Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Iyun, 2025   |   18 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:28
Asr
17:39
Shom
20:01
Xufton
21:39
Bismillah
14 Iyun, 2025, 18 Zulhijja, 1446

Sovuq kunlarda ko‘proq sabr tilang va duoda bo‘ling!

29.01.2018   4993   5 min.
Sovuq kunlarda ko‘proq sabr tilang va duoda bo‘ling!

Dam olish kunlari O‘zbekiston hududiga Shimoliy Qozog‘iston orqali G‘arbiy Sibirda hosil bo‘lgan sovuq havo oqimi kirib kelishi haqida xabar berilgan edi. “O‘zgidromet” sovuq havo harorati 7-12 darajagacha pasayib, ob-havoning anomal sovuq bo‘lishi kutilayotganini ma’lum qilgan edi. Sovuq havo oqimi bugun, 29 yanvar kuni ham davom etmoqda.

Shu munosabat bilan muzlash belgilari va anomal sovuqda qanday harakat qilishga doir ma’lumotlarni to‘plab taqdim etishga qaror qilindi.

Muzlash belgilari

Uzoq vaqt suvda, qorda yoki sovuqda qolish, boz ustiga mast holatda bo‘lish natijasida organizm muzlab qolishi mumkin. Qo‘l barmoqlari va yuzning ochiq qismi — yonoqlar, burun, quloqlarni muzlatib olish mumkin. Havo o‘ta sovuq bo‘lsa, oyoq barmoqlari ham xavf ostida bo‘ladi, ayniqsa poyabzal siqsa yoki nam bo‘lsa.

"Odatda muzlagan kishi o‘z holatini his qilmaydi va bu tashxis qo‘yishni qiyinlashtiradi. Shuning uchun uning belgilarini bilish muhim", - deya ogohlantirishadi markaz mutaxassislari.

Dastlab odam sovuqni his qiladi, keyin — qiziydi, avval teri qizaradi, keyin kasallik boshlanadi. Terining sezuvchanligi buziladi, uvishish kuzatiladi.

Muzlash darajalari

Afsuski, aksariyat holatlarda inson muzlaganda o‘z holatini his qilmaydi: har doim ham darajasini aniqlab, to‘g‘ri qaror qabul qila olmaydi, deyishadi shifokorlar. Bu vaziyatda eng yaxshi qaror — tibbiyot xodimiga murojaat qilish.

I darajada terida qizarish va uvishish kuzatiladi, terining ziyon yetgan qismi sezuvchanligini yo‘qotadi, qiziydi va qichishadi. Isitish va ishqalash natijasida muzlagan teri qizara boshlaydi. Birinchi darajali muzlash bir haftadan keyin o‘tib ketadi;

II daraja teri qatlamlariga yanada chuqur ziyon yetishi bilan kuzatiladi, terida shaffof suyuqlikka ega pufakchalar paydo bo‘ladi;

III darajada to‘qimalar jonsizlanadi, qayta tiklanish jarayoniga taxminan bir oy ketadi, jarohat izlari qoladi;

IV darajada nafaqat teri, balki suyaklar va bo‘g‘inlarga ham ziyon yetadi. Ziyon yetgan to‘qimalar ko‘kimtir rangda bo‘ladi, pufakchalar paydo bo‘ladi.

Kuchli sovuqdagi xatti-harakatlarga doir qoidalar

  1. Sovuq havoda imkon qadar ko‘proq duoda bo‘lishlik, zarurat bo‘lmaganda tashqariga chiqamaslik, zarurat bo‘lganda esa issiq kiyimlarni kiyish va “Bismilloh”ni aytib ko‘chaga chiqish zarur;
  2. Kuchli sovuqda mutaxassislar uydan faqat to‘yimli nonushta yoki tushlikdan keyingina chiqishni tavsiya qilishadi, shunda organizm yetarlicha energiya ishlab chiqaradi;
  3. Sovuqda tinmay harakat qilish kerak. Bir joyda turmang! Suyanish yoki sovuq joyga o‘tirish mumkin emas;
  4. Issiq kiyinish kerak. Bir necha qavat, yaxshisi tabiiy matolardan tikilgan kiyimlar, issiq hamda qulay poyabzal va albatta, bosh kiyim va qo‘lqoplar;
  5. Shifokorlar isinish uchun spirtli ichimlik iste’mol qilishni tavsiya qilishmaydi.

 

Biror kasallikka yo‘liqqan kishi, bu kasallikdan xalos bo‘lishi uchun hech vaqt o‘tkazmay, mutaxassis shifokorlarga murojaat qilishi, uning tavsiyalariga amal qilib, ayni paytda duodan ham foydalanmog‘i lozim. Bu duolarni bemorning o‘zi o‘qishi yoki birov unga o‘qishi mumkin.

Tahoratli holda avvalo “Fotiha” surasi, so‘ngra Qur’oni karimdan shifo oyatlari o‘qiladi.

“Bismillahir rohmanir rohiym. Va yashfi suduro qovmin mu’miniyna va yuzhib g‘oyzo qulubihim”.

Ma’nosi: “Alloh mo‘minlar qavmi siynalariga shifo beradi va dillaridagi alamni ketkazadi” (Tavba, 14-15).

“Ya ayyuhan-nasu qod jaatkum mav’izotun min Robbikum va shifaun lima fis-suduri va hudan va rohmatan lil-mu’miniyn”.

Ma’nosi: “Ey odamlar! Sizlarga Robbingizdan va’z (nasihat), dillardagi narsa (shirk illati)ga shifo va mo‘minlarga hidoyat va rahmat keldi” (Yunus, 57).

“Va nunazzilu minal Qur’ani ma huva shifaun va rohmatun lil-muminiyn”.

Ma’nosi: “(Biz) Qur’onda(n) mo‘minlar uchun shifo va rahmat bo‘lgan (oyat)larni nozil qilurmiz” (Al-Isro, 82).

“Qul huva lil-laziyna amanu hudan va shifaun”.

Ma’nosi: “Ayting: «(Ushbu Qur’on) imon keltirgan zotlar uchun hidoyat va shifodir”.

Bu oyatlar o‘qilgach, bunday duo etiladi: “Allohumma Robban-nasi azhibil-basa, ishfi Antash-shafiy la shifaa illa shifauka, shifaan la yug‘odiru saqoman”.

Ma’nosi: “Allohim, ey insonlarning Rabbi, kasallikni mahv etuvchi! Ortda kasallikni qoldirmaydigan shifo ber. Shifo berguvchi faqat O‘zingsan. Sendan o‘zga shifo berguvchi yo‘qdir” (Abu Dovud. “Janoiz”, 3107-hadis).

“Allohumma ishfi 'abdaka yankalaka 'aduvvan av yamshi laka ila solatin”.

Ma’nosi: “Allohim, shu bandangga shifo berginki, Sening bir dushmaningga ziyon yetkazsin yoxud Sening rizoligingga erishmoq uchun namoz o‘qishga yurib borsin”.

“Bismillahi arqika min kulli shayin yuzika min sharri kulli nafsin av aynu hasidiyn. Allohumma yashfiyka, bismillahi arqika”.

Ma’nosi: “Senga iztirob beruvchi hamma narsadan, har hasadgo‘y nafsdan yoxud ko‘zdan Allohning nomi ila senga shifo so‘rayman. Alloh nomi ila senga shifo so‘rayman” (Termiziy. “Janoiz”, 972-hadis).

Manba: kun.uz

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Fatvo berishga kim haqli

13.06.2025   1566   6 min.
Fatvo berishga kim haqli

Hozirgi kunda islom jamiyatida, dunyo musulmonlari, ayniqsa yurtimiz musulmonlari orasida fatvo berish, fatvo chiqarish, fatvo so‘rash kabi atamalar ko‘p ishlatilmoqda.

