O‘zbekiston Islom akademiyasi tayanch doktorantura, doktorantura va mustaqil izlanuvchilikka qabul e’lon qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 15 dekabrdagi “O‘zbekiston Islom akademiyasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 3433-sonli qarori ijrosiga muvofiq, respublikada faoliyat olib borayotgan oliy va O‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarini yuqori malakali ilmli kadrlar bilan ta’minlash, tayyorlanayotgan mutaxassislarning ilmiy va kasbiy salohiyatini oshirish, qur’onshunoslik, hadisshunoslik, tafsir va fiqh, kalom ilmi yo‘nalishlari bo‘yicha yetuk ilmiy va ilmiy pedagog kadrlarni tayyorlash maqsadida O‘zbekiston Islom akademiyasi tayanch doktorantura, doktorantura va mustaqil ilmiy izlanuvchilar uchun tanlov e’lon qiladi.
Islom tarixi va manbashunosligi, qur’onshunoslik, hadisshunoslik, tafsir va fiqh, kalom ilmi, ilohiyot yunalishlaridagi fan sohalarida ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish istagi bo‘lgan nomzodlar Toshkent shahri, O‘zbekiston Milliy universiteti, «V» bino, 2-qavatda joylashgan O‘zbekiston Islom akademiyasiga murojaat qilishlari mumkin.
Hujjatlar 2018 yilning 20 fevraliga qadar qabul qilinadi.
O‘zbekiston Islom akademiyasi Ilmiy kengashining 2018 yil 25 yanvardagi 1-sonli yig‘ilishi qaroriga muvofiq tayanch doktoranturaga tanlov imtihonlari 2018 yil fevral oyi oxiriga qadar o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Islom akademiyasi ma’muriyati
Murojaat uchun manzil: 100174, Toshkent shahri,
Universitet ko‘chasi, 4-uy. O‘zMU. «V» bino,
2-qavat. Tel.: (0-371) 227-15-48.
O‘MI Matbuot xizmati
Abu Usmon Nahdiydan, u esa Hanzala Usaydiy roziyallohu anhudan rivoyat qiladi. Hanzala Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning yozuvchilari (kotiblari)dan biri edi, bunday deydi: Abu Bakr roziyallohu anhu menga yo‘liqib qoldilar va: — Ey Hanzala, ahvoling qanday? — deb so‘radilar.
Men u kishiga javoban: — Hanzala munofiq bo‘lib qoldi! - dedim. Abu Bakr hayron bo‘lib: — Subhanalloh! Bu nima deganing? — dedilar.
Men: — Biz Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida bo‘lganimizda, u zot bizga do‘zax va jannat haqida zikr qilib, eslatadilar. Shundayki, biz ularni xuddi ko‘z bilan ko‘rayotgandek his qilamiz. Lekin, u zotning huzurlaridan chiqib, ayolimiz, bolalarimiz va tirikchiligimiz bilan mashg‘ul bo‘lsak, ko‘p narsalarni unuta boshlaymiz, - dedim.
Abu Bakr roziyallohu anhu: — Allohga qasamki, biz ham xuddi shunday holatni boshdan kechiramiz! - dedilar. Shunda men va Abu Bakr roziyallohu anhu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bordik.
Men: — Yo Allohning Rasuli, Hanzala munofiq bo‘lib qoldi! - dedim.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: — Bu nima deganing? - deb so‘radilar.
Men: — Yo Allohning Rasuli, biz sizning huzuringizda bo‘lganimizda, siz bizga do‘zax va jannat haqida eslatasiz, shu darajadaki, biz ularni xuddi ko‘zimiz bilan ko‘rayotgandek his qilamiz. Lekin sizning huzuringizdan chiqib, ayolimiz, bolalarimiz va tirikchilik ishlari bilan mashg‘ul bo‘lsak, ko‘p narsalarni unuta boshlaymiz, dedim.
Shunda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam dedilar: — Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, agar sizlar mening huzurimda bo‘lganingizdek holatingizni uzluksiz davom ettiradigan bo‘lsangiz, farishtalar yotoqlaringizda va yo‘llaringizda sizlar bilan ko‘rishib, salomlashib yurar edilar. Lekin, ey Hanzala, (har narsaning) o‘ziga yarasha vaqti bor (Bu so‘zni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam uch marta takrorladilar) (Imom Muslim rivoyati).
Hadisdan olinadigan xulosa:
Odamning ba’zi vaqtlarda Allohning zikri va ibodat bilan mashg‘ul bo‘lishi, ba’zi vaqtlarda esa o‘zining hayotiy ehtiyojlarini ta’minlashi tabiiy holdir. Bu uning munofiqligiga dalolat qilmaydi. Shuning uchun, ushbu hadisdan noto‘g‘ri xulosa chiqarib, uni gunohlarga yo‘l berish bahonasiga aylantirish mumkin emas.
Hadisdagi ma’no shundan iboratki, musulmon kishi ibodat qilishi bilan birga, vaqti-vaqti bilan tanasiga hordiq berishi va halol narsalardan bahramand bo‘lish huquqini ham ado etishi kerak.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV