Ayni paytda Saudiya Arabistonidagi futbol o‘yinlarida hakamlik qilayotgan angliyalik Mark Klattenburg azonni eshitgan zahoti ibodat uchun o‘yinni to‘xtatdi va mahalliy futbol ishqibozlarining qo‘llab-quvvatloviga sazovor bo‘ldi.
Qirol kubogi uchun o‘tkazilayotgan "Al-Feyx" va "Al-Fotih" jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv paytida yaqin oradagi masjidlardan azon ovozi eshitilib qoladi. Bu paytda o‘yinning qo‘shimcha daqiqalari o‘tib borayotgan edi.
Angliyalik hakam hushtak chalib o‘yinni to‘xtatdi va saudiyaliklar uning bu qarorini gulduros qarsaklar bilan olqishlashdi.
"Al Feyx" yakunda 118-daqiqada urilgan gol evaziga 2:1 hisobi bilan g‘alaba qozonib, chorak finalga chiqdi.
42 yashar Mark Klattenburg avvallari Yevro-2016 va Chempionlar ligasi-2015/16 finallarida hakamlik qilgan. Angliya Premer ligasida 2004 yildan to o‘tgan yilning fevral oyiga qadar hakamlik qilib kelgan. O‘tgan yilning oxiridan boshlab Saudiya Arabistoni hakamlar qo‘mitasini boshqarib kelmoqda. Daily Mail nashri ma’lumotiga ko‘ra, u bu yerda yiliga 1 mln. Yevro ishlab topadi. Xuddi shunday miqdordagi maoshni unga Xitoydan ham taklif qilishgan edi, ammo u Saudiya Arabistonini ma’qul ko‘rdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Savol: Hozirgi kunda ayrim odamlar qabristonlardan o‘zlari, oilasi uchun yer sotib olib, sag‘ana qildirib qo‘yishmoqda. Bu ishlari to‘g‘rimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Qabristonlar omma foydalanishi uchun hukumat tarafidan berilgan umumiy joy hisoblanadi, hech kimning shaxsiy mulki emas.
Shunga ko‘ra unga kimdir egalik qilishi, u joydan yer sotishi yoki sotib olishi mumkin emas. Bizdan avvalgi avlodlar, ota-bobolarimiz qabristondan biror narsani olishga, hatto qurigan giyoh olishdan ham cho‘chiganlar.
Hozirda ham ayrim odamlar qabristondagi meva va o‘t-o‘lanlardan foydalanish haqida ko‘p savol berishlari bejizga emas, ana shu hadikdan paydo bo‘lgan. Ammo ming afsuski, ayrim odamlar tomonidan kimlar bilandir til biriktirib, yer sotib olish holati oz bo‘lsa-da, paydo bo‘lmoqda. Bundan ehtiyot bo‘lish lozim. Chunki bu nohaqdan yer olish hisoblanadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam qattiq ogohlantirib, bunday deganlar: “Kim bir qarich yerni nohaqdan olsa, qiyomat kuni uni yetti qavat yer yutadi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Sa’id ibn Zayd roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir qarich yerni zulm ila olsa, qiyomat kuni uning bo‘yniga yetti qavat yer osib qo‘yiladi”, deganlar (Muttafaqun alayh).
Bu ishning qanchalik og‘ir ekanini tushunmagan odamlar turli vositalar bilan bir qarich bo‘lsa ham birovning yerini o‘ziga qo‘shib olishga harakat qiladilar. Islomda bu ish zulm hisoblanadi va katta gunoh sifatida qoralanadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.