Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Yanvar, 2025   |   24 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:19
Quyosh
07:41
Peshin
12:40
Asr
15:48
Shom
17:32
Xufton
18:49
Bismillah
24 Yanvar, 2025, 24 Rajab, 1446

7 savolga 7 javob: Duo

20.02.2018   14627   6 min.
7 savolga 7 javob: Duo

1-cavol: Duo qilishda qo‘llarni ko‘tarib, yuzga surtish hadislarda vorid bo‘lganmi? 

Javob: Ha, bu haqda ko‘plab hadislar rivoyat qilingan:

Anas (roziyallohu anhu) aytadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) duoga qo‘l ko‘targanlarida qo‘ltiqlarining oqligi ko‘rinib turar edi” (Imom Bayhaqiy). Sahl ibn Sa’d (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) duo qilsalar, qo‘l barmoqlarining uchlari yelkalari barobarida bo‘lardi” (Imom Bayhaqiy).

Soyib ibn Yazid (roziyallohu anhu) aytadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) duo qilsalar, qo‘l ko‘tarar, keyin yuzlariga surtar edilar” (Imom Bayhaqiy).

Hazrat Umar (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) duoga qo‘l qo‘tarsalar, uni yuzlariga surtmasdan tushirmas edilar” (Imom Termiziy rivoyati). 

2-savol: Namozdan so‘ng nima deb duo qilish kerak? 

Javob: Baro ibn Ozib (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Payg‘ambarimiz (alayhissalom): “Ey Parvardigorim, meni, bandalaringni jamlaydigan, tiriltiradigan kunda azobingdan saqla!”, deb duo qilar ekanlar (Imom Muslim rivoyati). Mug‘ira ibn Shu’ba (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) har namozdan so‘ng: “Ey Alloh! Sen ato qilgan narsani man qiluvchi yo‘q. Sen man qilgan narsani beruvchi yo‘q. Harakat, g‘ayrat ham, buyuklik ham Sendandir!”, deb duo qilganlar (Imom Buxoriy, Ahmad va Muslim).

Janob Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Mu’oz ibn Jabal (roziyallohu anhu)ga har bir namozdan so‘ng: “Allohumma Rabbi, a’inniy ’ala zikrika va shukrika va husni ’ibadatik”, deb duo qilishni o‘rgatganlar (Imom Ahmad, Abu Dovud va Nasoiy rivoyatlari). 

3-savol: Muazzin azon aytayotgan vaqtda ish qilayotgan odam ishlarini to‘xtatib azonni eshitishi kerakmi? Umuman azon aytilayotgan vaqtda kishi nima qilishi kerak? 

Javob: Azon ovozini eshitgan odam ishlarini to‘xtatib, unga javob berishi kerak. Uning javobi muazzinning aytgan kalimalarini takrorlash bilan bo‘ladi. Agar masjidga borayotgan bo‘lsa, yurishda davom etadi. Azon aytilayotganda biron ish bilan mashg‘ul bo‘lish odobdan emas. Bu haqda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) mana bunday deb buyurganlar: “Qachon muazzinning azoni eshitilsa, u nima desa, shuni aytinglar!” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati). Azondan so‘ng duo qilinadi. Zotan, azon bilan iqomatning o‘rtasida duo ijobat bo‘ladi. 

4-Savol: Ovqatdan keyin nima uchun duo qilinib Qur’on o‘qiladi? 

Javob: Taomdan so‘ng duo qilish sunnatdir. Qur’on o‘qish esa mashru’ emas.

Rivoyatlarda keltirilishicha, Rasululloh (alay­hissalom) taomdan so‘ng bunday duo qilardilar: “Alhamdulillahillazi at’amana va saqana va ja’alana minal muslimin” (Bizlarni taomlantirgan va suv bilan qondirgan, bizlarni musulmonlar jumlasidan qilgan Alloh taologa hamdlar bo‘lsin!)

Hazrat Anas (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Janobi Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Banda bir luqma taom yeb ham Allohga hamd aytsa, yo bir qultum suv ichib ham Allohga hamd aytsa, Alloh taolo uni yaxshi ko‘radi”, deb marhamat qilganlar.

 5-Savol: Bizning vodiy tomonlarda bir odat bor, odamlar qabriston ziyoratiga borganda, qabr usti va atroflariga don sepadilar, boshqa birovlar esa, olib borgan doniga duo ham o‘qishadi. Bu narsa shariatimizda bormi? 

Javob: Yo‘q. U kabi ishlar johiliyat odatlaridandir. Qadimda johiliyat zamonlarida odamlar qabrlar yoniga dondun qo‘yib ketishlari tarixdan ma’lum.

Qabr usti va atrofiga don sochish donni isrof qilishdir. Isrof nafaqat bizning dinimizda, balki barcha dinlarda man qilingan. 

6-Savol: Xalqimiz farzand tug‘ilgandan keyin ko‘p kasal bo‘lsa yoki vafot etsa keyingi farzandiga Tursun, Turg‘un, To‘xtaxon kabi ismlar qo‘yishadi. Bu shirk bo‘lmaydimi? 

Javob: “Shu ismni qo‘yganimiz uchun, shu ismning ta’sirida bola o‘lmadi”, deyish shirkdir.

Kasal bo‘lish ham, vafot etish ham Alloh taoloning izni bilandir. Mazkur ismlarda esa duo ma’nosi bor. Agar duo farishtalarning ominiga to‘g‘ri kelib qolsa, Parvardigori olam uni ijobat qilsa, ajab emas. Zero, ota-onaning duosi rad qilinmaydi.

Farzandga chiroyli ism qo‘yish ota-onaning vazifasidir. 

7-Savol: Ko‘pincha yoshi katta odamlar dasturxon atrofida duo qilaturib: “Yegan-ichganlarimizning savobini shu yerdan o‘tganlarga baxshida etdik”, deb aytishadi. Shuningdek, bir kishining boshiga og‘ir ish tushganida: “Xudo uning rahmini yesin” (Xudoning unga rahmi kelsin, degan ma’noda bo‘lsa kerak), deyishadi. Mana shunaqa gaplarni aytishda gunoh yo‘qmi? “Ota-bobolarimizning ruhi qo‘llasin” degan ibora ham ko‘p ishlatiladi. Shu haqda dinimizda nima deyilgan? 

Javob: Musulmon kishining har bir ishida savob bor. Yemoq, ichmoq ham shular jumlasidandir. Chunki o‘sha yeyilgan taomni halol yo‘ldan topish uchun qilingan harakat, undan yashash va ibodat qilish uchun kuch olish savob. Modomiki, inson savob ish qilgan ekan, uning ajri o‘z nomai a’moliga yozilishini so‘rashi yoki o‘sha savobni kimgadir bag‘ishlashi mumkin. 

“Xudo rahmini yesin” degani Alloh rahm qilsin, ma’nosidadir. Rasululloh (alayhissalom)ning: “Sen yerdagilarga rahm qilsang, Alloh senga rahm qiladi”, mazmunidagi hadislariga muvofiq yuqoridagi so‘zlarni aytish gunoh emas. 

“O‘tganlar ruhi qo‘llasin” deyish yoki marhumlardan madad so‘rash joiz emas. Birinchidan, Allohdan boshqadan yordam so‘rash shirk hisoblanadi. Ikkinchidan, marhumlar birovga foyda yetkazish yoki yordam berishga qodir emaslar, balki ko‘plari tiriklarning duosiga muhtojdirlar. Ulamolar aytadilar: “Agar o‘lganning qo‘lidan birovga manfaat yetkazish kelganida, eng oldin o‘ziga yordam bergan bo‘lardi”.

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Buxoro imomlarining navbatdagi sayyor yig‘ilishi o‘tkazildi

24.01.2025   1191   2 min.
Buxoro imomlarining navbatdagi sayyor yig‘ilishi o‘tkazildi

Shu yil 23 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining Ulamolar Kengashi yig‘ilishida hojilarning “Yangi O‘zbekistonning fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz” tashabbusi doirasidagi ko‘rsatmasiga asosan  o‘tkazib kelinayotgan namunaviy-amaliy tadbirlarning navbatdagisi Buxoro viloyati Peshko‘ tumanida o‘tkazildi.
 

Shu kuni Buxoro viloyati bosh imom-xatibi Jobir domla Elov rahbarligida Peshku tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan masjidlar imom-xatib, imom-noib, mahalla domlalari, otinoyilar, mutavallilar va nuroniy otaxonlar ishtirokida sayyor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda imomlar mahallalardagi yoshlar tarbiyasiga katta e’tibor qaratish, ilm-ma’rifatga qiziqtirish alohida ta’kidlandi.


Shundan so‘ng 8 ta masjid imom-xatiblari nuroniylar bilan o‘zlariga biriktirilgan 37 ta mahallaga chiqib, 80 dan ortiq xonadon holidan xabar oldi. Jumladan, “Sadr” mahallasida yashovchi yuz yoshni qarshilagan mehnat faxriysi Ibrohim bobo Tohirovni ziyorat qildi. So‘ng “Mustaqillik” mahallasida istiqomat qiluvchi birinchi guruh nogironi, tadbirkor Barchinoy Avezova va boshqa ijtimoiy ko‘makka  muhtojlarlar holidan xabar olinib, homiylar ishtirokida moddiy jihatdan ko‘mak berildi.


Shuningdek, tumandagi zamonaviy loyihalar asosida qurilgan 130 o‘rinli “Maxtoboy” maktabgacha ta’lim maskanida jajji bolalar bilan uchrashib, ularga xursandchilik ulashildi.


So‘ngra “Yangi bozor” mahallasida joylashgan “TJS MED” shifoxonsida davolanayotgan bemorlardan ko‘ngil so‘ralib, davolanish va dori-darmon uchun moddiy yordamlar ko‘rsatildi.


Kunning ikkinchi yarmida viloyat bosh imom-xatibi Jobir domla Elov tumandagi  Xo‘ja Rushnoi jome masjidida, tuman imom xatiblari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini ado qilib, qavmga muhim mavzularda ma’viza qilish barobarida jamoat bilan el-yurtimiz haqqiga duoi xayrlar qilindi. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Buxoro viloyati vakilligi

Matbuot xizmati

Buxoro imomlarining navbatdagi sayyor yig‘ilishi o‘tkazildi Buxoro imomlarining navbatdagi sayyor yig‘ilishi o‘tkazildi Buxoro imomlarining navbatdagi sayyor yig‘ilishi o‘tkazildi Buxoro imomlarining navbatdagi sayyor yig‘ilishi o‘tkazildi Buxoro imomlarining navbatdagi sayyor yig‘ilishi o‘tkazildi Buxoro imomlarining navbatdagi sayyor yig‘ilishi o‘tkazildi Buxoro imomlarining navbatdagi sayyor yig‘ilishi o‘tkazildi
O'zbekiston yangiliklari