Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Avgust, 2025   |   10 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:49
Quyosh
05:21
Peshin
12:34
Asr
17:30
Shom
19:41
Xufton
21:05
Bismillah
04 Avgust, 2025, 10 Safar, 1447

Tejamkor muhtoj bo‘lmas

01.02.2018   4625   6 min.
Tejamkor muhtoj bo‘lmas

Abdulloh bin Masu’d  roziyallohu anhu   Rasululloh salallohu alayhi vasallamdan   rivoyat qiladi: “ Kim tejamkor bo‘lsa, muhtoj bo‘lmas”.( Imom Axmad rivoyati)

Kim mol dunyosini sarflashda isrof va ziqnalikka berilmasa u kishi hech qachon birovga muhtoj bo‘lmas. Agar isrofgar bo‘lsa tez orada qo‘lidagi boyligidan ayriladi. Iqtisodni bilmaganligi tufayli kechagina boy badavlat bo‘lgan inson bugun birovlarning qo‘liga qarab qolishi ham mumkin.  Aksincha ziqnaligi tufayli  bor budidan ayrilib, o‘ziga o‘xshash ziqnalarning  qaramiga aylanib qolishi ham mumkin. Shuning uchun ham Mo‘min kishi tejamkorlikni bilishi va har doim mo‘tadillikni lozim tutishi kerak.  Bu esa o‘z o‘rnida tadbirkorlik deb ataladi.  Haqiqiy tadbirkor kim? Dunyodagi eng boy kishilarmi? Yoki ko‘pchilikni ish bilan ta’minlagan kishimi? Balki yuqori mansablarda ishlayotganlardir?

Haqiqiy asl tadbirkor kim ekanligini kuyidagi oyati karimadan bilib olamiz.

 وَابْتَغِ فِيمَا آَتَاكَ اللَّهُ الدَّارَ الْآَخِرَةَ وَلَا تَنْسَ نَصِيبَكَ مِنَ الدُّنْيَا وَأَحْسِنْ كَمَا أَحْسَنَ اللَّهُ إِلَيْكَ وَلَا تَبْغِ الْفَسَادَ فِي الْأَرْضِ إِنَّ اللَّهَ لَا يُحِبُّ الْمُفْسِدِينَ

Alloh senga ato etgan narsa bilan oxiratni istagin va dunyodan bo‘lgan nasibangni ham unutmagin. Alloh senga ehson qilgani kabi sen ham (odamlarga) ehson qil! Yerda buzg‘unchilik qilishni istama! Chunki Alloh buzg‘unchilarni suymas», – dedilar.

Ha azizlar haqiqiy Mo‘min haqiqiy tadbirkordir. Chunki u nafaqat o‘zining oxirati balki, dunyosini ham unutmaydi. Mazkur amallarni bajarish asnosida esa hammaga birdek manfaat keltiradi. Alloh bergan mol-dunyodan infoq ehson qiladi. Nafaqat o‘z yurtida balki, butun dunyoda buzg‘unchilik qilmaydi va albatta buzg‘unchilik qiladiganlarga xayrixoxlik ham qilmaydi. Chunki u Mo‘min Allohning  suyukli bandalaridan bo‘lishni xoxlaydi. Boshqalarga har taraflama yordam berishni , ularni qo‘llab quvvatlashni o‘zining mo‘minlik burchi deb biladi.

 قُلْ إِنَّ رَبِّي يَبْسُطُ الرِّزْقَ لِمَنْ يَشَاءُ مِنْ عِبَادِهِ وَيَقْدِرُ لَهُ وَمَا أَنْفَقْتُمْ مِنْ شَيْءٍ

فَهُوَ يُخْلِفُهُ وَهُوَ خَيْرُ الرَّازِقِينَ

Ayting: «Albatta, Rabbim bandalaridan O‘zi xohlaganiga rizqni keng qilur va (O‘zi xohlaganiga rizqni) tang qilur. Biror narsani (muhtojlarga xolis) ehson qilsangiz, bas, (Alloh) uning o‘rnini to‘ldirur. U rizqlantiruvchilarning yaxshisidir».

