Sayt test holatida ishlamoqda!
30 May, 2025   |   3 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:12
Quyosh
04:53
Peshin
12:26
Asr
17:32
Shom
19:51
Xufton
21:26
Bismillah
30 May, 2025, 3 Zulhijja, 1446

Adliya xodimlari adolat posbonlari

29.01.2018   4448   5 min.
Adliya xodimlari adolat posbonlari

Adliya tizimida ishlaydigan shaxslarning shiori idoraning nomidan kelib chiqqan holda adolat bo‘lmog‘i kerakligini katta-yu kichik, hamma biladi. Ammo xalqimiz ushbu idorada ishlaydigan kishilarning adolatli insonlar ekaniga shubhalanib qaraydi.  Ana shubhalar vazirlik o‘tkazgan maxfiy tadbirda o‘z isbotini topdi.

O‘zA axborot agentligi tarqatgan xabarga ko‘ra, fuqarolarga davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi xodimlarining o‘z ishiga qanchalik halol va vijdonan yondashayotganini aniqlash maqsadida Adliya vazirligida muntazam ravishda “sirli mijoz” tadbirini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan.

Bu haqda adliya idoralarining kengaytirilgan hay’at yig‘ilishida Adliya vaziri Ruslanbek Davletov ma’lum qildi.

Bunda vazirlik xodimi notarius, FHDYO idorasi yoki davlat xizmatlari ko‘rsatish markaziga mijoz sifatida boradi. Ulardan biror xizmat ko‘rsatishni so‘raydi. Bundan bexabar xodim esa...

“Sirli mijoz” Yangiyo‘l tumani davlat xizmatlari ko‘rsatish markaziga yangi korxona tashkil etish istagida borgan. Mas’ul xodim esa mijozdan 400 ming so‘m tama’ qilgan.

Urganch tumani davlat xizmatlari ko‘rsatish markaziga xorijiy korxona ochish istagida borgan “sirli mijoz” qo‘liga o‘z kuchini yo‘qotgan hukumat qarori tutqazilgan.

Ana shunday xufyona o‘rganish natijasida qo‘pol qonunbuzilish holatiga yo‘l qo‘ygan 17 xodim ishdan bo‘shatilgan.

Majlisda bunday holatlarga barham berish borasida barcha imkoniyatlar ishga solinishi qayd etildi.

Vazirlik “sirli mijoz” tadbirini hududiy adliya organlariga ham o‘tkazishni topshirgan. Biroq joylarda bunga “sen menga tegma, men senga tegmayman”, qabilida panja ortidan qaralgan.

Majlisda Qoraqalpog‘iston respublikasi adliya vaziridan bu borada qanday ish qilingani so‘ralganda javob bera olmadi. Unga birinchi chorak yakunigacha yuzta “sirli mijoz” tadbiri o‘tkazish topshirig‘i berildi. Buxoro, Surxondaryo adliya boshqarmalarida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar ham tanqid qilindi.

FHDYO organlari faoliyatiga tanqidiy baho berildi. Bu borada 232 organ aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Lekin ular oldiga qo‘yilayotgan eng dolzarb vazifalarga sovuqqonlik bilan qarayotir.

Prezidentimiz topshirig‘i asosida to‘y marosimlarini ixchamlashtirishga qaratilgan “Bekobod namunasi” ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi. Lekin bundan shu ishni bevosita amalga oshirishga mas’ul bo‘lgan joylardagi adliya xodimlariing hali xabari yo‘q. Masalan, Xorazm viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘idan bu haqda so‘ralganda u sukut saqlagan.  

Hozirda 58 million dalolatnoma yozuvi mavjud bo‘lib, ularning elektron arxivi yaratilmoqda. Bu fuqarolarga yaratilayotan katta qulaylik bo‘lib, zarur hujjatni tez va oson topish imkoniyatini yaratadi.

Bu borada Toshkent shahrida samarali ish olib borilmoqda. Biroq joylardagi 75 FHDYO organi tizim bo‘yicha umuman ish olib bormagan. Shuning uchun majlisda ishni jadallashtirish uchun har bir organga elektron arxivga ma’lumot kiritish bo‘yicha qat’iy yuklama qo‘yilishi aytildi.

Majlisda bundan buyon tizimning har bir sohasi bo‘yicha qattiq nazorat o‘rnatilishi ma’lum qilindi. Bundan o‘z vaqtida xulosa chiqargan xodimlargina tizimda ishlashda davom etishi ta’kidlandi.

Qabuliga kelgan odamning qo‘liga qarash, ularning oson bitadigan ishlarini tamagirlikni qasd qilib  ataylab qiyin qilib ko‘rsatish, xizmat vazifasini suiiste’mol qilib pora talab qilish davlatimiz qonunlariga ko‘ra – jinoyat, millatimiz fitratiga ko‘ra – xiyonat, dinimiz ta’limotiga ko‘ra – gunohi kabiradir.

Ayonki, boshiga biror mushkul ish tushmagan birovdan jabr ko‘rmagan yoki boshqa muammosi bo‘lmagan kishi adliya idoralariga kelmaydi. Tashvishdan yordam so‘rab kelgan odamdan bir narsa tama’ qilish uning ishini yanada og‘irlashtirish demakdir. Shundan saqlanishni amr etib, Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

وَلَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُمْ بَيْنَكُمْ بِالْبَاطِلِ وَتُدْلُوا بِهَا إِلَى الْحُكَّامِ لِتَأْكُلُوا فَرِيقًا مِنْ أَمْوَالِ النَّاسِ بِالْإِثْمِ وَأَنْتُمْ تَعْلَمُونَ

Mol (va boylik)laringizni o‘rtalaringizda botil (yo‘llar) bilan yemangiz! Shuningdek, bila turib, odamlarning haqlaridan bir qismini gunoh yo‘li bilan yeyish (o‘zlashtirish) maqsadida uni hokimlarga havola etmangiz! (Baqara surasi,188-oyat).

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Pora beruvchi ham, pora oluvchi ham do‘zaxdadir”, deganlar (Tabaroniy rivoyati).

Ushbu hadisi sharifdan ayon bo‘ladiki, davlat idorasiga poraxo‘rlikni kasb qilib, shundan boy-badavlat yashashni niyat qilib ishga kirgan kishi o‘zi bilan birga huzuriga yordam so‘rab kelgan kishini ham do‘zaxga yetaklar ekan. Chunki ishini bitirib bermay oylab sudrab yuravergandan keyin odam majbur bo‘ladi-da, uning so‘raganini berishga. Shu bilan u bechora ham bu dunyoda, ham u dunyoda zarar ko‘ruvchi bo‘lib qoladi. Eng yomoni, xalqning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchi butkul yo‘qoladi. Adliya vazirligi tizimida olib borilayotgan islohtlardan vazirlik rahbariyati aynan mana shu yomon illatlarning oldini olish bo‘yicha qat’iy qaror qabul qilganlari bilimoqda.

O‘MI matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Masjidun Nabaviy kutubxonasida “O‘zbekiston burchagi” tashkil etildi

30.05.2025   153   1 min.
Masjidun Nabaviy kutubxonasida “O‘zbekiston burchagi” tashkil etildi

Muborak haj safari davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Kutubxona bo‘limi boshlig‘i Kamoliddin Mahkamov, Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Muzaffarxon Joniyev, Hadis ilmi maktabi rektori Barot Amonov Madinai munavvaradagi Masjidun Nabaviy kutubxonasi bilan tanishish barobarida muassasa bo‘lim boshlig‘i Ahmad Naim Mulla muloqot qilishdi.  


Uchrashuv asnosida ulug‘ allomalarimizning ilmiy meroslari joy olgan “O‘zbekiston burchagi” tashkil etildi. Shu munosabat bilan ushbu kutubxona vakillariga Imom Buxoriyning “Sahihi Buxoriy” va Imom Termiziyning “Sunani Termiziy” va boshqa kitoblar topshirildi.


Muloqot chog‘ida “Sahihi Buxoriy” va “Sunani Termiziy” asarlari “Olti sahih hadislar”dagi o‘rni, islom olamidagi olti buyuk muhaddisdan ikki nafari Movarounnahrdan yetishib chiqqani, buyuk ajdodlarimizning dinimiz taraqqiyotidagi xizmatlari e’tirof etildi.


Shuningdek, bugungi kunda O‘zbekistonda diniy sohada olib borilayotgan siyosat yuqori baholanib, Kutubxonaga taqdim etilgan o‘zbek tilidagi hadislar to‘plamlari sharhlari Haj va Umra ziyoratiga keluvchi ziyoratchilarga muhim manba bo‘lib xizmat qilishi aytib o‘tidi. 
 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

 

Masjidun Nabaviy kutubxonasida “O‘zbekiston burchagi” tashkil etildi Masjidun Nabaviy kutubxonasida “O‘zbekiston burchagi” tashkil etildi
O'zbekiston yangiliklari