Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Iyul, 2025   |   18 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:20
Quyosh
05:01
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
20:00
Xufton
21:33
Bismillah
13 Iyul, 2025, 18 Muharram, 1447

Xushxabar: qorilar va qoriyalarimiz kutilganidan xiyla ko‘p ekan

17.01.2018   8196   4 min.
Xushxabar: qorilar va qoriyalarimiz kutilganidan xiyla ko‘p ekan

Qur’on musobaqasi ishtirokchilarini ro‘yxatga olish nihoyasiga yetganga qadar hujjat topshirsammi yoki keyingi yil urinib ko‘rsammi deb ikkilanganlar bo‘ldi. Ularning ba’zilari keyingi yil qatnashishga qaror qilib bu yil hujjat topshirmadi. Ro‘yxatga olish esa 15 yanvar kuni yakunlandi. Ushbu ro‘yxatdan 5366 nafar ishtirokchi o‘rin oldi: 3263 nafar erkak, 2103 nafari ayol-qizlar. Bu – yoshning cheklovi bilan olingan ko‘rsatkichdir. Ya’ni 18 dan 40 yoshgacha bo‘lgan qori va qoriyalarning musobaqada qatnashishga azmu qaror qilganlarining hisobi bu.

Qorilar va qoriyalarning viloyatlar bo‘yicha hisobining e’lon qilinganini ko‘rgan kishi ularning soni turli viloyatda turlicha ekaniga guvoh bo‘ladi. Aslida bu ham bir sinov. Zamonaviy iborada aytilganda monitoringdir.

Jadvaldan ayon bo‘lishicha, Umumiy hisobda, birinchi turgan Farg‘ona viloyatida murattab va mujavvid qori va qoriyalari soni 1237 ta; ikkinchi o‘rinda turgan Andijon viloyatida shunday qori va qoriyalar1182 kishi ekan.

Farg‘ona viloyati 219 hisob bilan eng ko‘p murattab qori bo‘yicha ham birinchi o‘rinda turibdi. Andijon viloyati bu borada ham 174 o‘rin bilan ikkinchi o‘rinda. Ammo Andijon hifz yo‘nalishida 18 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan qorilar ichida 74 hisob bilan hammadan oldinda.

Murattab qoriyalar bo‘yicha Toshkent shahri va Namangan viloyati 8 ta hisob bilan birinchi o‘rinda, Surxondaryo va Toshkent viloyati 7 hisobi bilan ikkinchi o‘rinda turibdi.

Ayni kunlarda Buxoro, Jizzax, Sirdaryo, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston respublikasida murattab qoriyalar yo‘q ekan. Navoiy viloyatida esa bir nafar qoriya bor ekan. Lekin ushbu viloyat yoshlarining ilm olishi uchun yaratilgan qulayliklar va ayol-qizlarimizning ilmga chanqoqligi, inshoalloh, yaqin yillar ichida bu kamchilikni yopib ketadi va keyingi yillarda o‘tkaziladigan tanlovlarda ushbu hududlardan ham murattab qoriyalar chiqib qatnashadi.

Ushbu qorilar va qoriyalar – Qur’oni karimda marhamat qilinganidek, oramizdagi yaxshilarimiz, hadisi sharifda ta’riflanganidek, Qiyomatda Qur’onni o‘qib ko‘tarilib boraveruvchilar, ota-onasiga toj kiydiruvchi eng fazilatlilarimizdir. Bu insonlarga xayrixoh bo‘lgan, ularning safi kengayishiga hissa qo‘shgan, ularni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlab turgan kishilar aslo kam bo‘lmaydi. Qur’oni karimga qarash ham savob, uni eshitish ham savob. Uni o‘qib o‘rganish, yodga olishning savobi haqida gapirishga til ojiz. Qur’oni karim tilovat qilingan joyga Alloh ta’oloning fayzi ilohiysi yog‘ilib turadi, rahmat farishtalari hoziru nozir bo‘ladi, baloyu qazolar, ofatlar daf’ bo‘ladi, shaytonning hiylalari kesiladi. Qur’oni karimni sevuvchilar ko‘p bo‘lgan yurtda baraka ham, farovonlik ham, tinchlik-xotirjamlik ham bardavom bo‘ladi. Zero, biz bilmagan yana qanchadan qancha ne’matlar borki ularning barchasi Alloh taoloning Kalomi sharofatdidandir.

Barchangizga Qur’on bayrami muborak, aziz yurtdoshlar!

O‘MI Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

“Qur’oni karimni o‘qishdan seni nima chalg‘itdi?!”

11.07.2025   3858   3 min.
“Qur’oni karimni o‘qishdan seni nima chalg‘itdi?!”

Xolid ibn Valid roziyallohu anhu yoshlari o‘tib, keksayib qolgan chog‘larida Mus'hafi sharifni olib, yig‘lab turib shunday der edilar: “Jihodlar bilan ovora bo‘lib seni o‘qiy olmay qoldik”.

Bu qandayin go‘zal uzr! Xo‘sh, biz o‘zimizni nima deb oqlaymiz?! Xolid ibn Valid roziyallohu anhu shundayin gap aytdilar, ammo biz nima deymiz?! Qiyomat kunida “Qur’oni karim o‘qishdan seni nima chalg‘itdi?!” – deb so‘ralsak, nima deb javob beramiz?! Toki u bizni zararimizga emas, foydamizga hujjat bo‘lishi uchun ko‘ksimizga bosib, kechayu kunduz tilovat qilib bormaymizmi?! Axir Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taoloning zikrini lozim tut, Qur’oni karim tilovatida mahkam bo‘l. Chunki bu sening osmondagi ruhing, yerdagi zikringdir” [1], deganlar.

Quroni karim oyatlarini tadabbur qilmasdan, ma’nolari haqida fikr yuritmagan holda, hech qanday tushunchasiz ko‘p tilovat qilish asosiy maqsad emas. Agar inson bir necha oyatni tadabbur qilsa, tafsir kitoblariga murojaat etsa yoki tafsir darslariga qatnashsa, ma’nolarni o‘zlashtirsa va ularga amal qilsa, bu ishi o‘sha inson uchun ulkan yaxshilik, xayr-baraka bo‘ladi.

Imom  G‘azzoliy hazratlari bunday deydilar: “Qur’on siz so‘rashingiz mumkin bo‘lgan va u sizning so‘rovlaringizga javob bera oladigan tirik Rasuldir. Siz unga quloq solsangiz, u sizni qondiradi”.

Qalblari iymon nuri ila qorishib ketgan zotlar uchun, albatta, Qur’onda shifo bordir. Yana Qur’oni karimda sarosima, shaytoniy vasvasalar, nafsu havoga ergashishdan saqlovchi shifo bor. Qur’on o‘qigan paytimizda bizni farishtalar qurshab oladi va ular ham bizga qo‘shilib Rahmon bo‘lgan Zotning oyatlariga quloq tutadi. Samo farishtalari tuni bilan Qur’onga qoim bo‘ladigan yer farishtalariga yaqinlashadilar. Endi ayting-chi, odamlar uxlayotgan paytda, tun qorong‘usida biz Qur’on tilovat qilyapmizmi?! Yeru osmonlar Robbi bizga quloq soladigan darajada  oyatlarini tilovat qilyapmizmi?!

 Alloh taoloning shifo oyatlari quyidagilardir:

«...Va mo‘min qavmlarning ko‘ngillariga shifo beradir» (Tavba surasi, 14-oyat).

«Ey odamlar! Sizga o‘z Rabbingizdan mav’iza, ko‘ksingizdagi narsaga shifo, mo‘minlarga hidoyat va rahmat keldi» (Yunus surasi, 57-oyat).

«Biz Qur’onni mo‘minlar uchun shifo va rahmat o‘laroq nozil qilurmiz...» (Isro surasi, 82-oyat).

«...U iymon keltirganlar uchun hidoyat va shifodir...» (Fussilat surasi, 44-oyat).

«...Unda (asalda) odamlar uchun shifo bordir...»  (Nahl surasi, 69-oyat).

«Bemor bo‘lganimda menga shifo beradigan ham Uning O‘zi» (Shuaro surasi, 80-oyat).

 Qur’oni karimni tilovat qilish, eshitish, amal qilish va har bir ishda undagi hukmlarga tayanib ish ko‘rishdan chetlashmang!

Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Imom Ahmad rivoyati.

 

 

Maqolalar