sahobalar hayoti
Asli Bani Ma’n qabilasidan bo‘lgan Su’da binti Sa’laba sakkiz yoshli o‘g‘li bilan ona qishlog‘iga yaqinlarini ziyorat qilish uchun otlandi. Karvonga qaroqchilarning to‘satdan hujum qilishi mumkinligi qarindoshlarini ko‘rish ilinjida xursand ketayotgan Su’daning xayoliga ham kelmagan edi...
Bani Qayn qabilasidan bo‘lgan qaroqchilar karvondagilarni taladi. Ko‘pchilik qatori Su’daning sakkiz yoshli o‘g‘li Zayd ibn Horisani ham asir olib, Ukkoz bozoriga olib ketishdi.
Quraysh qabilasidan bo‘lgan Hakim ibn Hizom ibn Xuvaylid ham shu bozorga borgan edi. Uning karvoniga Zayd bilan yana ikki-uch nafar bola qo‘shilib Makkaga qaytishdi.
Makkada Hakim ibn Hizom o‘zini ziyorat qilish uchun kelgan ammasi, turmushga chiqish arafasida turgan Xadicha binti Xuvaylidni (roziyallohu anhu) xursand qilmoqchi bo‘ldi: “Ammajon! Sizni juda yaxshi ko‘raman. Ukkozdan ikki-uch g‘ulom oldim. Ulardan xohlaganingizni oling, o‘g‘lingiz kabi xizmatingizni qilib yursin”, dedi.
Xadicha binti Xuvaylidning ko‘ziga Zayd yaxshi ko‘rindi. Farzandidek tarbiya qilishni o‘ylab, uni olishlarini aytdilar.
Ko‘p o‘tmay, Xadicha onamiz bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘ylari bo‘lib o‘tdi. To‘ydan keyin onamiz roziyallohu anho Zaydni Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga boshlab kirib: “Sizni xursand qilmoqchiman. Zaydni yaxshi ko‘rishingizni bilaman. Uni sizga beraman, xizmatingizni qilib yuradi”, dedilar.
* * *
Yosh Zayd muborak xonadonda farzanddek mehr, e’tibor ko‘rib, katta bo‘ldi. Ota-onasi uni sog‘inib, qidirmagan joylari qolmadi.
Bir yili haj mavsumida Makkada Ka’bani tavof qilayotgan otasining qavmdoshlari xuddi Zaydga o‘xshash bolani ko‘rishdi. Surishtirishgach, u Zayd ekani aniq bo‘ldi. Hajlari tugab, ortlariga qaytishganida Horisaga o‘g‘li Makkada ekanini aytdilar.
Er-xotinning boshi osmonga yetdi. Horisa darrov ukasi Ka’bni olib, Makkaga shoshildi. To‘g‘ri Muhammad ibn Abdullohning (sollallohu alayhi vasallam) uyiga keldi-da, eshikni taqillatdi. Rasulullohni ko‘rgach, muddaosini ayta boshladi:
– Ey Abdumuttalibning o‘g‘li! Sizlar muborak masjid atrofida istiqomat qiluvchi qavmsizlar. Kelgan-ketganlardan yaxshiliklaringizni ayamaysizlar. Shu desangiz, uyingizda yugurib yurgan bola mening o‘g‘limdir. Uni anchadan beri qidirib yurgan edik, shu yerdaligini bilgach, siz tomon shoshildik. Yonimizda bir muncha pul bilan bolamni olib ketgani keldik. Pulni oling-da, farzandimizni qaytarib bering!
– O‘g‘lim deb kimni aytyapsiz?
– Zaydni.
– Unda sizlarga bir narsani taklif qilaman.
– Nimani?
– Zaydni chaqiramiz, o‘zidan so‘raymiz. Agar sizlar bilan ketishni istasa, pul bermasdan ham olib ketishingiz mumkin. Agar qolishni xohlasa, men uni fikridan qaytarishga ojizman.
– Insofli gapni aytdingiz. Biz rozi.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) Zaydni chaqirdilar-da, mehmonlarning kimligini so‘radilar.
– Bular otam Horisa va amakim Ka’blar.
– Men sening bir narsani tanlashingni istayman. Xohlasang, ular bilan ketishing mumkin. Istasang, men bilan qol. Ixtiyoring o‘zingda.
– Men siz bilan qolaman.
Otasining kayfi uchdi:
– Nimalar deyapsan, Zayd? Ota-onangning oldiga qaytishni xohlamaysanmi?
– Men bu insonda boshqalarda bo‘lmagan xislatlarni ko‘rdim. Uni aslo tark etmayman.
* * *
Bu gaplarni eshitgan Muhammad ibn Abdulloh (sollallohu alayhi vasallam) Zaydni Ka’baga, qurayshliklar o‘tiradigan joyga boshlab keldilar-da, baland ovoz bilan dedilar:
– Guvoh bo‘ling, qurayshliklar! Zayd mening o‘g‘lim va merosxo‘rimdir.
Bu holatni ko‘rgan ota va amaki Zayddan ko‘ngillari to‘q bo‘lib, orqaga qaytishdi.
O‘sha kundan boshlab u Zayd ibn Muhammad, ya’ni Muhammadning o‘g‘li Zayd, deb chaqirila boshlandi. Bu holat to Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga vahiy tushib: «...ularni (asrandi farzandlarni) o‘z otalari (ismi) bilan chaqiringiz» oyati nozil qilingunicha davom etdi. Shundan keyin yana Zayd ibn Horisa deb chaqiriladigan bo‘ldi.
* * *
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga payg‘ambarlik tushgach, erkaklardan birinchi bo‘lib Zayd ibn Horisa roziyallohu anhu musulmon bo‘ldi. Shundan so‘ng, u Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sirdoshi, maslahatchisi, safarlarga chiqqanlarida o‘rinbosari bo‘lib qoldi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Zayd roziyallohu anhuni qanchalar yaxshi ko‘rishlarini u zotning suyukli ayollari Oysha onamiz roziyallohu anho aytib beradilar.
“Bir kuni Zayd Madinaga qaytib kelganida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mening uyimda edilar. Zayd eshikni taqillatdi. U paytda Rasululloh muborak yelkalari ochiq o‘tirar edilar. Xursand bo‘lganlaridan shu holda bo‘lsa ham yugurib, unga peshvoz chiqdilar. So‘ng quchoqlab ko‘rishdilar. Allohga qasam, undan oldin ham, keyin ham Rasulullohni shu holatda ko‘rmaganman”.
Payg‘ambarimiz qattiq muhabbat qo‘yganlari bois musulmonlar uni “Zaydul hub”, ya’ni “Muhabbat Zaydi”, deb chaqirishardi.
Zayd ibn Horisa hijriy sakkizinchi yili “Mu’ta” safarida vafot etadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam suyukli insonlarining vafotidan qayg‘urdilar. Ta’ziya bildirgani uylariga kelganida, Zaydning o‘g‘li Usoma ibn Zayd roziyallohu anhu unsiz yig‘lab o‘tirgan edi. Nabiralari Hasanga tengdosh Usomaning yig‘isidan U zot ham o‘zlarini tutib turolmay, unsiz yig‘ladilar. Yonlaridagi Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhu: “Yo Rasululloh! Bu nima?” deb so‘raganlarida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu Habibullohning habibiga yig‘isidir”, deb javob berdilar.
Ziyouddin MAQSUDOV
tayyorladi.
O‘MI matbuot xizmati
Munosabat
Avvalo, barcha yurtdoshlarimizni xursandchilik ayyomi – Qurbon hayiti bayrami bilan samimiy muborakbod etaman!
Mamlakatimizda Qurbon hayiti nafaqat diniy, balki umummilliy bayram sifatida ham keng nishonlanadi. Zero, ushbu kunda yurtdoshlarimiz bir-birini hayit bilan samimiy tabriklab, o‘zaro sovg‘alar ulashadi, millati, tili va dinidan qat’i nazar, yolg‘iz keksalar, kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olinib, xayriya ishlari amalga oshiriladi.
Shu ma’noda, ushbu qutlug‘ bayram insonparvarlik va bag‘rikenglik ramzi bo‘lish bilan birga, insonlar o‘rtasida o‘zaro mehr-muhabbat va hamjihatlik kabi fazilatlarni ham o‘zida mujassam etadi.
Yurtimizda hayit bayramini munosib kutib olish va o‘tkazish, shuningdek, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, xalqimizning ko‘p asrlik an’ana va urf-odatlariga uyg‘un holda o‘tkazilishiga alohida e’tibor qaratiladi. Buning uchun barcha zarur tayyorgarliklar ko‘riladi, mamlakatimizning barcha hududlarida tom ma’noda bayram shukuhi hukm suradi.
Kezi kelganda yurtimizda “Inson qadri uchun” degan ulug‘vor g‘oya asosida barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy jabhada ham katta islohotlar amalga oshirilayotgani, normativ-huquqiy hujjatlar takomillashtirilib, soha faoliyati samaradorligi yangi bosqichga chiqarilayotganini alohida qayd etish lozim.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan oxirgi yillarda yurtimizning har bir go‘shasidagi ulkan bunyodkorlik ishlari izchil davom ettirilmoqda. Xususan, Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi binosi qurilishi yakuniga yetib bormoqda, Samarqandda Imom Buxoriy majmuasi qad rostlamoqda.
Yaqinda Prezidentimiz ushbu majmuaga tashrif buyurib, u yerdagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi, zarur ko‘rsatmalar berdi. Zero, bu davlatimiz rahbarining uzoqni ko‘ra bilishi, ulug‘ ajdodlarga yuksak ehtiromining yorqin ifodasidir.
E’tiborga sazovor jihatlardan yana biri shuki, Prezidentimiz qo‘ng‘iroq qilib, hojilarimiz uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ularning salomatligi va kayfiyati haqida so‘radi. Bundan hojilarimiz behad mamnun bo‘ldi, e’tibor va ehtiromdan xursand bo‘lgan ziyoratchilarimiz ko‘zlarida yosh bilan duo qildilar.
Arafot maydonida, duolar mustajob bo‘ladigan ayni onlarda Prezidentimizning Qurbon hayiti munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan tabrigini katta hayajon bilan eshitdik. Yaratgandan yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik so‘rab, duolar qildik.
Ayniqsa, tabrikda hojilarimiz alohida eslab o‘tilgani ziyoratchilarimizni cheksiz quvontirdi.
Barcha yurtdoshlarimiz qatori hojilarimiz ham ushbu tabrikdagi olijanob g‘oya va tashabbuslarga befarq emasligini izhor qildi.
Tabrikdagi “Inson qadri uchun, inson baxti uchun!” degan olijanob g‘oya barcha jabhalardagi islohotlarning asosi ekanini alohida e’tirof etish va hojilarimizning tashabbuslari ham ushbu g‘oyaga hamohang ekanini qayd etish lozim.
Bu Arafot maydonida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga hojilarimizning murojaatida ham o‘z aksini topdi. Jumladan, mazkur murojaatda hojilarimiz yurtga qaytgach, “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” degan ezgu tashabbusni bir ovozdan ilgari surib, Uchinchi Renessans yaratuvchilarini tarbiyalashda Prezidentimizga ko‘makchi bo‘lamiz, deb va’da berdi.
Shuningdek, Vatanimiz taraqqiyotiga xolis xizmat qilish, mahallalarda tinchlik va birdamlikni mustahkamlash, tinchlik-osoyishtalikning qadriga yetish, xalqimizni ma’nan yuksaltirish, jamiyatdagi islohotlarga daxldorlik hissini oshirish kabilarni targ‘ib etish borasida faol bo‘lishni aytib o‘tdi.
O‘z navbatida, hojilarimiz kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ilm-ma’rifatga homiylikda namuna bo‘lish, to‘ylar, oilaviy tadbirlar va marosimlarda me’yorga amal qilgan holda kamxarj va ixcham o‘tkazishda bosh-qosh bo‘lish, mahallalardagi notinch oilalar, shu jumladan, tarbiyasida muammosi bor yoshlar o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish, hududlardagi maktablarning ta’mirga muhtoj qismini joriy ta’mirlash ishlariga ko‘maklashish, xayriya, mehr-muruvvat va yordam ko‘rsatish ishlarini ko‘paytirish kabi tashabbuslarni qat’iy amalga oshirishga ahd qildi.
Aziz yurtdoshlar! Shubhasiz, ushbu shukuhli kunlar tom ma’noda barchamiz uchun katta bayram, xursandchilik onlaridir. Mo‘tabar manbalarda saodatli damlarni shodu xurramlik bilan o‘tkazish bo‘yicha ko‘p tavsiyalar kelgan. Ulamolarimiz: “Hayit kunlari shodlikni izhor qilish dinning shiorlaridan”, deyishadi. Demak, Qurbon hayiti kunlarida quvonchimizni, saxovatimizni har qachongidan ko‘ra ko‘proq namoyon qilishimiz lozim. Ayniqsa, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga yordam ko‘rsatishga shoshilishimiz lozim.
Ushbu fazilatli kunlarda muborak manzillarda turib, ona Vatanimizga tinchlik-osoyishtalik, xalqimizga yanada farovon hayot, farzandlarimizga baxtu saodat so‘rab, duolar qilmoqdamiz!
Qurbon hayitingiz muborak bo‘lsin!
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy