Alloh taolo marhamat qilib aytadi: «Ularning yonboshlari o‘rin-to‘shakka yetmaydi» (Sajda surasi, 16-oyat).
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilinadi: «Kechalari qoim bo‘lingiz! Zero, kechasi turish sizlardan avvalgi solihlarning odatlaridan edi. U Parvardigoringizga yaqin qiladi. Yomonliklarning mag‘firat bo‘lishiga olib keladi va yaramasliklardan qaytaradi» (Imom Termiziy rivoyati).
Hasan Basriy aytadilar: «Kechasida turib o‘qilgan namozdan ham og‘irroq ibodatni bilmayman». Undan so‘rashdi: «Nima uchun kechasi turib tahajjud o‘quvchilarning yuzlari odamlar orasida eng go‘zalidir?» U zot javob berdilar: «Ular tunda Rahmon bilan yolg‘iz qolishadi va Alloh ularga O‘z nuridan in’om etadi».
Biling! Kechada qoim bo‘lish juda og‘ir, magaram, qoim bo‘lish shartlari muyassar bo‘lgan kishigina kechalari turishga muvaffaq bo‘ladi.
Bu sabablarning ba’zilari zohiriy, ba’zilari botiniydir.
Zohiriy sabablar:
– Ko‘p taom yemaslik. Ba’zilar aytadi: «Ey muridlar jamoasi! Ziyoda taom yesangizlar, ortiqcha suv ichasizlar, bas, ko‘p uxlaysizlar. Natijada ortiqcha pandu pushaymon bo‘lasizlar».
– Og‘ir ish bilan kunduzi o‘zini toliqtirmaslik.
– Kunduzi qaylula – bir oz orom olishni tark etmaslik. Zero, u kechasi qoim bo‘lishda yordam beradi.
– Gunohlardan ehtiyot bo‘lish. Imom Savriy aytadi: «Bir gunohim sababidan besh oy kechalari turishdan mahrum bo‘ldim».
Botiniy sabablar:
– Musulmonlarga hasad etishdan qalbning salim bo‘lishi. Qalbni bid’at va zalolatdan xoli etish. Ortiqcha dunyo hojatidan qalbni e’tiroz etish.
– Doimiy xavf – umidning ozligi qalbda bo‘lishi.
– Kechasi qoim bo‘lish fazlini bilish.
– Alloh yo‘lidagi muhabbat va iymon quvvati eng sharafli boislardandir, chunki Parvardigorga munojot etuvchi kechasi qoim bo‘lsa, U Zot hozir va unga shohiddir. Bas, munojoti uni tun bo‘yi rag‘batlantiradi.
Abu Sulaymon rahmatullohi alayh aytadilar: «Tun ahli o‘z kechalarida o‘z dilxushligida bo‘lgan o‘yin ahlidan ko‘ra ko‘proq lazzatda bo‘ladilar. Tun bo‘lmasa, dunyoda yashashni istamas edim».
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Kechada duolar ijobat bo‘ladigan shunday bir soat borki, agar musulmon bandaning duosi shu soatga to‘g‘ri kelib qolsa, tilagan yaxshi tilagini Alloh unga ato etadi. Bu soat har tunda bo‘ladi», deb marhamat qildilar (Imom Muslim rivoyati).
Kimning kechasi qoim bo‘lib ado etadigan ibodati bo‘lsa, uni tark etishdan ehtiyot bo‘lsin. Ikki «Sahih»da rivoyat bo‘lganki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abdulloh ibn Amrga bunday deb marhamat qildilar: «Kechasi qoim bo‘lib, so‘ng unda turishni tark etgan falonchiga o‘xshama».
Mirsobit VOHIDOV,
Toshkent viloyati Piskent tumani «Mulla Bo‘ta Qozi»
jome masjidi imom-xatibi
O‘MI Matbuot xizmati
Cavol: Dallollik kasbi joizmi? Agar joiz bo‘lsa, dallol ikki tomondan haq olsa bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dallol gohida sotuvchi tarafidan, gohida oluvchi tarafidan, gohida esa ikkisi tarafidan ham vakil bo‘ladi. Agar dallol yolg‘on, firib, aldov qilmasdan faoliyat yuritsa, bu uchun haq olishi joiz hisoblanadi.
Dallolning haq olishi va uning qaysi tomondan bo‘lishi urf-odatga ko‘ra bo‘ladi. Urfda sotuvchi, yoki xaridor, yo har ikki tomon dallol haqqini beradigan bo‘lsa, shundan kelib chiqib ish faoliyatini yuritishi joiz hisoblanadi ("Durarul hukkam" kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.