Kecha davlatimiz rahbari Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurdi. Qashqadaryo vohasi mamlakatimizning jadal rivojlanib borayotgan iqtisodiy potensiali yuksak: tabiiy boyliklari mo‘l, chorvachilik va dehqonchilikka ham nihoyatda qulay hududlaridan hisoblanadi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 24-25 fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida ko‘plab istiqbolli loyihalar bilan tanishib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan zarur topshiriqlar bergan edi.
O‘tgan bir yilga yaqin vaqt mobaynida viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi 2016 yilga nisbatan 3,1 foiz o‘sdi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 6,4, kapital qo‘yilmalar hajmi 23,5, pudrat ishlari 4, qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish 8, bozor xizmatlari 4,2 va chakana savdo aylanmasi 2 foiz o‘sishi ta’minlandi. Bandlik dasturi doirasida 71 ming 706 yangi ish o‘rni yaratildi.
Viloyatda davlat budjeti va xorijiy sarmoyadorlardan katta miqdorda mablag‘lar ajratilib, bugungi kunda sifatli mahsulot chiqarayotgan ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishgan Prezidentimiz muftiy Usmonxon Alimov hazratlari hamrohligida Shahrisabz shahrining tarixiy markazida joylashgan “Dorut tilovat” majmuasini ham ziyorat qildi
Taomilga binoan o‘tganlar xotirasi yod etilib, Qur’on tilovat qilindi.
Ma’lumingizki, Amir Temur hazratlari o‘zi tug‘ilib o‘sgan Shahrisabzni juda ham yaxshi ko‘rgan. Hatto uning chevarasi Bobur Mirzo “Boburnoma”da bobokaloni Shahrisabzni saltanatining poytaxti qilmoqchi bo‘lganini ham yozgan. Sohibqironning farzandlari va nabiralari, hatto chevaralari ham bu muazzam shaharni o‘zgacha muhabbat-la sevganlar.
Bugun yurtboshimiz ziyorat qilgan Ko‘k gumbaz masjidi, Shayx Shamsiddin Kulol, Gumbazi Sayidon maqbaralari va hujralardan iborat bo‘lgan “Dorut tilovat” majmuasi ham temuriylar davrining mahsuli. Ular, asosan, XIV asr oxiri XV asrning birinchi yarmida bunyod etilgan.
Majmuadagi har bir obidaning o‘ziga xos tarixi bor. Ko‘k gumbaz masjidini Amir Temurning nabirasi, buyuk olim va davlat arbobi Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek 1434-1435 yillarda qurdirgan. Mirzo Ulug‘bek masjidni otasi Shohrux nomidan bobosi Amir Temur sharafiga bunyod etgan. Kirish peshtoqining ravog‘ida ularning nomlari va qurilish sanasi bitilgan.
Shayx Shamsiddin Kulol maqbarasi XIV asr oxirida barpo etilgan. Shayx Shamsiddin Kulol al Foxuriy Amir Temur hamda uning otasi Tarag‘ay Bahodirning ustozi va piridir. U 1370 yilda vafot etgan. Amir Temur ustozi qabri ustiga maqbara qurdirgan.
Gumbazi Sayidon maqbarasi 1437 yilda Mirzo Ulug‘bek farmoni bilan qurilgan. Maqbara ichida XV-XVII asrlarga oid bir nechta qabr toshlari bor. Bu qabr toshlar termizlik sayyidlarga tegishli bo‘lib, bir-biridan katta-kichik holatda joylashtirib qo‘yilgan. Ma’lumki, sayyidlar Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning avlodidan bo‘lib, ulug‘ zotlar hisoblanadi. Shuning uchun ham maqbaraning nomi Gumbazi Sayidon, ya’ni Sayyidlar gumbazi deb nom olgan.
Bu yerda sayyidlarning qo‘yilishining sababi ham Amir Temurga borib taqaladi. Sohibqironning o‘zi sayyidlarni juda ham hurmat qilgan. “Tuzuklar”ida “(Hazrati) Muhammad avlodidan bo‘lganlarning martabasini boshqalardan yuqori ko‘tarib, ularning izzat-hurmatini o‘rniga qo‘ygil. Ularga qancha ko‘p muhabbat bildirsang ham, uni isrof deb o‘ylama, chunki qaysi ish Xudo yo‘lida bo‘lsa, unda isrof yo‘qdir”, deb vorislariga nasihat qilgan. Uning ana shu nasihatiga amal qilgan avlodlari ham har doim sayyidlarning hurmatini joyiga qo‘yib kelgan.
Davlatimiz rahbari ushbu qutlug‘ maskanda ulamolar bilan erkin muloqot qildi. Suhbatda xalqimiz farovonligi yo‘lida amalga oshirilayotgan xayrli ishlar haqida so‘z yuritildi. Ulamolar mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlardan, xususan, diniy-ma’rifiy sohada yuz berayotgan katta o‘zgarishlardan behad minnatdor ekanini izhor qildilar. Ayniqsa, ular O‘zbekiston Qur’on musobaqasini o‘tkazish haqida tavsiya bergani uchun Prezidentimizga rahmatlar aytib, u kishining haqlariga duolar qildilar. Shuningdek, ulamolar bu tabarruk tanlovga butun viloyatda, jumladan, Shahrisabzda ham qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilayotganini aytdilar.
O‘MI matbuot xizmati
O‘tgan solih zotlar jamoat bilan namoz o‘qiyolmay qolsalar, bir-birlariga ta’ziya izhor qilishar ekan. Shunday zotlardan biri Hotamul Asom aytadi: “Men jamoatga ulgurmay qoldim, shunda menga Abu Is'hoq Buxoriyning bir o‘zi ta’ziya bildirdi. Agarda o‘g‘lim o‘lib qolsa minglab odamlar ta’ziya izhor qilishadi. Buning sababi odamlar nazdida din musibati dunyo musibatlaridan ko‘ra arzimas sanalganidandir”.
Bugungi kunda oramizda qanchalab odamlar jamoat namozlarini o‘tkazib yuboradilar, jiddiy e’tibor qaratmaydilar. Ba’zida ish, g‘am-tashvishlarning ko‘pligini bahona qilamiz, to‘g‘rimi?! Yana ko‘plar tuni bilan uxlamasdan, bomdod namoziga yaqin uxlab qolishlari ham bor gap.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Zimistonda masjidlar sari odim tashlovchilarga qiyomat kunidagi tamomiy nurning xushxabarini beringlar”[1] deganlarini nahot eshitmagansiz?!
Shayton sizning ustingizdan g‘alabaga erishib, namozda xotirjamligingizni ketkazishiga imkon bermang!
Omir ibn Abdulloh o‘lim to‘shagida yotganlarida azon ovozini eshitib: “Meni qo‘limdan tutinglar”, dedilar. Omir ibn Abdullohga “Axir siz betobsiz-ku”, deyishganida: “Allohning chaqirig‘ini eshitib turib, unga rioya qilmaymanmi”, dedilar. Keyin u kishini qo‘lidan ushlab turg‘izishdi. Masjidda imom bilan shom namozining bir rakatini o‘qidilar va jon taslim qildilar.
Yana bir misol: Sufyon ibn Uyayna azon aytilishidan ilgari namozga borishga ishtiyoqmand bo‘lganlar va doim: “Namozga azon aytilmagunicha masjidga kelib turmaydigan yomon qul bo‘lma. Chunki yomon qul chaqirmaguningcha kelmaydi”, der edilar.
Oisha roziyallohu anho onamiz aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan suhbatlashib o‘tirardik, u zot ham biz bilan gaplashib o‘tirardilar. Bordi-yu, namoz vaqti kirib qolsa, bir-birimizni tanimaganday bo‘lib olardik”[2].
Shukrki, oramizda masjidda birinchi safga joylashish uchun g‘ayrat qiluvchilar ko‘payib bormoqda. Nabiy alayhissalom: “Agarda odamlar azonda va birinchi safda nimalar borligini bilishsa edi, unga erishish uchun qur’a tashlashdan boshqa chora bo‘lmasa, albatta, qur’a tashlagan bo‘lardilar”, deganlar.
Said ibn Musayyab aytadi: “Men ellik yildan beri biror marta birinchi takbirni o‘tkazib yubormaganman. Ellik yildan buyon namozda birorta kishining boshining orqasiga qaragan emasman”.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Termiziy va Imom Abu Dovud rivoyati.
[2] Mursal hadis. Iroqiyning “Ihyo”ga yozgan taxrijiga qarang (1, 205).