Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Iyul, 2026   |   11 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:34
Quyosh
05:06
Peshin
12:35
Asr
17:36
Shom
19:51
Xufton
21:21
Bismillah
25 Iyul, 2026, 11 Safar, 1448

Sog‘lom e’tiqod saboqlari ruknidan: Qur’oni karim haqida e’tiqodimiz

04.02.2018   15895   7 min.
Sog‘lom e’tiqod saboqlari ruknidan: Qur’oni karim haqida e’tiqodimiz

Qur’on so‘zi lug‘atda “o‘qish”, “jamlash”, “bir-biriga qo‘shish” kabi ma’nolarni anglatadi. Ulumul Qur’on istilohida Qur’oni karimga bunday ta’rif berilgan: 

اَلْقُرْآنُ كَلاَمُ اللهِ تَعَالَى اَلْمُنَزَّلُ عَلَى مُحَمَّدٍ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ اَلْمُتَعَبَّدُ بِتِلاَوَتِهِ.

“Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nozil qilingan hamda tilovati ibodat sanaladigan Alloh taoloning kalomi Qur’on deb ataladi”[1].

Qur’oni karim oldingi ilohiy kitoblardan bir qancha jihati bilan farq qiladi:

– Oldingi ilohiy kitoblar ma’lum bir qavmlarga xoslab tushirilgan, Qur’oni karim esa butun bashariyatga umumiy qilib tushirilgan;

– Oldingi ilohiy kitoblarning asl holida saqlanishi Alloh tomonidan tayin qilinmagan, Qur’oni karim esa saqlanishi tayin qilingan. Buning sababi shuki, oldingi  kitoblardagi hukmlar muayyan zamon va qavmlarga xos bo‘lgan;

  • Oldingi ilohiy kitoblardan keyin yana ilohiy kitoblar tushavergan, Qur’oni karimdan keyin esa ilohiy kitob aslo tushmaydi, chunki u qiyomatgacha bashariyatga dasturulamal bo‘ladigan oxirgi ilohiy kitobdir.

Qur’oni karimda 114 ta sura bo‘lib, ular turli voqea va munosabatlar bilan 23 yil davomida bosqichma-bosqich Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga tushirilgan.

Har bir musulmon Qur’oni karimning bandalarga nozil qilingan oxirgi ilohiy dastur ekaniga iymon keltirishi lozim. Bu esa quyidagi ma’nolarni bilish va ularga shak-shubhasiz ishonish orqali yuzaga chiqadi: 

  1. Qur’oni karim nozil qilingan kitoblarning eng oxirgisi, o‘zidan oldingi kitoblarda keltirilgan ilohiy ta’limotlarni tasdiqlovchi va ularni muvofiqlashtiruvchi kitobdir:

وَأَنْزَلْنَا إِلَيْكَ الْكِتَابَ بِالْحَقِّ مُصَدِّقًا لِمَا بَيْنَ يَدَيْهِ مِنَ الْكِتَابِ وَمُهَيْمِنًا عَلَيْهِ

“Sizga (esa, ey Muhammad!) o‘zidan oldingi Kitob(lar)ni tasdiq etuvchi va u (kitoblar)ni muvofiqlashtiruvchi sifatida Kitob (Qur’on)ni haqiqatan nozil qildik” (Moida surasi, 48-oyat).  

Ushbu oyat tafsirida Zamaxshariy rahmatullohi alayh: “Bu kitob boshqa kitoblar ustidan nazoratchi etib nozil qilingan, chunki bu kitob boshqa kitoblarning to‘g‘ri va aniqligiga guvohlik beradi”, degan. 

  1. Qur’oni karimga insoniyat tarafidan biror o‘zgartirish kiritilmagan va kiritilishi mumkin ham emas, chunki u Alloh taolo tomonidan muhofaza qilinuvchi kitobdir:

إِنَّا نَحْنُ نَزَّلْنَا الذِّكْرَ وَإِنَّا لَهُ لَحَافِظُونَ

“Albatta, bu zikrni (ya’ni Qur’onni) Biz O‘zimiz nozil qildik va uni O‘zimiz asraguvchidirmiz” (Hijr surasi, 9-oyat). 

Ushbu oyat tafsirida mufassirlar: “Alloh taolo ushbu Qur’onni muhofaza qilishni o‘z zimmasiga olgan. Shunga ko‘ra boshqa kitoblarda bo‘lgani kabi unga biror narsani qo‘shib qo‘yishga yoki undan biror narsani olib tashlashga yoki uning biror joyini almashtirishga yo o‘zgartirishga hech kimning kuchi yetmaydi”, deganlar.   

  1. Qur’oni karim aziz, ya’ni kuchli va izzatli kitobdir, shuning uchun unga kufr keltirganlar kuchsiz va xor bo‘ladilar:

وَإِنَّهُ لَكِتَابٌ عَزِيزٌ

“Shubhasiz, u aziz Kitobdir” (Fussilat surasi, 41-oyat). 

Ya’ni Qur’oni karim har qanday inkor qiluvchini mot qilib qo‘yadigan hujjati kuchli tengsiz kitobdir. 

  1. Qur’oni karimga botil narsalar, ya’ni yolg‘on va behuda narsalar mutlaqo yaqinlasha olmaydi. U doimo musaffo holatida ilohiy mo‘jiza bo‘lib turaveradi:

لَا يَأْتِيهِ الْبَاطِلُ مِنْ بَيْنِ يَدَيْهِ وَلَا مِنْ خَلْفِهِ تَنْزِيلٌ مِنْ حَكِيمٍ حَمِيدٍ

“Unga oldidan ham, ortidan ham (hech qanday) botil (nohaqlik) kelmas. (U) hikmat va hamd egasi (tomoni)dan nozil qilingandir” (Fussilat surasi, 42-oyat).    

Ya’ni Qur’oni karimga biror tarafdan ham botil kela olmaydi, uni inkor qilishning umuman iloji yo‘qdir. 

  1. Qur’oni karim taqvodor bandalarni ikki dunyo saodatiga yo‘llovchi hidoyatdir:

ذَلِكَ الْكِتَابُ لَا رَيْبَ فِيهِ هُدًى لِلْمُتَّقِينَ

   “Ushbu Kitob (Qur’on) shubhadan xoli va taqvodorlar uchun hidoyat (manbai)dir” (Baqara surasi, 2-oyat).

Ya’ni, ushbu kitobning Alloh taolo huzuridan tushirilganiga shak-shubha yo‘q. Bu kitob buyruqlariga bo‘ysunish va qaytariqlaridan qaytish bilan Alloh taoloning g‘azabidan qo‘rqadigan bandalarga hidoyatdir. 

  1. Qur’oni karim namozni to‘kis ado etadigan, zakotni beradigan va oxiratga aniq ishonadigan ixlos bilan amal qiluvchi bandalarga hidoyat va rahmatdir:

هُدًى وَرَحْمَةً لِلْمُحْسِنِينَ (3) الَّذِينَ يُقِيمُونَ الصَّلَاةَ وَيُؤْتُونَ الزَّكَاةَ وَهُمْ بِالْآخِرَةِ هُمْ يُوقِنُونَ (4)

“Ezgu amal qiluvchilar uchun hidoyat va rahmat (manbai ekani) jihatidan. Ular namozni barkamol ado etadilar, zakotni (o‘z joyiga) beradilar va oxiratga aniq ishonadilar” (Luqmon surasi, 3-4 oyatlar).    

  1. Qur’oni karim mo‘min bandalarning barcha moddiy va ma’naviy kasalliklariga shifo va rahmatdir. Unga iymon keltirmay zolim bo‘lganlarga esa ziyonlarini ziyoda qilguvchidir:

وَنُنَزِّلُ مِنَ الْقُرْآنِ مَا هُوَ شِفَاءٌ وَرَحْمَةٌ لِلْمُؤْمِنِينَ وَلَا يَزِيدُ الظَّالِمِينَ إِلَّا خَسَارًا

“(Biz) Qur’ondan mo‘minlar uchun shifo va rahmat bo‘lgan (oyat)larni nozil qilurmiz. (Lekin bu oyatlar) zolim (kofir)larga faqat ziyonni orttirur” (Isro surasi, 82-oyat).   

  1. Qur’on qalblarni jonlantiradigan ilohiy zikr bo‘lib, uning tilovati ruhlarga huzur baxsh etadi:

ص وَالْقُرْآنِ ذِي الذِّكْرِ

“Sod. Zikr manbai bo‘lmish Qur’onga qasamyod etaman!” (Sod surasi, 1-oyat).     

  1. Qur’on insonning baxtli hayot kechirishi uchun lozim bo‘lgan ma’naviy ruhdir:

وَكَذَلِكَ أَوْحَيْنَا إِلَيْكَ رُوحًا مِنْ أَمْرِنَا

“(Ey Muhammad!) Shunday qilib, amrimiz bilan Sizga Ruhni (Qur’onni) vahiy qildik” (Shuro surasi, 52-oyat).    

Alloh taolo Qur’oni karimni ruh deb nomladi, chunki bu kitobning ichida bandaning nafsini jaholat o‘limidan saqlaydigan hayot bor. Molik ibn Dinorning quyidagi so‘zlari buni tushunishimizga yaqindan yordam beradi: “Ey Qur’on ahli, Qur’on qalblaringizga nimani ekdi? Yomg‘ir yerning bahori bo‘lgani kabi Qur’on ham qalblarning bahoridir”.

Olamlar Robbisiga hamdu sanolar, Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafoga hamda u zotning oilalariyu sahobalariga salavot va salomlar bo‘lsin! 

Abdulqodir Abdur Rahim

tayyorladi

O‘MI Matbuot xizmati

 

[1] Manno’ Qatton. Mabahis fi ulumil Qur’on. – Bayrut: “muassasatu kutubis siqofiya”, 1980. – B. 21.

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Yangi O‘zbekiston: illyuziyadan ro‘shnolik tomon

24.07.2026   4055   1 min.
Yangi O‘zbekiston: illyuziyadan ro‘shnolik tomon

Agar davlat idorasining eshigi faqat ichkariga, ya’ni amaldor huzuriga qarab ochilsa, ostonada kutadigan kishi albatta fuqaro bo‘ladi. U arizasini qo‘ltiqlab, "Qachon qabul qilar ekan?" deb sarg‘ayadi. Bor haqiqatni isbotlash uchun bir xonadan ikkinchi xonaga o‘tadi. Ba’zan o‘z haqini undirishni marhamat so‘rash bilan adashtirib ham qo‘yadi.

Agar eshik xalq tomonga ham ochilsa-chi? Bunday holatda qanchalik katta o‘zgarishlar yuz berishi mumkinligiga barchamiz guvoh bo‘ldik.

Prezident Shavkat Mirziyoyev davlatchilik tafakkuriga kiritgan eng ulkan burilishlardan biri oddiy, ammo inqilobiy jumla bilan shunday ifodalandi: "Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak"


Abdulhamid Muxtorov,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi,
"Ziyo" media markazi direktori


Manba: "Ishonch" gazetasi

Gazetani yuklab olish uchun

MAQOLA