Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Dekabr, 2024   |   27 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:48
Peshin
12:30
Asr
15:20
Shom
17:04
Xufton
18:24
Bismillah
28 Dekabr, 2024, 27 Jumadul soni, 1446

19.01.2018 y. Imon halovati – aqida musaffoligida

12.01.2018   7411   8 min.
19.01.2018 y. Imon halovati – aqida musaffoligida

بسم الله الرحمن الرحيم

IMON HALOVATI AQIDA MUSAFFOLIGIDA 

Muhtaram birodarlar! Islom dini beshta ruknga bino qilingan bo‘lib, ularning eng birinchisi, qolgan to‘rttasining maqbul bo‘lishiga asos sanalgan rukni imondir. Aqida masalasi aynan mana shu ruknga tegishli bo‘lib, bu haqda barcha musulmonlar yetarli darajada ilmga ega bo‘lishlari lozimdir. Zero, ulug‘ mashoyixlardan So‘fi Ollohyor aytganlaridek:

Aqida bilmagan shaytona eldur,

Agar ming yil amal deb qilsa yeldur.

Aqida borasida bitilgan eng mo‘tabar kitoblardan birinchisi Imom Abu Hanifa r.h.ga mansub “Al-fiqhul akbar” kitobi bo‘lib, bu asar biz moturidiy aqidasiga ergashuvchi musulmonlar uchun asosiy manba sanaladi. Abu Hanifa r.h. bu kitobda shunday deganlar:

أَصْلُ التَّوْحِيدِ وَ مَا يَصِحُّ اْلاِعْتِقَادُ عَلَيْهِ يَجِبُ أنْ يَقُولَ: آمَنْتُ بِاللهِ، وَ مَلاَئِكَتِهِ، وَ كُتُبِهِ، وَ رُسُلِهِ، وَ الْبَعْثُ بَعْدَ الْمَوْتِ، وَ الْقَدَرِ خَيْرِهِ وَ شَرِّهِ مِنَ اللهِ تَعَالَى،  وَالْحِسَابُ وَ الْمِيزَانُ، وَالْجَنَّةُ وَ النَّارُ حَقٌّ كُلُّهُ. وَاللهُ تَعَالَى وَاحِدٌ لاَ مِنْ طَرِيقِ اْلعَدَدِ، وَلَكِنْ مِنْ طَرِيقِ أنَّهُ لاَ شَرِيكَ لَهُ: قُلْ هُوَ اللهُ أحَدٌ* اَللهُ الصَّمَدُ* لَمْ يَلِدْ وَلَمْ يُولَدْ* وَلَمْ يَكُنْ لَهُ كُفُواً أحَدٌ

(سورة الإخلاص).        

ya’ni: “Tavhidning asli va e’tiqod qilish to‘g‘ri bo‘lgan narsa shuki: har bir musulmon shunday deb aytishi vojib bo‘ladiki: Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga, vafot etgandan so‘ng qayta tirilishga, taqdirning yaxshisi ham, yomoni ham Alloh taolodan ekanligiga imon keltirdim. Hisob, tarozu, jannat va do‘zax barchasi haqdir. Alloh taolo birdir, lekin sonoq jihatidan emas, balki Uning sherigi yo‘qligi jihatidan. Qur’oni karimda aytilganidek: (Ey Muhammad!),  ayting: “U Alloh yagonadir. Alloh behojat, (lekin)  hojatbarordir. U tug‘magan va tug‘ilmagan ham. Shuningdek, Uning hech bir tenggi yo‘qdir” (Ixlos surasi).

Ushbu matnda aqidaning asoslari va uning to‘g‘ri bo‘lish tarzi zikr etib o‘tilmoqda. Banda yuqorida aytilgan aqidalarga avvalo chin dildan ishonmog‘i lozim. So‘ngra uni tilida aytsa imoni komil bo‘ladi. Agar dilida tasdiqlab, uzrsiz tilida aytmasa u Allohning nazdida mo‘min bo‘ladi, lekin odamlarning nazdida mo‘min hisoblanmaydi. Aksincha, tilida aytib, dilida tasdiqlamasa odamlarning nazarida mo‘min hisoblansada, lekin aslida munofiq bo‘ladi. Shuning uchun imonning komil bo‘lishi uchun dilda tasdiq va tilda iqror bo‘lishi shart qilingan.

