Shu kunlarda ulamolar va imom-domlalar tomonidan Qozog‘istondagi fojiada halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirish, xatmi Qur’on o‘qib, ruhi poklariga baxshida qilish ishlari davom etmoqda.
Prezidentimiz Hakim Termiziy maqbarasi ziyorati chog‘ida halok bo‘lgan 52 o‘zbekistonlikning o‘limidan chuqur qayg‘uda ekanlarini aytib, ularning yaqinlariga ta’ziya bildirdilar. Mana shunday tabarruk qadamjoda Qur’on oyatlaridan o‘qilib, muftiy hazratlari tomonlaridan halok bo‘lgan yigitlar haqiga duolar qilindi.
Shu kunning o‘zida Shayx Abdulaziz Mansur motamsaro xonadonlarga tashrif buyurib, Yurtboshimizning hamdardligini yetkazishdi. Masjidlarda halok bo‘lganlar yaqinlariga ta’ziyalar izhor qilindi. Toshkent, Andijon viloyatlari imom-xatiblari mana shunday tasalli berish ishlarini davom ettirishdi.
Kuni kecha halokat qurbonlariga janoza namozi o‘qilib, dafn etildi. Ushbu marosimda aholi bilan bir qatorda viloyat va tumanlar rahbariyati, keng jamoatchik vakillari ham ishtirok etib, halok bo‘lgan yigitlar haqiga duoi fotiha qildilar. Marhumlarning ota-onasi va boshqa yaqinlariga sabr-bardosh tilandi.
Bugun, 24 yanvar kuni diniy idora masjidlar bo‘limi mudiri Rahimberdi Rahmonov va muhtasiblik bo‘limi Islomiddin Zuhriddinov boshchiligidagi ulamolar Namangan viloyatidagi musibat egalariga muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining hamdardliklarini yetkazishdi. Shuningdek, ularga moddiy-ma’naviy ko‘mak qilib, ruhiy tasalli berishdi.
Shu o‘rinda ibratli rivoyatni keltirishni lozim topdik. Abu Sinondan qilingan rivoyatda u aytadi: “Farzandim Sinon vafot etdi. Uni dafn etib, qabrdan chiqmoqchi edim, qo‘limdan Abu Talha Havloniy tortib chiqardi va: “Senga xushxabar aytaymi?” – dedi. Albatta, dedim. “Abu Muso (roziyallohu anhu) Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan rivoyat qilishicha, Alloh taolo o‘lim farishtasidan: “Bandamning farzandini qabz qildingmi? Uning ko‘z quvonchi, qalb mevasining jonini oldingmi?” – deb so‘raydi. “Ha”, deb javob beradi farishta. “Bandam nima dedi?” – so‘raydi Alloh O‘zi bilgani holda. “U senga hamd aytdi va istirjo’ keltirdi”, javob beradi o‘lim farishtasi. Shunda Alloh aytadi: “Unga jannatda bir uy barpo qiling va uni “Hamd uyi” deb nomlang!”
Demak, Alloh taolo har qanday holatda chiroyli sabr qilguvchi mo‘min bandalar qatorida bo‘lmoqlikni barchamizga nasib etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Xabar berganimizdek, Saudiya Arabistonida Podshoh Abdulaziz nomidagi Qur’oni karim hifzi, qiroati va tajvidi bo‘yicha 45-xalqaro musobaqa bo‘lib o‘tmoqda.
Musobaqaning “Hifz” yo‘nalishida “Ko‘kaldosh” bilim yurti talabasi Shukurbek qori Shuhratbekov va “Qur’oni karimning 15 juzini tajvid bilan yoddan o‘qish” yo‘nalishida esa “Sayyid Muhyiddin maxdum” bilim yurti talabasi Dostonbek qori Sodiqov ishtirok etmoqda.
Qorilarimiz mazkur musobaqaning saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tib, yakuniy bosqichga etib keldi.
Bugun Toshkent vaqti bilan 18:30 da yurtimiz vakillari musobaqaning yakuniy bosqichida ishtrok etadi.
Alloh taolodan Vatanimiz sha’nini himoya qilayotgan qorilarimizga muvaffaqiyat so‘raymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati