Bolaga tarbiya berish jarayonida uni urish to‘g‘ri emas deydi soha mutaxassislari. Faqat noto‘g‘ri ish qilgan vaqtida unga jazo tariqasida bunday usulni qo‘llash o‘rinli bo‘lar ekan. Bola tarbiya qilishda ota-ona har doim ularga nisbatan marhamatli, shafqatli va sevgi bilan munosbatda bo‘lishlari lozim. Turli jazo usullarini qo‘llashdan imkon qadar voz kechish tarbiyaning yaxshi samara berishiga yordam beradi. Sodir etilgan xatoni kattalashtirish, qattiq jazo berish va bolani boshqalar oldida sharmanda qilish mutlaqo jioz emasligini aytiladi.
Maqsad va g‘oyalarni tushuntirishda ular tushunadigan til va uslubda yetkazish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Chunki diniy haqiqatlarni tushunish ancha qiyin bo‘lganidan ham ularga misollar orqali tushuntirib borish yaxshi natija beradi.
Rivoyat. Hazrati Anas roziyallohu anhu shunday rivoyat qiladilar:
Insonlarning eng go‘zal axloqi bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xulqlari edi. Men yoshligimda, ularning xizmatlarini bajarib yurgan paytimda bir ehtiyojlari uchun meni bir joyga yubordilar. Men esa (o‘sha paytdagi yoshligimga borib): “Men bu ishga bormayman”, dedim. Biroq ko‘nglimda Allohninng Rasuli buyurgan ishga borishim kerak degan niyatim bor edi. Shunday deb xayolimdan o‘tkazib, yo‘lga chiqdim. Yo‘lda ketib tursam ko‘chaning chetida uynab turgan bolalar bilan uchrashib qoldim. Ular bilan uynab, ishimni esimdan chiqarib qo‘yibman. Ma’lum vaqt o‘tganidan keyin qarasam, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ortimdan boshlarini tutib kulimsirab, qarab turgan ekanlar. Menga boqib: “Ey Anas(jon), aytgan joyimga bormaysanmi?” dedilar. Men esa: “Ha Rasululloh, hozir boraman” dedim. Hazarti Anas roziyallohu anhu rivoyatni davom ettirib:
“Allohga qasamki, men u zotning yetti yoki to‘qqiz yil xizmatlarida bo‘ldim. Bajarilgan birorta ishim tufayli “Nega bunday qilding?”, bajarilmagan birorta ishim sababli esa “Nega bunday qilmading?” deb aytganlarini bilmayman”. (Muslim)
Odob kitoblarimizda ota-onalarni farzandlari bilan shirin so‘zli, shafqatli bo‘lishga, ularga ozor bermaslik, qiynamaslik, ularni haqorat qilmaslikka buyuriladi. Chunki farzand bu naslning, xayrli va yaxshi ishlarning davomchisidir. Agar tarbiya to‘g‘ri berilsa haqiqatdan ham shunday bo‘ladi. Agar noto‘g‘ri tarbiya berilsa, ming afsus yomon ishlarning davomchisi bo‘ladi. Farzand tarbiyasida tayoq ishlatish masalaning yechimi emas, nohaqdan urish esa harom ekani kitoblarimizda ma’lum qilingan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir hadisi shariflarida:
“Yengillashtiring, qiyinlashtirmang. Mujda (yaxshi xabar) bering, nafrat qildirmang!”, deb buyurganlar. (Buxoriy, Muslim, Abu Dovud)
Ibni Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yuziga tamg‘a bosilgan bir eshakning oldidan o‘tib qoladilar va unga qarab:
“Alloh bunga tamg‘a bosgan kishini la’natlasin” – deb marhamat qilganlar. (Muslim, “Riyoz-us-solihiyn”)
Ushbu hadisi sharif hayvonning yuzini kuydirgan kishini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning la’nat etishlari, bu harakatning gunohi kabira ekanidan dalolat beradi. Bir hayvonga-ki nohaq zulm qilish Payg‘ambarning la’natiga sabab bo‘lar ekan, bolalarni nohaq urish, ularga zulm o‘tkazish, ularga qo‘pol munosabatda bo‘lishning mutlaqo noto‘g‘ri ekanini tushunish qiyin emas.
***
Farzandlarni saxiylikka o‘rgatib, mol-mulkka bo‘lgan muhabbatlarini kesish lozim. Chunki molu dunyoning zarari foydasidan ko‘p ekanini, barcha yomonliklar aynan dunyo sevgisidan pay do bo‘lishini yaxshilab tushuntirib borish lozim. Bolalar bo‘sh qolgan vaqtlarida aqliy va badaniy foyda bo‘lgan o‘yinlar bilan o‘ynashlariga ruxsat beriladi. Vaqti soati kelganida o‘g‘il bolalarn sunnatlash lozim. Chunki bu Islomiyatning shiori, alomatidir.
***
Agar farzand ilm talabida bo‘lsa unga barcha sharoitini yaratib berish lozim. Mehantga qiziqsa birorta foydali kasbni o‘rgatish kerak bo‘ladi. Bolaning qobiliyati qaysi sohaga yaqin bo‘lsa, o‘sha yo‘nalishdagi tahsil yoki kasbga yo‘naltirish lozim. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Harakat qilaveringlar, kim nima uchun yaratilgan bo‘lsa, u narsa o‘sha banda uchun oson qilib qo‘yilgandir” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati), deb aytganlar.
***
Qizlarga alohida hurmat va ehtiromda bo‘lish, ularni ko‘nglini ko‘tarib, yaxshi so‘zlar bilan erkalash iboli-hayoli bo‘lib yetishishlarida katta yordam beradi.
“Bir bolaga ta’lim bersang, jamiyatda bir shaxs to‘g‘ri yuradi. Agar bir qizga ta’lim-tarbiya bersang, butun bir millat o‘nglanadi”, deydi islom olimi Abdulhamid Bodis Jazoiriy.
Hikoya. Otajon, men sizni yaxshi ko‘raman!
Bir kuni bir odam yangi olgan mashinasini sozlash bilan mashg‘ul bo‘lib turganda, olti yoshli o‘g‘li yerdan tosh olib, mashinaning yon tarafiga chizib, tirnadi. Buni ko‘rgan otaning g‘azabi toshib, o‘g‘lining qo‘lidan tutib, chizgan qo‘liga bir necha marta urdi. Otaning qo‘lida muruvvat (bolt-gayka)larni qotirib-bo‘shatadigan kalit (klyuch) bor edi. U o‘zi sezmagan holda o‘g‘lining qo‘liga o‘sha kalit bilan urgan edi. Buning natijasida o‘g‘ilning barmoqlari kesilib, shifoxonaga yotqizildi. Bolakay uni ko‘rgani kelgan otasidan: “Barmoqlarim qachon o‘sib chiqadi?” deb so‘radi. Bu gaplarni eshitgan ota esa, alamiga chiday olmay, mashinaning oldiga borib, uni tepa boshladi. Charchab, o‘tirib qolganda, mashinaning eshigiga chizilgan chiziqlarga nazar soldi. Yaxshilab qarasa, o‘g‘li “Otajon, men sizni yaxshi ko‘raman” deb yozgan ekan.
Muhabbat va g‘azabning chegarasi yo‘q. G‘azabing toshgan paytda turli qarorlar qabul qilib, keyin hayoting davomida o‘sha qarorlaringga nadomat qilib yurmasliging uchun nafsingga, to u tinchlangunicha, fursat ber.
Ulug‘bek Sultonovning
"Ota-onaga xizmat qilish
odoblari" kitobidan olindi
O‘MI Matbuot xizmati