Sayt test holatida ishlamoqda!
30 May, 2025   |   3 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:12
Quyosh
04:53
Peshin
12:26
Asr
17:32
Shom
19:51
Xufton
21:26
Bismillah
30 May, 2025, 3 Zulhijja, 1446

Bolaning bo‘sh vaqti – shaytonning ish vaqti

29.01.2018   4817   5 min.
Bolaning bo‘sh vaqti – shaytonning ish vaqti

Adashmasam, yigirma yilcha burun televideniyeda yozuvi Sharof Boshbekov bilan bir suhbat bo‘lgan edi. O‘shanda jurnalist qiz yozuvchidan: “Qanday ayollarni yoqtirasiz?” deb savol bergan edi. (Savolning dahshatligini qarang, ayol kishida, baribir).  Buning-ku, saviyasi ma’lum bo‘ldi, qani yozuvchi nima deb javob qilar ekan, deb turgan edik, Sharof aka: “Men yukli ayollarni yaxshi ko‘raman, chunki ular yangi avlodni dunyoga keltiradi”, deb javob berdi. Javobni eshitib yozuvchining hozirjavobligiga qoyil qoldik va o‘shanda yukli ayollarni hamma yaxshi ko‘rib, e’zozlashi yodimizga kelib qoldi. Negaki, yukli ayol millatning davomchisini dunyoga keltirish uchun o‘zi narigi dunyo ostonasiga bir borib kelishini biladi va farzandini sog‘-salomat qo‘liga olishi uchun shunga jasorat etadi. Nozikkina jussaga bundan ortiq qahramonlik bo‘lishi mumkinmi?

Ana shu murg‘ak jonni to‘qqiz oy jismida ko‘tarib yurib homiladorlik azoblarini mamnuniyat ila o‘tkazgan, farzandi dunyoga kelar choqda ikki dunyo orasida turishga rozi bo‘lgan; etidan et, ko‘zidan nur, qalbidan qur... berib bir farzandni dunyoga keltirgan fidokor ona, chaqalog‘ini bag‘riga bosib, yuzini timdalagan qo‘lchalaridan o‘pib turgan baxtiyor ona, farzandi endigina tetapoya bo‘lganda oyoqchalarini ko‘zga surgan mushtipar ona – ana shu ko‘zining quvonchi ulg‘aygandan keyin, mana shu qo‘llari bilan mushtlab urishini, oyoqlari bilan qarsillatib tepishini tasavvur qila oladimi?..

Odamning ota-onasidan keyingi eng mehriboni opasi bo‘ladi. Onasi bilan opasiga polvonlik qilgan beshariqlik yigitcha tug‘ilgan choqda hammadan ko‘p ana shu opaizori sevingan. Beshigini tebratgan, ho‘l qilib qo‘ygan ishtonchalarini yuvgan, nozikkina jussasida avval ko‘tarib, keyin yetaklab o‘ynatgan, ovqatini yedirgan... Chunki shu mushfiqa opa mening ham endi ukam bor, u bir pahlavon yigit bo‘ladi, mening himoyachim, suyangan tog‘im, arslonim bo‘ladi, deb qanchalar sevingan...

Yana bu voqea qayerda bo‘lyapti deng, ilmu ijodning, yuksak odob-axloqning makoni sanalgan – Farg‘onada. Dinu diyonatdan yiroq, ta’lim-tarbiyasi ham o‘ziga yarasha, allaqanday manzilda shunday hodisa yuz bersa-ku, astag‘firulloh, Alloh undaylarning yuzini teskari qilsin, deb yoqangizga tuflab qo‘yarsiz, ammo bizning mumtoz tarbiya makonimizda bo‘lgandan keyin har qanday odamning aqli shoshib, nima deyishni bilmay qolar ekan. Axir bizning na diniy, na milliy tarbiyamiz onaga, opaga qattiqroq gapirishni yoqlamaydi.

Binobarin, dinimiz ta’limotiga asoslangan milliy tarbiyamizda  “Jannat onalar oyog‘i” ostida ekani aytiladi.

Abu Hurayradan roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda “Bir kishi Rasululloh  sollallohu alayhi vasallamning huzuriga kelib: «Ey Allohning Rasuli, mening chiroyli muomala qilishim uchun insonlarning qaysi biri haqliroq?» deganida, u zot: «Onang», dedilar. «Keyin kim?» dedi. «Onang», dedilar. «Keyin kim?» dedi. «Onang», dedilar. «Keyin kim?» dedi. «Otang», dedilar. (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

Hadisi sharifda chiroyli muomala qilish haqida savol berilyapti. Nabiy alayhissalom chiroyli muomalani avvalo onaga qilish haqida nasihat qilyaptilar. Bu tavsiya fitratida chiroyli muomalasi bor odamlarga daxldor. Ammo xulqida chiroyli muomalasi bo‘lmagan odamlar-chi, na onaning, na otaning, na opa-singilning haqini bilmaydigan qalbi qashshoq kimsalar nima qilsin! Ularning ongida bolaligidan ana shunday fazilat shakllantirilmagan bo‘lsa, nima qiladi! Iso alayhissalom aytganidek, u ham o‘zida borini beradi-da:  belko‘rakni ko‘tarib goh onasini, goh opasini quvlab to‘g‘ri kelgan joyiga urib mayib qiladi...

Bunday ko‘rnamaklar qaydan chiqayapti, kimning tarbiyasini olayapti ular. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, bolaning bo‘sh vaqti – dushmanning ish vaqti. Bolaligidan dinu diyonatni o‘rganmagan o‘smir har joyda sayoq yurib boshvoqlardan oshno-ulfatlar orttiradi, ichkilikka ruju qo‘yadi; ijtimoiy tarmoqlardan niyati buzuq kimsalarni topib olib asta-sekin ularning ta’siriga tushib boradi; televideniyeda uzluksiz namoyish etiladigan o‘zga millatlar seriallaridagi otasining yoqasidan tutib unga baqiradigan tajang personajlarga taqlid qiladi. Shuning uchun ham buyuk zotlar Alloh taologa “O‘z holimga tashlab qo‘yma!” deb munojot qilgan va bizga ham shuni o‘rgatgan.

Ulug‘larimiz ota-onaning farzandi bilan ehtiyot bo‘lib gaplashib boshlagani o‘sha farzandning oq bo‘lib boshlaganidan darak berishini aytganlar.

Shundan xulosa qiladigan bo‘lsak, jabrdiyda ona va opa hozir shifokorlar nazoratida, ularning yarasi-ku bitib ketar, biroq endigina 21 yoshga to‘lgan, butun hayoti hali oldinda bo‘lgan; ham onasiga, ham opasiga oq bo‘lgan ana shu yigitchaning ahvoli nima kechadi... shuni o‘ylab achinadi odam.

Damin Jumaqul

O‘MI Matbuot xizmati

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Masjidun Nabaviy kutubxonasida “O‘zbekiston burchagi” tashkil etildi

30.05.2025   298   1 min.
Masjidun Nabaviy kutubxonasida “O‘zbekiston burchagi” tashkil etildi

Muborak haj safari davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Kutubxona bo‘limi boshlig‘i Kamoliddin Mahkamov, Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Muzaffarxon Joniyev, Hadis ilmi maktabi rektori Barot Amonov Madinai munavvaradagi Masjidun Nabaviy kutubxonasi bilan tanishish barobarida muassasa bo‘lim boshlig‘i Ahmad Naim Mulla muloqot qilishdi.  


Uchrashuv asnosida ulug‘ allomalarimizning ilmiy meroslari joy olgan “O‘zbekiston burchagi” tashkil etildi. Shu munosabat bilan ushbu kutubxona vakillariga Imom Buxoriyning “Sahihi Buxoriy” va Imom Termiziyning “Sunani Termiziy” va boshqa kitoblar topshirildi.


Muloqot chog‘ida “Sahihi Buxoriy” va “Sunani Termiziy” asarlari “Olti sahih hadislar”dagi o‘rni, islom olamidagi olti buyuk muhaddisdan ikki nafari Movarounnahrdan yetishib chiqqani, buyuk ajdodlarimizning dinimiz taraqqiyotidagi xizmatlari e’tirof etildi.


Shuningdek, bugungi kunda O‘zbekistonda diniy sohada olib borilayotgan siyosat yuqori baholanib, Kutubxonaga taqdim etilgan o‘zbek tilidagi hadislar to‘plamlari sharhlari Haj va Umra ziyoratiga keluvchi ziyoratchilarga muhim manba bo‘lib xizmat qilishi aytib o‘tidi. 
 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

 

Masjidun Nabaviy kutubxonasida “O‘zbekiston burchagi” tashkil etildi Masjidun Nabaviy kutubxonasida “O‘zbekiston burchagi” tashkil etildi
O'zbekiston yangiliklari