O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 15 dekabrdagi PQ-3433-sonli “O‘zbekiston Islom akademiyasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan O‘zbekiston Islom akademiyasi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Bugun, 16 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida Adliya vazirligining Jamoat, nodavlat notijorat va diniy tashkilotlar boshqarmasi vakili muftiy Usmonxon Alimov hazratlariga va Islom akademiyasi rektori, akademik Ne’matulla Ibrohimovga Islom akademiyasi davlat ro‘yxatiga olingani to‘g‘risidagi guvohnomani topshirdi.
Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan tashkil qilingan ushbu Akademiya huzurida ikki yillik magistratura, uch yillik tayanch doktorantura va uch yillik doktorantura faoliyat yuritishi mo‘min-musulmonlarimiz uchun juda katta tuhfa bo‘lganini ta’kidladilar.
Ushbu Akademiyada “Qur’onshunoslik”, “Fiqh ilmi”, “Hadisshunoslik” va “Kalom ilmi” mutaxassisliklari bo‘yicha magistrlar, shuningdek, ushbu sohada chuqur tadqiqotlar olib boruvchi ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlanishi yurtimizdan yana Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband kabi buyuk allomalar yetishib chiqishini asosiy omil ekanini bildirdilar.
Akademiya O‘zbekiston musulmonlari idorasi muassisligidagi diniy va dunyoviy ta’lim beruvchi nodavlat ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasidir. Uning asosiy maqsadlari – respublikada faoliyat olib borayotgan oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarini yuqori malakali ilmiy kadrlar bilan ta’minlash hamda tayyorlanayotgan mutaxassislarning ilmiy va kasbiy salohiyatini oshirish, shuningdek, qur’onshunoslik, tafsir va fikh, hadisshunoslik, kalom ilmi yo‘nalishlari bo‘yicha magistrlarni, yetuk ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlashdan iboratdir.
Akademiya O‘zbekistondan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlarning boy ilmiy merosini, Islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan jahon allomalarining asarlarini o‘rganish, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, din niqobi ostida harakat qilayotgan turli oqim va yo‘nalishlarning buzg‘unchi g‘oyalariga qarshi ilmiy raddiyalar tayyorlash va boshqa bir qator muhim vazifalar bilan ham shug‘ullanadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Shu yil 13-16 yanvar kunlari Ikki muqaddas masjid xodimi, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud shafe’ligida o‘tkazilayotgan Haj anjumanida O‘zbekiston delegatsiyasi faol ishtirok etmoqda.
Jidda shahrida bo‘lib o‘tayotgan konferensiya-ko‘rgazmada 100 ga yaqin davlatdan vazirlar, muftiylar, olimlar, fan doktorlari, akademiklar, ekspertlar, tadqiqotchilar, diplomatlar hamda haj tadbirlarini tashkil etishga mutasaddi idora va kompaniyalar qatnashmoqda.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev va muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiliklaridagi O‘zbekiston delegatsiyasi “Haj – 2025” mavsumini yuqori darajada tashkil etish maqsadida, anjuman doirasida Saudiya Arabistonidagi vazirliklar, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar va soha mutaxassislari bilan muzokaralar o‘tkazib, atroflicha o‘rganishlar va qiyosiy tahlillar olib bormoqda.
Shuningdek, haj mavsumiga tayyorgarlik ishlari va yangi tartib-qoidalar to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘linmoqda. O‘z navbatida, O‘zbekiston hukumati tomonidan amalga oshirlayotgan haj va umra safarlari yo‘nalishidagi tashkiliy-huquqiy asoslar va raqamlashtirish jarayonlari haqida ma’lumotlar taqdim etilmoqda.
Haj va umra vazirligi tomonidan o‘tkazilayotgan konferensiya doirasidagi sho‘balar, haj suhbatlari, ekspertlar tavsiyalari, turli soha mutaxassislari seminar-treninglari, xorijiy delegatlar bilan tajriba almashish va zamonaviy xizmatlar taqdimotlari foydali bo‘lmoqda.
Ma’lumot uchun, Haj konferensiyasi to‘rtinchi marta yirik masshtabda bo‘lib o‘tmoqda. Innovatsion dasturlar, ilg‘or tashabbuslar, tajriba almashish, haj safarini yuqori saviyada o‘tkazishga oid bilimlarni oshirish va muborak ziyoratlarni chiroyli bajarish uchun mustahkam poydevor hozirlashi bilan ushbu tadbir ulkan muvaffaqiyatlarga erishadi. Eng yirik ko‘rgazma esa tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada ravnaq toptirish orqali xizmatlar sifatini oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati