بسم الله الرحمن الرحيم
TADBIRKOR – FAROVONLIKKA MADADKOR
(“Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab- quvvatlash yili”)
Muhtaram jamoat! Dinimizda halol kasbga targ‘ib qilingan bo‘lib, tanballik, dangasalik, ishyoqmaslik kabi jamiyatga zarar keltiruvchi illatlardan qaytarilganmiz. Hatto halol rizq yo‘lida qilinadigan sa’yu harakatlar uchun ulkan savoblar va’da qilingan.
Payg‘ambarimiz s.a.v.dan vorid bo‘lgan hadislarning birida:
عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ مَسْعُودٍ رضي الله عنه قَالَ : قَالَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم : "طَلَبُ كَسْبِ الْحَلاَلِ فَرِيْضَةٌ بَعْدَ الْفَرِيْضَةِ "
(رواه الإمام البيهقي في "شُعَب الإيمان").
ya’ni: Abdulloh ibn Mas’ud r.a.dan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (s.a.v.) aytadilar: “Halol kasb qilish farzdan keyingi farzdir” (Imom Bayhaqiy bu hadisni “Shu’abul-imon” kitobida keltirganlar). Imom Muhammad ash-Shayboniy ilm talab qilish qanday farz bo‘lsa, halol kasb talab qilish ham xuddi shunday farzdir, deganlar.
Kishi birovga muhtoj bo‘lmaslik uchun mehnat qilar ekan, ham o‘zining insonlik sharafini himoya qiladi, ham Yaratganning amriga bosh egadi. Zero, mo‘minga Allohning amri, Rasulining s.a.v. ko‘rsatgan yo‘llari halol mehnat qilmoqlikdir. Rasul akram s.a.v. shunday marhamat qilganlar:
عَنِ الْمِقْدَامِ رَضِي اللَّه عَنْه عَنْ رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّه عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "مَا أَكَلَ أَحَدٌ طَعَامًا قَطُّ خَيْرًا مِنْ أَنْ يَأْكُلَ مِنْ عَمَلِ يَدِهِ"
(رواه الإمام ابن ماجه).
ya’ni: Miqdom r.a.dan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh s.a.v. aytadilar: “Kishi o‘z qo‘l mehnati bilan topganidan ko‘ra yaxshiroq va pokizaroq taom yemaydi” (Imom Ibn Moja rivoyati). Payg‘ambarimiz s.a.v. bir kishining misolini keltirib aytdilar:
قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّه عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "الرَّجُلَ يُطِيلُ السَّفَرَ أَشْعَثَ أَغْبَرَ يَمُدُّ يَدَيْهِ إِلَى السَّماءِ يا رَبِّ يا رَبِّ وَمَطْعَمُهُ حَرَامٌ وَمَشْرَبُهُ حَرَامٌ وَمَلْبَسُهُ حَرَامٌ وَغُذِيَ بِالْحَرَامِ فَأَنَّى يُسْتَجَابُ لَهُ؟" (رواه الإمام مسلم).
ya’ni: Rasululloh s.a.v. aytadilar: “Uzoq haj safariga chiqib, soch-soqoli to‘zib, changga botgan holda ikki qo‘lini osmonga ko‘tarib, “Ey Rabbim, ey Rabbim”, deydi, duo qiladi, vaholanki yegani ham harom, ichgani ham harom, kiygani ham harom, haromdan oziqlangan… Qayerdan ham duosi ijobat bo‘lsin?!” (Imom Muslim rivoyati).
Muhtaram azizlar! Ulamolar tirikchilik va kasb-kor qilish orqali mol topishni bir necha daraja va martabalarga bo‘lgan.
Birinchisi – farz daraja bo‘lib, bu kishining o‘zi va oilasining zaruriy ehtiyojlarini qondirish hamda qarzlarini uzishga yetadigan miqdorda ishlab pul topishidir.
Ikkinchisi – mustahab daraja bo‘lib, bu faqir-kambag‘allarga ham yordam qo‘lini cho‘zish, do‘st-yor va yaqinlariga muruvvat ko‘rsatish maqsadida mol-dunyo orttirishga harakat qilishdir. Nabiyyimiz s.a.v. aytadilar:
عَن ابْنِ عُمَر رضي الله عنهما قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّم: "أَحَبُّ النَّاسِ إِلَى اللَّهِ أَنْفَعُهُمْ لِلنَّاس".
ya’ni: “Odamlarning ichida Allohga eng mahbubi odamlarga ko‘proq manfaati yetadiganidir.
Uchinchisi – muboh darajadagi kasbu kor. Bu farovon hayot kechirish uchun ziyoda mol orttirmoq. Bu ham agar haloldan bo‘lsa joizdir. Rasululloh s.a.v. marhamat qildilar:
عَنْ أبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ قَالَ: "مَنْ طَلَبَ الدُّنْيَا حَلالا اسْتِعْفَافًا عَنِ الْمَسْأَلَةِ وَسَعْيًا عَلَى الْعِيَالِ وَتَعَطُّفًا عَلَى الْجَارِ لَقِيَ اللَّهَ تَعَالَى وَجْهُهُ كَالْقَمَرِ لَيْلَةَ الْبَدْرِ"
ya’ni: “Kim odamlarning qo‘liga qaram bo‘lmaslik, oilasini boqish va qo‘ni-qo‘shnilariga muruvvat qilish uchun halol mol-dunyo talab qilsa, yuzi to‘lin oy kechasidagi oy kabi porlagan holda Allohga yo‘liqadi”.
To‘rtinchisi – makruh daraja bo‘lib, bu manmanlik, kekkayish, kibru havo va maqtanish uchun garchi haloldan bo‘lsa ham mol-mulk topish. Nabiy s.a.v. dedilar:
" وَ مَنْ طَلَبَ الدُّنْيَا حَلالا مُفَاخِرًا مُرَائِيًا مُكَاثِرًا لَقِيَ اللَّهَ تَعَالَى وَهُوَ عَلَيْهِ غَضْبَانُ"
ya’ni: “Kim mol-dunyoni maqtanish, ko‘z-ko‘z qilish va boshqalardan ko‘pligi bilan faxrlanish uchun talab qilsa, Alloh taologa Unga g‘azab qilgan holida yo‘liqadi”.
Erta bilan halol rizq topaman, shu orqali bolalarimni boqaman, degan ezgu va pokiza niyatlarda ishiga yo‘l olgan insonga Alloh huzurida ulug‘ ajrlar yoziladi. Shuning uchun Nabiy s.a.v. bunday deganlar:
عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُا ، قَالَتْ : قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : " مَنْ بَاتَ كَالًّا مِنْ طَلَبِ الْحَلالِ بَاتَ مَغْفُورًا لَهُ "
(رواه الإمام ابن عساكر)
ya’ni: “Kim halol mehnat qilib, horib charchagan holda tunasa, gunohlari kechirilgan holda tunaydi” (Imom Ibn Asokir rivoyati).
Banda halol mehnat qilib, ahli-ayolimning nafaqasi zimmamdagi vojib amal, deb ixlos bilan bozorga qadam qo‘yib kirib borar ekan, Rasululloh s.a.v. ta’lim bergan quyidagi duoni o‘qishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Binobarin, bunda duo qiluvchi uchun ko‘plab foydalar bor. Umar ibn Xattob r.a.dan rivoyat qilinadi, Rasululloh s.a.v. bunday dedilar:
عَنْ عُمَرَ بْنِ الْخَطَّابِ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "مَنْ دَخَلَ السُّوقَ فَقَالَ لاَ إلَهَ إلاَ اللهُ وَحْدَهُ لَا شَرِيْكَ لَهُ، لَهُ الْمُلْكُ وَ لَهُ الْحَمْدُ يُحْيِيْ وَ يُمِيْتُ وَهُوَ حَيٌّ لَا يَمُوتُ بِيَدِهِ الْخَيْرُ وَهُوَ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ قَدِيْرٌ، كَتَبَ اللهُ لَهُ أَلْفَ أَلْفِ حَسَنَةٍ وَمَحَا عَنْهُ أَلْفَ أَلْفِ سَيِّئَةٍ وَرَفَعَ لَهُ أَلْفَ أَلْفِ دَرَجَةٍ"
(رواه الإمام الترمذي).
ya’ni: “Kimki bozorga kirib, “La ilaha illallohu, vahdahu la sharika lahu, lahul mulku va lahul hamdu, yuhyi va yumitu va huva hayyul la yamutu biyadihil xoyru va huva ala kulli shay’in qodir”, - desa Alloh unga ming-ming yaxshiliklar yozadi, ming-ming xatosini o‘chiradi, uni ming-ming darajaga ko‘taradi” (Imom Termiziy rivoyati).
Darhaqiqat, rizqni beruvchi Alloh ekanligiga hech qanday shubha yo‘q. Rizqni qancha miqdorda berish Alloh taologa havola, bandaning vazifasi esa harakat qilish bo‘ladi. Bu haqda Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
قُلْ إِنَّ رَبِّي يَبْسُطُ الرِّزْقَ لِمَنْ يَشَاءُ مِنْ عِبَادِهِ وَيَقْدِرُ لَهُ وَمَا أَنْفَقْتُمْ مِنْ شَيْءٍ فَهُوَ يُخْلِفُهُ وَهُوَ خَيْرُ الرَّازِقِينَ
(سورة سباء/39).
ya’ni: “Ayting: “Albatta, Rabbim bandalaridan O‘zi xohlaganiga rizqni keng qilur va (O‘zi xohlaganiga rizqni) tang qilur. Biror narsani (muhtojlarga xolis) ehson qilsangiz, bas, (Alloh) uning o‘rnini to‘ldirur. U rizqlantiruvchilarning yaxshisidir” (Saba’ surasi, 39- oyat).
Biz niyatimizni to‘g‘ri qilib, Alloh taolodan so‘rab halol kasbu-hunar qilsak, bergan rizqiga shukrona qilsak, inshoalloh, turmushimiz yanada farovon bo‘ladi.
Alloh taolo tadbirkorlarimizning kasbu korlariga baraka berib, xalqimiz turmushida farovonlikni yanada ziyoda aylasin. Omin!
Muhtaram jamoat! Mav’izamizning hanafiy mazhabimizdagi fiqhiy masalalar qismida namozga kech kelib qo‘shilgan kishiga (masbuqga) tegishli ba’zi amallar haqida suhbatlashamiz.
Namozga kech kelib, imomga iqtido qilgan kishi, imomni namozning qayerida topsa shu yeridan boshlab iqtido qiladi.
Agar imom tovush chiqarib (jahriy) qiroat qilayotgan bo‘lsa, “Takbiri tahrima”ni aytib, (ya’ni, “Allohu akbar” deb) sanoni (“Subhanakallohumma...”) o‘qimasdan, unga ergashadi. Imom namozni tugatganidan keyin, yetolmagan rakatlarni o‘zi o‘qib oladi.
Agar imomga maxfiy namozda iqtido qilgan bo‘lsa, kelib qo‘shilgan kishi sanoni o‘qiydi.
Jamoatga kech qolib kelib, imomni ruku’ yoki sajda holatida topgan kishi qaraydi: agar sanoni o‘qib ham, imom bilan birga rukuni yoki sajdani qila olishiga ko‘zi yetsa, sanoni tik turgan holida o‘qiydi va imomga ergashadi. Bunga ko‘zi yetmasa, sanoni o‘qimay, ruku yoki sajdaga boradi.
To‘rt rakatli namozning to‘rtinchi rakatiga yetgan kishi imom bilan bir rakat o‘qiydi, imom salom berganidan keyin turib, bir rakatni Fotiha va zam sura bilan o‘qiydi. Ruku’ va sajda qilganidan keyin tashahhudga o‘tiradi. Tashahhuddan so‘ng turib, yana Fotiha va zam sura o‘qiydi, ruku’-sajda qiladi va to‘rtinchi rakatga turadi. To‘rtinchi rakatda faqat Fotihani o‘qiydi, ruku’-sajda qilib, tashahhudga o‘tiradi va salom berib namozni tugatadi.
Kech qolib kelgan kishi shom namozining oxirgi rakatiga yetib kelgan bo‘lsa, imom salom berganidan keyin, turib ikki rakat o‘qiydi. Bunda har bir rakatdan keyin tashahhudga o‘tiradi va har rakatida Fotiha va zam sura o‘qiydi. Natijada shom namozini uchta qa’da bilan tugatgan bo‘ladi.
(Mazkur masalalar “Fatavoyi hindiyya” kitobidan olindi).
-66 لَعَلَّ اللهَ يَعْفُوهُ بِفَضْلٍ وَيُعْطِيهِ السَّعَادَةَ فِي الْمَآلِ
Ma’nolar tarjimasi: Shoyad, Alloh uni fazli bilan afv etar va unga oxiratda saodatni ato etar.
Nazmiy bayoni:
Shoyad, Alloh afv-la aylab inoyat,
Ato etsa oxiratda unga saodat.
Lug‘atlar izohi:
لَعَلَّ – oltita nasb qiluvchi harflardan biri bo‘lib, “tarajjiy” (umidvor bo‘lishni bildirish) va “ishfoq” (qo‘rquvdan ogohlantirish) ma’nolarida keladi. Bu yerda “tarajjiy” ma’nosida kelgan.
اللهَ – bu lafz لَعَلَّ ning ismi bo‘lgani uchun nasb bo‘lib turibdi.
يَعْفُوهُ – jumla لَعَلَّ ning xabari bo‘lgani uchun raf o‘rnida turibdi. Afv lug‘atda “uzrini qabul qilish”, “jazolamaslik” kabi ma’nolarni anglatadi.
بِفَضْلٍ – jor va majrur يَعْفُوهُ ga mutaalliqdir. Fazl qilish deganda biror sababga bog‘lamasdan yaxshilik qilish tushuniladi.
يُعْطِيهِ – bu fe’l ikki maf’ulli bo‘lib, هِ birinchi maf’ulidir.
السَّعَادَةَ – ikkinchi maf’ul. Saodat lug‘atda “baxt” ma’nosiga to‘g‘ri keladi. Bu kalima ko‘pincha ulug‘lash ma’nosida ishlatiladi.
فِي – “zarfiyat” ma’nosida kelgan jor harfi.
الْمَآلِ – jor va majrur يُعْطِيهِ fe’liga mutaalliqdir. Bu kalima lug‘atda “qaytiladigan joy” ma’nosini anglatadi. Bu yerda barcha bandalarning qaytadigan joylari bo‘lgan oxirat iroda qilingan.
Matn sharhi:
Muallif “shoyad, sizlarning ixlos bilan yolvorib qilgan duolaringiz barakotidan ushbu baytlar muallifini Alloh taolo rahmatiga olib, oxiratini obod qilsa”, deya o‘quvchilardan duo qilishlarini so‘ragan. Ushbu so‘zlarida xayrli amallarni vasila qilish mumkin ekaniga ham ishora bor. Shu o‘rinda duoda vasila qilish haqidagi bahslar bilan yaqindan tanishib chiqish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Vasila lug‘atda “u bilan o‘zgaga yaqin bo‘linadigan narsa” ma’nosini anglatadi. Istilohda esa “duo ijobat bo‘lishi uchun Alloh taologa Uning huzurida qadrli ekani bilingan narsani aytib duo qilish, vasila deb ataladi”.
Vasila duoning maqbul bo‘lish darajasini ko‘tarish maqsadida qilinadi.
Vasila qilish bandadagi muhabbatning, Alloh taologa dalolat qiladigan narsalarni ulug‘lashining alomati hisoblanadi. Zero, bunday ish Qur’oni karimda qalblarning taqvosidan ekani aytilgan:
“Kim Allohning nishonlarini ulug‘lasa, bas, albatta, bu, qalblarning taqvosidandir”[1].
Chunki qilingan amallar qalbdagi taqvoga dalolat qiladi.
Vasila qilish joizligi haqida gapirilganda, uning vosita qilish emasligini, undan tubdan farq qilishini bilib qo‘yish lozim. Chunki banda o‘zining qalbidan o‘tkazayotgan narsalarini ham bilib turuvchi Zotga vosita orqali munojot qilmaydi, balki vasila qiladi. Shu ma’noda vasila vosita qilishdan quyidagi jihatlardan farq qiladi:
1. Vosita qilish haqqi poymol bo‘lgan kishining biror kishini yoki biror narsani o‘rtaga solib zolimdan adolat so‘rashi ma’nosida ishlatiladi. Vasila qilishda esa o‘rtaga biror narsani vosita qilib Alloh taolodan adolat so‘rash ma’nosi yo‘qdir. Balki duoning maqbul bo‘lish darajasini oshirish uchun Alloh taolo huzurida qadrli ekani bilingan narsani aytib duo qilishdir.
2. Vosita qilish ikki taraf ham manfaatdor bo‘ladigan narsaga nisbatan ishlatiladi. Masalan, bir shaxs ikkinchi shaxs orqali ishini bitkazib olsa, ishi bitganidan keyin unga minnat qilishi ham mumkin bo‘lib qoladi. Chunki u ham bu ishdan ozmi-ko‘pmi manfaat ko‘rgan bo‘ladi. Vasila qilishda esa faqatgina bir taraf, ya’ni banda manfaatdor bo‘ladi. Zero, Alloh taolo bandalaridan manfaat ko‘rishdan oliy bo‘lgan Zotdir.
3. Vosita qilishda bir taraf ikkinchi tarafga u bilmagan narsani kimdir yo nimadir yordamida bildirishga harakat qiladi. Vasila qilishda esa oshkora va maxfiy barcha narsalarni bilguvchi Zotga Uning huzurida qadrli ekani bilingan narsani aytib duo qilinadi.
Shuning uchun vasila qiluvchida ushbu tushunchalar haqida to‘g‘ri tasavvur bo‘lishi lozimdir.
Qur’oni karimda vasila axtarishga buyruq kelgan:
“Ey iymon keltirganlar! Allohga taqvo qilinglar va Unga vasila axtaringlar”[2].
Ushbu oyatning tafsirida Imom Moturidiy rahmatullohi alayh: “Bu oyat Allohga isyon qilishdan saqlanish bilan Unga muqarrab bo‘lishga urininglar” ma’nosini anglatadi”, – degan.
Vasilaning beshta turi bo‘lib, ulardan to‘rttasining joiz ekanida biror ixtilof yo‘qdir:
1. Zamon. Arafa kuni, Ramazon oyi, Zul hijjaning o‘n kuni, har kechaning oxirgi qismi kabi ulug‘ sanalgan vaqtlarni vasila qilish mumkin hisoblanadi. Masalan, “Allohim, Ramazon oyini vasila qilib so‘rayman”, deyish mumkin.
2. Makon. Ka’ba, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ravzalari, Masjidul aqso va hakozo ulug‘ sanalgan makonlarni vasila qilish mumkin hisoblanadi. Masalan, “Allohim, Ka’bani vasila qilib so‘rayman”, deyish mumkin.
3. Holat. Vasila qilinadigan ma’lum bir holatlar bor. Masalan, suyanadigan hamma narsasidan umidi uzilib, hech iloj topa olmay, chorasiz qolgan kishi o‘zining nochor holatini vasila qilib so‘rashi mumkin hisoblanadi. Bunday holatga tushgan kishining duolari qabul bo‘lishi Qur’onda bayon qilingan:
“Yoki muztar (nochor) odam duo qilganda ijobat etadigan”[3].
Shuning uchun ham suyaniladigan hamma narsadan umid uzilib, chorasiz qolgan paytda beixtiyor Alloh taologa yolvorishga, Unga iltijo qilishga o‘tish barcha insonlarning tabiatida bor bo‘lgan xususiyatdir.
4. Amallar. Namoz o‘qib, ro‘za tutib, sadaqa berib, haj qilib, umra qilib, Qur’on tilovat qilib, zikr va tasbeh aytib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot aytib, istig‘for aytib, duo qilib, mo‘minlarning duolarini olib, Alloh taoloning go‘zal ismlarini aytib, savob ishlar qilib va harom ishlardan voz kechib vasila qilish mumkin.
Vasilaning ushbu to‘rtta turining joizligida ixtilof yo‘q. Ammo quyidagi beshinchi turi haqida ixtilof qilingan.
5. Ma’lum shaxslarni vasila qilish. Shaxslarni vasila qilish mumkin emas, deganlar ham bor. Vasilaning ushbu turi haqidagi ixtiloflarni umumiy uch qismga ajratish mumkin:
a) mo‘tazila va xavorij firqalari biror shaxsni vasila qilishni mutlaq inkor qilishgan. O‘zlarining bu da’volariga Qur’on va sunnatda kelgan umumiy xabarlarni dalil qilib keltirishgan. Masalan, Qur’oni karimda faqatgina Allohdan yordam so‘rash bayon qilingan:
“Faqat Sengagina ibodat qilamiz va faqat Sendangina yordam so‘raymiz”[4].
Hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday xabar berganlar:
إِذَا سَأَلْتَ فَاسْأَلِ اللَّهَ وَإِذَا اسْتَعَنْتَ فَاسْتَعِنْ بِاللَّهِ.
“Agar so‘rasang, Allohdan so‘ra, agar yordam tilasang Allohdan tilagin”. Termiziy rivoyat qilgan.
Ushbularga o‘xshash oyat va hadislarning zohirlarini dalil qilishib, biror shaxsni vasila qilish mumkin emas, – deganlar;
b) ba’zi ulamolar biror ulug‘ shaxsni vasila qilish joiz, faqat u tirik bo‘lishi shart, – deyishgan. O‘zlarining bu qarashlariga quyidagi hadisni dalil qilib keltiradilar:
عَنْ أَنَسٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ أَنَّ عُمَرَ بْنَ الْخَطَّابِ كَانَ إِذَا قَحَطُوا اسْتَسْقَى بِالْعَبَّاسِ بْنِ عَبْدِ الْمُطَّلِبِ فَقَالَ اللَّهُمَّ إِنَّا كُنَّا نَتَوَسَّلُ إِلَيْكَ بِنَبِيِّنَا صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَتَسْقِينَا وَإِنَّا نَتَوَسَّلُ إِلَيْكَ بِعَمِّ نَبِيِّنَا فَاسْقِنَا قَالَ فَيُسْقَوْنَ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Umar ibn Xattob agar qurg‘oqchilikka duch kelsalar, Abbos ibn Abdulmuttalib bilan (vasila qilib) yomg‘ir so‘rab shunday derdi: “Allohim, biz senga Nabiyyimiz sollallohu alayhi vasallamni vasila qilib so‘rar edik, Sen bizga suv berar eding. Biz endi Sendan Nabiyyimizning amakilarini vasila qilib so‘raymiz, bizlarga suv bergin”. So‘ngra ularga suv berilar edi”. Buxoriy rivoyat qilgan.
Ya’ni ushbu rivoyat Nabiy sollallohu alayhi vasallamni vafot etganlaridan so‘ng vasila qilib bo‘lmasligiga dalolat qiladi, – deydilar;
v) Ahli sunna val-jamoaning jumhuri biror ulug‘ shaxsni vasila qilish uchun uning tirik bo‘lishi shart emas, – deganlar. Yuqoridagi hadisni dalil qilib keltirganlarga bir qancha raddiyalar qilganlar:
– Mazkur rivoyatda Nabiy sollallohu alayhi vasallamni vafot etganlaridan so‘ng vasila qilib bo‘lmasligiga dalolat qiladigan birorta ham ochiq-oydin lafz yo‘q;
– Ushbu rivoyatning, o‘zini, aslida Nabiy sollallohu alayhi vasallamni vasila qilish joizligiga dalil deyish ham mumkin. Chunki Umar roziyallohu anhu: “Nabiyyimiz sollallohu alayhi vasallamni vasila qilib so‘rar edik”, degan. Ma’lumki, ushbu qurg‘oqchilik yili Misr fath etilgandan so‘ng hijriy o‘n sakkizinchi yildan keyin bo‘lgan. Shunga ko‘ra, bu rivoyat o‘tgan yillar mobaynida hayotda bo‘lmaganlari uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni biror marta ham vasila qilishmagan, degan ma’noga dalolat qilmaydi.
– Abbos roziyallohu anhuni vasila qilish aslida musulmonlarga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan boshqa zotlarni ham vasila qilish mumkin ekanini bildirib qo‘yish uchun bo‘lgan. Sahobalar ichidan aynan Abbos roziyallohu anhuni xoslash esa nubuvvat xonadoni hurmati e’tiboridan bo‘lgan.
Shuningdek Umar roziyallohu anhuning mazkur ishlarida yuqoridagilardan tashqari boshqa bir nozik jihati ham bor. Umar roziyallohu anhu zaif mo‘minlarning rioyasini qilib Abbos roziyallohu anhuni vasila qilgan deyish ham mumkin. Chunki duo ijobati Allohning irodasiga bog‘liq ish. Agar u zot farazan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni vasila qilganida va duo ijobati kechikkanida ba’zi insonlarning ko‘ngillariga vasvasaga o‘xshagan narsa kelishi mumkin edi. U zot alayhissalomdan boshqani vasila qilganda esa ijobat kechiksa ham mazkur noqulaylik yuzaga kelmaydi. Ana shu e’tibordan Umar roziyallohu anhuning mazkur ishi rahimdillik bilan qilingan hikmatli ish bo‘lgan.
Keyingi mavzu:
Xotima.