Yurtimizdagi barcha masjidlarda kecha, 18 yanvar kuni Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida ro‘y bergan halokat qurbonlarining haqlariga juma namozlaridan so‘ng duolar qilishib, Alloh taoloning rahmatini so‘rashmoqda.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda ham ko‘plab o‘zbekistonliklar Qur’on tilovat qilishib, marhumlar haqqiga savoblarini bag‘ishlash bo‘yicha hamdardlik loyihasini ommalashtirmoqdalar.
Qayd etish joiz, halokat sodir bo‘lgan kunning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirgan edi.
Toshkent islom instituti o‘qituvchi va talabalari ham 21 marta Qur’oni karimni xatm qilishib, bugungi juma namozida savobini halokat qurbonlariga bag‘ishladilar. Bu haqda “Islaminstitut.uz” sayti xabar berdi.
Avval xabar berganimizdek, ayni paytda yurtimiz bo‘ylab davom etayotgan Qur’oni karim musobaqasi tashkilotchilari va ishtirokchilari 18 yanvar kuni Samarqand viloyatining Pastdarg‘om va Payariq tumanlarida bo‘lib o‘tgan ko‘rik-tanlovdagi tilovatlarni marhumlar haqqiga bag‘ishlagan edilar.
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov kecha Iordaniya vaqf, islom ishlari va muqaddas qadamjolar vaziri Muhammad Ahmad Msallam Al-Xalaila bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
"Iordaniyaga tashrifimiz davomida Vaqf, Islom ishlari va muqaddas qadamjolar vaziri Muhammad Ahmad Msallam Al-Xalaila janoblari bilan uchrashdik, – deb yozdi O‘zbekiston TIV rahbari o‘zining telegram-kanalida. – Xalqlarimizni umumiy din va an’analar bog‘lab turadi. Ta’lim sohasida hamkorlik qilish, jahon tendensiyalari bo‘yicha muntazam fikr almashishni tashkil etish, yuz berayotgan chaqiriqlarni hal etish bo‘yicha ilg‘or tajriba almashish imkoniyatlarini muhokama qildik".
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati