Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Iyul, 2025   |   9 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:11
Quyosh
04:55
Peshin
12:33
Asr
17:42
Shom
20:04
Xufton
21:40
Bismillah
04 Iyul, 2025, 9 Muharram, 1447

Abdulloh Subazmuniy

26.01.2018   4750   10 min.
Abdulloh Subazmuniy

IX-X asrlarda Movarounnahr o‘lkasida hadisshunoslikning shakllanishi, taraqqiy qilishiga ulkan xissa qo‘shgan olimlar qatorida muhaddis va faqih Abdulloh ibn Muhammad ibn Ya’qub ibn Horis ibn Xalil Imom Hofiz Abdulloh Subazmuniy Horisiy Kalobodiy (258–340 h./872–952 m.) alohida va o‘ziga xos o‘rinni egallaydi.

Abu Hafs Nasafiy (vaf. 1142 y.), Abdulkarim Sam’oniy (vaf. 1167 y.), Abdulqodir Qurashiy (vaf. 1373 y.), Abdulhay Laknaviy (vaf. 1887 y.), Ibn Qutlubug‘o (vaf. 1475 y.), Hoji Xalifa (vaf. 1609 y.), Abdulhay ibn Imod Hanbaliy (vaf. 1679 y.) kabi olimlarning asarlarida Imom Abdulloh Subazmuniy, uning ilmiy merosi haqida qisqacha ma’lumotlar berilgan, xolos1.

Najmiddin Umar Nasafiy (vaf. 1142 y.) «Al-Qand fi zikri ulamoi Samarqand» asarida Subazmuniy 258 hijriy/872 milodiy yili rabiul oxir oyi chorshanba kuni tavallud topgan, deb yozadi2.

“Subazmuniy” nisbasi tug‘ilgan joyi nomidan olingan. Bu nom manbalarda turlicha, masalan, “Subazyun”, “Sabazmun”, “Sabzamun” tarzida ham uchraydi. Allomaga deyarli zamondosh olim Abdulkarim Sam’oniyning «Al-Ansob» asarida “Subazmun” deb atalgan.

Buxoroning Arabon dahasida xonaqoh uslubidagi bir masjid bor. Hozirgacha saqlangan ushbu masjidni Imom Abdulloh Subazmuniy qurdirgan va u «Abdullo Safedmo‘yi masjidi» nomi bilan atab kelinmoqda. Buxoro shahrining 6-mavzeida «Hoja Abdullo Safedmo‘yi» nomli mozor ham bor.

Abdulloh Subazmuniy tirishqoqligi bois faqih, muhaddis, tilshunos olim bo‘lib yetishadi. U o‘z davrida ko‘plab hadislar biladigan katta shayx sanalgan. Saroy ahli undan doimiy ravishda maslahatlar olib turardi. Unga «Ustoz» laqabini berganlar3. Ilm-fanga tashna faqih Xuroson, Iroq va Hijoz shaharlariga sayohat qilganidan «Al- Javvol» (jahongashta, sayohatchi) nomini ham olgan4.

Mashhur muhaddis Valiyyulloh Dehlaviy (1703-1762) «Shamsul aimma Hilvoniy, Abu Ali Nasafiy, Abu Bakr Muhammad ibn Fazl va Abdulloh ibn Muhammad Subazmuniy «as'hob al- vujuh» («e’tiborli kishilar») toifasidan bo‘lib, hanafiy faqihlari doimo ularga tayanib ish ko‘radilar», degan5.

Abdulloh Subazmuniyning muhaddis ustozlari orasida hofizlar6, ayniqsa, hanafiy mazhabi hadis ilmining rivojlanishi va keng yoyilishida alohida xizmat ko‘rsatgan ulamolar ko‘pchilikni tashkil etadi.

Alloma safarlari davomida nafaqat hanafiy olimlar, balki boshqa mazhab vakillaridan ham hadislar eshitib, yaxshi o‘zlashtirishga harakat qilgan. Bu fikr­ga uning asarlarida Imom Molik ibn Anas (vaf. 795 y.), Imom Shofi’iy (vaf. 820 y.) va Imom Ahmad ibn Hanbal (vaf. 855 y.) kabi mazhabboshilar orqali rivoyatlar keltirgani yaqqol dalil bo‘la oladi.

«Kashf al-osor» asaridagi ma’lumotlarga tayanib, Abdulloh Subazmuniy uch yuz yigirma nafar roviy-ustoz (shayx) orqali Imom Abu Hanifaga borib bog‘lanishini alohida ta’kidlash zarur.

Abdulloh Subazmuniy yashagan davrda hadislarni otadan-bolaga, avloddan-avlodga uzatib, rivoyat qilish an’anaga aylangan edi. Bunda hadis ulamolari boshlang‘ich bilimni o‘z otalari yoki bobolaridan olar edilar. Subazmuniyning asaridagi rivoyatlar isnodida otasi va amakisining ismlari ko‘p uchraganidan birinchi ustozi otasi – Muhammad ibn Ya’qub ibn Horis bo‘lgan degan xulosa kelib chiqadi7. Bu allomaning hadis bilimdonlari oilasida o‘sib kamol topganiga dalil bo‘ladi.

Olimning otasi Muhammad ibn Ya’qub­ning tug‘ilgan va vafot etgan yillari haqida ma’lumot yo‘q. Lekin u «Kashf al-osor»da Abu Hafs Ahmad ibn Hafs Sag‘ir Buxoriy (vaf. 876 y.) va Abu Tohir Asbot ibn Yasa’ Buxoriylardan (IX asr) ko‘p rivoyat qilgani haqida dalillar uchraydi.

Olimning yana bir ustozi – amakisi Jab­roil ibn Ya’qub ibn Horis hisoblanadi8. Imom Subazmuniy “Kashf al-osor” asarida undan ko‘plab rivoyatlar keltiradi.

Imom Subazmuniyning ustozlaridan yana biri Abu Abdurrahmon Abdulloh ibn Ubaydulloh ibn Surayj ibn Hujr ibn Fazl ibn Tohmon Shayboniy Buxoriydir (vaf. 919 y.). U Abu Abdurrahmon ibn Abu Lays Buxoriy nomi bilan shuhrat topgan, ishonchli roviy, taqvodor inson fiqh olimlaridan biri edi.

Abu Hafs Ahmad ibn Hotam ibn Hammod ibn Abdurrahmon Sikijkasiy Buxoriy9 (vaf. 927 y.) ham olimning ustozlaridan bo‘lgani aytiladi.

Tabaqot yo‘nalishidagi asarlarda Abdul­loh Subazmuniy hadis rivoyat qilgan yoki hadis eshitgan ko‘plab allomalarning nomlari zikr etilgan. Ularning aksariyatini buxoroliklar tashkil qilsa-da, «Kashf al-osor» asarida termizlik roviylarning nomlari ham zikr etilgan.

Abu Solih Xalaf ibn Muhammad ibn Ismoil Buxoriy (vaf. 972 y.), Abu Ibrohim Is'hoq ibn Muhammad ibn Hamdon ibn Muhammad ibn Nuh Muhallabi Xatib Buxoriy (vaf. 1005 y.), Abu Is'hoq Ibrohim ibn Muhammad ibn Hamdon Xatib Muhallabi, muftiy Abu Muhammad Abdulkarim ibn Muhammad ibn Muso Mig‘iy (Mang‘iy)ni Abdulloh Subazmuniyning shogirdlari bo‘lgan.

Manbalarda Abdulloh Subazmuniyning bir necha asarlar muallifi ekani qayd etilgan10. Biroq hozirda uning ikki asarigina ma’lum. Biri «Musnad Abi Hanifa» yoki qisqacha – «Musnad», ikkinchisi «Kashf al-osor fi manoqib Abi Hanifa», qisqacha – «Kashf al- osor» deb yuritiladi. Biroq «Musnad Abi Hanifa»ning O‘zbekistondagi nusxalari haqida ma’lumot yo‘q.

«Musnad» asarini keyinchalik boshqa hanafiy muhaddislar qayta ishlashgan. Muso ibn Zakariyo ibn Ibrohim ibn Muhammad Xasfakiy (Haskafiy) Qoziy Sadruddin (vaf. 1252 y.) buyuk ajdodimizning asarini muxtasar holatga keltirgan. Bu asar qo‘lyozmasi Azhar universiteti kutubxonasida «inv. № 311832» raqami ostida (176 varaqdan iborat) saqlanadi va «Hofiz Abu Muhammad al-Horisiy musnadi» deb ataladi.

Ushbu «Musnad»ning muxtasarida besh yuzdan ortiq hadis bor. Uni «Sindiy musnadi» deb ham atashadi. Bu asarga Ali Qoriy yozgan sharhni birinchi marta Hindistonda 1894 yili Haraviy nashr ettirgan11. Sindiyning o‘zi ham asarga «Al-Mavahib al-latifa fil haram al-Makkiy bi sharh Musnad al-imom al-Xasfakiy» («Imom Hasfakiy musnadi sharhi bilan­ Makka haramiga latif sovg‘a») nomi bilan sharh yozgan.

Mahmud ibn Ahmad ibn Mas’ud Jamoluddin Qunyoviy Damashqiy (vaf. 1369 y.) ham Abdulloh Subazmuniyning asarini muxtasar qilib, «Al-Mu’tamid muxtasar al-Musnad» («Musnadning muxtasariga tayanch») deb nomlagan12. U asarni fiqhiy masalalar tartibiga ko‘ra o‘ttiz uch bobga bo‘lib, so‘ngra uni «Al-Mustanid sharh al-Mu’tamid» («Mu’tamidning sharhiga tayanch») nomi bilan sharhlagan.

Abdulloh Subazmuniyning «Musnad» asari ko‘plab olimlar tomonidan tadqiq etilgan. Shunday bo‘lsa-da, Imom Subazmuniy «Musnad»ini zamondosh olimlarimiz ham tadqiq qilishi juda muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, Sindiy asarida zikr etilgan, roviylarni chuqur o‘rganish yurtimizdan yetishib chiqqan hanafiy muhaddislar haqida to‘liq tasavvur hosil qilish imkonini beradi.

Doniyor MURODOV,

tarix fanlari nomzodi

 

1 Abu Sa’d Abdulkarim ibn Muhammad Sam’oniy. “Al-Ansob”. Bayrut. “Dor al-kutub al-ilmiyya”. 1998. 1-j., 6-b; Abdulqodir Qurashiy. “Al-Javohir al muziyya fi tabaqot al hanafiyya”. Qohira. “Hijr”. 1993. 1-j., 5-b; Hoji Xalifa. “Kashf az zunnun an asomil kutub val funun”. Istanbul. “Maktaba Ibn Taymiya”. 1941–43. 2-j., 435-b; Muhammad ibn Ahmad ibn Zahabiy. “Siyar a’lom an-nubalo”. Bayrut. “Dor al-fikr”. 1996. 1-j., 12-b; O‘sha muallif. “Mizon al-i’tidol fi naqd ar rijol”. Nashr joyi ko‘rsatilmagan. “Dor ihyo al-kutub al-arabiyya”, 1963. 2-j. 496-b; Muhammad Abdulhay Laknaviy. “Al-Favoid al bahiyya fi tarojim al- hanafiyya”. Bayrut. 1998; Ibn Qutlubug‘o. “Toj at-tarojim fi tabaqot al hanafiyya”. Bag‘dod. “Maktabat al musanno”. 1962. 30-b; Muhammad Zohid ibn Hasan. “Ta’nib al-Xatib ala ma saqahu fi tarjamat Abi Hanifa min al akazib”. Shahri ko‘rsatilmagan. “Maktaba azhariyya”. 1998. 112-b; Ibn Hajar Asqaloniy. “Ta’jil al-manfa’a”. Xaydarobod. “Doira ma’orif nizomiyya”. 1324 h. 5-b; Abdulhay ibn Imod Hanbaliy. “Shazarot az zahab fi axbar man zahab”. Bayrut. “Maktaba tijariy litiba’a va nashr va tavziy”. 2-j, 357-b; Muhammad Narshaxiy. “Buxoro tarixi”. /A.Rasulov tarjimasi. T. “Kamalak” 1991 Najmiddin Nasafiy. Samarqandiya / Tarj. Usmonxon Temurxon o‘g‘li, Baxtiyor Nabixon o‘g‘li. T. “O‘zbekiston milliy ­ensiklopediyasi”. 2001. 72-b.

2 Najmiddin Umar Nasafiy. “Al-Qand fi zikr ulamo as Samarqand”. Nashr joyi ko‘rsatilmagan. 195-b.

3 Abdulkarim Sam’oniy. “Al-Ansob”. Bayrut: “Dor al- kutub al-ilmiyya”. 1998. 1-j., 133-b.

4 Qurashiy. "Al-Javohir al-Muziyya”. Qohira. 1993. 3-juz. 300-b.; Bag‘dodiy. “Tarixi Bag‘dod”. Bayrut: “Dor al- kutub al-ilmiyya”. Nashr yili ko‘rsatilmagan. 10-j., 92-b.

5  Muahmmad Abdulhay Laknaviy. “Al Favoid al-bahiyya”. Bayrut. 1998. 178-b.

6 Yuz mingdan ko‘p hadis biladigan muhaddislar.

7Abdulloh Subazmuniy. “Kashf al-osor fi manoqib Abi Hanifa”. O‘zR FASHI. Qo‘lyozmalar fondi. 3105-raqamli qo‘lyozma. 6a-varaq.

8 O‘sha kitob. 7a-varaq.

9 Abdulkarim Sam’oniy. “Al-Ansob”. Bayrut. “Dor al-kutub al-ilmiyya”. 1998. 3-j. 288-b.

10 Yo‘ldoshev N., Qurbonov H. “Buxoro shahri va uning atrofidagi ziyoratgohlar tarixi”. Buxoro. Buxoro nashriyoti. 2001. 10-b.; Muhammad Amin Urkazaiy. “Masonid imam Abi Hanifa”. Qarochi: “Batrak Sentr”. 1978. 105-b.; Shamsuddin Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon Zahabiy. “Mizon al-i’tidol fi naqd ar rijol”. Shahri ko‘rsatilmagan. “Dor ihyo al-kutub al-arabiyya”. 1963. 2-j., 496-b.; Abdulqodir Qurashiy. “Al-Javohir al-muziyya fi tabaqot al-hanafiyya”. Qohira. “Hijr”. 1993. 3-j., 344-b.

11 O‘sha asar. 138-b.

12 O‘sha asar. 143-b.

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Mo‘tadillik - saodat

04.07.2025   147   2 min.
Mo‘tadillik - saodat

Islom dini biror shaxs, guruh, mol-dunyoga nisbatan va obro‘-e’tibor topish uchun qilinadigan har qanday mutaassiblik va firqalarga bo‘linishni qoralaydi, tarafkashlikni johiliyat holatiga o‘xshatadi.

Mutaassiblikning turli ko‘rinishlari bor bo‘lib, ular kishining o‘zi, mol-dunyosi, farzandlari, millatini boshqalardan afzal bilib, bu yo‘lda ashaddiy ravishda kurashishi demakdir. Mo‘tabar manbalarimizda ota-bobolari va o‘zining nasabi bilan faxrlanish tuyg‘usi kishini do‘zaxga tortadi deb ta’kidlangan.

Mutaassiblik turlaridan biri bu diniy mutaassiblikdir. Diniy mutaassiblik deganda, ma’lum bir dinda asos bo‘lgan, ushbu din vakillari amal qiladigan ta’limot va qoidalarga qarshi chiqish, diniy tushunchalarni shariat ko‘rsatmalariga zid ravishda o‘zicha talqin qilib, boshqalarni unga ergashishga chorlash nazarda tutiladi. Diniy mutaassiblikning eng katta xatarlaridan biri bu, dinlararo muloqotga rahna solishdir.

Dinda mutaassibona harakat, dinda chuqur ketish, haddan oshish, Qur’on va Sunnatda kelgan ta’limotlarga zid ravishda o‘z fikriga ergashishni qattiq qoralanadi. Dinda haddan oshish deganda shariat belgilab qo‘ygan chegaradan chiqib ketish tushuniladi. Bu ish aqidada bo‘lsin, so‘z yoki amalda bo‘lsin, baribir. Bu borada Alloh taolo Baqara surasida  “Ushbular Allohning chegaralaridir. Bas, ulardan tajovuz qilmang. Va kim Allohning chegaralaridan tajovuz qilsa, bas, o‘shalar, ana o‘shalar, zolimlardir”, deb marhamat qiladi.

Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam: “Dinda haddan oshishdan ehtiyot bo‘linglar. Chunki, sizlardan oldin o‘tganlarni dinda haddan oshishlik halok qilgandir” deb uqtirganlar. 

Shunday ekan, bugungi kundagi ko‘plab muammolarning ildizi mutaassiblik va haddan oshish ekanligini hammamiz chuqur anglashimiz lozim. Xulosa o‘rnida, bu kabi muammolarning yechimi sifatida Faqih doktor Vahba Mustafo Zuhayliy janoblarining ushbu so‘zlarini keltirish bilan yakunlaymiz: “Islom mo‘tadil din bo‘lib haqiqatlardan birortasida chetga chiqishga yoki haddan oshishga yo‘l qo‘ymasligini anglatadi. Islomda va boshqa dinlarda dinda haddan oshish ham, e’tiqodda bir taraflama va g‘ayritabiiy bo‘lish ham, haddan tashqari qattiq olish ham, juda bo‘sh qo‘yib yuborish ham yo‘q…”. 

Alloh ta’olo barchamizni haq yo‘ldan adashtirmasin.

Kosonsoy tumani "Sodod" jome masjidi imom-xatibi

Bahodir Mirfayziyev

Manba: @Softalimotlar

MAQOLA