Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Doktor Yusuf bin Ahmad al-Usaymin 2018 yilning 11 yanvar kuni Tashkilot qarorgohida Gambiyaning Islom hamkorlik tashkilotidagi doimiy vakili Umar Jibril Sabohni qabul qildi.
Uchrashuvda Umar Jibril Saloh Gambiya tashqi ishlari vazirining 2019 yilning boshida Gambiya poytaxti Bangal shahrida o‘tkazilishi kutilayotgan Islom hamkorlik tashkilotining oliy darajadagi konferensiyasiga hozirlik ko‘rishga taalluqli bo‘lgan maktubini Doktor Yusuf al-Usayminga topshirdi.
Shuningdek, uchrashuv chog‘ida tomonlar kelgusida Gambiyada bo‘lib o‘tadigan Islom hamkorlik tashkilotining navbatdagi xalqaro oliy konferensiyasiga tayyorgarlik ko‘rish tartibotlari, unda islom olami davlatlari uchun dolzarb bo‘lgan masalalar, jumladan, Islom hamkorlik tashkiloti bilan Gambiya o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashga doir mavzular muhokama qilindi.
Ilyos AHMЕDOV
tayyorladi
O‘MI Matbuot xizmati
Shu yil 23 dekabr kuni Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti, Toshkent shahar va viloyatlar vakilliklarining huquqshunoslari, kadrlar masalalari bo‘yicha mutaxassislari uchun onlayn seminar-trening o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Kadrlar bo‘limi mudiri Salohiddin Sherxonov, Huquqshunoslik bo‘limi mudiri v.b. Jahongir Xotamov va Masjidlar bilan ishlash bo‘limi mudiri Muzaffar Kamolov huquqiy va hujjat yuritish bo‘yicha nutq qildilar. Jumladan, diniy tashkilotlar faoliyatida qonuniylikni ta’minlash, qonunchilik hujjatlari mazmun-mohiyatini barcha mas’ul xodimlarga yetkazish orqali ularning huquqiy savodxonligini muntazam ravishda oshirib borish masalalari muhokama qilindi. Shu bilan birga, qabul qilingan qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyati ijrochilarga to‘liq yetkazish, mehnat qonunchiligiga oid hujjatlarni to‘g‘ri yuritish va mas’ul xodimlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirib borish, huquqbuzarliklarning oldini olish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, diniy soha xodimlarini qonunchilikdagi o‘zgarishlar to‘g‘risida o‘z vaqtida xabardor qilib borish, kadrlar faoliyatiga oid buyruqlarni to‘g‘ri rasmiylashtirish, hujjatlar almashinuvini to‘liq tizimlashtirish, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi tashkilotlarga o‘z vaqtida hisobot taqdim etish, mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish kabi masalalarga ham urg‘u qaratildi.
Yig‘ilishda mutaxassislar tomonidan berilgan savollarga mas’ullar javob berish barobarida kelgusida amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha tegishli tavsiya va topshiriqlar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati