sirotul mustaqimni ko‘rsatib bu mumkin, bu mumkin emas deb ta’lim berar ekan, hayoti dunyoda sermazmun va manfaatli hayot kechirishimizni iroda qildi. Shariatimiz halol va harom narsalarning birortasini ham qoldirmasdan mukammal bayon qilib bergan. Nimaiki sog‘likka foydali va shariat ahkomlariga muvofiq bo‘lsa – halol. Nimaiki yomon, sog‘likka zararli bo‘lsa, shubhasiz, haromdir. Giyohvand vositalar ana shu ikkinchi toifa turkumiga kiradi.

Darhaqiqat, giyohvandlik asr vabosiga aylandi. Bu kushanda har yili millionlab insonlarning hayotini izdan chiqarib, umriga zomin bo‘lmoqda. Alloh taolo “Moida” surasining 90-oyatida: “Ey iymon keltirganlar! Albatta, xamr, qimor, butlar hamda fol ochadigan cho‘plar iflos narsa. Shaytonning ishidir. Bas, undan chetda bo‘ling. Shoyadki, najot topsangiz”,  deb marhamat qildi.

Ushbu oyati karimadagi “xamr” so‘zi arab tilida “to‘sish”, “berkitish” degan ma’nolarni anglatadi. Tanovul qilgan kishining ongiga ta’sir qiladigan, uning aqlini to‘sadigan, xayolini chalg‘itadigan, boshqacha aytganda, “mast qiladigan” har  bir narsaga “xamr” deyiladi. Bundan mast qiluvchi har bir, xoh u ichadigan alkogol, xoh iste’mol qiladigan giyohvand modda, xoh chekadigan tamaki bo‘lsin – barchasi haromligi tushuniladi. Alloh “Bas, ulardan chetda bo‘ling, shoyad najot topsangiz”, deb amr qildi.

Taassufki, so‘nggi yillarda ushbu zaharli moddalarning zarar doirasi kengayib ketdi. Giyohvand moddalarni iste’mol qiluvchilar og‘ir kasalliklarga yo‘liqib, oxiri esa davolab bo‘lmas holga yetib bormoqda. Shuningdek, onkolog shifokor mutaxassislarning ta’kidlashicha, o‘pka rak kasalligi ko‘p holatda tamaki chekish, alkogol mahsulotlari esa ko‘plab jinoyatlar sodir etilishiga sabab bo‘lmoqda. Eng achinarlisi, ularning achchiq xatosi oqibatida begunoh farzandlar turli tug‘ma nuqsonlar bilan dunyoga kelayotir...

Narkotik moddalarni iste’mol qilish, o‘zini-o‘zi o‘ldirish bilan barobardir.  Alloh taolo Niso surasining 29-oyati karimasida: “O‘zingizni o‘zingiz o‘ldirmang”,  deb amr qiladi.

Hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Har kim o‘zini-o‘zi zahar bilan o‘ldirsa, qiyomat kuni jahannam o‘ti bilan azoblanadi”, deb aytganlar.

Bu hadisi sharif va oyati karimadan ayon bo‘ladiki, inson o‘z sog‘ligiga zararli biror narsani iste’mol qilish mumkin emas. Ularning barchasi harom. Chunki giyohvand moddalar iste’mol qilish kishining na dini va na aqliga ham foydali bo‘lgan, bo‘lmaydi ham! Demak, ularning iste’molida zarracha ham foyda yo‘q, balki zarar bor. Nafaqat o‘ziga, balki butun jamiyatga ulkan zarar va tahdid bor.

Yomon ish qilishning o‘zi gunoh bo‘lsa, unga sharoit yaratib bergan insonga ham uning miqdoricha, balki undan-da ko‘p gunoh bo‘lishi va dunyoyu oxiratda jazosi og‘ir bo‘lishi ko‘plab oyatu hadislarda bot-bot takrorlangan bo‘lsa-da, ba’zilar o‘ziga ibrat olmayapti.

“2017 yil O‘zbekistonda 5 mingga yaqin giyohvandlik bilan bog‘lik jinoyat sodir etilgan va narkotik modda bo‘lgan o‘simliklarni yetishtirish bilan bog‘liq 895 holat aniqlangan. Shuningdek, psixofaol vositalarni sotish bilan 310 shaxs ushlangan. Ulardan 62,5 ming dona dori vositalari olindi”, deb uza.uz sayti xabar beradi.

Bunday vositalarni sotish, yetkazib berish bilan shug‘ullanayotgan hamda iste’mol qilayotganlar ko‘zlarini ochsinlar. Avvalo Alloh taolo oldida javob berishini unutmasin. Besh kunlik hayotda arzimagan sariq chaqaga uchib, harom yo‘l bilan pul topib, gunoh ishlarni qilib oxiratdagi abadiy rohatdan benasib qolishdan ehtiyot bo‘lishsin. So‘ng xalqiga, yurtiga zarar yetkazib, yosh avlodni yo‘ldan urib, o‘zi bilan birga boshqalarni ham jinoyat domiga tortishdan saqlansin. Yomon ish jazosiz qolmaydi, ertaga, albatta, qonun oldida javob berishadi. Unday insonlar hech qachon yaxshilikka yeta olishmaydi, hayotda zor, oxiratda esa xor bo‘ladi.

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deydilar: “Har bir mast qiluvchi – xamrdir. Va har bir mast qiluvchi haromdir. Kim dunyoda xamr ichib o‘lsa va unga mukkasidan ketgan bo‘lsa, u oxiratda ichmaydi (ya’ni jannatdagi pokiza va totli sharoblardan ichmaydi, chunki jannatga kira olmaydi)”.

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan yana bir hadisda: “Kim xamr ichsa, uning namozi qirq kun qabul qilinmaydi. Agar tavba qilsa, Alloh uning tavbasini qabul qiladi. Va agar (xamr ichishga) qaytsa, Alloh uning ibodatini qirq kun qabul qilmaydi, agar tavba qilsa, Alloh uning tavbasini qabul qiladi. Va agar (xamr ichishga yana) qaytsa, Alloh uning ibodatini qirq kun qabul qilmaydi, agar tavba qilsa, Alloh uning tavbasini qabul qiladi. Va agar (xamr ichishga) to‘rtinchi marotaba qaytsa, Alloh uning ibodatini qirq kun qabul qilmaydi, agar tavba qilsa, Alloh uning tavbasini qabul qilmaydi va uni “Xobal” daryosidan sug‘oradi”, dedilar. Shunda: “Ey Abu Abdurrahmon, “Xobal” daryosi nima u?” deb so‘raldi. “U – do‘zax ahlining yiringdan bo‘lgan daryosidir”, deb javob berdilar”. (Imom Termiziy rivoyati).

Shunday ekan, Alloh taolodan tavfiq so‘rab, hayotimizni to‘g‘ri kechirishga harakat qilishimiz, faqat, halol, pok narsalar iste’mol qilishimiz; yomon, zararli, harom narsalardan saqlanishimiz lozim. Nafaqat o‘zimiz, balki oila-ahlimizga, do‘stu birodarlarimizga ham e’tiborli bo‘lishimiz darkor. Zero, harom narsalar insonga manfaat keltirmaydi. Gunohlarning oqibati esa achinarli bo‘ladi.

O‘MI matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Dinda g‘uluv ketishning salbiy oqibatlari

23.05.2025   2528   1 min.
Dinda g‘uluv ketishning salbiy oqibatlari

#Maqola #Ixtilof #G‘uluv

Islomda "g‘uluv" din ilmini anglashda haddan oshishdir. Alloh taolo bunday ogohlantiradi: "Ayting: "Ey ahli kitoblar! Diningizda haddan oshmangiz va oldindan adashgan va ko‘plarni adashtirgan hamda to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘iganlarning havoyi nafslariga ergashmangiz!" (Moida surasi, 77-oyat).

Rasululloh alayhissalom "Alloh taolo shariatda ziyoda chuqur ketuvchilar halok bo‘ldilar", deb uch marta aytishlarida, dinda haddan tashqari ziyodalik qilish insonni halok qilish bilan teng ekanligidan ogohlantirmoqdalar. 

Dinda g‘uluvga ketish musulmon jamiyatlarida ixtilof va guruhbozlikka, fitnaga va oxir-oqibat aqidaning buzilishiga olib keladi. Islom tarixida xavorij, mo‘tazila va boshqa oqim va toifalarning vujudga kelishi ham, asosan, dinda g‘uluvga ketish natijasida sodir bo‘lgan. 

Ayni vaqtda, g‘uluvga berilganlar dinni o‘ta og‘ir va mashaqqatli tushuntirganlari bois odamlar to‘g‘ri yo‘ldan adashib, undan bezib qoladilar. Dinda g‘uluvga ketish haqida so‘z yuritilganda aqidaparast oqimlarning aqidaviy masalalarda g‘uluvga ketganlari va ularning xatolari hamda bu e’tiqodlari sof islomiy ta’limotlarga naqadar zid ekanini eslamasdan iloji yo‘q. 

G‘uluvga ketish, sarkashlik, itoatsizlik, manmansirash kabi illatlardan xoli bo‘lgan o‘tmish ajdodlarimiz dinimizni asrab-avaylab, bizgacha yetkazdilar. Shunday ekan, dinning musaffoligini asrash va uni kelajak avlodga asl xolicha yetkazish bizning vazifamizdir.

Abdug‘offor Hakimov, Mingbuloq tumani "Qo‘sh qishloq" jome masjidi imom-xatibi

MAQOLA