Alloh taolo ushbu oyati karimada barcha maxluqot mavjudot va bandalarning Yaratuvchisi ekanligiga e’tiborimizni qaratmoqchi. Albatta Alloh taolo xoxlasa barcha bandalarini boy badavlat qilib qo‘yishi ham mumkin, lekin bandalarini o‘zaro mehr muhabbat, go‘zal munosabat bilan yashamoqliklarini iroda qilgan. Shuning uchun ham ularning ba’zisini rizqini keng qilib, ba’zisini rizqini esa tor qilib qo‘ygan. So‘ngra boy bo‘lganlarga muhtojlar uchun doimo yordam qo‘lini cho‘zib, ularni moddiy tarafdan qo‘llab – quvvatlab turmoqlikka buyurgan. Toki boylar bilan muhtoj bo‘lganlar o‘rtasida o‘zaro samimiy aloqalar bog‘lansin. Boylar Allohning yo‘lida ehson qilishni o‘rganib, sahovat ko‘rsatishni hayot tarziga aylantirsinlar. Qolaversa mazkur qilayotgan ehsonlarini zinhor minnat yoki tana qilmasinlarki, uning manashunday boy badavlat bo‘lishi Allohning xoxishidir. Mazkur holat bilan faxrlanib kibr havo qilmasinki, Alloh  xoxlasa hozirgi holatni mutlaqo aksini ham qilib qo‘yishi mumkin. «Albatta, Rabbim bandalaridan O‘zi xohlaganiga rizqni keng qilur va (O‘zi xohlaganiga rizqni) tang qilur”. Demak bir kishining boy yoki kambag‘al bo‘lishi Allohning irodasiga bog‘liq ekan, hech kimni o‘z holatidan mag‘rurlanib kibrga ketishi, yoki aksincha kambag‘alligidan norozi bo‘lib shikoyat qilishiga haqqi yo‘q.

Biror narsani (muhtojlarga xolis) ehson qilsangiz, bas, (Alloh) uning o‘rnini to‘ldirur.

Odatda boylar molu dunyoga hirs qo‘yib faqatgina o‘zim bo‘lsam deydilar. Alloh taolo esa ulardagi mazkur illatlarni muolajasi o‘laroq moliyaviy ibodatlarni joriy qilgan. Faqirlarda esa boylarni ko‘raolmaslik illati mavjud bo‘ladi. Alloh taolo ulardagi mazkur illatni ham boylarning sahovati tufayli muolaja qiladi. Odatda har qanday jamiyat aholisi ham moliyaviy taraflama tabaqalanadi, bunday holatdan mutlaq qutilishni hech ham imkoniyati yo‘q. Shuning uchun ham Alloh taolo insoniyatni bir – biriga nafaqat mehrli oqibatli balki ,moliyaviy taraflama ham o‘zaro yordam bergan holda yashamoqlikka buyuradi. Boylarni asosan sahovat qilishdan qaytarib turadigan tushuncha bu, kambag‘al bo‘lishdan qo‘rquvdir. Bu tushunchani ham Alloh rad etib: “bas, (Alloh) uning o‘rnini to‘ldirur. U rizqlantiruvchilarning yaxshisidir», degan.

Nima uchun (Alloh) uning o‘rnini to‘ldirur, deyildi? Chunki qilingan ehson Alloh uchun qilindi. Suratan bir bandaning qo‘liga berilgan bo‘lsada ma’nan Allohning zimmasiga o‘tdi. Alloh taolo biror narsani O‘z zimmasiga olgandan keyin uni o‘rnini undan ko‘ra yaxshirog‘i bilan qaytarishi to‘g‘risida biror shubha bo‘lishi mumkinmi?

 مَنْ ذَا الَّذِي يُقْرِضُ اللَّهَ قَرْضًا حَسَنًا فَيُضَاعِفَهُ لَهُ أَضْعَافًا كَثِيرَةً

Allohga “chiroyli qarz” beradigan (Uning yo‘lida o‘z boyligidan sarflaydigan) kishi bormiki, unga bir necha barobar ko‘p qilib qaytarsa?

Rasululloh salallohu alayhi vasallamga bir qo‘y hadiya qilindi. Oisha onamiz roziyallohu anho uni sadaqa qilib yubordida Rasululloh salallohu alayhi vasallam uchun u qo‘yning bir qo‘lini olib qoldilar.  Chunki Oisha onamiz roziyallohu anho Rasululloh salallohu alayhi vasallam aynan qo‘yning qo‘lini yaxshi ko‘rishlarini bilar edi. Rasululloh salallohu alayhi vasallam qaytib keldilarda: “ ey Oisha! Qo‘yni nima qilding? Deb so‘radilar. “ Qo‘lidan boshqa hammasini sadaqa qilib yubordim”, dedi. Rasululloh salallohu alayhi vasallam: “ Balki qo‘lidan boshqa hammasi qolibdi”, dedilar.

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar

En og‘ir harom

01.08.2025   6753   9 min.
En og‘ir harom

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

 

Yetimning haqqini yeyishning katta gunoh, og‘ir jinoyat va o‘ta ketgan pastkashlik ekanini hech kim inkor qilmasa kerak.

Alloh taolo Qur’oni Karimda: «Yetimlarning mol-mulklarini zulm bilan yegan kimsalar qorinlariga do‘zaxni yebdilar, xolos» (Niso surasi, 10‑oyat), deya bejizga tahdid qilmagan.

«Falonchi yetimning pulini o‘maribdi», deyilsa, har qanday vijdonli odam o‘zi bilgan eng og‘ir gaplar bilan uni qarg‘ashi, haqorat qilishi tabiiy.

Biroq, shariat va voqelik nuqtayi nazari bilan qarasak, yetimning haqqini yeyishdek yana bir katta gunoh, og‘ir jinoyat bor, ammo negadir ko‘pchilik unga beparvo. Bu ‒ ommaning molidan nohaq, o‘g‘rin-cha, yeyishdir.

Ochig‘ini aytish kerak, postsovet mamlakatlarda davlatning mulkini o‘marish odat tusiga kirib, odamlarning qon-qoniga singib ketdi. Odamlar davlatning mulkini xuddi egasiz moldek tasavvur qiladigan bo‘lib qolgan. Davlatning mulkidan o‘g‘rilayotganlar o‘zini hech noqulay ham his qilishmaydi, xuddi otasidan qolgan bog‘dan olma yegandek, xalq mulkini bemalol o‘pqoniga tiqaveradi. O‘rni kelsa, bu borada musobaqalashib ham ketishadi.

Buning bir qator sabablari mavjud bo‘lib, shulardan biri bizdagi zamonaviy davlatchilikning tarixiy ildiziga borib taqaladi. Dahriylar inqilob qilib, Rusiya hukumatini ag‘dardi, ularning toj-taxtini, mol-mulkini talon-taroj qilib, tortib oldi. Keyin bu talonchilik davom etib, kengayib, butun bir xalqning yuqori qatlamiga tegishli barcha narsa musodara qilindi. Dahriy tuzumga qarshi chiqqanlar, ziyolilar, hur fikrli, ongli kishilar xalq dushmani deb e’lon qilinib, o‘ldirildi, qamaldi, surgun qilindi. Shuning uchun o‘sha paytdagi mazlum qatlam bu davlatga nisbatan alamzada bo‘lib qoldi, «davlat mening nasabimni, mavqeimni, mol-mulkimni tortib oldi, endi men ham davlatnikini sovuraman, chunki unda mening haqqim bor» degan tushunchada bo‘ldi. Sovet davrining oxiriga borib, nihoyatda ommalashgan bu tushuncha butun xalqqa singib, davlatning mulkini o‘g‘irlash oddiy ish bo‘lib qoldi, hatto uddaburonlik hisoblana boshladi.

Shu zaylda davlat xalqning mulkini, xalq davlat mulkini talon-taroj qilishga odatlanib qoldi. Bularning barchasi davlat bilan xalq o‘rtasida jarlik, beayov dushmanlikni yanada chuqurlashtirib yubordi. Bugun ham mana shu ruhiyat ko‘p joyda hukmron. Bu, Qur’on ta’biri bilan aytganda, xalqning o‘z-o‘zini o‘ldirishidir (Niso surasi, 29-oyatga ishora).

Ming afsuski, mustabid tuzum parchalanib, yurtimiz mustaqil bo‘lsa ham, juda ko‘pchilikda davlatning mulkiga nisbatan ana shunday noto‘g‘ri munosabat saqlanib qoldi. Jamiyatni bugungacha zimdan qo‘porib, yemirib, zaharlab kelayotgan korrupsiya, poraxo‘rlik, davlat mulkini talon-taroj qilish, birovlarning mulkini aldov yoki firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirish ana shu manfur tuzumdan qolgan razil sarqit, desak, xato bo‘lmaydi.

Aslida davlat mulki ommaning moli bo‘lib, uni nohaq va yashirincha olish eng og‘ir haromlardan sanaladi.

Qur’oni Karim va hadisi shariflarda ommaning molidan yashirincha olib yeyish «g‘ulul» deyiladi. Bu so‘z odatda o‘lja taqsimlanmasdan oldin undan biror narsani maxfiy ravishda olishni bildiradi, lekin ulamolar bu narsa ommaning molidan yashirincha yeyishning barcha ko‘rinishlarini o‘z ichiga olishini ta’kidlashadi.

Rummoniy aytadi: «G‘ulul so‘zi «g‘olalun» so‘zidan olingan bo‘lib, aslida suvning daraxtlar orasiga singishiga aytiladi. Xiyonatda mulkka odamlardan maxfiy suratda, halol bo‘lmagan yo‘l bilan kirim bo‘lgani uchun bu gunoh «g‘ulul» deb atalgan».

Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deydi:

«Kimki g‘ulul qilsa, o‘ljaga xiyonat qilsa, Qiyomat kuni xiyonat qilib olgan narsasi bilan keladi. So‘ngra har bir jon qilgan qilmishini(jazosini) to‘liq oladi. Ularga zulm qilinmas».

Demak, kim ommaning mulkidan yashirincha biror narsa olsa, Qiyomat kuni mahshargohga o‘sha narsa bo‘yniga osilgan holda keladi, odamlardan yashirib qilgan xiyonati barchaga oshkor etiladi. Bu holatning tafsirini bevosita hadisi sharifda o‘qishimiz mumkin.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam oramizda turib, g‘ulul haqida so‘zladilar. Uning gunohi kattaligini, ishi og‘irligini gapirib, shunday dedilar: «Qiyomat kuni birortangiz yelkasida ma’rayotgan qo‘y bilan, kishnab turgan ot bilan kelib, «Ey Allohning Rasuli, meni qutqaring!» deganini ko‘rmayin! Men ham: «Sen uchun hech narsa qo‘limdan kelmaydi, senga (hukmlarni) yetkazganman», demayin. Yelkasida o‘kirib turgan tuya bilan kelib, «Ey Allohning Rasuli, meni qutqaring!» demasin. Men ham: «Sen uchun hech narsa qo‘limdan kelmaydi, men yetkazganman», deb turmayin. Yelkasida unsiz narsa bilan kelib: «Ey Allohning Rasuli, meni qutqaring!» demasin. Men ham: «Sen uchun hech narsa qo‘limdan kelmaydi, men yetkazganman», demayin. Yoki yelkasida hilpirab turgan bir parcha latta bilan kelib, «Ey Allohning Rasuli, meni qutqaring!» demasin. Men ham: «Sen uchun hech narsa qo‘limdan kelmaydi, men yetkazganman», demayin».

Buxoriy va Muslim rivoyati.

Bu hadisi sharifda kim ommaning molidan nimani o‘g‘irlagan bo‘lsa, Qiyomat kuni o‘shani yelkasiga ortgan holda kelishi, unga hatto shafoatchilarning peshvosi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham yordam bera olmasliklari ta’kidlanmoqda. Bundan og‘ir holat bo‘lmasa kerak.

Ommaning mulkidan o‘marishning katta-kichigi bo‘lmaydi, barchasi harom va og‘ir gunoh hisoblanadi. Imom Buxoriy «Sahih»da bu haqda alohida bob ochib, uni «G‘ululning ozi haqida», deb nomlaydi va unda bunday xiyonatning ozi ham og‘ir gunoh ekaniga dalil sifatida quyidagi hadisni keltiradi:

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning yuklariga Kirkira degan kishi mutasaddi edi. U vafot etdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «U do‘zaxdadir», dedilar. Borib qarashgan edi, bir aboa (choponga o‘xshash ustki kiyim) topib olishdi. U buni o‘ljaga xiyonat qilib olgan ekan».

Ommaning molidan haqsiz ravishda, yashirincha olish hatto shahidni ham do‘zaxga uloqtiradi. Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:

«Bir qul Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yuklarini tushirayotgan edi, to‘satdan daydi o‘q kelib, o‘sha qulga tegdi. Odamlar: «Unga shahidlik qutlug‘ bo‘lsin!» deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Yo‘q! Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, Xaybar kuni o‘ljalardan ulushlar taqsim bo‘lmay turib olgan shamlasi (o‘ranib olinadigan ustki kiyim) uning ustida olov bo‘lib lovullaydi», dedilar. Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan buni eshitgan zahoti bir poyabzal ipini olib kelib, «Men mana shuni olgan edim», degan edi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Bu do‘zaxdan (olingan) poyabzalning ipi!» dedilar».

Qarang, kim ommaning molidan biror narsa olsa, do‘zaxdan o‘shancha ulush olgan hisoblanar ekan. Bir ip olsa, do‘zaxdan bir ip, bir ko‘ylak olsa, do‘zaxdan bir ko‘ylak olgan bo‘ladi. Bu ma’no boshqa hadislarda ham ta’kidlanadi.

Imom Termizi Ka’b ibn Ujra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Haromdan bitgan har bir et do‘zaxga munosibdir», deganlar.

Imom Buxoriy Xavla Ansoriyya roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning «Allohning moliga o‘zini nohaq uradigan kishilarga Qiyomat kuni do‘zax bo‘ladi», deyayotganlarini eshitganman».

Ibn Hajar Asqaloniy rahmatullohi alayh ushbu hadisni sharhlar ekan, «Ya’ni musulmonlarning mol-mulkini botil tasarruf etadiganlar», deya izohlaydi.

Demak, musulmonlarning moliga mas’ul bo‘lgan kishi uni o‘ziga emas, birovga nohaq bersa ham, o‘ziga do‘xazni sotib olgan bo‘lar ekan.

Bu hadisi sharifda e’tibor beriladigan yana bir nukta shuki, ommaning moli Allohning moli hisoblanar ekan. Binobarin, xalqning mulkini o‘marayotgan kimsa Allohning molidan olayotganini unutmasligi kerak.

Kimdir «Nima uchun ommaning moli yetimning haqqiga tenglashtirilmoqda?» deyishi mumkin. Buning sababi juda oddiy. Ommaning molida yetimning haqqi bo‘lishi tayin, chunki umumiy boylikda butun xalqning haqqi bor, jamiyatda esa yetimlar bo‘lishi tabiiy. Binobarin, ommaning mulkidan nohaq olgan kishi qaysidir yetimning haqqini ham olgan bo‘ladi. Ammo u qaysi yetimning qancha haqqini olganini bila olmaydi va shu jihatdan buning gunohi yanada og‘irroq bo‘ladi. Bu gunohning tavbasi chin qalbdan nadomat chekish, bu ishni qaytib qilmaslikka qat’iy jazm qilishdan tashqari o‘sha nohaq olingan molni to‘laligicha o‘z joyiga qaytarish bilangina bo‘ladi.

Hasanxon Yahyo Abdulmajid