Har bir musulmonning aqidasi to‘g‘ri bo‘lishi o‘ta muhimdir. Ya’ni, aqidaning zaruriy masalalarini bilmagan kishi har qancha ibodat qilsa ham, aqidasi to‘g‘ri bo‘lmagani sababli, qilgan ibodatlari unga hech qanday naf bermaydi.

Muhtaram jamoat! Aqidani yaxshi bilmaslik dinda chuqur ketishga olib boradi. Dinda g‘uluvga ketish esa, insonni halokatga eltadi. Bu borada Rasululloh s.a.v. shunday deganlar:

عن ابن مسعود رضي الله عنه أنَّ النبي صلى الله عليه وسلم قَالَ: "هَلَكَ المُتَنَطِّعُونَ" قَالَهَا ثَلاَثا"

(رواه الإمام مسلم).

ya’ni: Ibn Mas’ud r.a.dan rivoyat qilinadi: Payg‘ambar s.a.v.: “Haddan tashqari chuqur ketuvchilar halok bo‘ldilar”, deb uch marta takrorladilar (Imom Muslim rivoyati). Bundan murod musulmon kishi diniy ishlarda Qur’oni karim va sunnati nabaviyada bo‘lmagan turli ibodatlarni ko‘paytirib olib, me’yorga rioya qilmasdan haddan oshirib yuborishdir. Shuni ta’kidlash lozimki, ba’zilar dinni juda ham yengil olib, Alloh taolo buyurgan amallarni ado qilishni ortga sursalar, yana ba’zilar esa uni haddan oshirib yuborishadi. Bu ikkisi ham noto‘g‘ridir.

Dinda g‘uluvga ketish - musulmon xalqlarining o‘rtasini bo‘lib yuborishga sabab bo‘ladi. Buning oqibatida vatanda beqarorlik vujudga keladi. Yurtning quvvati zaiflashadi. Alloh taolo shunday marhamat qilgan:

وَأَطِيعُوا اللَّهَ وَرَسُولَهُ وَلَا تَنَازَعُوا فَتَفْشَلُوا وَتَذْهَبَ رِيحُكُمْ

 (سورة الأنفال/46).

ya’ni: Allohga va Rasuliga itoat qilingiz va nizolashmangiz, aks holda sustlashib ketursiz va “shamolingiz” (obro‘yingiz) ketib qolur (Anfol surasi, 46-oyat). Demak, o‘zaro kelishmovchilikda, nizoda va ixtilofda bo‘lish, turli oqim va firqalarga bo‘linish shu xalqning sustlashishi va quvvatining ketib qolishiga sabab bo‘ladi.

Bugungi kunda diniy bilimni yoshlarimiz turli internet vositasi orqali o‘rganib, o‘zlari bilmagan holda noto‘g‘ri e’tiqodga kirib qolishmoqda. Bolalarimizning aqidasi to‘g‘ri shakllanishi uchun ular madrasa ko‘rgan, intizomiy dars o‘qigan ustozlardan namuna olishlari zarurdir. Bundan tashqari islomiy aqidadan umuman bexabar kishilar orasida muqaddas islom dinini mensimasdan missionerlarning da’vatiga aldanib qolayotganlar ham uchramoqda. Musulmon kishining o‘z dinidan voz kechib, o‘zga dinni qabul qilishi Alloh taoloning dargohida kechirilmas gunohdir. Mo‘min musulmon xalqimiz bunday ishlardan hazarda bo‘lishlari lozim.

Alloh taolo yurtimizni tinch, osmonimizni musaffo, xalqimiz farovonligini bundan ham ziyoda aylab, barchamizni rushdu hidoyatda barqaror bo‘lmog‘imizni nasibu ro‘zi qilsin. Omin!

Muhtaram jamoat! Mav’izamizning Hanafiy mazhabimizdagi fiqhiy masalalar bayoni qismida jamoat namozi xususida so‘z yuritamiz.

Besh vaqt namoz uchun imom bilan birga ikki kishi, juma namozi uchun esa imomdan tashqari uch kishi jamoat hisoblanadi.

Juma va ikki hayit namozlarini jamoatsiz ado etib bo‘lmaydi. Ya’ni hech bir kishi yolg‘iz holida mazkur namozlarni o‘qishi mumkin emas.

Besh vaqt namoz uchun jamoat sunnati muakkadadir. Ya’ni uzrsiz kishilar uchun besh vaqt namozni masjidda jamoat bilan ado etish ta’kidlangan sunnatdir.

Agar ikki kishi namozni jamoat bo‘lib o‘qimoqchi bo‘lsa, imom chap tarafda turadi, unga iqtido qiluvchi esa, imomning o‘ng tarafida bir qadam orqada turadi. Agar iqtido qiluvchilarning soni ikkitadan ortiq bo‘lsa, imomning ortidan saf tortadilar.

Ayollar namozni jamoat qilib o‘qimaydilar, imomlikka o‘tmaydilar.

Masjidda jamoat namozi o‘qib bo‘lingandan keyin kech qolib kelgan kishilarning namozi borasida ikki xil holat mavjud:

  1. Agar masjid mahalla ichida joylashgan bo‘lib, shu masjidning qavmi jamoat namozini o‘qib bo‘lganidan so‘ng, jamoatga kech qolib kelgan kishilarning har birlari namozlarini jamoat qilmay yolg‘iz o‘qiydilar.
  2. Agar masjid katta yo‘l bo‘yida joylashgan bo‘lib, u masjidning qavmi jamoat namozini o‘qib bo‘lganidan keyin ham yo‘lovchilar birin-ketin masjidga kirib kelishlari doimiy tarzda, odatiy holga aylangan bo‘lsa, u holda bunday masjidda jamoatga kech qolgan kishilar namozlarini qaytadan jamoat qilib o‘qishlari joiz bo‘ladi. Biroq, keyingi jamoatning imomi avvalgi jamoatning imomi turgan mehrobdan boshqa joyda turadi.

Shuni bilmoq lozimki, keyingi jamoatga yetib olishdan umidvor bo‘lib avvalgi jamoatga qasddan kech qolib kelish makruhdir.

Tahoratli kishi uzrli kishi (sohibi uzr)ga iqtido qilmaydi. Qori (qiroati namozga yaroqli) kishi omiy (qiroati tajvidga muvofiq bo‘lmagan) kishiga iqtido qilmaydi. Ruku va sajda qilishga qodir bo‘lgan kishi imo-ishora bilan namoz o‘qiydigan kishiga iqtido qilmaydi. Farz o‘qiydigan kishi nafl o‘qiyotgan kishiga yoki boshqa farzni o‘qiyotgan kishiga iqtido qilmaydi.

Tahorat olgan kishi tayammum qilgan kishiga, a’zolarini yuvgan kishi mas'h tortgan kishiga, nafl o‘qiydigan kishi farz o‘qiydigan kishiga iqtido qilishi joiz.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Yahudiy va Avf ibn Molik qissasi

26.12.2024   5441   4 min.
Yahudiy va Avf ibn Molik qissasi

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Imom Bayhaqiy, Abu Ubayd va Ibn Asokirlar Suvayd ibn G‘afla roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:

«Umar roziyallohu anhu Shomga kelganida ahli kitoblardan biri: «Ey mo‘minlarning amiri! Mo‘minlardan biri meni o‘zing ko‘rib turgan holga soldi», dedi. U kaltaklangan, boshi yorilgan holda edi. Umar roziyallohu anhu qattiq g‘azablandi va Suhayb roziyallohu anhuga:

«Bor, qara-chi, buning sohibi kim ekan?» dedi.

Suhayb roziyallohu anhu borib qarasa, u Avf ibn Molik roziyallohu anhu ekan.

Suhayb unga: «Mo‘minlarning amiri sendan qattiq g‘azablandi. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuning oldiga bor, u zot bilan gaplashsin. Umar shoshilib, seni bir narsa qilib qo‘yadimi, degan xavfdaman», dedi.

Umar roziyallohu anhu namozni o‘qib bo‘lib:

«Suhayb qani?! U odamni keltirdingmi?!» dedi.

«Ha», dedi Suhayb.

Avf Muozning oldiga borib, bo‘lgan voqeani aytib bergan edi, bas, Muoz o‘rnidan turib:

«Ey mo‘minlarning amiri! U Avf ibn Molik ekan. Uning gapini eshitib ko‘ring. Shoshilib, uni bir narsa qilib qo‘ymang», dedi. Umar unga:

«Sening bu bilan nima ishing bor?!» dedi.

«Ey mo‘minlarning amiri, qarasam, bu bir muslima ayolning eshagini yetaklab ketayotgan ekan. Eshak sakrab, ayolni yiqitib yuboray debdi. Lekin ayol yiqilmabdi. Manavi bo‘lsa, uni turtib yiqitib, o‘zini ayolning ustiga otdi», dedi Avf.

Umar unga: «Menga ayolni olib kel, aytganingni tasdiqlasin», dedi.

Avf ayolning oldiga bordi. Ayolning otasi bilan eri: «Nima qilib qo‘yding?! Bizning sohibamizni sharmanda qilding-ku!» dedilar.

Biroq ayol: «Allohga qasamki, u bilan boraman!» dedi.

Otasi bilan eri: «Biz borib, sening nomingdan gapiramiz», dedilar va Umar roziyallohu anhuning huzuriga kelib, Avf aytgan gaplarga o‘xshash gap aytdilar.

Bas, Umar amr qildi. Yahudiy osildi.

So‘ngra Umar: «Biz sizlar bilan bunga sulh qilganimiz yo‘q. Ey odamlar! Muhammadning zimmasi haqida Allohdan qo‘rqinglar! Ulardan kim bu ishni qilsa, unga zimma yo‘q!» dedi.

Suvayd: «O‘sha men ko‘rgan yahudiy Islomda birinchi osilgan odam edi», dedi».

Bu hodisada Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning siyosat yoki tashviqot uchun emas, balki adolat uchun ish olib borishlari yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Mazkur yahudiy qilar ishni qilib qo‘yib, makkorligini ishga solgan edi. U: «Musulmonlarning xalifasi kelib turibdi, hozir siyosat nozik paytda unga arz qilsam, siyosat uchun mening tarafimni oladi», deb o‘ylagan edi.

Darhaqiqat, ish avvaliga, sirtdan qaraganda yahudiy o‘ylaganicha boshlandi. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu katta sahobiy Avf ibn Molik roziyallohu anhuning obro‘siga e’tibor qilmay, ishning haqiqatini surishtira boshladilar. U kishidan boshqa odam bo‘lganida bir yahudiyni deb, o‘zimizning obro‘li odamni xijolat qilmaylik, degan mulohazaga borishi mumkin edi. Ammo hazrati Umar roziyallohu anhuning tabiatlarida va u kishi ko‘rgan tarbiyada bunday mulohaza bo‘lishi mumkin emas edi.

U kishidan boshqa odam bo‘lganida siyosat uchun, nohaqdan bo‘lsa ham ularning yonini olishi mumkin edi. Ammo hazrati Umar roziyallohu anhu bunday qilishlari mumkin emas edi. U kishi ayb­dor kim bo‘lishidan qat’i nazar, uning aybiga yarasha jazosini berish tarbiyasini olganlar. Va shunday qildilar ham.

«Hadis va hayot» kitobining 23-juzidan olindi