Rasululloh sallallohu alayhi vasallam marhamat qiladilarki:
“Mo‘min barcha insonlarning ishonchli kishisidir”.
“Mo‘min mo‘minning ko‘zgusidir. Va mo‘min mo‘minni orqasidan ham himoya qiladigan va uni qo‘llab quvvatlaydigan birodaridir”.
“Mo‘minlar bir-biriga yopishgan imorat kabidir”.
“Mo‘min kishi do‘st bo‘ladi va do‘st tutiladi. Do‘stlasha olmaydigan va do‘st tutilmaydigan kishida xayr-yaxshilik yo‘qdir. Insonlarning xayrlisi insonlarga foydasi tegadiganidir”.
“Mo‘min kishi g‘ayratli-rashkli bo‘ladi. Alloh taolo esa eng g‘ayratli- rashklidir”.
“Mo‘min kishi juda zakovatli, qobiliyatli, ziyrak va hushyordir”.
“Mo‘min gunohiga tavba qilguvchidir”.
“Mo‘min banda ikki xavf o‘rtasidadir. Birinchisi: o‘tgan gunohlaridan qo‘rqadiki, ularni Alloh nima qilganini bilmaydi. Ikkinchisi: umrining qolgan qismida boshiga nima halokatlar kelishini bilmaydi”.
“Mo‘minning yelkasi yumshoq bo‘ladi, birodariga kenglik qiladi, munofiq esa to‘ngdir, birodariga tanglik qiladi. Mo‘min avval salom beradi, munofiq esa menga salom bersin deb turaveradi”.
“Haqiqiy mo‘min birovga og‘irligi tushmaydigan kishidir”.
“Insonlar mollari va jonlarini ishonib topshiradigan kishi haqiqiy mo‘mindir”.
“Insonlarga aralashib yuradigan va ularning aziyatlariga sabr qiladigan mo‘min kishi, odamlarga aralashmaydigan va ularning aziyatlariga sabr qilmaydigan mo‘min kishidan afzalroqdir”.
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi
Shu yil 3 mart kuni Ramazon oyi munosabati bilan Namangan shahridagi "Royal" tantanalar majmuasida iftorlik dasturxoni tashkil qilindi.
Muhtaram Prezidentimizning "Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida"gi qaroriga binoan bu yilgi qutlug‘ oy "Ramazon - saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi" shiori ostida o‘tkazilmoqda.
Namangan viloyati bosh imom-xatibi Musoxon domla Abbasiddinov, Ijtimoiy himoya milliy agentligi Namangan viloyat boshqarmasi hamda Vaqf xayriya jamoat fondi Namangan viloyat filiali rahbarlari boshchiligida Namangan shahri, Yangi Namangan va Davlatobod tumanlarida istiqomat qiluvchi nogiron, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqorolar va boshqa konfessiya vakillariga muruvvat ko‘rsatilib iftorlik dasturxoni yozildi.
Duoga qo‘l ochgan fuqarolarimiz yurtga tinchlik-omonlik so‘radilar, bunday hur, emin-erkin zamonning qadriga yetish, shukrona keltirish lozimligini ta’kidladilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati