Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Iyun, 2025   |   18 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:28
Asr
17:39
Shom
20:01
Xufton
21:39
Bismillah
14 Iyun, 2025, 18 Zulhijja, 1446

09.02.2018 y. Oila-muqaddas dargoh

05.02.2018   6424   7 min.
09.02.2018 y. Oila-muqaddas dargoh

Muhtaram jamoat! Oila har bir jamiyatning boshlang‘ich bo‘g‘ini hisoblanadi. Oila mustahkam, tinch, halol va pok bo‘lsa, jamiyat ham osoyishta, mustahkam, farovon bo‘ladi. Aksincha, oilalarda parokandalik, buzg‘unchilik bo‘lsa, o‘sha jamiyat buziladi, tinchi yo‘qoladi, u oqibatda chuqur tanazzulga yuz tutadi. Baxtli oilalar tufayli baxtli jamiyat vujudga keladi. Chunki, o‘zaro mehrli bo‘lgan ota-onalarning farzandlari ham bir-birlariga mehribon bo‘ladilar. Bu xususda Payg‘ambarimiz s.a.v.dan quyidagi hadis vorid bo‘lgan:

عَنِ الْمُغِيْرَةِ بْنِ شُعْبَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: خَطَبَتُ اِمْرَأَةً فَقَالَ لِي رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم: هَلْ نَظَرْتَ إِلَيْهَا؟

قُلْتُ: لَا قَالَ: فَانْظُرْ إِلَيْهَا فَإِنَّهُ أَحْرَى أَنْ يُؤْدَمَ بَيْنَكُمَا

(رواه الإمام الترمذي)

ya’ni: Al-Mug‘ira bin Shu’ba r.a. aytadilar: Men bir ayolga sovchi qo‘ydim. Rasululloh s.a.v. menga: “Uni ko‘rdingmi?” – dedilar. Men: Yo‘q, dedim. Shunda Rasululloh s.a.v.: “Uni ko‘rgin, ko‘rib (bilib) turmush qurishlik o‘rtangizda ulfat va muhabbat paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Oilada yuksak ma’naviy muhitni tashkil etish juda muhim. Bunda oila a’zolarining, ayniqsa, er va xotinning o‘zaro murosa-madoraga borishi, g‘azabi kelganda uni yengishi va shirin so‘zli bo‘lishi, shu bilan birga, oilaviy sirlarni ko‘chaga olib chiqmasligi singari bir qator omillar juda katta ahamiyat kasb etadi.

قَالَ أَبُو الدَّرْدَاءِ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ لِزَوْجَتِهِ: إِذَا غَضِبْتُ فَرَضِّنِي وَإِذَا غَضِبْتِ رَضَّيْتُكِ وَإِلَّا لَمْ نَصْطَحِبْ

ya’ni: Abu Dardo r.a. ayoliga shunday degan: “G‘azabim kelganda meni rozi qilishga urun, sening g‘azabing kelganda men seni rozi qilishga urunay. Aks holda birga yashay  olmaymiz”.

Muhtaram birodarlar! Keyingi paytlarda oila mustahkamligi, kelin-kuyovning baxtli, tug‘ilajak zurriyotlarning sog‘lom bo‘lishini o‘ylab nikoh oldidan kelin-kuyovni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ham joriy etildi. Avaylab-ardoqlab voyaga yetkazgan qizini ne-ne umidlar va katta xarajatlar bilan turmushga uzatgan, qizlari tufayli kuyovli bo‘lgan, nabiralarni orzu qilgan ota-ona to‘ydan ko‘p o‘tmay kuyovining bedavo dardga yo‘liqqanini bilsa, qay ahvolga tushishini bir o‘ylab ko‘ring. Yoki olgan keliningiz bedavo xastalikka chalingan bo‘lsayu, ota-onasi buni yashirib, uzatib yuborishgan bo‘lsa-chi? Ana shunday ko‘ngilsiz voqealarning oldini olish, oila va farzandlar iqbolini o‘ylab, sog‘lom oila va turmushni barpo etish maqsadida joriy etilgan bu tadbirning kelin-kuyovga ham, ularning yaqinlariga ham faqat foydasi bor. Payg‘ambarimiz s.a.v. mo‘min-mo‘minga firib berishligi, uni aldashi mumkin emasligini ta’kidlab shunday deganlar:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه  أَنَّ رَسُولَ اللهِ  صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ:

 مَنْ غَشَّ فَلَيْسَ مِنِّي

(رواه الإمام مسلم)

ya’ni: Abu Hurayra r.a.dan rivoyat qilinadi, Rasululloh s.a.v.: “Kim firib bersa, u mendan emas”, dedilar (Imom Muslim rivoyati). Boshqa bir hadisda,

عَنْ أَنَسِ بْنِ مَاِلكٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ خَادِمِ رَسُولِ اللهِ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَا يُؤْمِنُ أَحَدُكُمْ حَتَّى يُحِبَّ لِأَخِيْهِ مَا يُحِبُّ لِنَفْسِهِ

(رواه الإمام البخاري والإمام مسلم)

ya’ni: Rasululloh s.a.v.ning xodimlari Anas bin Molik r.a.dan rivoyat qilinadi, Payg‘ambar s.a.v. dedilar: “Hech biringiz o‘ziga yaxshi ko‘rgan narsasini birodariga ham yaxshi ko‘rmagunicha mo‘mini komil bo‘la olmaydi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

         Oilaning tinch, farzandlarning baxtli bo‘lishligida er-xotinning har ikkisi ham oiladagi o‘z burchlarini astoydil ado etishga intilishlari muhimdir. Er o‘z o‘rnini yo‘qotgan, xotin esa, erning mavqesiga da’vogarlik qilgan oilalarda nafaqat notinchlik bo‘ladi balki, el-yurt, mahalla ko‘y orasida ham bunday oilaning hurmati bo‘lmaydi. Oilani boshqarish mas’uliyatini Alloh taolo Qur’oni karimda erkaklarning zimmasiga yuklagan.

         Yana bir muhim masala, bu – qurilgan oilani bus-butun saqlab qolish. Dinimizda oila qurishga targ‘ib etish bilan birga, uni yaxshilik bilan tutishga buyurilgan. Agar er-xotin o‘zaro kelisha olmagan taqdirlarida isloh qilish uchun har ikki tomondan hakamlar jalb etish lozim bo‘ladi. Qur’oni karimda shunday deyilgan:

وَإِنْ خِفْتُمْ شِقَاقَ بَيْنِهِمَا فَابْعَثُوا حَكَمًا مِنْ أَهْلِهِ وَحَكَمًا مِنْ أَهْلِهَا إِنْ يُرِيدَا إِصْلَاحًا يُوَفِّقِ اللَّهُ بَيْنَهُمَا

 إِنَّ اللَّهَ كَانَ عَلِيمًا خَبِيرًا

 (سورة النساء /35)

ya’ni: “Agar ular (er-xotin)ning oralari buzilib ketishidan qo‘rqsangiz, er oilasidan bir hakam, xotin oilasidan bir hakam yuboringiz. Agar (er-xotin) islohni xohlasalar, Alloh o‘rtalarini muvofiqlashtirgay. Albatta, Alloh bilimdon va xabardor zotdir” (Niso surasi, 35-oyat). Zero, er-xotinning orasini isloh qilish eng savobli amal sanaladi.

Alloh taolo yurtimizni tinch, oilalarimizni farovon, farzandlarimizni barkamol bo‘lmoqlarini nasibu ro‘zi aylasin. Omin!

Muhtaram jamoat! Mav’izaning hanafiy mazhabimizdagi fiqhiy masalalar qismida namozni buzuvchi amallar  haqida suhbatlashamiz.

Namozda ozmi, ko‘pmi dunyoviy so‘zni so‘zlash, xoh ixtiyoriy, xoh beixtiyor bo‘lsin, namozni buzadi.

Biror kishiga yanglishib salom bersa ham namozi buziladi. Salomga alik qaytarish  ham  xoh  qasddan,  xoh  yanglishib bo‘lsin,  namozni  buzadi.

Biror narsa yeyish yoki ichish namozni buzadi.

Qibladan boshqa tomonga burilish namozni buzadi.

Namozdagi bir ruknni bajarish asnosida uch marta ortiqcha harakat qilish (masalan: kiyimni to‘g‘rilash, qashinish va hokazo)  namozni buzadi.

O‘zi eshitadigan darajada kulish namozni buzadi,  ammo yonidagi eshitadigan darajada kulsa, tahorati ham, namozi ham buziladi.

Dunyoviy tashvish tufayli “uf” tortish,  “oh-voh” deyish va yig‘lash namozni buzadi, ammo oxiratni o‘ylab, jannatdan umidvor bo‘lib, do‘zaxdan qo‘rqib yig‘lasa namozi buzilmaydi. 

Uzrsiz tomog‘ni qirish yoki yo‘talish ham namozni buzadi (masalan: ataylab yo‘talish).

Aksa   urib “Alhamdulilloh” degan kishiga “Yarhamukalloh” deyish namozni buzadi.

Biror xabarga javob berish garchi Qur’on o‘qib bo‘lsa ham namozni buzadi (masalan: ”Falonchi vafot etdi”, deyilsa, namoz o‘qiyotgan kishi: “Inna lillahi va inna ilayhi roji’un”, deb javob bersa namozi buzaladi).

Tayammum bilan namoz o‘qiyotgan kishi suvning borligini sezishi namozni buzadi.

Bomdod namozini o‘qiyotganida quyoshning chiqishi namozni buzadi.

“Allohu akbar” lafzidagi “a” tovushini cho‘zish namozni buzadi.

Qur’onga qarab qiroat qilish namozni buzadi.

Odamlardan so‘rasa bo‘ladigan narsani namozni ichida Allohdan so‘rab duo qilish namozni buzadi (masalan: “ey Alloh, menga ko‘p mol ber”).

(“Muxtasarul viqoya” va “Nurul iyzoh” kitoblaridan)

Boshqa maqolalar

Jamoat namozini o‘tkazib yuborganning ta’ziyasi

13.06.2025   2807   2 min.
Jamoat namozini o‘tkazib yuborganning ta’ziyasi

O‘tgan solih zotlar jamoat bilan namoz o‘qiyolmay qolsalar, bir-birlariga ta’ziya izhor qilishar ekan. Shunday zotlardan biri Hotamul Asom aytadi: “Men jamoatga ulgurmay qoldim, shunda menga Abu Is'hoq Buxoriyning bir o‘zi ta’ziya bildirdi. Agarda o‘g‘lim o‘lib qolsa minglab odamlar ta’ziya izhor qilishadi. Buning sababi odamlar nazdida din musibati dunyo musibatlaridan ko‘ra arzimas sanalganidandir”.

Bugungi kunda oramizda qanchalab odamlar jamoat namozlarini o‘tkazib yuboradilar, jiddiy e’tibor qaratmaydilar. Ba’zida ish, g‘am-tashvishlarning ko‘pligini bahona qilamiz, to‘g‘rimi?! Yana ko‘plar tuni bilan uxlamasdan, bomdod namoziga yaqin uxlab qolishlari ham bor gap.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Zimis­tonda masjidlar sari odim tashlovchilarga qiyomat kunidagi tamomiy nurning xushxabarini beringlar”[1] deganlarini nahot eshitmagansiz?!

Shayton sizning ustingizdan g‘alabaga erishib, namozda xotirjamligingizni ketkazishiga imkon bermang!

Omir ibn Abdulloh o‘lim to‘shagida yotganlarida azon ovozini eshitib: “Meni qo‘limdan tutinglar”, dedilar. Omir ibn Abdullohga “Axir siz betobsiz-ku”, deyishganida: “Allohning chaqirig‘ini eshitib turib, unga rioya qilmaymanmi”, dedilar. Keyin  u kishini qo‘lidan ushlab turg‘izishdi. Masjidda imom bilan shom namozining bir rakatini o‘qidilar va jon taslim qildilar.

Yana bir misol: Sufyon ibn Uyayna azon aytilishidan ilgari namozga borishga ishtiyoqmand bo‘lganlar va doim: “Namozga azon aytilmagunicha masjidga kelib turmaydigan yomon qul bo‘lma. Chunki yomon qul chaqirmaguningcha kelmaydi”, der edilar.

Oisha roziyallohu anho onamiz aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan suhbatlashib o‘tirardik, u zot ham biz bilan gaplashib o‘tirardilar. Bordi-yu, namoz vaqti kirib qolsa, bir-birimizni tanimaganday bo‘lib olardik”[2].

Shukrki, oramizda masjidda birinchi safga joylashish uchun g‘ayrat qiluvchilar ko‘payib bormoqda. Nabiy alayhissalom: “Agarda odamlar azonda va birinchi safda nimalar borligini bilishsa edi, unga erishish uchun qur’a tashlashdan boshqa chora bo‘lmasa, albatta, qur’a tashlagan bo‘lardilar”, deganlar.

 Said ibn Musayyab aytadi: “Men ellik yildan beri biror marta birinchi takbirni o‘tkazib yubormaganman. Ellik yildan buyon namozda birorta kishining boshining orqasiga qaragan emasman”.

 

Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Imom Termiziy va Imom  Abu Dovud rivoyati.
[2]  Mursal hadis. Iroqiyning “Ihyo”ga yozgan taxrijiga qarang (1, 205).