AQSH davlat departamenti O‘zbekistonni yana “vijdon erkinligi va diniy erkinlik sohasida buzilishlar tufayli alohida tashvishga sabab bo‘layotgan” mamlakatlar ro‘yxatiga kiritgani mo‘min-musulmonlarning haqli e’tiroziga sabab bo‘ldi. 2018 yil 4 yanvar kuni Departament tomonidan e’lon qilingan bayonotda aytilishicha, bu ro‘yxatdan Eron, Xitoy, Shimoliy Koreya, Myanma, Eritreya, Sudan va Saudiya Arabistoni ham joy olgan.
Bugungi O‘zbekistonni ushbu ro‘yxatga kiritilishini yanglish ish, deb hisoblaymiz. Chunki o‘tgan bir yil davomida diniy sohada eng ko‘p o‘zgarish va yengilliklar bo‘ldi. Ezgulik va xushxabarlarga limmo-lim bo‘ldi. Shukrki, hayotimiz butunlay jonlanib ketdi. Har kuni bir yangilik, ajoyib tuhfa bo‘lmoqdaki, xalqimiz bundan juda ham mamnun. Ulug‘ ne’matlar ketma-ketligi to‘xtovsiz davom etmoqda.
Haqiqatan, e’tiqod borasida to‘planib qolgan masalalar yechimini topish, ushalmas orzu bo‘lib turgan istaklarning ro‘yobi borasida juda ham katta ishlar qilindi. Shaxsan Prezidentimizning sa’y-harakati bilan Islom dini qadriyatlarini asrab-avaylash, diniy savodxonlikni oshirish va dinimizning ezgu ta’limotlarini keng targ‘ib etish maqsadida, ulkan ishlar qilindi. Buni aniq misollarda bayon qiladigan bo‘lsak, jumladan:
Islom sivilizatsiyasi markazi va 2 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi. Viloyatlarda kalom, hadis, fiqh, aqida, tasavvuf ilmlarini o‘rganishga ixtisoslashgan 5 ta ilmiy maktab ish boshladi.
Islomiy ta’lim muassasalari soni 11 taga yetkazildi. Buxoroda Oliy madrasa tashkil etildi. Toshkent islom institutida 3 yillik maxsus sirtqi bo‘lim ochildi, diniy o‘quv yurtlari qoshida o‘quv kurslari yuritildi, Qur’oni karim qiroati bo‘yicha “Tahfizul Qur’on” guruhlari faoliyat boshladi, qabul kvotalari 150 foizga oshirildi.
Mamlakatimiz bo‘yicha 15 ta masjid qaytadan barpo etildi, 55 ta masjid kapital ta’mirlandi. Birgina Surxondaryo viloyatining olis hududlarida 4 ta yangi masjid ish boshladi, yana 4 tasini ochish rejaga kiritildi.
Internet saytlarida diniy fanlardan onlayn darslar tashkil etildi, to‘g‘ridan to‘g‘ri savollar-javoblar rukni muntazam ishlab turibdi, saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda diniy-ma’rifiy targ‘ibot jadal olib borilmoqda.
Prezidentimizning yuksak tashabbusi va otalarcha rahnamoliklarida o‘lkamizning tuman-shaharlarida Alloh taoloning kalomi Qur’oni karimni o‘z qalblariga jo qilgan qori va qoriyalar musobaqalari keng miqyosda bo‘lib o‘tmoqda.
O‘tgan yil oxirida Prezidentimiz “O‘zbekiston Islom akademiyasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga imzo chekdilar. Unga ko‘ra, akademiyada “Qur’onshunoslik”, “Fiqh ilmi”, “Hadisshunoslik” va “Kalom ilmi” mutaxassisliklari bo‘yicha magistrlar, shuningdek, ushbu sohada chuqur tadqiqotlar olib boruvchi ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlanadi.
Mana shunday keng imkoniyat va qulayliklar bo‘lgan yurtni, bugungi dunyoda topish kiyin bo‘lsa kerak? Aksincha shunday mamlakatni “vijdon erkinligi va diniy erkinlik sohasida buzilishlar tufayli alohida tashvishga sabab bo‘layotgan” davlatlar ro‘yxatiga kiritish adolatdan bo‘lmaydi.
Yana shuni qayd etish kerakki, ommaviy axborot vositalarida diniy xodimlar chiqishlari keskin ko‘paytirildi. “Hidoyat sari” va “Ziyo” ko‘rsatuvlari efir soni ikki baravarga oshirildi. “O‘zbekiston-24” telekanalida imom-xatiblar ishtirokida davra suhbati qilinmoqda. “Madaniyat va ma’rifat” telekanalida ulamolar ishtirokida ko‘rsatuvlar efirga uzatilmoqda. Shuningdek, “Ziyo chashmasi” nomli radio eshittirish va 50 ga yaqin diniy ma’rifiy veb-saytlar ish olib bormoqda.
“Hidoyat” jurnali jami 1 million 145 ming nusxada, “Islom nuri” gazetasi jami 820 ming nusxada nashr etildi. Shuningdek, 200 ga yaqin nomdagi diniy adabiyotlar bir necha yuz ming adadda chop etildi. Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi, hadislar to‘plami, buyuk muhaddis, olim va fiqh ilmi peshvolarining asarlari tarjima qilinib, xalqimizga tuhfa qilindi.
Yana faxr bilan aytish kerakki, O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbarligi ostida Misrdagi “Dorus-salom” nashriyoti va Azhari sharif huzuridagi ilmiy akademiya bilan Qur’oni karimni chop etish bo‘yicha kelishuvga erishilib, o‘zimizda Qur’oni karim chop etilmoqda. Shu o‘rindan qayd etish kerakki, ko‘zi ojiz mo‘min-musulmonlar uchun brayl yozuvidagi Qur’oni karim nusxasini chop etish bo‘yicha O‘zbekiston dunyodagi uchinchi davlat hisoblanadi.
Haj kvotasi ikki mingtaga, umra kvotasi 4 mingtaga oshdi, birinchi marta Ikkinchi jahon urushi qatnashchilaridan bir guruhi bepul hajga yuborildi. Shu kunga qadar jami 120 mingdan ziyod fuqaro haj ibodatini, 92 mingdan ortig‘i umra amalini ado etdi.
Yana bir muhim masalaga e’tibor qaratish zarur. Davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan turli diniy oqimlarga a’zolar ro‘yxatida bo‘lgan 16 ming nafardan ziyod kishi ro‘yxatdan chiqarildi. Ushbu fuqarolarning dardi va maqsadini o‘rganish, ularni kamsitilishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik, qo‘llab-quvvatlash, jamiyatga kirishib ketishlarini ta’minlash bo‘yicha juda katta ishlar qilindi. Birgina Shayxontahur tumanining o‘zida shunday 118 nafar shaxs ambulator va statsionar sharoitda sog‘lomlashtirildi, 352 nafar bola o‘z xohishiga ko‘ra, to‘garaklarga jalb etildi. Tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagini bildirgan 12 nafar shaxsga kredit olishda ko‘maklashildi, 3 nafar oilaning uy-joy sharoitini yaxshilash uchun Sergeli tumanidagi yangi ko‘p qavatli uylardan olishga yordam berildi.
Tarixda ilk bor O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 2 ming 700 nafar sudlanganlarni afv etish, jumladan, turli jinoyat sodir etgan, qilgan ishidan qattiq pushaymon bo‘lgan va to‘g‘ri yo‘lga kirgan, ijobiy tavsif olgan 956 shaxsni jazoni o‘tash koloniyalaridan ozod qilish to‘g‘risida farmoni minglab o‘ksik qalblarga malham bo‘ldi. Afv etish to‘g‘risidagi hujjatga muvofiq sudlanganlar oilasi bag‘riga va islohotlarning faol ishtirokchisiga aylanishi uchun jamiyatga qaytish imkoniga ega bo‘ldi.
Bunday kishilarni jamiyatga qaytarish, ularning odamlardan ajrab qolmasliklari chorasini ko‘rish, tasalli berib, hayotda o‘z o‘rinlarini topib olishlariga ko‘maklashish ishlari olib borilmoqda. Zero, ular bizning yurtdoshlarimiz, qo‘ni-qo‘shnilarimiz, og‘a-inilarimizdir. Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “Albatta, mo‘minlar dinda o‘zaro birodardirlar. Bas, sizlar ikki birodaringiz o‘rtasini tuzatib qo‘yingiz va Allohdan qo‘rqingiz, shoyad, rahm qilinsangiz” (Hujurot, 10).
Demak, o‘zimizning millatdoshimizni, maslakdoshimizni, dindoshimizni, qolaversa, bir mo‘min-musulmon bandani hayotda o‘z yo‘lini topishiga yordam qo‘lini cho‘zish, xato va kamchiliklarini afv etish, unga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish dinimiz talablaridandir. Alloh taolo “Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring”, deb xitob qiladi.
Shu o‘rinda aytish kerakki, dinimizning shiddat bilan taraqqiy etib borayotgani va oliyjanoblikda ustun ekanini ko‘rolmaydigan din dushmanlarining kirdikorlari dunyo musulmonlari g‘azabini qo‘zg‘amoqda. Jahonning turli mintaqalari, xususan, arab-musulmon mamlakatlarida sodir bo‘layotgan dahshatli voqealar ortida qora kuchlar turganini anglash lozim. Muhtaram Prezidentimiz BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasida: “Biz muqaddas dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat’iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi”, deb yuksak jur’at bilan aytgan mana shu chiqishlari katta jasorat bo‘ldi.
Haqiqatan, turli fitnalarning ortida qandaydir kuchlar turganiga teran ko‘z bilan qarash kerak. Inson har qanday kuchlarning fitnalariga aldanmasligi va nihoyatda hushyor bo‘lishi kerakligi haqida Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Mo‘min kishi ziyrak, hushyor va oqil bo‘ladi”, degan hadislari mohiyatini chuqur tushunish lozim.
Xulosa qilib aytish kerakki, bugun O‘zbekistonda kechayotgan siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar ko‘p millatli xalqimiz tomonidan katta quvonch bilan kutib olinmoqda. Odamlarimiz turmush tarzida, ayniqsa, diniy-e’tiqodiy masalalarida ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlar yurtimizda yashab kelayotgan barcha din vakillari tomonidan e’tirof etilayotganiga hamma guvoh bo‘lmoqda. Bu muhim jihatlarni inobatga olib, O‘zbekistonni bu yo‘nalishdagi “alohida tashvishga sabab bo‘layotgan” mamlakatlar ro‘yxatiga kiritilgani bir zamonlar eskicha qarashlar asosida qabul qilingan noxolis xulosalar ekanidan dalolat beradi. Shu ma’noda, bu fikrlar AQSH davlat departamenti tomonidan O‘zbekiston haqida tarqatilgan axborotni biryoqlama, noxolis ma’lumotlarga tayangan holda tayyorlangan, haqiqiy voqelikdan ancha yiroq hisobot deb aytishga asos bo‘la oladi.
Yuqorida qayd etilgan asoslar va yurtimizning ko‘p sonli mo‘min-musulmonlari murojaatlaridan kelib chiqib, O‘zbekistonni mazkur ro‘yxatdan chiqarish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘tgan solih zotlar jamoat bilan namoz o‘qiyolmay qolsalar, bir-birlariga ta’ziya izhor qilishar ekan. Shunday zotlardan biri Hotamul Asom aytadi: “Men jamoatga ulgurmay qoldim, shunda menga Abu Is'hoq Buxoriyning bir o‘zi ta’ziya bildirdi. Agarda o‘g‘lim o‘lib qolsa minglab odamlar ta’ziya izhor qilishadi. Buning sababi odamlar nazdida din musibati dunyo musibatlaridan ko‘ra arzimas sanalganidandir”.
Bugungi kunda oramizda qanchalab odamlar jamoat namozlarini o‘tkazib yuboradilar, jiddiy e’tibor qaratmaydilar. Ba’zida ish, g‘am-tashvishlarning ko‘pligini bahona qilamiz, to‘g‘rimi?! Yana ko‘plar tuni bilan uxlamasdan, bomdod namoziga yaqin uxlab qolishlari ham bor gap.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Zimistonda masjidlar sari odim tashlovchilarga qiyomat kunidagi tamomiy nurning xushxabarini beringlar”[1] deganlarini nahot eshitmagansiz?!
Shayton sizning ustingizdan g‘alabaga erishib, namozda xotirjamligingizni ketkazishiga imkon bermang!
Omir ibn Abdulloh o‘lim to‘shagida yotganlarida azon ovozini eshitib: “Meni qo‘limdan tutinglar”, dedilar. Omir ibn Abdullohga “Axir siz betobsiz-ku”, deyishganida: “Allohning chaqirig‘ini eshitib turib, unga rioya qilmaymanmi”, dedilar. Keyin u kishini qo‘lidan ushlab turg‘izishdi. Masjidda imom bilan shom namozining bir rakatini o‘qidilar va jon taslim qildilar.
Yana bir misol: Sufyon ibn Uyayna azon aytilishidan ilgari namozga borishga ishtiyoqmand bo‘lganlar va doim: “Namozga azon aytilmagunicha masjidga kelib turmaydigan yomon qul bo‘lma. Chunki yomon qul chaqirmaguningcha kelmaydi”, der edilar.
Oisha roziyallohu anho onamiz aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan suhbatlashib o‘tirardik, u zot ham biz bilan gaplashib o‘tirardilar. Bordi-yu, namoz vaqti kirib qolsa, bir-birimizni tanimaganday bo‘lib olardik”[2].
Shukrki, oramizda masjidda birinchi safga joylashish uchun g‘ayrat qiluvchilar ko‘payib bormoqda. Nabiy alayhissalom: “Agarda odamlar azonda va birinchi safda nimalar borligini bilishsa edi, unga erishish uchun qur’a tashlashdan boshqa chora bo‘lmasa, albatta, qur’a tashlagan bo‘lardilar”, deganlar.
Said ibn Musayyab aytadi: “Men ellik yildan beri biror marta birinchi takbirni o‘tkazib yubormaganman. Ellik yildan buyon namozda birorta kishining boshining orqasiga qaragan emasman”.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Termiziy va Imom Abu Dovud rivoyati.
[2] Mursal hadis. Iroqiyning “Ihyo”ga yozgan taxrijiga qarang (1, 205).