Kecha, 12 yanvar kuni xorij safarida bo‘lib turgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Rossiya Federatsiyasining Stavropol o‘lkasi muftiysi Muhammad hoji Rahimov va bir guruh o‘zbekistonlik mehnat migrantlari bilan uchrashdilar. Shuningdek, Pyatigorsk shahridagi masjid va madrasalar faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Dastlab Stavropol o‘lkasi muftiysi bilan bo‘lgan muloqotda tomonlar bugungi kunda Islom dini qadriyatlarini asrab-avaylash, musulmon davlatlari o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlash yo‘lida tinimsiz mehnat qilish zarurligi to‘g‘risida so‘z bordi. Jumladan, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari O‘zbekistonda din sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, katta yangiliklar va ulkan o‘zgarishlar to‘g‘risida gapirib berdilar. Hazrat so‘zlarida davom etib, O‘zbekiston va Stavropol musulmonlari idorasi aloqalari yildan-yilga sayqallanib kelayotgani, oxirgi ikki yilda ikki musulmonlar idoralari vakillari bir necha bor muloqot qilishganini ta’kidladilar.
Shuningdek, muftiy hazratlari Stavropol o‘lkasidagi o‘zbekistonlik mehnat migrantlari bilan uchrashib, yurtimizda din sohasida olib borilayotgan islohotlar, yangi masjid-madrasalar ochilgani, ilmiy markazlar, ixtisoslashgan maktablar tashkil etilgani, keng miqyosda Qur’on musobaqasi uyushtirilayotgani, shuningdek, vatanga sadoqat, oila muqaddasligi, ogohlik mavzularida amru-ma’ruf qilib berdilar.
Bundan tashqari mehnat migrantlarining yashash va ishlash sharoitlari bilan qiziqib, ularning bergan savollariga muftiy hazratlari javob berdilar. Ko‘p yillardan buyon Stavropol o‘lkasida yashaydigan, asli samarqandlik bo‘lgan tabarruk yoshdagi onaxon bilan uchrashib, dildan suhbatlashdilar.
Hozirgi kunlarda O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy va din sohasida keng ko‘lamli o‘zgarishlar to‘g‘risida muftiy hazratlari “Pyatigorsk” radiosiga intervyu berdilar.
Stavropol o‘lkasiga safar davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Tirikmisiz? Hayotning qadriga yeting.
Charchadingizmi? Alloh yaratgan tabiat qo‘yniga chiqing dam oling, tafakkur qiling!
Yiqildingizmi? Allohdan sabr va kuch so‘rab, o‘rningizdan turing.
Sizdan so‘rasalar, o‘ylanmay beravering. Zero, hamma narsa Allohniki. Alloh vaqtinchalik sizga berib turibdi, xolos. O‘rni bo‘lsa, muhtojlarga ulashib, savobini olib qoling.
Sizni qadrlamasalar xafa bo‘lmang, qadrlashlarini so‘ramang ham. Ammo sha’ningiz toptalgan joyda qolmang.
O‘rgatsalar, o‘rganing saboq oling. Hayot sinovlari oldida yengilmang. Kurashib yashang. To hayot ekansiz, har bir ne’matning shukrini qiling. Bu foniy olamda hammasi sinov ekanini esdan chiqarmang.
Akbarshoh Rasulov