Sayt test holatida ishlamoqda!
31 Mart, 2025   |   2 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:48
Quyosh
06:08
Peshin
12:32
Asr
16:55
Shom
18:50
Xufton
20:05
Bismillah
31 Mart, 2025, 2 Shavvol, 1446

O‘zbekistonda 2017 yili 18 mingdan ortiq shaxs maxsus hisobdan chiqarildi

19.02.2018   3820   3 min.
O‘zbekistonda 2017 yili 18 mingdan ortiq shaxs maxsus hisobdan chiqarildi

Foto: O‘zA 

O‘zbekiston Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasida inson huquqlari buzilishining oldini olish maqsadida barcha vaqtincha saqlash va tergov hibsxonalari, maxsus qabulxonalar, ma’muriy qamoqni o‘tash joylari, jazoni ijro etish muassasalarini videokuzatuv moslamalari bilan jihozlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi. Bu haqda Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov O‘zA muxbiri bilan suhbatida ma’lum qildi.

Belgilangan vazifalar doirasida jazoni ijro etish tizimi faoliyati tubdan takomillashtirilmoqda. Jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlar yotoqxonalari, yordamchi binolar bugungi kun talablari asosida qayta qurilib, zarur jihozlar bilan to‘liq ta’minlandi.

Jazoni ijro etish sohasini xalqaro standartlarga moslashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Toshkent shahridagi 1-tergov hibsxonasining yangi binoga ko‘chirilgani bu borada muhim qadam bo‘ldi. Toshkent viloyati Zangiota tumanida yangidan qurilgan zamonaviy tergov hibsxonasida barcha shart-sharoitlar mavjud bo‘lib, oshxona, kutubxona, yuvinish xonasi va boshqa maishiy xizmat ko‘rsatish xonalari zarur jihozlar bilan ta’minlangan.

Jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlarni ijtimoiy-foydali mehnatga jalb etish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Muassasalar huzurida davlat unitar korxonalari tashkil etildi. Bundan ko‘zlangan maqsad mahkumlarni mehnatga jalb etish orqali tarbiyalash, ularda kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish va olinayotgan daromadni qamoqda saqlanayotgan shaxslar sharoitini yanada yaxshilashga yo‘naltirishdir. Jazoni ijro etish muassasalari ishlab chiqarish korxonalari tomonidan 2017 yil mobaynida 123,2 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi.

Prezidentning 2017 yil 6 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 25 yilligi munosabati bilan afv etish to‘g‘risida»gi farmoniga asosan jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, jinoyatni bilib-bilmay sodir etgan, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 2700 nafar mahkum afv etildi. Mazkur farmon ijrosi to‘liq ta’minlandi.

2017 yil davomida insonparvarlik tamoyili asosida jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan 1932 mahkum ozodlikka chiqarildi, 8835 mahkum manzil-koloniyalariga o‘tkazildi, 9462 mahkumning jazosi yengilrog‘i bilan almashtirildi.

Tergov hibsxonalari, vaqtincha saqlash hibsxonalari, maxsus qabulxonalar, ma’muriy qamoqni o‘tash joylari, jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar ustidan uzluksiz nazoratni olib borish maqsadida mazkur muassasalar videokuzatuv vositalari bilan ta’minlanmoqda. Joriy yilning 1 mart kuniga qadar ushbu muassasalarda videokuzatuv moslamalarini o‘rnatish ishlari to‘liq tugallanadi.

Prezident topshirig‘iga asosan turli diniy oqimlarga boshqalar ta’sirida yoki yoshlik qilib, oqibatini bilmasdan kirib qolganlarning «pushaymonlik arizalari»ni o‘rganish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Diniy ekstremistik oqimlarga kirganlarning har biriga nisbatan mavjud hujjatlar din ulamolari, yaqinlari, qo‘ni-qo‘shni va qarindosh urug‘lari, mahalla ahli fikrini inobatga olgan holda o‘rganilmoqda. Shu asosda tegishli komissiya tomonidan xulosalar qabul qilinmoqda. Buning natijasida o‘tgan yilning o‘zida 18 mingdan ortiq shaxs maxsus hisobdan chiqarildi.

Manba: https://daryo.uz

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Yelkalarida qorilarni ko‘tarib yuruvchi davlat haqida eshitganmisiz?

25.03.2025   5904   3 min.
Yelkalarida qorilarni ko‘tarib yuruvchi davlat haqida eshitganmisiz?

Tailand aholisining 4,6 foizi Islom diniga e’tiqod qiladi. Islom dini Tailandga arab va fors savdogarlari sababli kirib kelgan. Naratxivat, Yala, Pattani va Satun shaharlarida aksariyat musulmonlar yashaydi. Ular jami musulmon aholining 82 foizini tashkil etadi. Tailandda jami 3494 ta masjid rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Shundan 170 ga yaqini mamlakat poytaxti Bangkok shahrida, Sharqiy viloyatlarida 117 ta, yuqori janubiy qismida esa 699 ta, janubiy qismida eng ko‘p 2257 ta masjid joylashgan. Ushbu masjidlarning aksariyati mahalliy aholi tomonidan hashar yo‘li bilan qurilgan. Yana yangi masjid hamda madrasalar qurilmoqda.

Tailandagi musulmonlarning aksariyatini Eron, Xitoy, Pokiston, Bangladesh va Birma kabi davlatlardan kelganlar tashkil etadi. Islom dinining ijtimoiy tenglik tamoyili ushbu dinga ergashuvchilarning soni orttishiga sabab bo‘lmoqda.

Tailand musulmonlari sunniylikning hanafiy mazhabida. Mamlakatning markaziy va sharqiy qismlarida Islom ilmlaridan saboq beruvchi maktablar bor. O‘quvchilar masjidlar qoshidagi madrasalarda amaliyot o‘tash uchun yuboriladilar. Madrasaga 14 yoshdan qabul qilinadi. Dars mashg‘ulotlarida Qur’on ilmlari, arab va malay tillari hamda Islomdagi ibodatlarni chuqur o‘rganishadi. Madrasada o‘rta va oliy ma’lumotli talabalar tayyorlanadi. Jami 395 ta diniy ta’lim muassasalari mavjud. Tailand “Naradiwas” universiteti qoshida Islom tadqiqotlari akademiyasi faoliyat yuritadi.

Tailandda 150 ga yaqin musulmonlar jamiyati va xayriya tashkilotlari faoliyat yuritadi. Davlat qonunlariga ko‘ra, mamlakatdagi har bir fuqaro e’tiqod erkinligiga ega. 26 ta Islomiy banklarning turli bo‘limlari aholiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Musulmonlar idorasi aholi diniy ehtiyojlari va u bilan bog‘liq masalalarni hal etuvchi markaziy tashkilot hisoblanadi. Idoraga Shayxul Islom rahbarlik qiladi. Shuningdek, davlat xizmatchisi sifatida shariat ko‘rsatmalari asosida fuqarolik masalalari bilan shug‘ullanuvchi qozi lavozimi ham joriy etilgan.

Ko‘plab sayyohlarni o‘ziga jalb etuvchi, mamlakatdagi eng muhtasham “Dorul ibodat” jome masjidi 1943 yilda barpo etilgan. Dastlab yog‘ochdan qurilgan muzkur masjid 2006 yil to‘rt qavatli qilib qayta qurildi. Har bir masjid huzurida Islom boshqaruvi qo‘mitasi faoliyat yuritadi. Unga masjid imomi, muazzin hamda aholi orasidan 12 ta kishi a’zo bo‘lib, ular masjid faoliyati uchun javobgardirlar.

Mamlakatda Qur’on hofizlariga yuksak e’tibor qaratiladi. Qur’on oyi – Ramazon oyida musulmonlar minnatdorchilik va xursandchilik ma’nosida qorilarni yelkalarida olib yuradilar. Sha’bon oyida qorilar Qur’ondan imtihon topshirishadi va natijalari Ramazon oyida e’lon qilinadi. Imtihondan ijobiy o‘tganlar Ramazon oyida masjidda Qur’oni karim xatmiga o‘tish imkoniga ega bo‘ladilar. Tailandlik musulmonlar Ramazon oyining birinchi kuni muborak oy tashrifi munosabati bilan biror jonliq so‘yadilar.

 

Davron NURMUHAMMAD