Yurtimizdagi barcha masjidlarda kecha, 18 yanvar kuni Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida ro‘y bergan halokat qurbonlarining haqlariga juma namozlaridan so‘ng duolar qilishib, Alloh taoloning rahmatini so‘rashmoqda.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda ham ko‘plab o‘zbekistonliklar Qur’on tilovat qilishib, marhumlar haqqiga savoblarini bag‘ishlash bo‘yicha hamdardlik loyihasini ommalashtirmoqdalar.
Qayd etish joiz, halokat sodir bo‘lgan kunning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirgan edi.
Toshkent islom instituti o‘qituvchi va talabalari ham 21 marta Qur’oni karimni xatm qilishib, bugungi juma namozida savobini halokat qurbonlariga bag‘ishladilar. Bu haqda “Islaminstitut.uz” sayti xabar berdi.
Avval xabar berganimizdek, ayni paytda yurtimiz bo‘ylab davom etayotgan Qur’oni karim musobaqasi tashkilotchilari va ishtirokchilari 18 yanvar kuni Samarqand viloyatining Pastdarg‘om va Payariq tumanlarida bo‘lib o‘tgan ko‘rik-tanlovdagi tilovatlarni marhumlar haqqiga bag‘ishlagan edilar.
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Namangan viloyati vakilligi rahbariyati Davlatobod tumanida aholi vakillari bilan muloqot uyushtirdi.
Unda bir jamiyatda yashayotgan insonlar o‘zaro tinch-totuv, hamjihatlikda yashashga buyurilgani, oxirgi vaqtlarda ana shu mehr-oqibat va o‘zaro hurmat rishtalarini paydo qiladigan, ularni yanada mustahkam bo‘lishiga sabab bo‘ladigan fazilatlarni keng yoyish juda ham zarur bo‘layotgani hayotiy misollar asosida aytildi.
Qur’oni karim va hadisi shariflarda ilmga, kasb-hunarga targ‘ib qiluvchi ko‘rsatmalar keltirilib, ota-ona farzandiga elu yurt uchun kerakli bo‘ladigan hunar va foydali ilmlarni ham o‘rgatishi lozimligi eslatildi. Bu osoyishta hayotni qadrlab, shukronalik tuyg‘ulari bilan yashashga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, viloyat bosh imom-xatibi Musoxon domla Abbosiddinov dinimiz ta’limotlarida ota-onaga hurmat, komil inson fazilati, har bir ishda mo‘tadillik, isrofdan saqlanish, riyokorlik, kibr illatidan yiroq bo‘lish, ko‘r-ko‘rona taqlid, zulm kabi gunohlardan saqlanishga chaqirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati