Samarqand shahridagi “Xo‘ja Is'hoqi Valiy” jome masjidida davom etayotgan Qur’on musobaqasi o‘zining eng hayajonli va shukuhli onlariga kirib bormoqda. Ushbu musobaqada respublika bosqichiga chiqish uchun tuman bosqichlarida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan 16 nafar qori, 9 nafar qoriya jiddiy harakat qilishmoqda.
O‘z navbatida, Haq taolo kalomiga some’ bo‘laman, deb kelgan muxlislar ham o‘zlari uchun juda ko‘p manfaatlar olishmoqda. Zero maqsadimiz ham shu, ya’ni Qur’on haqida kishilarga ma’rifat taratish, Qur’onga muhabbat uyg‘otish, musulmon yoshlarni Qur’onga qiziqtirish, iqtidorli qorilarni taqdirlash, qorilar sifati va sonini oshirish, saviyalarini yukasaltirish, yurt va xalqni dunyoga tanitish kabilardan iboratdir.
Bizning muslim.uz portali va ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatib boring. Eng xushovoz qorilarning huzurbaxsh tilovatlaridan bahramand bo‘lishga barchani chorlaymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Joriy yilgi “Haj – 2025” ibodatiga tayyorgarlik ishlari doirasida Samarqand shahrida uchrashuv tashkil etildi. Unda Samarqand, Qashqadaryo va Jizzax viloyatlaridan tayinlangan guruh rahbarlari ishtirok etdi.
O‘quv-seminarda haj tadbirlarini yuqori darajada tashkil etish, ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, tartib-intizom va xavfsizlik masalalari yuzasidan muhim ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, guruh rahbarlariga haj marosimlari davomida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tashkiliy va ma’rifiy ishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar yetkazildi.
Uchrashuv mas’ul tashkilotchilar va haj safariga tayyorlanayotgan rahbarlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
Matbuot xizmati