Rasululloh sallallohu alayhi vasallam marhamat qiladilarki:
“Mo‘min barcha insonlarning ishonchli kishisidir”.
“Mo‘min mo‘minning ko‘zgusidir. Va mo‘min mo‘minni orqasidan ham himoya qiladigan va uni qo‘llab quvvatlaydigan birodaridir”.
“Mo‘minlar bir-biriga yopishgan imorat kabidir”.
“Mo‘min kishi do‘st bo‘ladi va do‘st tutiladi. Do‘stlasha olmaydigan va do‘st tutilmaydigan kishida xayr-yaxshilik yo‘qdir. Insonlarning xayrlisi insonlarga foydasi tegadiganidir”.
“Mo‘min kishi g‘ayratli-rashkli bo‘ladi. Alloh taolo esa eng g‘ayratli- rashklidir”.
“Mo‘min kishi juda zakovatli, qobiliyatli, ziyrak va hushyordir”.
“Mo‘min gunohiga tavba qilguvchidir”.
“Mo‘min banda ikki xavf o‘rtasidadir. Birinchisi: o‘tgan gunohlaridan qo‘rqadiki, ularni Alloh nima qilganini bilmaydi. Ikkinchisi: umrining qolgan qismida boshiga nima halokatlar kelishini bilmaydi”.
“Mo‘minning yelkasi yumshoq bo‘ladi, birodariga kenglik qiladi, munofiq esa to‘ngdir, birodariga tanglik qiladi. Mo‘min avval salom beradi, munofiq esa menga salom bersin deb turaveradi”.
“Haqiqiy mo‘min birovga og‘irligi tushmaydigan kishidir”.
“Insonlar mollari va jonlarini ishonib topshiradigan kishi haqiqiy mo‘mindir”.
“Insonlarga aralashib yuradigan va ularning aziyatlariga sabr qiladigan mo‘min kishi, odamlarga aralashmaydigan va ularning aziyatlariga sabr qilmaydigan mo‘min kishidan afzalroqdir”.
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
-67وَإِنِّي الدَّهْرَ أَدْعُو كُنْهَ وُسْعِي لِمَنْ بِالْخَيْرِ يَوْمًا قَدْ دَعَا لِي
Ma’nolar tarjimasi: Men umrim bo‘yi toqatim yetgancha men uchun biror kun ezgu duo qilgan kishining haqqiga duo qilaman.
Nazmiy bayoni:
Men doimo duoda yetgancha kuchim,
Ezgu duo qilganga meni biror kun.
Lug‘atlar izohi:
وَإِنِّي – oltita nasb qiluvchi harflardan biri, ta’kidlash ma’nosida keladi. اِنَّ ga yopishib turgan mutakallim ي uning ismi, jumla xabaridir.
الدَّهْرَ – lug‘atda “zamon”, “asr” va “uzun umr” ma’nolarini anglatadi. Bu yerda Nozim o‘zining umri muddatini iroda qilgan. Zarflikka ko‘ra nasb bo‘lib turibdi.
أَدْعُو – noqis muzori’ fe’li. Bu fe’lda faqatgina و ning zammasini sukun qilish qoidasi bor xolos.
كُنْهَ – maf’ul. Bu kalima lug‘atda biror narsaning aslini, g‘oyasini va miqdorini anglatish uchun ishlatiladi.
وُسْعِي – mutakallim ي ga izofa qilingan. Bu kalima lug‘atda “toqat” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.
لِ – jor harfi اِلَى ma’nosida kelgan.
مَنْ – jor majrur اَدْعُو fe’liga mutaalliq. Bu kalima turli ma’nolarda qo‘llaniladi:
1. Ismi shart. Masalan, مَنْ يَعْمَلْ
2. Ismi istifhom. Masalan, مَنْ أَتَى
3. Ismi mavsula. Masalan, (Haj surasi, 18-oyat);
4. Nakrai mavsufa. Bunga ushbu matnda kelgan مَنْ misol bo‘ladi.
بِ – maf’ulun bihga qo‘shilib kelgan zoida jor harfi.
الْخَيْرِ – jor majrur دَعَاfe’liga mutaalliq.
يَوْمًا – zarflikka ko‘ra nasb bo‘lib turibdi. Bu kalima ikki xil ma’noda ishlatiladi:
1. Tong otgandan quyosh botguncha bo‘lgan vaqt;
2. Mutlaq vaqt.
Bu o‘rinda ikkinchi ma’noda ishlatilgan.
قَدْ – “tahqiqiya” ma’nosida kelgan.
دَعَا – moziy fe’li, foili مَنْ ga qaytadigan yashirin هُوَ dir.
لِي – jor majrur دَعَا fe’liga mutaalliq.
Matn sharhi:
O‘shiy rahmatullohi alayh “men umrim davomida, xususan, ushbu ishimning so‘ngida menga biror marta bo‘lsin, ezgu duo qilgan barcha do‘stlarim haqlariga doimo duo qilib yurishni o‘zimning burchim deb bilaman”, – deya o‘quvchilarining haqlariga duo qilib so‘zlarini yakunlagan.
Alloh taolo O‘shiy bobomizga va to‘g‘ri e’tiqodni yetkazish yo‘lida xizmat qilib o‘tgan barcha ulamolarga mo‘l-ko‘l mukofotlar ato qilib, yotgan joylarini jannat bog‘laridan qilgan bo‘lsin. Bizlarni hidoyatda sobitqadam qilib, go‘zal oqibatga erishish baxtiga muvaffaq qilsin!
Mana shu o‘rinda sharhimiz poyoniga yetdi. So‘ngi so‘z o‘rnida kitobni O‘shiy bobomizning uslublariga ergashib nazm bilan yakunlash ma’qul ko‘rildi:
Amal poyoniga yetganda alhol,
Shukr-la duoga o‘tamiz darhol:
“Robbimiz Sengadir hamdu sanolar,
Rahmatlari cheksiz Oliy Zul jalol”.
Bo‘lsin salavotu salom barkamol,
Hoshimiy Nabiyga sohibi jamol.
U zotning sunnatin tutgan jamoa,
Havzi kavsaridan bo‘lgaylar xushhol.
E’tiqod musaffo bo‘lsa qay bir hol,
Sunnat, jamoadan ayrilmoq muhol[1].
Musaffo e’tiqod da’vosi bilan,
Ixtilof-la o‘tgan qancha ahli zol[2].
Amal e’tiqod-la bo‘lsa ittisol,[3]
Jonlanar, tashnaga yetgandek zilol.
Yoki tun qo‘ynida yulduzlar aro,
Zulmatni yoritgan to‘lin oy misol.
Sharhimiz cho‘zilib ketdi, ehtimol,
Ammo bari zarur, olmangiz malol.
“Muqiyn”[4] lar safida bo‘lolgan banda,
Dunyo oxiratda ko‘rmagay zavol.
Allohdan yolvorib so‘raymiz shu hol:
O‘shiy bobomizni rahmatingga ol,
Qilgan duolarin ijobat etib,
Oxiratda bergin saodat navol![5]
Qodir Zotga duo qilganda alhol,
Uning quliga ham so‘rangiz iqbol.
Sizlarga saodat tilarman mudom,
Toki mavjud ekan bu tanda majol!
Olamlar Robbisiga hamdu sanolar, Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafoga hamda u zotning ahli oilalariyu sahobai kiromlariga salavot va salomlar bo‘lsin!
Keyingi mavzu:
“Bad’ul amoliy” matni va nazmiy bayoni.