Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Iyun, 2025   |   20 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:39
Shom
20:01
Xufton
21:40
Bismillah
16 Iyun, 2025, 20 Zulhijja, 1446

Munosabat: Istiqbolli loyihalar amalga oshmoqda

29.01.2018   4056   4 min.
Munosabat: Istiqbolli loyihalar amalga oshmoqda

Kecha davlatimiz rahbari Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurdi. Qashqadaryo vohasi mamlakatimizning jadal rivojlanib borayotgan iqtisodiy potensiali yuksak: tabiiy boyliklari mo‘l, chorvachilik va dehqonchilikka ham nihoyatda qulay hududlaridan hisoblanadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 24-25 fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida ko‘plab istiqbolli loyihalar bilan tanishib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan zarur topshiriqlar bergan edi.

O‘tgan bir yilga yaqin vaqt mobaynida viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi 2016 yilga nisbatan 3,1 foiz o‘sdi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 6,4, kapital qo‘yilmalar hajmi 23,5, pudrat ishlari 4, qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish 8, bozor xizmatlari 4,2 va chakana savdo aylanmasi 2 foiz o‘sishi ta’minlandi. Bandlik dasturi doirasida 71 ming 706 yangi ish o‘rni yaratildi.

Viloyatda davlat budjeti va xorijiy sarmoyadorlardan katta miqdorda mablag‘lar ajratilib, bugungi kunda sifatli mahsulot chiqarayotgan ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishgan Prezidentimiz muftiy Usmonxon Alimov hazratlari hamrohligida Shahrisabz shahrining tarixiy markazida joylashgan “Dorut tilovat” majmuasini ham ziyorat qildi

Taomilga binoan o‘tganlar xotirasi yod etilib, Qur’on tilovat qilindi.

Ma’lumingizki, Amir Temur hazratlari o‘zi tug‘ilib o‘sgan Shahrisabzni juda ham yaxshi ko‘rgan. Hatto uning chevarasi Bobur Mirzo “Boburnoma”da bobokaloni Shahrisabzni saltanatining poytaxti qilmoqchi bo‘lganini ham yozgan. Sohibqironning farzandlari va nabiralari, hatto chevaralari ham bu muazzam shaharni o‘zgacha muhabbat-la sevganlar.

Bugun yurtboshimiz ziyorat qilgan Ko‘k gumbaz masjidi, Shayx Shamsiddin Kulol, Gumbazi Sayidon maqbaralari va hujralardan iborat bo‘lgan “Dorut tilovat” majmuasi ham temuriylar davrining mahsuli.  Ular, asosan, XIV asr oxiri XV asrning birinchi yarmida bunyod etilgan.

Majmuadagi har bir obidaning o‘ziga xos tarixi bor. Ko‘k gumbaz masjidini Amir Temurning nabirasi, buyuk olim va davlat arbobi Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek 1434-1435 yillarda qurdirgan. Mirzo Ulug‘bek masjidni otasi Shohrux nomidan bobosi Amir Temur sharafiga bunyod etgan. Kirish peshtoqining ravog‘ida ularning nomlari va qurilish sanasi bitilgan.

Shayx Shamsiddin Kulol maqbarasi XIV asr oxirida barpo etilgan. Shayx Shamsiddin Kulol al Foxuriy Amir Temur hamda uning otasi Tarag‘ay Bahodirning ustozi va piridir. U 1370 yilda vafot etgan. Amir Temur ustozi qabri ustiga maqbara qurdirgan.

Gumbazi Sayidon maqbarasi 1437 yilda Mirzo Ulug‘bek farmoni bilan qurilgan. Maqbara ichida XV-XVII asrlarga oid bir nechta qabr toshlari bor. Bu qabr toshlar termizlik sayyidlarga tegishli bo‘lib, bir-biridan katta-kichik holatda joylashtirib qo‘yilgan. Ma’lumki, sayyidlar Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning avlodidan bo‘lib, ulug‘ zotlar hisoblanadi. Shuning uchun ham maqbaraning nomi Gumbazi Sayidon, ya’ni Sayyidlar gumbazi deb nom olgan.

Bu yerda sayyidlarning qo‘yilishining sababi ham Amir Temurga borib taqaladi. Sohibqironning o‘zi sayyidlarni juda ham hurmat qilgan. “Tuzuklar”ida “(Hazrati) Muhammad avlodidan bo‘lganlarning martabasini boshqalardan yuqori ko‘tarib, ularning izzat-hurmatini o‘rniga qo‘ygil. Ularga qancha ko‘p muhabbat bildirsang ham, uni isrof deb o‘ylama, chunki qaysi ish Xudo yo‘lida bo‘lsa, unda isrof yo‘qdir”, deb vorislariga nasihat qilgan.  Uning ana shu nasihatiga amal qilgan avlodlari ham har doim sayyidlarning hurmatini joyiga qo‘yib kelgan.

Davlatimiz rahbari ushbu qutlug‘ maskanda ulamolar bilan erkin muloqot qildi. Suhbatda xalqimiz farovonligi yo‘lida amalga oshirilayotgan xayrli ishlar haqida so‘z yuritildi. Ulamolar mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlardan, xususan, diniy-ma’rifiy sohada yuz berayotgan katta o‘zgarishlardan behad minnatdor ekanini izhor qildilar. Ayniqsa, ular O‘zbekiston Qur’on musobaqasini o‘tkazish haqida tavsiya bergani uchun Prezidentimizga rahmatlar aytib, u kishining haqlariga duolar qildilar. Shuningdek, ulamolar bu tabarruk tanlovga butun viloyatda, jumladan, Shahrisabzda ham qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilayotganini aytdilar.   

O‘MI matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Mazhabga ergashish dinimiz talabi

13.06.2025   4011   3 min.
Mazhabga ergashish dinimiz talabi

“Mazhab” so‘zi arabchada “yo‘l”, “yo‘nalish”, shar’iy istilohda esa “diniy masala bo‘yicha muayyan mujtahid olimning fatvo chiqarish yo‘li” ma’nolarini bildiradi.

Mashhur alloma Ibn Rajab (1335-1393 m.y.): “Ko‘plab mazhablar orasidan faqat to‘rttasining saqlanib qolgani asrlar davomida insonlarni turli ziddiyatlar va ixtiloflardan himoya etishda asos bo‘lgan”, deb yozgan (“To‘rt mazhabdan boshqaga ergashganga raddiya” kitobi).

Ulamolar mazhablarga ergashish Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning quyidagi hadisiga amal qilishdir, deb ta’kidlaydilar: “Agar ixtilofni ko‘rsangiz, o‘zingizga ko‘pchilik tomonini lozim tuting” (Imom Moja, 3950-hadis).

Mazhablardagi bitta masalaga nisbatan turlicha yondashishlik islom shariatida musulmonlar uchun keng imkoniyatlar mavjudligidan dalolat beradi. Mazhablarda u yoki bu masala islom ahkomlari, muayyan jamiyat, xalq yoki millatning urf-odatlari, qadriyatlari hamda ijtimoiy munosabatlarning mazmunini ham hisobga olgan holda, eng ma’qul shaklda hal qilingan.

Islom ulamolari shar’iy hukmni va uning dalilini bilmaydigan musulmon odam (muqallid)mujtahid olimga taqlid qilishi zarurligini ta’kidlaydilar. Bunga Qur’ondagi ushbu oyatni dalil sifatida keltirish mumkin: “Agar bilmasangiz zikr ahllaridan so‘rang” (Nahl surasi, 43-oyat).

Mazhablarda Qur’on, sunnat, ijmo va qiyosdan dalil sifatida foydalanishning o‘ziga xos qoidalari, usul va tamoyillariga asoslangan muayyan tizim mavjud. Masalalar tizimli ravishda hal bo‘lgan. Mazhabsizlarda esa hech qanday ijtihod usul va qoidalari yo‘q bo‘lib, “Qur’on va Sunnatga murojaat qilamiz” qabilidagi dalilsiz da’vo bilan hukmlar berilmoqda. Maqsadiga, ra’yiga va nafsiga to‘g‘ri kelgan dalillarni olib, qolganlarini tashlash esa yomon oqibatlarni keltirib chiqarmoqda.

Bemazhablar omma musulmonlar ichida ko‘plab noto‘g‘ri talqin qilingan aqidaviy va fiqhiy masalalarni tarqatmoqdalar. Vaholanki, bu masalalar Ahli sunna olimlari tomonidan allaqachon hal qilingan.

Mazhabsizlar tarafdorlarining ayrim iddaolaridan ularning da’volari asossiz ekaniga ishonch hosil qilish mumkin:

– bemazhablar “Qur’on bitta va Payg‘ambar bitta bo‘lsa, to‘rt mazhab orasida fiqhiy ixtiloflar bor, haq bitta emasmi?” deydilar.

Mazhablar bir manba – Qur’on va sunnatga asoslanadi. Mazhablarning biriga ergashgan kishi Qur’on va sunnatga ergashgan bo‘ladi.

– Mazhabsizlik tarafdorlari “Imom Buxoriy bemazhab bo‘lgan”, deb dalil qiladi. Vaholanki, Imom Buxoriy yashagan davrda u kishiga o‘xshash ilmi ijtihod darajasiga yetgan, o‘zi ijtihod qilganlar ko‘p bo‘lgan. Hamma ulamolar ilmi mujtahidlikka yetgan odam, o‘zi ijtihod qiladi, deganlar. Hozir esa o‘sha davrdagi kabi mujtahidlar yo‘q ekanini hisobga olmaydilar.

Aksincha, Qur’on va sunnatdan har kim o‘zboshimcha yangi hukm chiqarish, fitna qo‘zg‘ash kabi islomda qat’iyan man qilingan xatti-harakatlarga sabab bo‘lmoqda. Shu nuqtayi nazardan, marhum Shayx Muhammad Said Ramazon Butiy qayd etganidek: “Mazhabsizlik islom shariatiga tahdid soladigan xatarli bid’atdir”.

Ming afsuslar bo‘lsinki, mana shunday yetuk olimlar bir mazhabni mahkam ushlab, to‘g‘riligini e’tirof qilib turgan bir paytda ba’zi yurtdoshlarimiz hali dastlabki ilmiy ko‘nikmalarni hosil qilmagan bo‘lsalarda: “Men Qur’on va hadisdan o‘zim hukm olaman” deb, da’vo qilib, turli ixtiloflarni keltirib chiqarmoqdalar. Ba’zida o‘zlari adashgani yetmagandek, o‘zgalarni ham yo‘ldan urmoqdalar.

Alloh taolo hammamizni O‘z hidoyatida sobit qilsin.

G‘ulomov FATHULLOH,

Al-Hudaybiya jome’ masjidi imom noibi

MAQOLA