Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Aprel, 2026   |   18 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:35
Quyosh
05:57
Peshin
12:30
Asr
17:00
Shom
18:58
Xufton
20:13
Bismillah
07 Aprel, 2026, 18 Shavvol, 1447

Xoja Bahouddin Naqshband

04.02.2018   17955   6 min.
Xoja Bahouddin Naqshband

Xoja Bahouddin Naqshband – islom olamining eng mashhur avliyolaridan biri, naqshbandiya tariqatining asoschisi. U milodiy 1318 yilning mart oyida Buxoro viloyatining Kogon tumanidagi Qasri Hinduvon qishlog‘ida tug‘ilgan. Xalq orasida Bahouddin, Bahouddinjon, Xoja Bahouddin, Bahouddin Balogardon, Balogardon, Xo‘jayi Buzruk, Shohi Naqshband nomlari bilan ham mashhur. Xoja Bahouddin Naqshbandning asl ismi Muhammaddir. Manbalarda u kishining otasi ham bobosi ham Muhammad ismida bo‘lgani qayd etiladi. Bahouddin Naqshbandning nasabi ota tarafdan Hazrat Aliga, ona tarafdan hazrat Abu Bakr Siddiqqa borib taqaladi. Xojalar avlodidan bo‘lgani uchun uning nomi oldiga xoja so‘zini ishlatish rasm bo‘lgan. Yoshligida otasi bilan birga kimxobga naqsh solish hunari bilan mashg‘ul bo‘lgani uchun Naqshband laqabi bilan mashhur bo‘lgan. O‘sha davrda matolarga naqsh ishlagan, naqsh solingan ko‘ylaklar yoki naqshli gilamlar to‘qigan kasb egalari naqshband deyilgan. Bahouddin” so‘zi “Dinning nuri” degan ma’noni anglatadi. Bu Xoja Naqshbandga keyinchalik berilgan faxrli unvon. Bahouddin Naqshband umri davomida bir necha pirning tarbiyasini olgan. Birinchi piri – Xoja Muhammad Boboyi Samosiy edi. Keksa shayx bu yosh muridini tarbiyalashni o‘rinbosarlaridan bo‘lmish Amir Sayyid Kulolga topshiradi. U tariqat bobida bilganlarini o‘rgatib bo‘lganidan keyin shogirdiga ijozat beradi. Bahouddin ilm istab, yassaviya tariqati shayxlarining mashhur vakillaridan bo‘lmish Qusam shayx oldiga, Naxshab, ya’ni hozirgi Qarshiga boradi. Uch oy undan ta’lim oladi. Bahouddinning bu pirga ixlosi baland bo‘lgan, ayni chog‘da Qusam shayx ham uni o‘z o‘g‘lidek bilib, muridiga cheksiz hurmati tufayli umrining oxirigacha Buxoroda yashab, shu yerda vafot etadi.  Manbalarning dalolat berishicha, u Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy (1103–1179)dan ruhiy tarbiya olgan. Bahouddin Naqshbandning umri asosan Buxoro va uning atrofidagi qishloqlarda o‘tgan. G‘aribona hayot kechirgan, faqat o‘z mehnati bilan kun ko‘rgan. Xizmatkor yoki qul saqlamagan. O‘z ta’limotini yaratishda Yusuf Hamadoniy va Abdulxoliq G‘ijduvoniy nazariyalariga asoslangan. Ta’limoti asosida: “Dil – ba yor-u, dast – ba kor” (“Ko‘ngil Allohda bo‘lsin-u, qo‘l ish bilan band bo‘laversin”), – degan shior yotadi. Tasavvufdagi har qanday tariqat kabi, xojagon-naqshbandiya tariqati ham o‘z g‘oyalari, tartib-qoidalari, odoblari va qat’iyatlarini shakllantirishda juda qadim rishtalardan suv ichgan. Ammo tariqatning butun mohiyatini uning bosh shiori bo‘lmish: “Dil – ba yor-u, dast – ba kor” hikmati hamda yana o‘n bir qoida belgilab beradi. Bu qoidalar “rashhalar”, ya’ni “tomchilar” deb yuritilgan. Rashhalar Yusuf Hamadoniy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy va Bahouddin Naqshband taraflaridan asoslangan  

NAQSHBANDIYA OLTIN SILSILASI

Naqshbandiya manbalarda “silsilat az-zahab”, ya’ni “oltin silsila”  tarzida tilga olinadi.

Bu quyidagi tarzda shakllangan:

  • Sarvari olam Muhammad (sollallohu alyhi vasallam) (570–632).
  • Hazrat Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu) (573–634).
  • Hazrat Salmon Forsiy (roziyallohu anhu) (578–657).
  • Hazrat Qosim ibn Muhammad (rahmatullohi alayh) (vaf. 605 y.).
  • Hazrat Imom Ja’fari Sodiq (rahmatullohi alayh) (702–765).
  • Sulton al-orifin Boyazid Bistomiy (quddisa sirruhu) (vaf. 875 y.).
  • Shayx Abul Hasan Xaraqoniy (quddisa sirruhu) (963–1033).
  • Shayx Abu Ali Formadiy (quddisa sirruhu) (962–1055).
  • Hazrat Xoja Yusuf Hamadoniy (quddisa sirruhu) (1049–1141).
  • Hazrat Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy – Xojai jahon (1103–1179).
  • Hazrat Xoja Orif Revgariy – Mohitobon (quddisa sirruhu) (vaf. 1317 y.).
  • Hazrat Xoja Mahmud Anjirfag‘naviy (quddisa sirruhu) (vaf. 1317 y.).
  • Hazrat Xoja Ali Rometaniy (quddisa sirruhu) (vaf. 1326 y.).
  • Hazrat Xoja Muhammad Boboyi Samosiy (quddisa sirruhu) (vaf. 1354 y.).
  • Hazrat Xoja Sayyid Amir Kulol (quddisa sirruhu) (vaf. 1370 y.).
  • Hazrat Xoja Bahouddin Naqshband Buxoriy (quddisa sirruhu) (1318–1389

Yusuf Hamadoniy tayin etgan shiorlar:

  • Hush dar dam.
  • Nazar bar qadam.
  • Safar dar vatan.
  • Xilvat dar anjuman.

Abdulxoliq G‘ijduvoniy tayin etgan shiorlar:

  • Yotkard.
  • Bozgasht.
  • Nigohdosht.
  • Yoddosht.

Bahouddin Naqshband tayin etgan shiorlar:

  • Vuqufi zamoniy.
  • Vuqufi adadiy.
  • Vuqufi qalbiy.

ZIYORAT TARTIB-QOIDALARI           

  • Qabr ziyoratiga borgan odam avvalo niyatini to‘g‘rilashi hamda bu amali bilan Allohning roziligini ko‘zlashi lozim. Zero, har bir amal niyatga bog‘liqdir.
  • Qabristonga imkon qadar tahoratli holda sukunat bilan kirgan afzal.
  • Qabr ahliga sig‘inish, ulardan ehtiyojlarini so‘rash joiz bo‘lmay, bu shirk amal hisoblanadi. Aksincha, buning o‘rniga ularning haqqiga duo qilish lozim..
  • Qabr ahliga nazr qilish, jonliq so‘yish, sham yoqish, latta bog‘lash kabi ishlar og‘ir gunoh bo‘lib, kishining imoniga putur yetkazadi.
  • Qabristonga kirishda quyidagi duoni o‘qish va undagi ma’nolarni to‘la his etish afzal: “Assalomu alaykum, mo‘min musulmonlar diyori ahli! Biz ham, inshaalloh, sizlarga qo‘shilamiz. Sizlar bizninng o‘tmishdoshimizsiz, biz esa sizlarning o‘rinbosaringizmiz. Allohdan bizga ham, sizga ham ofiyat so‘raymiz”.
  • Ziyoratchi o‘zi ziyort qilmoqchi bo‘lgan qabrga oyoq tarafidan kelib, qabrning o‘ng tarafiga turadi va unga yuzlanib, qiblaga orqa qilgan holda qabr egasiga salom beradi.
  • Ziyoratchi qabr ahli haqqiga Qur’on tilovat qiladi.
  • Qabr oldida Qur’on o‘qiganda tilovatni ovoz chiqarib o‘qigan afzal, chunki qabr ahli undan bahra oladi.
  • Qabr ustidagi ko‘karib turgan o‘simlik, dov daraxt va maysalarga tegilmaydi, chunki ularning tasbehidan mayyitga manfaat bor. Quriganlarini yig‘ishtirish mumkin.
  • Ziyorat vaqtida qabr toshlarini o‘pish, ularni silab yuz-ko‘zga surtish, qabr atrofini aylanib tavof qilish, u yerda sham yoqish, ziyoratgoh hududidagi daraxt yoki yog‘ochlarga latta parchalarini bog‘lash joiz emas.
  • Qabr ustiga pul sochish mumkin emas, balki har qancha xayriya, sadaqa va ehsoni bo‘lsa maxsus ehson qutilariga tashlash talab etiladi.
  • Ziyoratgoh hududi ozodalagini saqlash kerak. Yosh bolalarning boshqa ziyoratchilarga xalal berishlarining oldini olish lozim.
  • Ziyoratdan so‘ng yana oxista chiqib ketiladi.

 

Haydarxon Yuldashxodjayev

“Mir Arab” Oliy madrasasi rektori

O‘MI Matbuot xizmati

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Islom sivilizatsiyasi markazi – Uchinchi Renessansning so‘nmas mayog‘i

07.04.2026   21   5 min.
Islom sivilizatsiyasi markazi – Uchinchi Renessansning so‘nmas mayog‘i

Azim Toshkentning qoq markazida –Hazrati Imom majmuasi poyida bugun nafaqat muazzam bir bino, balki millat ruhiyatining yangi qiyofasi qad rostladi. Bu asrlar davomida xalqimiz qalbida yashagan ezgu orzularning me’moriy ifodasi, kelajak avlodlar uchun qoldirilayotgan eng qimmatli ma’naviy omonatdir.

Ushbu mahobatli maskan ostonasidan xatlab o‘tar ekansiz, go‘yoki vaqt va makon chegaralari yo‘qolgandek tuyuladi: bu yerda uch ming yillik shonli tariximiz Yangi O‘zbekistonning strategik maqsadlari va yuksak tamaddun zafarlari bilan mushtaraklik kasb etgan. O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi vaqt va makon tutashgan o‘ziga xos ma’naviy manzil sifatida dunyo nigohini o‘ziga tortmoqda. 

Markaz hududiga yaqinlashar ekansiz, avvalo, ko‘zingiz uning 65 metrlik muazzam gumbaziga tushadi. Yurak amri va millat irodasi bilan chizilgan bu mo‘jizaviy gumbaz shunchaki me’moriy yechim emas, u osmon bilan yerni, o‘tmish bilan kelajakni bog‘lovchi ma’naviy ko‘prik, milliy g‘urur va yuksalishning timsolidir. Binoning uzunligi 161 metr, eni esa 118 metrni tashkil etadi. Ushbu mahobatli raqamlar zamirida ulkan mehnat, mislsiz siyosiy iroda va xalqimizning bunyodkorlik salohiyati mujassam. 

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ushbu markaz haqida gapirganda uning har bir chizgisiga alohida to‘xtalib: “Bu ulkan loyiha oddiy bir chizma emas. Uni yurak chizgan, mehr chizgan, orzu va armonlar chizgan. Bu loyiha buyuk xalqimizning asl qiyofasini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan ezgu niyatlar mahsulidir”, deya ta’kidlagani bejiz emas. Majmuaga ochiladigan to‘rt asosiy darvoza ilm-ma’rifat va bag‘rikenglik haqidagi muqaddas oyat va hadislar bilan bezatilgan bo‘lib, har bir mehmonni ezgulik olamiga chorlab turadi. 

Majmuaning eng hayajonli va muqaddas nuqtasi uning ma’naviy qalbi hisoblangan Qur’oni karim zalidir. Bu yerda inson ilohiy nur og‘ushida qolgandek bo‘ladi. Gumbaz ostiga qadam qo‘yganingizda, boshingiz uzra 90 dona “Swarovski” toshi va 650 dan ortiq chiroqlar yordamida yaratilgan ilohiy gologramma – Toshkentning musaffo tungi osmoni namoyon bo‘ladi. Bu manzara insonni koinot sirlari va ilmning nur ekani haqida chuqur tafakkur qilishga undaydi. 

Markazning ma’naviy xazinasi sifatida dunyodagi eng nodir qo‘lyozmalardan biri Usmon Mus'hafi saqlanmoqda. Uning atrofida Somoniylar, Qoraxoniylar, G‘aznaviylar va Temuriylar davriga mansub 114 ta noyob Qur’on nusxasi jamlangan. Ushbu xazinalarning aksariyati Prezidentimiz tashabbusi bilan xorijiy auksionlardan xarid qilinib, o‘z ona zaminiga qaytarildi. Bu tariximizga bo‘lgan yuksak ehtirom va milliy merosimizni tiklash yo‘lidagi tarixiy adolatning qaror topishidir.

Bugungi Yangi O‘zbekiston Sharq va G‘arb o‘rtasida ilmiy muloqotning jonli ko‘prigiga aylanmoqda. Zamonaviy sayyoh sifatida sizni markazdagi raqamli inqilob va “Har kim uchun ochiq muzey” konsepsiyasi hayratga soladi. Robot-gidlar, sakkiz tildagi audio ma’lumotlar va imkoniyati cheklangan insonlar uchun maxsus Bluetooth mayoqchalari inson qadri har narsadan ustunligining amaliy isbotidir. 

Markaz qisqa muddatda jahon hamjamiyati diqqat markaziga tushdi. Fransiyaning Avitsenna mukofotiga sazovor bo‘lgani, AQSHning “Smithsonian Magazine” nashri talqiniga ko‘ra 2026 yilning eng kutilayotgan 10 ta muzeyidan biri deb topilgani hamda “BBC Travel” kabi nashrlarning e’tirofi O‘zbekistonning global maydondagi nufuzini yangi bosqichga olib chiqdi. Ilm-fan va jadidlar merosiga e’tibor markaz faoliyatining muhim bo‘g‘inlaridan biridir. Ikkinchi qavatdagi kutubxona 45 mingga yaqin adabiyot va 350 mingta elektron manbani o‘z ichiga olgan haqiqiy bilimlar ummonidir. Ayniqsa, 22 nafar ma’rifatparvar jadid bobomizning merosiga bag‘ishlangan bo‘lim kishida alohida faxr uyg‘otadi. Ularning siymosi bizga yangi Renessans poydevorini kimlar qo‘yganini eslatib turadi. 

Shuningdek, AYSЕSKO, IRSIKA va Oksford islom tadqiqotlari markazi kabi xalqaro tashkilotlarning ofislari shu yerda joylashgani O‘zbekistonning dunyo ilm-fani bilan integratsiyalashuvi va Sharq sivilizatsiyasining yangi global muloqot maydoniga aylanganidan dalolat beradi. 

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Islom sivilizatsiyasi markazi bu shunchaki muzey yoki kutubxona emas. Bu bizning kimligimizni anglatuvchi ko‘zgu, tarixiy zafar va kelajak avlodlarga yo‘llangan ma’rifiy maktubimizdir. Bugun biz guvohi bo‘layotgan jarayonlar millatning ruhiy va siyosiy tiklanishidir. 

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek: “Bugun o‘zligimizni anglash yo‘lida katta tantana bo‘ldi. Bu yerga kelgan har bir inson qanday ajdodlar avlodi ekanimizni bilishi, anglashi kerak”. Yillar o‘tadi, avlodlar almashadi, ammo Toshkent osmonida porlayotgan bu ma’naviyat qasri O‘zbekistonning yangi yuksalish davri – Uchinchi Renessansning boshlang‘ich nuqtasi va so‘nmas mayog‘i bo‘lib qolaveradi. Bu yerga kelgan har bir inson bir haqiqatni his etadi: biz ulug‘ ajdodlarning munosib vorislari va buyuk kelajakning haqiqiy bunyodkorlarimiz! 

Alouddin G‘AFFOROV,

O‘zA

Islom sivilizatsiyasi markazi – Uchinchi Renessansning so‘nmas mayog‘i Islom sivilizatsiyasi markazi – Uchinchi Renessansning so‘nmas mayog‘i Islom sivilizatsiyasi markazi – Uchinchi Renessansning so‘nmas mayog‘i Islom sivilizatsiyasi markazi – Uchinchi Renessansning so‘nmas mayog‘i Islom sivilizatsiyasi markazi – Uchinchi Renessansning so‘nmas mayog‘i Islom sivilizatsiyasi markazi – Uchinchi Renessansning so‘nmas mayog‘i Islom sivilizatsiyasi markazi – Uchinchi Renessansning so‘nmas mayog‘i
Maqolalar