Fatvo so‘zi arab tilida “savolga javob berish” ma’nosini anglatadi. Istilohda esa, shar’iy masala haqida savol so‘ragan odamga dalilga asoslangan holda javob berishdir.

Birinchi fatvo beruvchi shaxs Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bo‘lgan. U zotdan keyin sahoba, tobein va keyingi davr mujtahid ulamolar fatvo berish bilan shug‘ullanib, bugungi kunimizgacha davom etib kelmoqda. Shariatda musulmonlar hayotida paydo bo‘ladigan savollar bo‘yicha fatvo berilishi bu farzi kifoya amal hisoblanadi.

Qur’on va hadisdan hukm chiqarishning o‘ziga xos talablari mavjud. Qur’on va hadisga asoslangan holda musulmonlarning manfaatlaridan kelib chiqib, inson kamoloti, jamiyat farovonligi hamda uning ijtimoiy taraqqiyotini ko‘zlab hukm chiqarish alohida bilim va malaka talab etadi. Mo‘tabar manbalarda qayd etilishicha, arab tili, Qur’on va hadis ilmlari, fiqh va islom tarixini juda chuqur va mukammal biladigan va yana boshqa zarur sifatlarga ega bo‘lgan shaxslargina fatvo berish huquqiga ega.

Shunday bo‘lsa-da, biror-bir masalada hukm chiqarish zarur bo‘lib qolsa, avvalo, mazhablar ta’limotiga tayaniladi, agar ularning birortasida masalaning yechimi topilmasa, musulmonlarga osonlik va qulay sharoit yaratish nuqtayi nazaridan muftiylar tomonidangina fatvolar chiqarilishi mumkin.

Fatvo berish mas’uliyati. Islomda fatvoning o‘rni va ta’siri muhim bo‘lishi bilan birga o‘ta mas’uliyatli vazifa ham hisoblanadi. Chunki fatvoda Allohning hukmlarini bayon qilish maqsad qilinib, unda halol-harom, savob-gunoh, jannat-do‘zax orasidagi amallar ko‘rsatib beriladi. Imom Shotibiy rahmatullohi alayh fatvo berish mas’uliyati haqida to‘xtalib quyidagilarni ta’kidlaydi: “Muftiy – hukmlarni yetkazishda Rasululloh sallalllohu alayhi vasallamga o‘rinbosar va U zotning merosxo‘ri hisoblanadi. Shu bois u Rasululloh sollalllohu alayhi vasallam nomlaridan gapiradi”.

Haqiqatan, Abdulloh ibn Ja’fardan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bu borada ogoh va e’tiborli bo‘lishga chaqirib: “Fatvoga jur’atli bo‘lganlaringiz do‘zaxga jur’atli bo‘lganingizdir”, – deganlar. Ya’ni voqe’likni to‘liq o‘rganmay, yetarli bilim va tajriba orttirmay turib, qo‘rqmasdan jur’at bilan fatvo berishdan qaytarganlar.

Buni chuqur anglab yetgan musulmonlarning dastlabki avlodlari o‘zlaridan ilmli shaxs bo‘lgan joyda sukut saqlashgan.

Imom Molik rahmatullohi alayhdan goho ellikta masala so‘ralganda bittasiga ham javob bermagan paytlari bo‘lgan ekan. Buning sababi so‘ralganda, u zot: “Javob beruvchi o‘zini avval do‘zaxga solib ko‘rsin, xalos bo‘lishiga ko‘zi yetsa, javob bersin”, – degan ekanlar.

Abu Aliy az-Zarirdan rivoyat qilinadi: “Men Ahmad ibn Hanbalga: “Kishiga fatvo berishi uchun qancha hadis yetarli, yuz ming hadis yetadimi?” – dedim. U: “Yo‘q”, – dedi. Men: “Ikki yuz mingchi?” – dedim. U: “Yo‘q”, – dedi. Men: “Uch yuz mingchi?”, – dedim. U: “Yo‘q”, – dedi. Men: “To‘rt yuz mingchi?” – dedim. U yana: “Yo‘q”, dedi. Shunda men: “Besh yuz ming bo‘lsachi?”, – degan edim, u: “Umid qilaman”, – deb aytdi”.

Yuqorida keltirib o‘tilgan dalillardan kelib chiqib shuni ta’kidlash lozimki, fatvo berish o‘ta mas’uliyatli bo‘lganligi jihatidan unga hamma ham jur’at qilavermaydi. Buning ortida jamiyat va unda yashovchi shaxslar uchun g‘oyat xatarli zararlar kelib chiqish mumkin. Shayx Ramazon Butiy aytadi: “Hukm chiqarish ilmi tibbiyot ilmi kabidir. Mabodo birovning farzandi og‘ir kasalga chalinib qolsa, u tegishli tashxis qo‘yish va farzandini davolash uchun tibbiyotga oid kitoblarni titadimi yoki malakali shifokorning oldiga boradimi? To‘g‘risini aytganda, uning esi joyida bo‘lsa, keyingi yo‘lni tanlaydi. Dinda ham xuddi shunday. Aslida bu tibbiyotdan ham muhimroq, shuningdek qamrovi jihatidan xavfliroqdir”.

Hech kimga sir emaski, hozirgi kunda ba’zilar o‘zicha oyat va hadislardan hukm chiqarib, noto‘g‘ri fatvolar berib, o‘zini va o‘zgalarni adashtirmoqda.

Ba’zi bir e’tirof etilmagan shaxslar yoki ma’lum maqsadlarga yo‘naltirilgan tuzilmalar tomonidan qo‘shtirnoq ichidagi “fatvolar” insonlarni islom ma’rifatidan uzoqlashtirishga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, ularning “jihod”, “bay’at”, “takfir”, “bemazhablik”, “hijrat” kabi masalalardagi asossiz “fatvolari” nohaq qon to‘kilishiga olib bormoqda va insonlarning kafolatlangan huquqlariga rahna solinishiga sabab bo‘lmoqda. Imom Molik rahmatullohi alayhning ustozlari bo‘lgan Robia ibn Abdurahmonni yig‘lagan holda ko‘rib, undan buning sababini so‘rashganda, u zot kishilar diniy-huquqiy savollarni bilimi bo‘lmagan shaxslardan so‘rashayotganini ko‘rganligi, bu holat islomda katta xatar paydo bo‘lganligidan darak berishini ta’kidlagan ekanlar.

Demak, chuqur ilm, tajriba va xolislik kabi fazilat bo‘lmay turib, fatvo berishning oqibati xayrli emas. Shunday ekan, ba’zi doira yoki guruhlar tomonidan islomda ulkan masala sifatida qaralgan hukmlarga e’tiborsiz va mas’uliyatsizlik bilan fatvo berishlari o‘zlari va o‘zgalarni ham adashtirishdir. Qanday qilib shaxslarni va butun boshli jamiyatlarni kofirga chiqarib, jamoat oldida ularga ergashishni harom demoqdalar?!

Xulosa qilib aytganda, fatvoning musulmonlar hayotida o‘rni muhimligini hisobga olgan holda ilm va salohiyatsiz fatvo berish yoki uchragan kishidan fatvo so‘rash va unga ergashib ketaverish adashuvga olib boradi. Bu kabi salbiy oqibatlarni keltirib chiqaruvchi ixtiloflarning oldini olish birinchi navbatda islom markazlari va ulamolarning muhim vazifalaridan hisoblanadi.

Alloh taolo barchamizni turli ixtilof va fitnalardan asrab, barchamizni mamlakatimizda ming yillardan beri amal qilib kelinayotgan hanafiy mazhabimizga muvofiq ibodatlarini ado etib, zavqli hayot kechirish baxtiga nasib etsin!


Manba: "Ahli sunna" telegram kanali

MAQOLA